XX asr boshlarida Turkiston jadidlari iqtidorli yoshlarni xorijda, ayniqsa Usmoniylar saltanatidagi oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitishni maqsad qildi. Ular aynan ushbu mamlakatni tanlashining bir necha sabablari bor edi. Birinchidan, ikki xalqning tili bir-biriga yaqin, ikkinchidan, dini bir, uchinchidan, turklar tomonidan Yevropadagi ilm-fan yangiliklarining o‘zlashtirishi, ta’lim muassasalarida dunyoviy bilimlar o‘qitilishining yo‘lga qo‘yilgani edi.
1909-yili Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehriy, Hoji Rofe va Mukammil Burhonov Buxoroda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatini tuzadi. “Tarbiyai atfol” o‘z faoliyatining ilk yilidayoq bir guruh yoshlarni Istanbulga o‘qishga yuboradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad amirlikdagi jadid maktablari ishini yanada takomillashtirish, “usuli tadris”ning ham amaliy, ham nazariy asoslarini ishlab chiqish, darsliklar, o‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar yaratish edi.
Buxoro amirligidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan Usmonxo‘ja, Otaulla Xo‘ja va Hamidxo‘ja Mehriy 1909-yili o‘qish uchun Istanbulga borganda, Anvar posho ularni rasmiy delegatsiya kabi kutib olgan. Bu hodisa Rossiya imperiyasining Istanbuldagi elchisini xavotirga solib, bu haqda rus imperatori Nikolay II ga xabar berilgan. Imperator Buxoro amiri Abdulahadxondan Usmonxo‘ja va Hamidxo‘ja Mehriy haqida ma’lumot so‘raganida, amir Rossiya imperatoriga: “Ular yosh bolalardirlar, Turkiyaga tahsil olish uchun borganlar”, deb javob qaytargan. Usmonxo‘ja, Otaulla Xo‘ja va Hamidxo‘ja Mehriy Istanbuldagi maktab va maorif, milliy madaniyat sohasidagi shaxsiyatlar bilan tanishib, suhbat qurgan. Shuningdek, xususiy dars olib, dunyoviy fanlar bo‘yicha bilimini orttirgan.
“Tarbiyai atfol” jamiyati ko‘magida Istanbul dorulfununida tahsil olayotgan Usmonxo‘ja, Abdurauf Fitrat va boshqalar Turkiyada o‘qiyotgan vatandoshlarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatish, Buxoro amirligi va Turkistondan talabalarning kelishini ko‘paytirish hamda muntazamlashtirish maqsadida “Buxoro ta’limi maorif” xayriya jamiyatini tuzadi.
Ushbu jamiyat haqida Ahmad Zaki Validiy quyidagilarni yozadi: “Bu jamiyat Istanbulda bir sho‘ba ocharoq, unga 1911-yilda 15 nafar, 1912-yilda 30 nafar talaba yubordi. Bu sho‘ba “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati” nomi bilan rasmiy bir jamiyat shaklini oldi. 1910-yilda Eron yo‘li bilan Istanbulga kelgan Fitrat ila Muqimiddin, Rusiya yo‘li bilan kelgan Usmonxo‘ja, g‘uljalik Abdulaziz va Sodiq Ashur o‘g‘li bu jamiyatning quruvchilari edi”.
Ushbu jamiyat o‘z faoliyati davomida 60 ga yaqin buxorolik va turkistonlik talabaga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatgan.
“Buxoro ta’limi maorif” jamiyati Xiva xonligidagi iste’dodli yoshlarni qamrab olish uchun ham harakat qilgandi. 1910-yili Hamidxo‘ja Mehriy ta’til vaqtida Xiva xonligi hududiga borib, yoshlarni Istanbulda o‘qishga da’vat etgan. Ammo Rossiya imperiyasining Amudaryo bo‘limi ma’murlari tomonidan Hamidxo‘ja Mehriyning ta’qib ostiga olinishi jamiyatning Xiva xonligida o‘z maqsadlariga erisha olmasligiga sabab bo‘lgan.
“Buxoro ta’limi maorif” jamiyatining tarkibi doimiy va muxbir a’zolardan iborat bo‘lgan. Jamiyatning bosh organi kengash bo‘lib, unga 14 kishidan iborat doimiy a’zo saylangan. Ular orasidan esa jamiyat raisi tayinlangan. Jamiyatga a’zo bo‘luvchilar har oy 10 piastr miqdorida badal to‘lashi shart bo‘lgan. Usmonli turk sultonligida tahsil olishni xohlovchi Buxoro va Turkistondagi kambag‘al oilalarning farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgan bu jamiyat 10 yoshdan
15 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom bolalarni qabul qilishni shart qilib qo‘ygan. Jamiyat a’zolari Istanbulda maktab ochib, Turkiston va Buxorodan kelgan yoshlarga ta’lim bergan.
Buxorodan Istanbulga ta’lim olish uchun yuborilgan yoshlar Usmoniylar davlatidagi Rossiya imperiyasi elchixonasi xodimlari tomonidan doimiy kuzatib borilib, ular to‘g‘risida Sankt-Peterburgga axborot berib turilgan. Chunonchi elchixonaning 1911-yili imperiya poytaxtiga yo‘llagan maxfiy ma’lumotida shunday deyiladi: “Buxoro amirligidan bo‘lgan jami 30 ta o‘quvchi Mukammil Burhonov va Mazhar Burhonov homiyligida Istanbulda o‘qitilmoqda”.
1913-yilga kelib, Usmonli turk sultonligi shaharlaridagi ta’lim muassasalarida Turkiston va Buxorodan kelgan 250 dan ortiq yosh tahsil olayotgandi. Ularning asosiy yashash joylari Istanbul va boshqa shaharlardagi o‘zbek takyalari bo‘lgan.
1913-yilning bahorida Usmonxo‘ja, Otaulla Xo‘ja, Abdurauf Fitrat va Hamidxo‘ja Mehriy Istanbuldan Vatanga qaytib, Buxoroda jadid maktablari ochadi. Maktablarni kitob va darsliklar bilan ta’minlash maqsadida, 1914-yili “Ma’rifat” kutubxonasi, 1915-yili esa “Barakat” shirkati tuziladi. Shirkat Istanbul, Orenburg, Bog‘chasaroy, Bokuda chiqadigan har bir yangi kitob, darslik va nashrlarni kutubxonaga yetkazib berib turgan.
Toshkent jadidlari ham turk ma’rifatparvarlari bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan edi. 1901-yili Turkiston jadidlarining ko‘zga ko‘ringan namoyandasi Munavvarqori Abdurashidxonov Toshkentning Shayhontohur dahasida Mirdadahoji ismli boyning mehmonxonasida jadid maktabi ochgan. Maktab uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalar juda zarurligini yaxshi bilgan Munavvarqori Abdurashidxonov Istanbuldan diniy va dunyoviy o‘quv risolalar, alifbo va o‘qish kitoblar keltirgan. Bu haqda keyinchalik Muhammadamin Afandizoda shunday yozgan: “Munavvarqori Turkistonni istilo etganlarga qarshi kurashishning yagona yo‘li ta’limda deb bildi. Xalqni isyonga chorlamadi. Bizning g‘alabamizning birinchi sharti va asosi bilim va texnikadir, deb biz yoshlarga tahsilni Istanbulda davom ettirish kerakligini ta’kidlar edi”.
Munavvarqori Abdurashidxonov toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li, aka-uka Komilbek va Karimbek Norbekov kabilar homiyligida iste’dodli yoshlarni Istanbul, Rossiyaning musulmon o‘lkalari universitetlarida o‘qitish uchun 1909-yili “Jamiyati imdodiya” (“Yordam”)ni tuzgan. Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li jamiyat raisi, Munavvarqori Abdurashidxonov esa rais o‘rinbosari etib tayinlangan. Jamiyatning 41 banddan iborat nizomi tasdiqlangan. Bashirullaxon Asadulloxo‘ja o‘g‘li, Mulla Abdulla Avloniy, Nizomqori mulla Husayn o‘g‘li va Toshxo‘ja hoji Tuyoqboy o‘g‘li jamiyat a’zolariga aylangan.
Istanbulda tahsil olayotgan yoshlar Usmonli turk sultonligi va Turkistondagi ilm-fan taraqqiyoti va ta’lim tizimini taqqoslab, “Turkistonlilarga xitob” nomalarini “Oyina” jurnaliga yo‘llaydi.
Bu murojaatnomada: “Ey, musulmonlar, birodarlar! Bizlarga chalishmoq vaqti yetmadimi? Bu qadar jaholatga botdikmizda yetmasmi?.. Emdi moziyimiz ila istiqbolimizi o‘ylamoq kerak. Biz, turkistonliklar qadar orqada qolgan hech bir millat qolmadi. Afriqo vahshiylarida bizdan ilgaridurlar. Biz boshqa millatlardan ibrat olaylukda, o‘zimizni erkimizni bilmoqchi ijtihod etaylik. Millatimiz ehtiyojini va millat ishlarini to‘g‘ri yo‘lga solmakg‘a harakat edalik. Vatan ishlarimiza har turli yordamda bo‘linalik. Jaholat va safolatdin millatimizni qutqarmoqg‘a cholishalik. Maktab-madrasa ochmakg‘a, jamiyat va shirkatlik tijoratxonalari ta’sis etmoqg‘a harakat etalik. Rusiya, Ovrupa, Misr va Istanbulg‘a talaba yubormoq kerakdur. Ey, turkistonli musulmonlar, birodarlar! Ko‘zingizni oching, majalla va jaridalarg‘a boqub, dunyoni biling, jaholat ichinda g‘arq o‘lmish o‘lan vatandosh va millatdoshlarimizni qutqarmoq kerakdur”, deb da’vat etadi.
Rossiya imperiyasiga xizmat qiluvchi josuslar maxfiy xatlarida Toshkent jadidlarining yetakchisi Munavvarqori Abdurashidxonovni Yosh turklar harakatining tarafdori deb atab, turk tilidagi kitoblarni tarjima qilganlikda, tushgan pullarni go‘yoki turk flotini ta’minlash uchun Usmonli turkga yuborganlikda ayblagan.
1916-yili Qo‘qon taraqqiyparvarlari tomonidan “G‘ayrat” jamiyati tuziladi. Bu jamiyatning maqsadi yangi usul maktablarini darslik, daftar va o‘quv qurollari bilan ta’minlash, aholi orasida kitob, gazeta va jurnallarni mahalliy tilda chop etib, tarqatishdan iborat bo‘lgan. Qo‘qonning eski shahar qismida joylashgan jamiyatga qarashli kitob do‘konida Orenburg, Istanbul, Bokuda chiqadigan kitoblardan tashqari, gazeta va jurnallar ham sotilgan. Farg‘onadagi muhofaza bo‘limi “G‘ayrat” jamiyati turklarning “Ittihod va taraqqiy” jamiyatining shu’basi degan xulosaga kelgan. Shuningdek, Turkiston ziyoli vakillari tomonidan Rossiya bilan urushda Usmonli turk sultonligiga yordam uchun pul yig‘ilyapti, deb hisoblagan. Turkistonga tashrif buyurgan Yosh turklar harakati vakillari Turkiston general-gubernatorligining maxsus qo‘riqchi idoralari tomonidan alohida nazorat ostida bo‘lgan.
Samarqandlik jadid Abduqodir Shakuriy ham yangi usul maktabi tashkil etgach, uning faoliyatini takomillashtirish, “usuli tadris”ning ham amaliy, ham nazariy asoslarini ishlab chiqish, darsliklar va o‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar yaratish uchun 1911-yili Istanbulga borgan va yangi usul maktablari muallimlari darslarida bo‘lgan. Ahmad Midhat qalamiga tegishli “Xo‘jayi avval” alifbosi va boshqa darsliklar bilan tanishgan hamda Turkistonga qaytayotganida kitoblardan bir necha nusxa, xarita va globuslar olib kelgan.
Abduqodir Shakuriy o‘z maktabi faoliyatini tashkil etishda Sharq mamlakatlari tajribasidan unumli foydalanganini Mahmudxo‘ja Behbudiy ham tasdiqlaydi: “Mulla Abdulqodir muallim va man bu tartib va programlarni tush ko‘rub topganimiz yoki shaytondan va yo boshqadan olganimiz yo‘q, balki gazeta ko‘rduk va muallimi Ho‘qand, Toshkand, Buxoro, Orenburg‘, Qozon shaharlarida yurub, ibrat olubdur, man bo‘lsa mazkur shahar va diyorlarnida ko‘rdim, Kafkaz, Istanbul, Misr, Hijoz shaharlaridagi eski va yangi maktab-madrasalarni ozgina muddat bo‘lsa ham ko‘rub, biroz tajriba hosil qildim”.
Abduqodir Shakuriy maktabi rivojlanib, o‘quvchilar sonining ko‘payib borishi N. Ostroumovni tashvishga solgan va Samarqand xalq maktablari noziri Grachkin bilan tintuv o‘tkazgan. Bu haqda keyinchalik Rahim Hoshim “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnalida Abduqodir Shakuriyga bag‘ishlab yozgan maqolasida shunday ma’lumot bergan: “Bu maktabning birinchi “muhibi” ma’lum missioner Ostroumov edi. Ul gazetasida har nechada xo‘jalariga Shakuriy maktabini eslatar edi. Chunki Ostroumov Samarqandga kelganida, uni Turkiyadan kelgan xaritalar ortiq hurkitdi”.
Shunday qilib, Rossiya imperiyasi ma’muriyati jadidlar tashabbusi bilan iste’dodli yoshlarning Usmonli turk sultonligiga ta’lim olish uchun yuborilishidan vahimaga tushgan va doimiy ravishda taraqqiyparvarlarning faoliyatini kuzatib yurgan. Mustamlakachilar jadid maktablarini tekshirib, ularni yopish choralarini ko‘rgan. Turkiston jadidlarining turk taraqqiyparvarlari bilan maorif sohasidagi hamkorliklarini cheklashga intilgan.
Dilnoza JAMOLOVA,
tarix fanlari doktori,
FA Tarix instituti direktorining
ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
oyina.uz