Yaqin bir tanishimiz qiz uzatdi. To‘rt farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgani uchunmi, qizi oilaga qayishgan, ota-onasiga mehribon edi. Yuzidan ibo-hayosi balqib turadigan latofatli qizni suyib, yurak ocholmagan, uning uyi yaqinida kun bo‘yi bir ko‘rishga zor o‘tirgan yigitlarni dog‘da qoldirib kelgan sovchilarga rozilik bildirdi. Qizini kelinlikka so‘rab kelganlarning og‘ir-vazminlik bilan fikr yuritishi, nurli chehrasini ko‘rib, ota-ona: “mayli”, deb yuborganini o‘zlari bilmay qoldi.
Hamma tashvish to‘y arafasida boshlandi. Er-xotin ahillik bilan yig‘ib-terib, qizining kamini ancha to‘ldirib qo‘ygan edi. To‘y maslahatiga kelgan qarindoshlarning ataganini berib ketgani ularning bozorini qizdirdi. O‘zi aytgan vaqtga to‘y kunini belgilagan yigitning onasi bo‘lajak qudalaridan hol so‘ragan bo‘lib sim qoqadi: “Qizingiz endi mening bolam, bolalarim baxtli bo‘lsa bas! Taxtni-ku, topsa bo‘ladi, Yaratgan ularning baxtini bekam-u ko‘st qilsin! Ammo uy jihozlarini baribir olasizlar. Yaxshirog‘i olinsa, pulingiz yoningizda qoladi-da, quda. Men uyimning o‘lchamini oldim, ertaga birgalashib mebel tanlasak bo‘lardi”.
Do‘konga birga tushgan qudasi ming tavallo bilan tanlangan mebellarning bahosini ko‘rib, ona sho‘rlikning yuragiga g‘ashlik tushdi. To‘yona-yu, barcha yig‘ib-terganini jamlaganda ham mebel bahosining yarmiga yetmasdi. Uyiga qaytib, eriga yurak yozdi. Olovlangan er: “Hech qanaqa to‘y bo‘lmaydi, fotihani buzamiz, unga kelin emas, jihoz kerak ekan. Biror boyning qizini kelin qila qolsin. Qiz boqib, balog‘atga yetkazib, ilm-u hunar o‘rgatib, hayotga tayyorlab: “Olib ketavering, bolam endi sizniki”, deb qo‘liga tutqazar ekanmiz-u, yana bizga sharti bor ekanmi? Ertagayoq lash-lushlarini qaytarib yubor, oramizda hech narsa qolmasligi kerak. O‘zimizga o‘xshagan odamlar topilib qolar”, dedi. Ayol unga yolvora boshladi: “Fotihasi qaytgan qiz nomini oladimi, dadasi, keyin eshikdan birov so‘rab kelmaydi-ku! Bo‘yi yetib turgan bir emas, ikki singlisining taqdiri nima bo‘ladi?!”
Er-xotin yuz o‘y, ming andisha bilan yashab turgan uylarini sotuvga qo‘ydi. Qo‘shnisi xaridor bo‘lib kirganida boshlari ko‘kka yetdi. Uch xona uyda yashadik nima-yu, ikki xonali uyda yashadik nima, deya bir-birini ovutdi. Farzandlarining baxtini o‘ylab shu yo‘lni tutdi go‘yo. Qaynonasining ko‘nglidagidek sarpolar bilan kirib borgan kelinchak o‘z baxtidan masrur edi. Ammo…
Kelin tushirgan qo‘shnisining uyidan mehmon bo‘lib qaytgan qaynonaning avzoyini ko‘rib, kelinchak hayron bo‘ldi. Jahli chiqsa, gapini maqol tarzida aytib, tartibga chaqiradigan oyijonisi bugun boshqacharoq edi. “Boyga boy boqadi, kambag‘alning ko‘zidan yosh oqadi”, deb bejiz aytmagan ekan onam rahmatli. Kelinning uyidan kelgan qovurdoqni ko‘rib, og‘zimiz lang ochildi: tog‘oraga tirik oqqushni o‘rnatib qo‘ygandek. Atrofidagi bezaklarini ko‘rsangiz naq san’at asari deysiz. Pishiriqlarining shirasi tilni yoray deydi. Kelin salom berayotganda nazar soldim, egnidagi ko‘ylagi bu yerniki, bu olamniki emas. Ko‘kdan tushgan farishtaga o‘xshaydi. Odamda orzu-havas bo‘lsa, hamma narsaga imkon topadi. Qovurdoqni atay yonimizga olib kelib ochdi anavi pismiq qo‘shnim, siznikidan kelgani esimga tushib, uyatdan yerga kirib ketay dedim. Falon pulga “zakaz” qilib pishirtirgan shundoq bo‘ladi-da. Onangiz meni qo‘ni-qo‘shnilar oldida sharmanda qilib, filning qulog‘icha tog‘orada yuborgan qovurdog‘ining yarmi xamir qo‘shilgan do‘lma, yarmisi tuxum bilan to‘latilgan edi…”
Qiz biror gap aytib, yurak hovurini bosolmadi, uyiga kirib, unsiz yig‘ladi. Har kuni, har soniyada bunday ta’na-nadomatlar bo‘lib turganidan yuragi uvishadigan bo‘lib qoldi. “Charlarida onangiz tuzukroq sarpo qo‘ymadi, dasturxonida yeydigan hech vaqo yo‘q, falonchining qudasi kuyoviga “Spark” mindiribdi, ziqna onangiz kuyoviga bitta shim, oddiy ko‘ylak qo‘yganidan uyaldim, peshonamga bitmagan ekan…” degan malomatlardan to‘yib, ota uyiga ketdi. Homilador ekani aniq bo‘lgach, onaizor qizini yetaklab uyiga olib bordi. Qizi: “Kuyovingiz bilan tortishib qoldik”, deyishdan nariga o‘tmagan edi. “Rang ko‘r, hol so‘r”, degan gap bor. Ota-onasining ahvolini ko‘rib-bilib turib, qaynonasi aytgan achchiq gaplarni qanday qilib onasiga aytadi?! “Qizim yoshlik qilibdi, opajon, hargiz uyimga arazlab borsa, ostonadan kiritmayman”, deb bosh urib, kechirim so‘radi…
Kunlar ketidan kunlar o‘tib, qizining oy kuni yaqinlashib borayotgani sari onaning ko‘nglidagi g‘ashlik ortib borardi. Bir tomoni ranglari sarg‘ayib, holsizlanib, ozib-to‘zib ketgan qizining sog‘lig‘idan xavotir olsa, bir tomoni…
Yomon tush ko‘rib, cho‘chib uyg‘ongan ayol ming andisha bilan sim qoqib, qizidan hol-ahvol so‘radi. “Oyi, ahvolim yaxshi emas. Qonim kam, qon bosimim ko‘tarilib, yuragim tinmay o‘ynaydi. Kecha tekshiruvdan o‘tdim, tayyorlov bo‘limiga yoting, deyishdi. Ammo oyijon ruxsat bermayaptilar”, dedi. O‘zim borib, uyingdagilardan ruxsat olib, tug‘uruqxonaga olib boraman, xarajatlarini o‘zimiz to‘laymiz, deganiga qizgina ko‘nmadi.
Ultratovush tekshiruvidan so‘ng homila o‘g‘il ekanini eshitgan qaynona kelinchakka: “Kelinposhsha, uyingizdagilarga ayting, ovora bo‘lmay, bir yo‘la o‘g‘il to‘yini ham o‘tkazib yuboramiz. Qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘zicha urf-odatimizni yerga urmay, ijaraga bo‘lsayam, toy yasatib kelishsin. Muzlatkichmi, kattaroq televizormi sovg‘a qilish niyatlari bordir, hamma shunaqa qilyapti hozir, ertaroq aytsangiz, harakatini qiladi”, dedi.
Kelinchak uyidagilarga aytishga botinmadi. “Turmush degani yoshgina jonga jazo degani ekan, o‘sha paytda ajrashib ketsam bo‘larkan. Oilam yaxshi bo‘lishi uchun, shuncha sarf-xarajat qilib o‘tirgan ota-onam uchun singillarim, ukamni o‘qitish, uyli-joyli qilish ham katta muammo. Endi nima bo‘ladi?!” xayolida faqat shu so‘zlar aylanardi.
Ota-ona endi ikki xonali uylarini sotib, bir xonali ta’mirtalab uyga ko‘chib o‘tishdi. Bo‘yi yetib qolgan ikki qiz, o‘smir o‘g‘il, er-xotin barchasining kuni shu tor uyga qoldi.
Hamma narsa taxt. Hali tug‘ilmagan chaqaloqqa olingan kiyimlarning orasida maktab yoshiga yetganida kiysa bo‘ladiganiyam bor. Kuyov, quda-anda degandek, hammasiga atalgan sarpolar tugunlarga joylangan, faqat tun-u kun yaxshi xabar kutishadi. Homilador kelinchakning esa kundan kun rangi za’faron tus olib, holi abgor bo‘lib borardi… O‘zi sabab ota-onasining boshiga tushgan tashvishlar, to‘ydan keyingi yugur-yugurdan ko‘zlari kirtayib, sochlari oqarib ketgan otasi, gapirsa mijjalari namlanib turadigan onasi ko‘z oldidan o‘tadi. Dili og‘riydi, yuragi notinch uradi. Darmonsizlikdan sillasi qurib qolsa-da, uyidagilarga lom-lim demaydi. U ota-onasining hurmati, chekkan zahmati uchun ham shu oilada yashashi, barchasiga ko‘nishi, chidashi kerak edi…
Yarim tunda eshik qo‘ng‘irog‘idan cho‘chib uyg‘ongan onaning yuragi hapriqdi. Eshik yonida ko‘zlari yig‘idan qizargan kuyovi titrab turardi. “Voy, keling, bolam, nima gap? Nega xafasiz? Chaqaloqqa biror gap bo‘ldimi-a? Hozir yuragim yorilib ketadi, gapiring!”
Kuyovning:
– Qizingiz jonlantirish bo‘limida… – degan xabari onani hushidan ayirayozdi…
To‘y qilib, qiz uzatish yoki o‘g‘il uylash barcha ota-onaning zimmasidagi burch. Ammo to‘ydan keyingi “to‘y”larni kim o‘ylab topgan? Kelin-kuyov ko‘rish baxtiga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, duo qilib o‘tirish o‘rniga kiyim-u buyum tashvishida bozorma-bozor yugursak?
Bugun to‘y bo‘lsa, ikki kundan keyin “charlar” qilib, yana to‘y qilgan xonadon egalarining “chop-chop”i davom etadi. Yangi qudaga mulozamat, yana sarpo-suruq, patnis to‘la shirinliklar bilan siylab, karnay-surnay bilan uyiga kuzatib qo‘yishi kerak. O‘g‘il o‘stirganning uyida ham besh-olti tog‘ora tashvishi aylanganidan, jilmayib salom bilan choy uzatayotgan kelinchakning chiroyi ham uy egalarining ko‘ngliga sig‘avermaydi. Bir xil rangdagi “Jip” yoki “Captiva”lar bilan ko‘cha to‘ldirib, kelinchak huzuriga kirib borgan sho‘rlik kuyovning gardanida ancha qarz.
Buvim rahmatlining bir gapi bor edi: “Chillali odamning yaqiniga borma, chil odim berida tur. Yangi tug‘gan ayol ham, kelin-kuyovlar ham qirq kungacha chillali sanaladi. Yaxshi yeb, yaxshi ichishi, shomdan keyin uxlab dam olishi, ko‘ringan odam bilan quchoq ochib ko‘rishmasligi kerak. Balodan hazar-da, bolam”, derdi. Hozir esa to‘yning ertasigayoq kelinchak tongda qo‘liga supurgi, chelak ko‘tarib, xizmatga tushib ketadi. Bir kun o‘tib, ota uyiga mehmonlar qurshovida borishi, barcha yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar bilan bag‘rini ochib ko‘rishishi, gohida yuz martalab egilib, salom berishi kerak.
Bularning hammasi el ko‘ziga qilinayotgani ayon-ku! Yoshlarning yuzida baxt nashidasi balqishi uchun, yangi hayotga o‘rganib, tup qo‘yib, palak yozishi uchun ularga shart-sharoit yaratish kerak emasmi? Hech bo‘lmaganda, o‘n kun bordi-keldi, supur-sidirdan nari bo‘lsa, kuchga to‘lardi, bir-biriga o‘rganib, ko‘z qarashidan tushunib oladigan bo‘larmidi?! Farzand dunyoga keltirib, vujudini to‘lg‘oq azobi tark etmay turib, kelinchakka – onaga tug‘uruqxonadan uch kunda uyiga ruxsat berilyapti. Qovurdoq, beshik tashvishiga tushgan onalar tug‘gan boyaqishga tuzukroq e’tibor ham bera olmaydi. Chaqaloq sarposini quchoqlab, xotin-xalajni yetaklab, tog‘ora ko‘tarib, qizning onasi ovora, yangi tug‘gan juvonga bir qoshiq yovg‘onini ichkizib, nabirasini erkalab o‘tirish o‘rniga dasturxon yozib, quyuq-suyug‘iga kosa tayyorlab, buyoqdagilar ovora….
Shukrona dasturxoni yozish niyati bor odam chillasi chiqib, suyagi qotgan go‘dagini ko‘tarib, kelinchakning qizlik uyiga olib borsa, oilaviy gurunglashib o‘tirsa ham bo‘ladi-ku!
Eng yomoni, ana shu o‘zimizcha “orzu-havas”,“quda-andachilik”, “bordi-keldining ziynati” deb nom qo‘yib olgan ovoragarchiliklarga bog‘lanib vaqt, umr o‘tyapti. Sochlar oqaryapti, tishlar tushyapti. Holbuki, insonga umr o‘lchab berilgan.
Shunday ekan, yashash uchun berilgan umrga xiyonat qilmaylik. Uni baxtli, salomat va osuda o‘tkazaylik.
Munavvara USMONOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi