Juma, Oktabr 11, 2024
HomemaqolalarKREATIV FIKRLASHNING MOHIYATI

KREATIV FIKRLASHNING MOHIYATI

Fikr yoki g‘oya – bu aqlimizning ijod faoliyati mahsuli. Aqlimizda turli muammolarning yechimi yoki yangiliklar haqida fikrlar tug‘iladi. Fikrlar odatda, biror hayotiy muammo yechimini izlash jarayonida shakllanadi. Biror bir vazifa haqida o‘ylaganda yoki biror qiyin vaziyatga tushganda inson fikrlashga majbur bo‘ladi. Ba’zi hollarda insonda istamagan holda ajoyib fikr tug‘ilishi mumkin.

Shaxsda kreativlik sifatlarini rivojlantirish uchun dastlab bu tushunchaning mazmunini bilish lozim. Kreativlik inglizcha “create” so‘zidan olingan bo‘lib, “yaratish” ma’nosini bildiradi. Kreativlik deganda insonning yangilik yaratish, muammolarni yechishga qaratilgan ijodiy qobiliyati tushuniladi. Uning tag zamirida beqiyoslik, amaliylik, noodatiylik va erkinlik yotadi. Shuningdek, kreativ fikrlash muayyan masala yuzasidan har tomonlama fikrlash, bir nuqtaga turli rakursdan yondashishni anglatadi.

Shaxsda kreativlik sifatlarini rivojlantirish, kreativ bo‘lish uchun kishi ko‘proq kreativ insonlar bilan muloqot qilishi va hamisha izlanishda bo‘lishi lozim. Har qanday ko‘nikmani shakllantirish mumkin bo‘lganiday, kreativ fikrlash qobiliyati yoki ko‘nikmasini rivojlantirish mumkin. Bu o‘quvchilarni noodatiy tarzda fikrlashga yordam beradi. Kreativlik bo‘yicha
D. Veksler, A. Maslou, J. Guilford, E. Torrens tomonidan olib borilgan tadqiqotlar kreativlik ko‘nikmasini shakllantirishda qo‘llanma sifatida xizmat qiladi. Bu auditoriyadagi muhit o‘quvchilarda fikrlash tarzining shakllanishi, o‘qituvchining yondashuv va strategiyalari elementlarini o‘z ichiga oladi.

Kreativlik shaxsni rivojlantiruvchi kategoriya sifatida inson tafakkuri, ma’naviyatining ajralmas qismi hisoblanadi, u shaxs ega bo‘lgan bilimlarning ko‘p qirrali ekanida emas, balki yangi g‘oyalarga intilish, o‘rnatilgan stereotiplarni isloh qilish va o‘zgartirishda, hayotiy muammolarni yechish jarayonida kutilmagan va noodatiy qarorlar chiqarishda namoyon bo‘ladi. Ya’ni berilgan bilimlarni takrorlash orqali kreativlikka erishib bo‘lmaydi, ijodiy fikrlash jarayonida yangi fikr, yangi g‘oyaning paydo bo‘lishi asosiy shartdir. Masalan, ingliz tilida so‘zlarni yodlab, grammatika qoidalarini “suv qilib ichib yuborgan” bo‘lsangiz-u, insho yozolmasangiz, barchasi bekor.

Shuning uchun kreativ fikrlash jarayonida tasavvur muhim rol o‘ynaydi. Albert Eynshteyn “Tasavvur bilimdan muhim”, deganida aynan mana shu jihatni nazarda tutgan. Ko‘pincha noodatiy fikrlar, yechimlar inson xayoliga kutilmaganda keladi. Buning uchun, avvalo, fikrlash jarayonidagi bir xillikka, odatiylikka barham berilishi lozim. Inson miyasi o‘z ishini “yengillashtirish”, “qulaylashtirish” uchun qoliplar va stereotiplardan foydalanadi. Stereotiplar shu paytgacha ma’lum bo‘lgan va umumqabul qilingan fikrlardir. Ular asosida fikrlash bizga hech qanday yangi g‘oya bermaydi. Qoliplarning yuzaga kelishida jamiyatda ustuvor bo‘lgan ijtimoiy fikr, mediamahsulotlarda taqdim etilayotgan shakl va ko‘rinishlar yetakchi o‘rin tutadi. Inson ommadan ajrab qolmaslik nuqtayi nazaridan hammaning fikriga qo‘shiladi. Qolaversa, “oqim bo‘ylab suzish” mustaqil fikrlashdan ko‘ra oson tuyuladi.

Stereotiplar orqali fikrlaganda muayyan mavzu bo‘yicha inson ongiga “so‘rov” berilganida odatiy ma’lumot va mulohazalar yuzaga keladi. Kreativ fikrlash ta’siri butun jamiyatga sezilarli innovatsiya turlarining ortida turishi rost, lekin u ayni damda universal va tenglashtiruvchi xususiyatga ega fenomen hamdir, ya’ni har qanday shaxs u yoki bu darajada kreativ fikrlash qobiliyatiga ega. Amerikalik olim D. Veksler “Kreativlik fikrning shunday turiki, u shaxsga bir muammo yoki masala yuzasidan birdaniga bir nechta yechimlar paydo bo‘lishini taqozo etadi va shablonli, zerikarli fikrlashdan farq qilib, narsa va hodisalar mohiyatidagi o‘ziga xoslik, noyoblik sifatlarini anglashga yordam beradi”, deb ta’rif beradi.

Kreativ qobiliyatlar faqat yangi g‘oyalarni yaratishdagina emas, balki hayot tarzining yoki alohida olingan aspektlarni yaxshilash va shaxsning ichki dunyosi rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. A. Maslou kreativlikni barchaga xos tug‘ma ijodiy yo‘nalish, atrof-muhitning ta’sirida ko‘pchilikda yo‘qolib ketuvchi faoliyat deb hisoblagan. Amerikalik psixolog olim Joy Pol Guilford o‘zining ilmiy tadqiqot ishlarida kreativlik va intellektni birinchi marotaba taqqosladi. U intellekt strukturasi modelini yaratishda tafakkurni konvergent va divergent turga ajratdi.

Konvergent tafakkur  (lotincha “convergere” – “bir yo‘ldan”) tafakkur formasi bo‘lib, muammoning bir qancha yechimlaridan faqat yagona to‘g‘risini tanlashdir. Konvergent tafakkurning asosida intellekt yotadi, shuning uchun intellektual tafakkur deb ham ataladi. Divergent tafakkur (lotincha “divergere” – “bo‘linish”) ijodiy tafakkur metodlaridan biri bo‘lib, berilgan bir muammoning bir qancha yechimlarini topish, “bir vaqtning o‘zida turli yo‘nalishlarda izlanish, ya’ni bir muammoga bir nechta to‘g‘ri javoblar borligi va original ijodiy g‘oyalarning tug‘ilishiga xizmat qiladi. Divergent tafakkurning negizini esa kreativlik tashkil etadi. Kreativlik tafakkurning qay darajada shakllanganiga bog‘liq bo‘lib, shaxs tafakkuri qanchalik yaxshi rivojlangan bo‘lsa, kreativ fikrlashi ham shunchalik rivojlangan bo‘ladi. Biroq kreativlik faqatgina tafakkurning yuqori darajada rivojlangani bilan hosil bo‘lib qolavermaydi, ya’ni intellektual salohiyati yuqori shaxs har doim kreativ fikrlay olmasligi mumkin.

Guilford o‘z kreativlik strukturasida divergent tafakkurdan tashqari o‘zgaruvchanlik qobiliyati, yechimning aniqligi va boshqa intellektual parametrlarni birlashtirdi. Shuningek, u kreativlik va intellekt o‘rtasida o‘zaro uzviy aloqa borligini isbotladi. Biroq Guilford o‘z tajribalarida yuqori intellektuallilarning test yechish davomida ijodkorlik xulqini har doim ham ko‘rsatmasligini, kreativ past intellektualli bo‘lmasligini aniqladi. Shunday ekan, divergent tafakkur kreativ jarayonning barcha xususiyatlarini aks ettirmaydi.

  1. Torrens fikricha, “kreativlik” tushunchasi negizida quyidagilar yoritiladi: muammoni yoki ilmiy farazlarni ilgari surish; farazni tekshirish va o‘zgartirish; qaror natijalarini shakllantirish asosida muammoni aniqlash; muammoning yechimini topishda bilim va amaliy harakatlarning o‘zaro qarama-qarshiligiga nisbatan ta’sirchanlik. Kreativ fikrlash har bir ijtimoiy sohada yaqqol aks etishi mumkin. Umuman olganda, kreativlik – yangi, original g‘oyalarni yaratish, fikrlashning nostandart shakli, berilgan muammolarga omadli yechimlar topish. Kreativ tafakkur esa revolyutsion tafakkur bo‘lib, u konstruktiv xarakterni ifodalaydi.

Kreativ fikrlashda ta’lim-tarbiya jarayoni muhim ahamiyat kasb etadi. Kreativ fikrlash bugungi kunda yoshlar egallashi kerak bo‘lgan muhim ko‘nikmadir. Mazkur ko‘nikma yoshlarga bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalana oladigan, oddiy savodxonlikdan ko‘ra ko‘proq natija, ya’ni tashabbuskorlik talab qilinayotgan, bir so‘z bilan aytganda, XXI asr ko‘nikmalariga ega malakali kadrlarga talab ortayotgan bir paytda ushbu jarayonga moslashishiga va raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ildirakning kashf etilishidan boshlangan yaratuvchanlik namunalari bugun koinotda kezib yuribdi. Innovatsiyalar kundalik turmushimizda qulayliklar yaratadi, og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qiladi. Shu tarzda kreativlik taraqqiyotning ajralmas bo‘lagiga aylangan. Barcha sohada ijodiy fikrlovchi mutaxassislarga talab katta. Dunyoga mashhur dasturiy mahsulotlar, mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mutaxassislaridan har kuni yangi g‘oya so‘raladi. Mehnat bozorida kreativ fikrlovchi mutaxassislarga talab oshib borayotgan ekan, ta’lim jarayonida yoshlarning noodatiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, rivojlantirish dolzarb vazifadir. Haligacha ta’lim tizimida ko‘plab yondashuv va metodlar ijodiy fikrlash emas, talqin va tahlilga, ya’ni berilgan ma’lumotni tushunib, to‘g‘ri yetkazishga, nari borsa, bir necha axborotni umumlashtirib, xulosa chiqara olishga yo‘naltirilgan.

Xulosa qilib aytganda, kreativ fikrlash jamiyat hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan, shaxsning tafakkuri bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan jarayon hisoblanib, shaxsda, ayniqsa yoshlarda ushbu ko‘nikmani shakllantirish kelgusida mamlakat taraqqiyotining muhim elementlaridan biri hisoblanadi.

Yoshlarda kreativ fikrlashni shakllantirish va rivojlantirishda quyidagi jihatlarga ahamiyat qaratish lozim. Birinchidan, shaxs tarbiyasida bolalikdanoq uning fikri muhim ahamiyat kasb etishini va jamoada o‘z o‘rniga ega ekanini his qildirib borish. Ikkinchidan, bugungi kunda jamiyatda shakllangan dogmatik qarashlardan voz kechish. Uchinchidan, boshqaruv jarayonida avtokratik usullardan ko‘ra demokratik usullarni ko‘proq qo‘llash. To‘rtinchidan, kreativ fikrlaydigan shaxslarning g‘oyalari va qarashlarini hurmat qilish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash lozim.

Zero liderlar jamiyatda lokomotiv sifatida har doim o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Bugungi kunda liderlarning aksariyati kreativ fikrlovchi kishilardir.

 

Sherzod YUVASHOV,
NamMQI Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine