Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarMA’RIFATLI SHAXS TARBIYASI

MA’RIFATLI SHAXS TARBIYASI

Mamlakatimizda milliy yuksalish davrida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy jarayonlar mohiyati tubdan ijobiy tomonga o‘zgardi. Endilikda inson omilini ro‘yobga chiqarish, uning ma’naviy takomilini ta’minlash, har tomonlama yuksalishi uchun sharoitlar yaratish, o‘z iste’dodlari va qobiliyatlarini erkin namoyon qilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, aholi turmushi va yashash muhitidagi muhim tomonlarni rivojlantirish, jamiyatda islohotlar ko‘lamining yuksalishida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish va uni yuksaltirish uslublarini ijtimoiy hayotga tatbiq qilish muhim ahamiyatga ega. Ma’naviy qadriyatlarimizni asrash va uni targ‘ibot qilish ham jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Ma’naviyat fan va taraqqiyot, ilmiy-ijodiy yutuqlar bilan rivojlanadi, xalqimiz tafakkuri va boy imkoniyatlari bilan hamohang holda boyib, sayqallanib boradi. Ma’naviyat va uning asosiy mezonlari xalqimiz ongida vorisiylik tarzida avloddan avlodga o‘tib boradi. Ma’naviyat targ‘iboti jarayonida ham ana shu maqsadlar bajarila borib, ma’rifat degan yuksak ijtimoiy hodisa bilan birgalikda olib boriladi.

Shuningdek, bugungi globallashuv sharoitida ularni har qanday mafkuraviy tahdidlardan xalos qilish, “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida tafakkurida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, bo‘layotgan voqea-hodisalarga erkin fikr bildira oladigan, kerak bo‘lsa tahlil qila oladigan darajada ulg‘aytirishga erishishdir. Zero Yurtboshimiz
Sh. Mirziyoyevning “Biz ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz”, degan fikrlari buni isbotlab turibdi.

So‘nggi yillarda respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy negizlaridan biri – bu ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘lib, bunda aholimiz, ayniqsa yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol inson bo‘lib yetishishini ta’minlashdan iborat. Buni amalga oshirish uchun hukumatimiz tomonidan bir qancha huquqiy asoslar yaratildi. Mazkur asoslar rivojlanish yo‘lidan og‘ishmay ildamlayotgan respublikamizda istiqomat qiluvchi har bir shaxsning ma’naviy qiyofasi va tafakkurini ijobiy tomonga o‘zgartiribgina qolmasdan, balki yosh avlod tarbiyasidek nozik jabhaning olib borilayotgan islohotlar hamda amalga oshirilayotgan ishlar sifatini ta’minlaydi.

Ma’rifatli jamiyat, ma’rifatli shaxs tarbiyasi borasidagi dastlabki islohotlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil
26-martdagi qarori hisoblanadi. Mazkur qarorda “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda”, deb ta’kidlangan.

Keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishni takomillashtirish ishida uzoq yillardan beri isloh etishga muhtoj bo‘lgan muammolarni hal etish borasida yangicha yondashuv amalga oshirildi. Jumladan, ma’naviyat mezonlariga doir tushuncha va tamoyillar Asosiy qomusimiz hisoblanadigan yangilangan Konstitutsiya matnida aks ettirildi; jamiyatimizning ma’naviy taraqqiyoti va yangi ma’rifiy makonni yaratish bilan bog‘liq jarayonlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, ushbu sohaga doir zarur qonunlar, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish borasida sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ma’rifatli shaxs tarbiyasidagi huquqiy asoslardan biri “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” hisoblanadi.

Mazkur strategiyada jamiyatimizning ma’naviy rivoji bilan bog‘liq ishlar davlat siyosatining alohida va ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berilishi mazkur sohadagi faoliyatning yangi bosqichini boshlagani shubhasiz. Davlatimiz rahbari tomonidan farmonda “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish vazifalari” borasidagi maqsadlarning aniq-tiniq belgilab berilgani esa bu jabhadagi ishlarni jadallashtirdi.

E’tiborli tomoni, bugungi kunga kelib ma’naviyat sohasiga munosabat butunlay o‘zgardi. Mustaqillik yillarida birinchi marta bu boradagi ishlar davlat siyosatining alohida yo‘nalishiga aylandi. O‘z navbatida, bu Asosiy qonunimizda ma’naviyatning konstitutsiyaviy mezonlari va ushbu sohadagi davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu boradagi tartib-qoidalarni aniq-tiniq belgilab qo‘yish zaruratini yuzaga keltirdi. Taraqqiyot strategiyasining beshinchi yo‘nalishida “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasining kelgusi besh yillikda amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu nima degani? Dunyodagi rivojlangan davlatlar va jamiyatlarning bugungi kundagi mavqeyi, eng avvalo, o‘sha davlat yoki jamiyat a’zosi bo‘lgan kishilarning bilimlilik darajasi bilan o‘lchanadi.

Prezidentimiz muammoning mohiyatini chuqur anglagan holda ilm o‘rganish, yoshlarni bilimli va ma’nan yetuk qilib tarbiyalash nafaqat oila yoki ta’lim muassasasida amalga oshirilishi, balki barcha sohalarda ham bu konsepsiyaga qat’iy amal qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bu konsepsiya orqali madaniyat va san’atni yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilgani muhim jihat sanaladi. Zero bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani e’tiborga loyiq.

Shu bilan birga, davlatimizning bugungi siyosati ham barcha millat va elat vakillarining milliy o‘zligini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat hamda an’analarini saqlab qolishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda jamiyatimizda ma’naviy va moddiy hayotning uyg‘un ravishda olib borilishi o‘z tasdig‘ini topmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Kimki ma’naviyat masalasi bu faqat ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi”. Zero ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Ma’naviy-ma’rifiy soha oldida turgan ulug‘ maqsad – Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish va uni barpo etish, avvalo xalqimiz, qolaversa yoshlarimizning tafakkurini yuksaltirishdan iborat.

“Yangi O‘zbekistonni yetuk ma’naviyatli jamiyat, erkin va baxtli insonlar yashaydigan yurtga aylantirishimiz uchun barcha tizim tashkilotlari bilan bir qatorda vazirlik va idoralar, tashkilot rahbarlari, ziyolilar, olimlar, qisqacha aytganda, barcha ertasiga befarq bo‘lmagan odamlar birlikda harakat qilishi, qo‘lni qo‘lga berib ishlashi zarur. Ana shundagina o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishishimiz va rivojlangan mamlakatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallashimiz mumkin bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan huquqiy asoslarga tayangan holda, ma’nan barkamol, yuksak iqtidorli va mustaqil fikrlaydigan, Vatanimizga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlarga ega yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning iste’dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham siz va bizning oldimizda turgan, kezi kelganda, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan bo‘lib qolaveradi.

 

Ro‘zimurod CHORIYEV,

“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti prorektori,

pedagogika fanlari doktori, professor

Previous articleJADIDNING ONASI
Next articleSMS SAMIMIY IZHOR(MI?)

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine