Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarOLIMP CHO‘QQISINI ZABT ETGAN LEYTENANT DIYORA KELDIYOROVA

OLIMP CHO‘QQISINI ZABT ETGAN LEYTENANT DIYORA KELDIYOROVA

Eng,eng,eng:

Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan Parij – 2024 yozgi Olimpiadasining ilk medalini qo‘lga kiritgan leytenant Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan ilk ayol sportchi sifatida tarixdan joy oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston dzyudosi tarixida Olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritgan ilk sportchi sifatida ham tarixga nomini zarhal harflar bilan yozdirdi.

Dzyudo bo‘yicha -52 kilogramm vazn toifasida Olimpiada g‘olibiga aylangan va O‘zbekiston sporti tarixida yangi sahifa ochilishiga sababchi bo‘lgan qahramonimiz 6 yoshidan boshlab sport bilan shug‘ullanib keladi. “Sport hayotimning bir bo‘lagi”, deydi Diyora. Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Diyora Keldiyorova allaqachon professional sportda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan. Tirishqoqligi va mehnatsevarligini inobatga olgan holda, mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan, 2024-yil
17-may kuni kichik serjant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin leytenant harbiy unvoni berilgan edi
. Bunday ishonch va mas’uliyatni his qilgan qahramonimiz Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan Parij – 2024 Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, bildirilgan ishonchni yana bir bor oqladi.

Leytenant Diyora KELDIYOROVA:

– Olimpiadaning oltin medali ko‘ksimda turar ekan, boshim uzra bayrog‘im ko‘tarilgancha madhiyamiz yangrardi. Bu lahzalarni tasvirlab berishim imkonsiz. Tanamda va ko‘nglimda ro‘y berayotgan kuchli to‘lqinni his qilarkanman, yuragim ko‘ksimdan otilib ketgudek urardi. Oyoqlarimda qaltiroq, xuddi tush ko‘rayotgandek edim.

Yurtboshimizning shaxsan o‘zlari telefon orqali tabriklaganda, Olimpiadagacha bosib o‘tilgan mashaqqatlarimning barchasi unut bo‘ldi. Menga bildirilgan ishonch uchun Prezidentimga, Mudofaa vazirligiga, marhum buvijonim, ota-onam va xalqimga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Ularning yuzini yorug‘ qilishga doimo harakat qilaman.

Baxtiyor MARDONOV, otasi:

– Qizimning ortidan shunchalik g‘urur va iftixorni tuyaman, deb o‘ylamagan edim. To‘g‘ri, Olimpiada g‘olibligiga erishishini kutganman, ichki tuyg‘ularim sezardi. Biroq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan pallada o‘zimning ichki holatimni tiyib turishim qiyin bo‘ldi. Tabiatan ancha vazmin bo‘lishimga qaramasdan, o‘sha lahza o‘zimni boshqarishim qiyin kechdi. O‘rnimdan qay holatda turib ketganimni bilmayman. Ruhim tanamga sig‘masdi. Hatto 15 sotixli hovlimiz ham quvonchdan to‘lgan ko‘nglimga torlik qildi. Beixtiyor baqirib yubordim.

Diyora maktabda ham a’lo baholarga o‘qigan. Matematika va fizika fanlaridan fan olimpiadasiga qatnashib, Pastdarg‘om tumanida birinchilikni qo‘lga kiritgan edi. Hozirda to‘rtta tilda so‘zlasha oladi. Bo‘sh vaqti bo‘lsa, darrov kitob o‘qishga tushadi. Qizimning erishgan yutuqlarida ko‘pgina yaxshi insonlarning hissasi bor. Oxirgi paytlarda Diyorani qo‘llab kelayotgan qaynota-qaynonasiga va kuyovim Azamatga rahmat aytmoqchiman. Diyoraning harbiy sportchi ekanini to‘g‘ri tushunib, unga imkoniyat yaratib berishga qo‘lidan kelgunicha harakat qilishmoqda.

Dilorom SHARIPOVA, onasi:

– Diyora Olimpiadaga qatnashish uchun Parijga jo‘nab ketganidan keyin halovatimiz yo‘qoldi. Bir oy davomida kim bilan tushar ekan-u, natija nima bo‘lar ekan, deya jonim halak bo‘ldi. Ayniqsa, yaponiyalik Abe bilan kurashishini bilganimizdan keyin xavotirim yanada ortdi. Chunki qizim jahon chempionatida xuddi shu raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan edi. Shukrki, hammasi boshqacha bo‘ldi. Boshida ochkolar hisobidan raqibi oldinda borayotgandi. Ammo Diyoram ippon usulida yiqitgancha g‘olib bo‘ldi. O‘sha paytning o‘zidayoq qizimning oltin medal olishi aniqdek tuyuldi. Aslida Diyora bilan Abe o‘rtasidagi kurash finaldan ham qiziqarli, xavotirli bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bir tomondan yaponiyalik raqibiga ham rahmim keldi. Besh yildan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan sportchi uchun mag‘lubiyatni tan olish qiyin. Ammo qaynonam aytganidek, yiqilganda tushkunlikka tushgan emas, qayta tura olgan sportchi kelajakda natijaga erisha oladi.

Qaynonamni mahalladagilar “general buvi” deb chaqirishardi. O‘ta qattiqqo‘l, aytganini qildiradigan va maqsadidan og‘ishmaydigan inson edi. Qishloq sharoitida uy ichiga ikki-uch ko‘rpani ochib (qo‘lbola tatami) qo‘ygancha, nabiralarni kurash tushishga majburlardi. O‘zining nabiralariga qo‘shimcha qilib, qo‘shni bolalarni ham uy ichidagi “chempionat”ga chorlardi. G‘oliblarni saralab, Toshkentdagi JAR sport kompleksiga olib borardi.

Bugun o‘sha insonning sa’y-harakatlari zoye ketmadi. O‘zlari bu kunlarni ko‘rmagan bo‘lsa-da, Diyoramning kelajagiga juda katta hissa qo‘shib ketdi.

 Azamat MATYOQUBOV, turmush o‘rtog‘i:

– Olimpiada bo‘layotgan kunlari uni chalg‘itmaslik uchun Parijga bormadim. Ammo Diyoraning barcha chiqishlarini televizor orqali kuzatib o‘tirdim. Uning yutuqlarini o‘zimniki sifatida qabul qildim. Hissiyotlarimni jilovlay olmaydigan paytlarim ham bo‘ldi. Chunki Olimpiadaning oltin medaliga ega bo‘lish uchun qanchalik mashaqqat chekkanining guvohi bo‘lganman. Diyora haqqoniy g‘alabaga erishdi. Murabbiylar ham kerakli tavsiyalarni berib turishdi. O‘zim ham dzyudo sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelganim uchun Diyoraning ichki imkoniyatlarini baholay olaman. Uning tirishqoqligi va maqsadidan og‘ishmasligi g‘alabaga bo‘lgan masofani qisqartiradi. Murabbiy kuchli bo‘lishi mumkin, ammo sportchining o‘zida ham mahorat va qobiliyat bo‘lishi kerak.

E’tiborlisi, Diyora Keldiyorovaga hattoki Yaponiyaning Maydzuru shahri meri Kamoda Akitsu ham maktub yo‘llab, O‘zbekistonda dzyudo sport turiga berilayotgan e’tibor, Diyoraning iste’dodi, nozik usullardan chuqur xabardorligi, bilim va salohiyati tahsinga sazovorligini ta’kidladi. “Tokio – 2020” hamda “Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlariga aynan Tokioda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti yig‘inlarida ishtirok etgani, yaponiyalik dzyudo ixlosmandlariga cheksiz faxr bag‘ishlaganini bildirib o‘tdi.

 Olimpiadagacha:

Jahon chempionati sovrindori. 2021-yil. Budapesht, Vengriya.

Jamoaviy birinchilik, bronza medal. 2023-yil. Doha, Qatar.

Kumush medal. 2024-yil. Abu-Dabi, BAA.

Ikki marta Osiyo chempioni – 2019-yil.
Al-Fujayra, BAA. 2024-yil. Nursulton, Qozog‘iston.

Ikki marta Osiyo chempionati sovrindori – 2021-yil. Bishkek, Qirg‘iziston 2-o‘rin. 2024-yil. Gonkong 3-o‘rin.

Butunjahon harbiylar (2019-yil. Uxan, Xitoy) va yozgi Universiada (2019-yil. Neapol, Italiya) o‘yinlarining bronza medali sovrindori.

Bir necha marta Katta dubulg‘a, Gran-pri hamda boshqa nufuzli musobaqalar g‘olibi va sovrindori.

Sherzod SHARIPOV,
“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine