Juma, Oktabr 11, 2024
Homemaqolalar“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (esse)

“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (esse)

1

…Bu mening Qahhor baxshi bilan ilk bora yuzma-yuz turib, soz va so‘z sehrli olamiga sayr qilishim edi. Unda meni nimalar kutyapti, ahvoli ruhiyamda qay o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, hali o‘zim uchun ham noayon edi.

Tomoshagoh o‘rtasiga o‘rnatilgan ovozkuchaytirgich oldidagi o‘rindiqqa joylashib o‘tirgan baxshi mayingina harakatlar bilan (shu tobda uning o‘zini tutishi kimdandir, nimadandir uyalinqirayotgan, muxlislar imtihoniga birinchi marotaba duch kelayotgan boshlovchi baxshiga mengzab ketardi) sozini g‘ilofdan bo‘shatdi. Hayajondan titrayotgan barmoqlari bilan do‘mbirani mehr-la bir sidra silab-siypaladi, so‘ngra yuzida qat’iyat ifodalari uyg‘onib, sozning qirshlarini ayovsiz tortdi. Uning aft-angoriga hal qiluvchi kurashga tayyorgarlik ko‘rayotgan polvonga xos belgilar balqdi. Sozni quloqlari ostiga keltirgan baxshining lablari unsiz pichirlar, bu ahvolot shohidi bo‘lgan kishi esa u mangu hamrohi bilan suhbat quryapti, degan fikrga kelishi shubhasiz edi. Tafakkurim imkonlari darajasida xayolan baxshining lablaridan uchayotgan so‘z marjonlarini shodaga tizishga urindim: “Otamdan qolgan yodgorim, o‘zing mening yo‘g‘-u borim, chertmasam bo‘lmas qarorim, o‘zingni sinovga shayla, dilimni shodumon ayla…”

U ulkan savashga chog‘lanayotganday yuzlab qora ko‘zlar bosimi ostida peshonasiga qalqqan terni ro‘molchasiga artib, o‘zidan va sozidan mislsiz mo‘jiza kutayotgan nigohlarni so‘nggi bor birma-bir nazardan o‘tkazdi. Yengilgina titrayotgan barmoqlar sovuq simlar ustidan bir aylanib o‘tdi. Ilk chertim sukunat cho‘kkan tomoshagohga taraldi: “Diring-diring”.

Keyin baxshining mo‘jizakor barmoqlari ostida zir qaqshayotgan do‘mbira nolalari avjiga chiqa boshladi.

Yo qudratingdan! Bu ne sinoat? Nahot bir parcha qurigan yog‘ochning dardlari shu qadar teran bo‘lsa? Do‘mbira sayrayaptimi yoki oshyonidan ayrilgan bandi bulbulning dod-u faryodimi bu?

To‘planganlar misoli bir vujudga do‘ngan. Ko‘zlarda, qaroqlarda hayrat mujdalari jilvalangan. Jununvash qarsaklar yangragan. Bu soz, bu ovoz moziyning qa’ridan chiqib kelayotgandek edi. U azal va abad singari qadimiy edi.

Hay, yorayyy, sayragan tillaringdan aylaniblar ketay, do‘mbira!

Voy, yorayyy, mo‘jizakor barmoqlaringdan o‘rgiliblar ketay, baxshi!..

2

Xalq og‘zaki ijodi jonkuyari, hozirjavob qalamkash, zullisonayn shoir va olim Abduolim Ergashni viloyat jurnalistlar uyi binosi oldida uchratdim.

– Biror soat bo‘sh vaqtingiz bormi? – salom-alikdan so‘ng tomdan tarasha tushgandek savol berdi u kishi.

– Siz uchun bir soat emas, butun tun va kunni ajratsam ham kam.

– Qahhor kelyapti, bir suhbatini olaylik.

– Qaysi Qahhor? – ajablanib so‘radim.

Abduolim aka yuzimga g‘alati qaradi. Bu nazarda “Nahotki, el tanigan Qahhorni sen tanimasang?” degan ta’na bor edi.

– Marhum do‘stim Qodir baxshining o‘g‘li, O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor Rahimovni aytyapman.

Domlaning ishlari g‘alati, yurtimizdagi baxshi-oqinman deganining barini taniydi, Qahhor baxshini esa yo‘rgakdalik paytida ko‘tarib katta qilgan, desak, o‘trik bo‘lmas. Domla boshlagan baxshi-oqinlar yig‘inining doimiy sarkori u.

Uyatdan yuzim duv qizardi, ammo yuragim hapriqiblar ketdi, men Qahhor baxshi Rahimovni oynayi jahon, matbuot nashrlari orqali g‘oyibona tanir, mashhur Qodir baxshi Rahimovning o‘rnini bosishga urinayotgan zurriyoti ekanini bilar, ammo shaxsan tanishish, suhbatini olish istagi kim necha yillardirki, yuragimning bir chekkasida armon bo‘lib yashardi.

Qahhor baxshi bilan go‘zal shahrimizning sokin go‘shalaridan birida dildan suhbat qurdik. Birodarlar, kim nima demasin, kurash haqida polvondan, ot ta’rifida chavondozdan, do‘mbira vasfida baxshidan o‘tkazib so‘z aytish oddiy bandayi mo‘minga xos xislat emas ekan. Baxshi o‘z nomi bilan baxshi bo‘larkan, hozirjavoblik uning naqshi bo‘larkan, do‘mbira haqidagi mashhur qo‘shiq satrlarini aytishim baxshining dard-dunyosini yanada kengroq ochib yubordi:

Kel-ey, sozim, so‘zlashaylik,

Sening asling yog‘ochdandir.

Yog‘och desam, qahring kelar,

Xurmo pishgan yog‘ochdandir…

– Yashang-ey, shoir, siz ham o‘zimizdan ekansiz-da, iloho, do‘mbirani suyib, ardoqlagan tillaringiz sayrashdan tolmasin. Mayli, uni birovlar yog‘och bo‘lagi deb o‘ylasa o‘ylayversin, ammo men uchun u eng yaqin sirdosh, sadoqatli dardkash. Ko‘pincha yolg‘izlik domiga botganimda, boshimga tashvish tushganda do‘mbira bilan “suhbatlashib” ovunaman. Dard-hasratlar, quvonch-u shodliklarimni u bilan baham ko‘raman. Ayyy, og‘aynijonlar, bu dunyoda do‘mbiraga teng, qiyos bormi, aslida?..

3

Baxshining onasi Moporxol momoning hikoyalaridan

Do‘mbira Qahhorning egizagi, desam, xato bo‘lmaydi. Rahmatli erim yo‘rgakdagi Qahhorni bir suysa, sozini ikki suyardi. Qahhor bir parcha et chog‘ida o‘choq boshida kuymalanib, tandirga olov qalab yurganimda yig‘lab qolsa, otasi rahmatli soz chalib ovutardi. Sizga yolg‘on, menga chin, do‘mbira sadosi yangrashi bilan yig‘lab turgan chaqaloq tinib, ohangga quloq tutgancha bir zumda pishillab uyquga ketar, so‘ngra otasi:

– Onasi, yig‘loqi o‘g‘ling uxladi, – derdi.

Shu-shu, Qahhor do‘mbiradan bir qadam ham uzoqlashmadi. Oyoq chiqarganidan so‘ng otasi maktabga (u kishi qishloq maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlardi) ketganda do‘mbirani popugidan sudrab yurardi.

– Buning bir kuni do‘mbiramni sindirib qo‘yadi, – deb koyinardi otasi.

To‘rt yoshga kirganida bo‘yiga moslab, qoshiqdan sal katta do‘mbira olib berib qutuldi.

Qahhor baxshi xotiralaridan

Uyimizda tez-tez baxshilar gurungi, gap-gashtak bo‘lib turar, hech bo‘lmaganda otamning besh-olti jo‘rasi kelib:

– Qodir, yangilaridan aytib ber, – der, otam onamga qozonga o‘t qalatib, ovqat tadorigini ko‘rdirar, so‘ngra do‘mbira chertib, doston aytishga tushardi.

Mehmonxonamizga ayvondan o‘tib kirilardi. Ko‘pincha menga xonadan joy yetmasa, shu yerda o‘tirib olardim.

Hali soz, so‘zning unchalik fahmiga yetmasam-da, davra tarqamaguncha joyimni tark etmasdim. Shunday gashtaklarning birida mehmonxona to‘liblar ketdi, ko‘pchilik ichkarida joy yetishmaganidan ayvonda chordana qurib o‘tirdi. Men ham ularning safiga qo‘shilib oldim. Otam shu kuni har kungidan ham jo‘shiblar aytdi, do‘mbira “sayradi”, desam, kam bo‘lar, bir parcha yog‘och nolalar qildi. Otam barmoqlarini boshi ustidan aylablar chaldi, qirshi tortilgan do‘mbira siniblar ketay dedi. O‘tiribman, vujudim zir qaqshab, kuy-qo‘shiqning oxiri ko‘rinmas, odamlar tarqalishni xayollariga ham keltirmasdi. Olti yoshli go‘dak, turib ketay desam, davrani ko‘zim qiymaydi, tun yarmidan og‘ganda murgilab qolibman. Onam sekingina ko‘tarib, joyimga keltirib yotqizibdi. Ko‘p o‘tmay, uyg‘onib ketibman, do‘mbira ovozi balandlagandan balandlab borardi, sakrab o‘rnimdan turib:

– Doston eshitmoqchi edim, meni kim bu yerga keltirdi? – deb xarxasha qilgancha tag‘in davraga borib qo‘shilibman.

Otam maydonlab kelay deb chiqqanida yana ko‘zim ilingan ekan.

– Bolangga qarasang bo‘lmaydimi? – deb onamni koyibdi.

– Nima qilay, boya joyiga ko‘tarib kelgandim, uyg‘onib ketib, toza g‘ingshidi, oxiri “bor-ey, uyqudan qolsang, o‘zingga”, deb chiqarib yubordim.

Otam:

– Buningning qulog‘i do‘mbiradan boshqa narsani eshitmaydi. Mayli, sen damingni olaver, Qahhorni yonimga olib kiraman, yotsa ichkarida yotar, – debdi-da, meni mehmonxonaga olib kiribdi…

(Davomi keyingi sonlarda)

 

Abdunabi ABDIYEV

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine