Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarARTILLERIYA BO‘LINMALARI MAHORATINI OSHIRDI

ARTILLERIYA BO‘LINMALARI MAHORATINI OSHIRDI

Bugun harbiy xizmatchilarning professionallik darajasini yuksaltiradigan va xalqaro standartlarga to‘liq javob bera oladigan “Nukus” umumqo‘shin poligonida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug artilleriya bo‘linmalarining navbatdagi dala yig‘ini o‘tkazildi.

Darvoqe, zamonaviy jangda muvaffaqiyatga erishishda artilleriyaning o‘rni va roli juda katta bo‘ladi. Zero jang maydonida va frontning bir necha kilometr olisrog‘idan aniq zarba bera olish qudratiga ega bo‘lgan artilleriya qurollari jangni hal etish nuqtasini qo‘yishga qodir.

Pozitsiyalarni jihozlash, nishonlargacha bo‘lgan masofani aniqlash va shartli dushmanni yakson qilish – bu kabi vazifalarni sifatli bajarish uchun artilleriya batareyasiga iqlimning injiqliklari ham to‘sqinlik qila olmadi. Rejadagi taktik o‘quv mashg‘ulotiga jalb etilayotgan artilleriya va minomyot batareyasining kuch-qudratini namoyish etish, komandirlar va shaxsiy tarkibning samarali faoliyatini ko‘rsatishga yordam berdi.

Qisqa vaqt ichida hududga yetib kelgan batareya asosiy o‘q otish pozitsiyalarni egalladi. Batareya komandiri esa nishonlargacha bo‘lgan masofani aniqlash va optik kuzatish moslamalariga aniqliklar kiritishni boshladi. To‘p va bo‘linmalarni joylashtirishda o‘q otishni boshqarish va umumqo‘shin bo‘linmalari bilan o‘zaro jangovar hamkorlikni ta’minlab turish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Taktik o‘quvning shartiga ko‘ra, artilleriya batareyasi yopiq o‘t ochish pozitsiyasidan
7 km.gacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga qarata o‘q uzdi. Ushbu o‘quvda jami 7 ta o‘t ochish mashqi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, minomyot bo‘linmalari yarim to‘g‘irlab otishda 3 kilometrdan olisroqda joylashgan shartli dushman kuchlarini yakson etdi.

O‘quv davomida umumqo‘shin bo‘linmalari bilan shartli dushmanni kunduzi va tunda qurshab olish hamda yo‘q qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar vazifalar bajarildi. Tungi vaqtda artilleriya batareyasi tomonidan qo‘llanilgan yorituvchi snaryadlar vositasida nishonlar joylashgan hudud yoritilib, shartli dushmanning zirhli texnikasi va shaxsiy tarkibiga talafot yetkazildi.

Mashg‘ulot davomida qo‘yilgan barcha topshiriqlar bajarilib, nishonlar yakson etildi. Demak, batareya bu o‘quvda ham muvaffaqiyat qozondi.

Ta’kidlash joizki, Qurolli Kuchlarimiz strategik va taktik jihatdan qo‘llashning yangicha usul va uslublarini ishlab chiqishda hamda qo‘shinlar harakatini jangovar qo‘llab-quvvatlashda artilleriya kuchi va qudratiga katta e’tibor berib kelinyapti. Zero qo‘shinlar ortidan bo‘linmalarga olov bilan madad berish, relyefning past-balandligidan qat’i nazar shartli dushmanga qarshi qaqshatqich zarba berishga qodir bo‘lgan artilleriyaning o‘rni alohida.

Yuqori qo‘mondonlik tomonidan harbiy xizmatchilarning tayyorgarligi va har vaqt yurt himoyasiga tayyor turgan artilleriya qurollarining jangovar shayligi yuqori baholandi.

 

Kichik serjant

Abdullajon UMARALIYEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy

okrug matbuot xizmati

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine