Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosirning onasi
Xolambibi Ahmad Oxund qizining yorqin xotirasiga bag‘ishlayman.
Usmon Nosirning onasining ismi Xolambibi edi. Xolambibi asli namanganlik bo‘lib, Adham Oxund va Salima otinlarning farzandi edi. U kamolga yetgach, Mamathoji ismli iymon-e’tiqodli insonga uzatildi. Ular bir farzand ko‘rdilar. Uning ismini Usmonxon deb atadilar. Ming afsuski, Usmonxon 4 yoshga to‘lganda otasi vafot etdi. Shundan so‘ng Xolambibini qo‘qonlik Nosirhojiga turmushga berishdi. Tirnoqqa zor bo‘lib yurgan Nosirhoji Usmonxonni o‘z farzandidek qabul qildi. Bu xonadondagi kelinga, farzandga bo‘lgan e’tiborni ko‘rgan Xolambibi ro‘zg‘orga mehrini berib xizmat qildi. Sadoqat va muhabbat bilan yashadi.
Uni qaynonasi Nodirabonu e’zozlab, “Ipak kelinim”, deb atar edi. Xolambibi bu xonadonda xuddi farishtadek uchib yurardi. Tovushi hech qachon baland chiqmagan. Hech vaqt, hech kimga jahl qilmagan. Mayin ovozda so‘zlar, mayin qadam tashlar, yurganda yelkasi uzra qirq o‘rim sochlar mayin tebranar edi.
Erta tongdan hovli-yu gulzorni “yog‘ tushsa, yalagudek” qilib tozalab, suv sachratib chiqar edi. Uning qozon-o‘chog‘i hech qachon qora qurum ko‘rmagan. Saharda rayhonlarga suv quyib, qo‘llarida tebratib chiqardi. Birpasda hovlini rayhon hidi tutib, iforlar shamol yo‘nalishida qo‘shnilarnikiga o‘tar edi.
Xolambibi ilmli, ma’rifatli bo‘lib, qo‘shni kelinlar gurungga chiqsa, o‘zbek xalq dostonlaridan aytib berib, ularni hayron qoldirardi. Uning supurgilari uch xil bo‘lib, birinchisi bilan xonalarni, ikkinchisi bilan hovlini, uchinchisi bilan tashqarini supurardi. Xonalarni supurgan supurgisini ishlatib bo‘lgach, toza suvda chayib, oq matodan tikilgan maxsus xaltaga solib, bir chekkaga, hovli va hovlidan tashqarini supuradigan supurgilarni esa ayvonga, hech kimning ko‘zi tushmaydigan taxta orasida saqlar edi. Qor-yomg‘irli kunlarda uylariga kelgan mehmonlarning oyoq kiyimlarini vaqt topib, loyini tozalab, yarqiratib artib qo‘yar edi. Bunday iltifotni boshqa joyda ko‘rmagan mehmonlar uni duolar qilardi. Xolambibi qaynonasi Nodirabonuning ko‘ngliga yo‘l topib, xuddi qiziday mehr bergani bilan e’zozga loyiq edi. U yopgan qat-qat patirlar dasturxonga chiroy berib, pishirgan taomlari og‘izda erirdi.
Asli qo‘qonlik bo‘lgan Nosirhoji Masodiqov paxtachilik bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun Namanganning yirik paxta zavodiga ishga yuborildi.
1912-yil 13-noyabrida Nosirhoji Masodiqov va Xolambibi Adham Oxund qizini Alloh Ravzaxon, undan keyin ketma-ket Rohatxon, Inobatxon ismli qizlar bilan siyladi.
Xolambibida go‘dak bolalarni parvarishlash va tarbiyalashda katta tajriba bor edi. Qo‘qondaligida jondek yaqin ovsini Turdixon vafot etdi. Uning ortida to‘rtta norasida go‘dak: Nabijon, Alijon, G‘anijon va to‘rt oylik Vasijon qoldi.
Turdixon Xolambibi uchun eng yaqin sirdosh, darddosh va suhbatdosh edi. Ularni ko‘rgan odam opa-singil deb o‘ylardi. Qaynotasi Masodiqboyning yigirma besh xonali katta hovlisida ular deyarli har kun mehmon kutardilar. Ularning eshigida hech qachon xizmatkor bo‘lmagan. Bu xonadonga kelganlarni kelinlar “Atoyi xudo”, deb mehmon qilganlar. Kelinlar kun davomida chumolidek mehnat qilib, oqshomlari dostonlar o‘qib, chevarchilik bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Ovsini Turdixonning to‘rtinchi bolasiga og‘iroyoq bo‘lganini birinchi bo‘lib sezgan Xolambibi uni darhol avaylashga o‘tdi. Ovsinining rangi dokadek oqarib, sal narsaga nafasi tiqilib, hansirab qolayotganini ko‘rgach, “Bundan buyon tandirning, qozon-o‘choqning boshiga bormaysiz. Kirlarni yuvishni xayolingizga keltirmang”, deya ro‘zg‘orning og‘ir yumushlarini o‘z zimmasiga oldi. Xolambibining madadi tufayli ovsini eson-omon chaqalog‘ini qo‘lga oldi. Ammo Turdixonning sog‘lig‘i tiklanmadi. Go‘dakka deyarli Xolambibi qarardi. Chaqaloq to‘rt oylik bo‘lganida Turdixon ovsinini yoniga chaqirib: “Xolambibi, menga bir nima bo‘lsa, bolalarimni hech kimga va hech qayerga bermang. Ayniqsa, murg‘akkina Vasijon sizni hidingizga o‘rgandi, uni bag‘ringizdan uzoqlashtirmang”, dedi. “Yo‘q, unday demang, opajon, sizdek farzand ko‘rib, xastalangan kammi? Biroz o‘tib, tuzalib ketasiz. Siz hamma qatori menga ham tog‘dek tirgaksiz, suhbatdoshsiz, maslahatgo‘yim, duogo‘yimsiz. Yomon xayollarga bormang. Hali bu bolalarning huzurini ko‘rasiz”, dedi. Ammo Xolambibining aytganlari bo‘lmadi. Ovsinining tongga borib joni uzildi. Uning bu olamni tark etishi Xolambibi uchun og‘ir edi. Ammo, nachora, taqdir-peshona. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Ovsinining to‘rt bolasini to o‘smir yoshigacha Xolambibi jonida asrab katta qildi.
* * *
Ko‘zlarida yulduz yongan Usmonxon olti yoshdan arab alifbosini bobosidan o‘rgandi. U maktabga borgach, eng a’lochi o‘quvchi bo‘ldi. Rus tilini o‘zi mustaqil o‘rgandi. Sevgan fani esa adabiyot edi. Uning uchun eng yaxshi sovg‘a kitob edi.
* * *
“Onajon, siz men uchun ilhomim parisisiz. Meni tongda uyg‘oting. Sizga eng yaxshi she’rlarimni o‘qib beraman”, derdi u.
Uning o‘g‘li olamga hayrat bilan boqqanida juda yosh edi. U misli ko‘klam, bag‘ri mavj urgan daryo edi.
Xolambibi o‘g‘lining qiyofasida husni Yusufni ko‘rsa, kitobdan bosh ko‘tarmay, tunlarni tongga ulaganida olamlarga dars beruvchi donishmandlikni ko‘rardi.
U bilan faxrlanardi.
Usmon Nosir maktabni a’lo baholarga bitirgach, Moskvadagi Kinematografiya institutining Ssenariy fakultetida, undan so‘ng Samarqand davlat universitetining Til va adabiyot fakultetida tahsil oldi.
20 yoshligida uni butun mamlakat taniy boshladi. Ustozi Cho‘lponning asarlarini u ilohiy bitiklar deb tushunardi.
Zamona ijod ahliga shafqat qilmayotgan bir vaqtda o‘g‘lining Toshkentda yolg‘iz qolishini istamagan Xolambibi har kuni Nosirhojiga: “Xojam, Usmonxoningizning qoni qaynoq, haqiqatparvar, xalqparvar. She’rlarining har satri mash’aldek tunlarni yoritmoqda. Iltimos, uning oldiga ko‘chib ketaylik”, deydi. Ayolining ko‘z yoshlariga chidolmagan Nosirhoji oilasi bilan Toshkentga ko‘chib keldi. Dastlab Chaqar mahallasida ijarada yashadilar. So‘ngra aziz do‘sti, taniqli pedagog Olim Sharafuddinov topib bergan Sebzor dahasi, Qoziko‘chadagi 37-uyni sotib oldilar.
Hammasi yaxshi ketayotgan edi. Tuhmat balosi yopishishiga Usmonning butunittifoq miqyosidagi shon-shuhrati bo‘ldi. Moskvada o‘tgan O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasidan so‘ng Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan plenum o‘tkazildi. Moskvadagi Markaziy adabiyotchilar uyida butun Ittifoqdan shoir-u yozuvchilar, adabiyotchi-yu tanqidchilar yig‘ilgan. Shu kechani boshqarib borayotgan shoir Bezimenskiy Pushkinning ijodi, u qilgan tarjimalar haqida gapirib, misol tariqasida nemis shoiri Gyotedan parcha o‘qib bergan… Shunda zalda o‘tirgan Usmon Nosir birdan o‘rnidan turib: “Kechirasiz, siz hozir Gyote asaridan emas, Shillerdan parcha o‘qidingiz”, deb yuboradi. Hamma “gur” etib Usmonga qaragan. Bezimenskiy biroz sarosimaga tushib, uni sahnaga taklif qilgan va “Kimsiz?” deb so‘ragan. Usmon baland ovozda: “Men o‘zbek shoiri Usmon Nosir bo‘laman”, degan. Bezimenskiy “Siz meni tuzatdingiz. Shiller asarlari bilan tanishmisiz?” deb so‘raganida, Usmon: “Men bu asarni yoddan bilaman”, deya javob qilgan va shunday mahorat bilan o‘qiganki, Bezimenskiy uni quchoqlab, zalga qarata: “Mana, bizning zamonaviy Sharqimiz!” deb xitob qiladi. Shundan so‘ng Moskva gazetalari ertasigayoq uning she’rlarini rus tiliga o‘girib, “Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi” rukni ostida chop etgan. Uning bu muvaffaqiyati Moskvada ham, Toshkentda ham o‘ziga ko‘plab dushmanlar orttirdi (Nodira Rashidova. “Yetti sayyora” asaridan parcha).
* * *
O‘sha-o‘sha, o‘g‘lining shon-shuhrati yoyilgandan yoyildi. Xolambibining mushfiq qalbiga esa ulkan xavotir yopirilib kirdi. Uning uchun oddiy va buyuk onalik baxti yetarli edi. U hamma qatori o‘g‘lining to‘yini ko‘rgisi, sovchilikka borib, qudali-andali bo‘lmoqchi edi.
– Usmonxon, sizni so‘rab, uyimizga ham muxlislaringiz kelmoqda. Mening kelin borasidagi orzularim juda baland, o‘g‘lim.
– Xavotir olma, aya, sen uzoqqa, chekka bir go‘zal qishloqqa sovchilikka borasan. O‘sha yerdagi yomon ko‘zlardan panada yurgan qizni kelinlikka tanlaysan. U qiz senga yoqsagina, men o‘shanga uylanaman. U albatta o‘zbek qizi bo‘ladi.
Ularning suhbatiga aralashgan singlisi Inobatxon:
– Akajon, nega siz bir umr ayamni senlaysiz?
– Eh, tushunmagan. Ayam men uchun Allohdan keyin turadi. Xuddi Allohga siz deb murojaat va munojot qilolmaganimdek, ayamga ham siz deb murojaat qilolmayman.
* * *
O‘g‘lining shoirligi Xolambibi ayaning ham baxti, ham baxtsizligi edi. Baxti bolasining she’rlari gazetalarda muntazam nashr etilar, tarjimalari shov-shuvga aylanardi. Bolasining qo‘li ochiq edi. Yozganlari uchun berilgan kattagina qalam haqini bir haftada muhtojlarga tarqatardi. She’riy to‘plamlari va dostonlariga berilgan qalam haqiga shoir do‘stlarini uyga chaqirib, ziyofat berar edi. Tarjimalari uchun berilgan gonorarlarni taniqli va hali nomi chiqmagan tarjimonlarni yig‘ib, haq berar va o‘sha kundan boshlab yangi asarlar ustida bosh qotira boshlardi.
Xolambibi aya va Nosirhojining xavotir olgan kunlari yetib keldi. Usmon Nosirning O‘zbekistondagi g‘animlari uni komsomollar safidan va SSSR Yozuvchilar Ittifoqi a’zoligidan o‘chirdilar. U o‘shanda 25 yoshda edi.
1937-yil 13-iyulda Usmon Nosir “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olindi. U Rossiyaning eng sovuq o‘lkasi Magadan va Kemerovo viloyatlaridagi qamoqxonalarga yuborildi.
O‘sha kun, o‘sha daqiqadan boshlab Xolambibi onaning ko‘zlaridan yosh tinmadi.
O‘g‘lini afv etishlarini so‘rab bormagan eshigi, bosh urmagan devori qolmadi.
O‘g‘li qilgan jinoyatning nomini tushuntirib berishlarini so‘rab sarg‘aymagan mahkamasi qolmadi.
Hamma uning ko‘ksidan itardi. Hamma uning yuziga eshik yopdi.
O‘sha kun, o‘sha daqiqadan boshlab o‘g‘li bilan birga sovuq o‘lkalarda xayolan hibsga tushdi.
Yuragini o‘g‘lining qo‘llariga solingan kishan o‘rab olgan, qalbi o‘g‘li yotgan zimistonda edi.
U hech kimni qarg‘amadi. Chunki u qarg‘ashni bilmas edi.
Usmon Nosir qamoqqa olingandan so‘ng faqat bir martagina singlisi Rohatxonga Toshkentdagi qamoqxonadan xat keldi. Unda: “Singlim Rohatxon! Uyg‘unnikiga borib, narsalarimni ol. Madamin Davronning uyida paltom bor. Ibrohim Nazirnikida etigim ham. Shularni olib kelib, menga kirgizib yubor. Ketadiganga o‘xshayman”, deb yozilgan edi.
Boshqa bunday imkoniyat bo‘lmadi. Sovuq o‘lkalarga ham mahbuslarga maktublar va yog‘och qutilarda jo‘natmalar: quruq mevalar, issiq kiyimlar yuborish mumkin bo‘lgan. Birgina Usmon Nosir bu marhamatlardan bebahra edi. Onasi esa o‘g‘lidan biror mujda eshitish uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urardi.
Xiyobon yonida, Pushkin ko‘chasida joylashgan Yozuvchilar uyushmasiga borib, o‘g‘lining, hech bo‘lmasa, qayerdagi qamoqxonaga yuborilganini aytishlarini o‘tinib so‘radi. Biror bir javob yoki dalda o‘rniga haqorat eshitgan ona uyushmaning zinasidan tushayotganda turtinib ketib, ko‘zi tinib, yuztuban yiqildi. Yonida 4 oylik chaqalog‘ini ko‘tarib olgan qizi Rohatoy bor edi. O‘sha to‘rt oylik chaqaloq hozirda 82 yoshni qarshi olayotgan, ijodining katta qismini Usmon Nosirga bag‘ishlagan adiba va shoira Nodiraxon Rashidova edi. Rohatoy bir qo‘lida chaqalog‘i, bir qo‘li bilan esa onasini suyab turg‘izmoqchi bo‘ldi. Ona esa sovuq yerda cho‘kkaladi-yu, qiblaga qarab: “Allohim, bolamning boshiga tuhmat yog‘dirganlarga O‘zing kifoya qil! Bolamning yigit joniga rahm qil! Usmonimning yuzini oqla!” deya yerga bosh urdi. Qo‘lida yig‘layotgan chaqalog‘i bilan Rohatoy ham: “Gunohimiz nima, Allohim?! Bizga ham yorug‘ kun bormi? Bizga ham ro‘shnolik bormi?” deya yig‘lab, onasining turishiga ko‘maklashdi.
1944-yil 9-mart kuni Usmon Nosir og‘ir xastalikdan so‘ng Kemerovo qamoqxonasida vafot etdi.
Xalqimizning sevimli shoiri
1940-yil 20-avgustida I. Stalin nomiga xat yozadi. Maktubda shoir ishini qayta ko‘rib chiqishlarini so‘raydi. Ajablanarlisi, minglab shunday maktublar orasidan Usmon Nosirning xati e’tiborga tushadi va O‘zbekiston hukumati Kremldan shoir ishini qayta ko‘rib chiqish haqida buyruq oladi. 1944-yilning so‘ngida professor Borovkov, shoir Maqsud Shayxzoda va “Qizil O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriridan tarkib topgan komissiya Usmon Nosirni aybsiz deb topadi. Afsus, kech edi…
* * *
1956-yilda Yozuvchilar uyushmasidan kelgan vakillar Xolambibi aya va Nosirhoji otalarga farzandi Usmon Nosir vafot etganini va u vafotidan so‘ng oqlangani haqidagi xabarni yetkazdi. Shu paytgacha o‘g‘lini tirik degan umidga suyanib turgan Xolambibi bu musibatni bir necha oy ko‘tara oldi xolos. U 1957-yilda omonatini Allohga topshirdi. 1975-yilda esa Nosirhoji yorug‘ dunyoni tark etdi. “O‘g‘lim Usmonxon meni jannat eshigida kutib turibdi”. Bu Nosirhojining so‘nggi so‘zlari bo‘ldi.
* * *
2022-yil 10-fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida ishchi guruh tuzilib, uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishish uchun sharoit yaratiladi.
Namangan shahrida Usmon Nosirga haykal o‘rnatiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘rtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Unutmas meni bog‘im” mavzusida insholar tanlovi o‘tkaziladi.
Ushbu tarixiy qarorni o‘qir ekanman, Xolambibi ayaning
25 yoshida “xalq dushmani” deya qamoqqa olingan shoir o‘g‘li haqqiga qilgan iltijolari endi ijobat bo‘lganini ko‘rdim.
Tuhmatga uchragan shoir: “Itardilar meni chuqur bir jarg‘a”, deb yozgan edi. Shoir ruhi yillar davomida “chuqur jar”dan chiqmoq uchun yer tirnadi. Uning erkparvar ruhi Magadan, Kemerovodagi qorong‘i o‘rmonlarda sarosar kezdi.
Yurtboshimizning adabiyotga bo‘lgan hurmati, Usmon Nosir ijodiga qaratilgan g‘amxo‘rligi shoirni “chuqur jar”dan olib chiqdi. Bu adolatli qarorni umri davomida kutib, ko‘zlaridan qonli yosh to‘kib o‘tgan mushfiq onaning ruhlari ham shod bo‘lsin. Endi shoirning haykali poyiga gul qo‘yadigan, u haqda dostonlar, she’rlar, insholar yozadigan avlod shunday shoiri borligini unutmaydi. Men ularga yuragimda faxr-u g‘urur bilan shunday deyman: o‘zbekning afsonaga aylangan iste’dodli, jasur farzandlarini mag‘rur Onalar dunyoga keltiradilar. Unutmang! Ulardan birining ismi Xolambibi edi.
Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira