“Tahlil natijalari qoniqarli emas”. O‘zini har qancha tetik tutishga urinsa ham doktorning bu gapidan umidsizlikka tushdi. Aslida yashashga ham rag‘bati yo‘qdek. Kimsaga keraksiz bir qariqiz bo‘lsa. Onasini kuydiradigan bo‘ldi. O‘zi bu dunyodan toq o‘tayotgani ham yetarli edi. Kamiga bu bedavo dard qo‘shildi. Nima ham qila olardi?! Dunyo bir baxtsizga kamayadi. Shu xolos. Shunday og‘ir o‘ylar bilan kasalxona hovlisidagi ulkan daraxt ostidagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Qarshisida salom berib, jilmayib turgan oq xalatli juvonga hayron boqdi.
– Siz, Lola opa, a, shundaymi, tuman kasalxonasi jonlantirish bo‘limi hamshirasisiz, – yosh ayol uning qo‘llaridan tutib yoniga o‘tirdi. – Sizni darrov tanidim. Ancha yillar avval ammajonimizga qaragansiz, eslaysizmi, uch opa-singil edik, o‘zimiz qaraymiz, deb hol-joningizga qo‘ymagan edik.
– Ha, ha, esladim, juda yaxshi eslayman, – dedi Lola ham jilmayib. – Mehribonligingiz bilan hammani hayratga solgan edingiz. Ammangiz ham yaxshimilar?
– Ammajonim o‘shandan keyin ko‘pga bormadi, o‘tib qoldi… Ammangiz meni deb, dunyodan yolg‘iz o‘tdi, deya dadam ko‘p takrorlaydi. Ota-onasi olamdan o‘tganida opasi o‘n ikkida, dadam besh yoshda bo‘lgan ekan. Qari, kasalmand momosining qo‘lida qolgan ikkisi. Momo bir ishga kuchi yetmasa ham, ularga qora bo‘lgan. “Kasallanib qolsam, opam ko‘rpa-to‘shakda yotqizmay, meni ko‘tarib yurardi. Kap-katta bolaman. Keyin bilsam, meni to‘shakda yotqizsa, o‘lib qolishimdan qo‘rqib, ko‘tarib yurar ekan… Opaginam-ey, farishta bo‘lsa, opamdek bo‘lar”, deb gapirib berardi dadam. Rostdan ham ukasiga o‘zini fido qilgan. Bizni kichkinaligimizdan dadamni kutib olishga o‘rgatgan: birimiz suv, birimiz sochiq, birimiz ko‘rpacha solib kutib olar edik. Dadamga yoqadigan taomlarni tayyorlashni o‘rgatardi. Ukasini shu qadar sevardiki, sal og‘rib qolsa, parvona bo‘lardi, o‘ziga kelmaguncha ko‘zi kulmasdi. Uzoqlardan dadamni ko‘zlari mehrga to‘lib kuzatib o‘tirardi. Nimadir bo‘lib, to‘shakka mixlanib qoldi. O‘n yil yotdi. Avval ayam parvarish qildi, keyin biz, uch opa-singil bu ishni zimmamizga oldik. Hech yolg‘iz qoldirmadik, shu yotishida ham bizga kashtalar, jiyaklar tikishni o‘rgatardi. Sochini yuvib-tarab, xushbo‘ylantirib qo‘ysak, bizni uzoq duo qilardi, yulduzlarim, deb sevardi. Og‘irlashib qolganida kasalxonaga bormayman, dedi. Oldingizda o‘tiramiz, sizga begonalarning qo‘lini tekkizdirmaymiz, deb bir amallab ko‘ndirdik. Turmush qurmagani uchun o‘zini birovlarga qaratishdan uyalardi, bizga ko‘nikkan edi… O‘shaning uchun hamshira opalarga, shifokorlarga yalinganmiz, ahvolini tushuntirganmiz.
Bir kuni hammamiz oldida chug‘urlashib o‘tirganimizda, gap boshlab qoldi: “Men sizlardan roziman, siz ham mendan rozi bo‘ling! Agar to‘ylaringizni ko‘rmay o‘lsam, azada keng ko‘ylak bilan kelinligingizga atab tikkanim yengkashtalarni bilagingizga ilib, mehmonlarimni kutib olsangiz, sevinaman… Quloqlaringizga rayhonlar taqing, o‘sha payt ham xush iforlarni sezadigandekman. Chiroyligim, baxtiyorim, deb yig‘lang, men bu so‘zlarni hech eshitmadim…” Jim bo‘lib qoldik. Dadam otilib o‘rnidan turib, yuziga kaftlarini bosib, chiqib ketdi. Uch qiz va ayam chuvullashib, yig‘lab ammamga yopishdik, go‘yo hozir o‘lib qoladigandek. O‘zi ham yig‘ladi… Ko‘p o‘tmay, olamdan o‘tdi. Ta’ziyaga kelgan ayollar kelinchakdek kiyinib olganimizni ko‘rib, hammasini tushundilar, ayol dardini ayol anglaydi, ko‘hna aytimlardan aytib, o‘z dardlariga yig‘ladilar.
Meni kechiring, sizni ko‘rib, ammam yodimga tushdi. Qandaydir boqishlaringizmi, xayolchan o‘tirishingizmi, ammamga o‘xshaydi. Shunga ortiqcha gaplarni ixtiyorsiz gapirib yubordim. Kechiring!..
– Kechirim so‘ramang! Ko‘nglingizni menday g‘aribga ochganingiz uchun rahmat. Odam odamga o‘xshaydi-da, – dedi va “to‘g‘ri, baxtsizlar bir-biriga o‘xshaydi” degan achchiq-alamli o‘y kechdi ko‘nglidan.
– Opa, men shu yerda ishlayman, singillarim ham shifokor, agar biror yordam kerak bo‘lsa, ayting, tortinmang, rahmatli ammam haqqi-hurmati, qo‘limdan kelgan yordamni beraman.
– Rahmat, singlim, menga endi hech kim va hech narsa yordam bera olmaydi, – shunday deb o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi, juvonga qarab siniqqina jilmayib, yana rahmat aytdi-da, asta-sekin darvoza tomon yo‘l oldi.
Ortidan shifokor ayolning qarab turganini sezdi, o‘girilmadi, o‘z xayollariga g‘arq bo‘ldi. Qachonlardir uning ham ammasi bor edi. Eskigina nogironlar aravasida o‘tirardi. Ba’zan kunning tig‘ida qolib ketardi. Shunday paytlar boshini egib qolar, ammo yig‘lamasdi. Hech qachon “ammam” deyishmasdi, hamma uchun “amma” edi. Ammaga suv berdingmi, ammaga ko‘p ovqat berma, tozalash qiyin, semirib ketyapti, amma juda mijg‘ov, ammaga nasihat qilishni kim qo‘yibdi, “uff”, jonga tegdi, shu amma, internatga berib yuborish kerak… Ammaning aybi nima edi? Vaqtida qaratishganida oyoqlari tuzalib ketgan bo‘lardi. Batamom tuzalmasa ham, yigirma yoshida ammaning bizga ehtiyoji bo‘lmasdi. Hatto xayolida ham ammam deya olmayapti. Nega? Nima yomonlik qilgan shaxsan menga? Oldimda birpasgina o‘tirgin, deb yalinardi. Suvni ham yalintirib berardi, yotgan joyida jiyanlarini bir-bir otini aytib chaqirardi, eshitmaganga olib o‘tirardilar.
Bir kuni Shahlo opasi onasiga arz qildi: “Amma mendan uyat kinolar olib kelishimni so‘rayapti”. O‘sha kuni uyda qiyomat qo‘pdi. Aravachada boshini solintirib o‘tirgan qiz – ammaning yuzlari qip-qizarib ketgan, ter quyilardi, akasi G‘ayrat g‘azab bilan aravani bir tepgan edi, qiyshayib ag‘darilib ketdi, singlisi yerga yuztuban tushdi, chakkasi shilinib qonadi. Shunda ham yig‘lamadi. Shu payt qiy-chuvni eshitib, hovliga kirgan qo‘shni Sadri xola yerda o‘zini o‘nglolmay yotgan qizni ko‘rib, yugurib borib, avval oyoqlarini to‘g‘rilab qo‘ydi. Qo‘ltig‘idan ko‘tarmoqchi edi, kuchi yetmadi, ovoz chiqarmay yig‘ladi, ortidan kirgan o‘g‘liga imo qilgan edi, baquvvat yigit emasmi, nogiron qizni osongina ko‘tarib, xonasiga olib bordi. Karavotiga avaylab yotqizdi-da, hech kimga qaramay, tez-tez yurib chiqib ketdi. O‘zi bilan qiyshaygan aravani ham olvoldi. Ayol qizning boshida o‘tirib chakkasidagi qonlarni artdi, hech narsa so‘ramadi.
– Xola, ularga ayting, meni Bekjon ukamnikiga olib borib qo‘yishsin, – dedi titrab-qaqshab, yig‘isini ichiga yutib.
– Qizim, bu uy sening uying, Bekjonnikiga ham qancha vaqt sig‘ar eding, shu yerda qol, o‘zim sendan xabar olib turaman, – dedi qizning to‘zigan sochlarini silab.
– Ular meni yo‘qlab kelgan odamlarni oldimga kiritishmaydi, sinfdosh dugonalarim ham kelmay qo‘ydi, hech bo‘lmasa, yuvintirib-tarantirib ketishar edi.
– Sen xafa bo‘lma, o‘zim yuvintirib qo‘yaman. Hozir uyga chiqib, hammomni yoqaman, keyin seni olib ketaman.
Sadri xola eshikdan chiqa turib, G‘ayratning xotini va qizlariga to‘qnash keldi.
– Xola, qiz egasiz qolgani yo‘q, – dedi xotin zahrini sochib, – sizni hech kim chaqirgani yo‘q, oilaviy ishimizga aralashmang! Uyingizda shunday bitta nogironingiz bo‘lsa, ko‘rardim holingizni. Undan keyin akasini haqqi bor uni tergashga. Indamasa, qizlarimga har xil noma’qulchilikni o‘rgatadi.
– Haqlisan, kelin, – dedi bosiqlik bilan Sadri xola. – Nogironni parvarish qilish qiyin. Ammo hali baquvvatsan, qizlaringning qo‘lidan ham ish kelib qoldi, qaynisinglingning ahvolini qara… Ota-onasi go‘rida tikka turgandir. Shu qizni yuvib-tarab o‘tirsanglar, qancha savobga qolasiz…
– Aralashmang! – G‘ayratning keskin ovozidan xola bir sapchib tushdi.
– Sen ham aka-da, endi, – dedi xola afsus bilan qarshisida turgan erkakka qarata, – sho‘ri qursin mushtipar qizning… Hali bir kun bu ishning javobini bersanglar kerak. Hayf sendek erkakka!
(Davomi kelgusi sonda)
Inobat NODIRSHOH