Juma, Oktabr 11, 2024
Homemaqolalar“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (ESSE)

“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (ESSE)

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

 4

Qamashilik ijodkor Tursunboy Boymirov xotiralaridan

Asli Dehqonobod tumanining tog‘oldi Chuqurli qishlog‘idanmiz. Taqdir taqozosi bilan 1971-yili Qamashining Odambormas dashtiga ko‘chib kelgandik. O‘tgan asrning saksoninchi yillari, Qodir baxshining dovrug‘i tog‘ oshgan davrlar edi. Yangi tarkib topgan qishlog‘imizdagi to‘ylarning biriga mashhur baxshi tashrif buyurishi haqida ovoza tarqadi. O‘shanda Qodir baxshini yuzma-yuz turib eshitishni kim ham orzu qilmasdi deysiz. Qishloq ahli to‘yxonaga oqib borardi. Ammo to‘y yarimlay deganda ham baxshi davraga chiqavermadi. Odamlar bezovtalana boshladi:

– Biz to‘yga qorin to‘ydirish uchun emas, Qodir baxshini tinglash uchun kelganmiz.

– Qani Qodir baxshi?!

O‘sha yillar to‘yga katta san’atkor kelsa, bo‘yni yo‘g‘on kattalar alohida davra qurib o‘tirishi odat tusiga kirgandi. Bilsak, Qodir baxshi ham shunday alohida mehmonlarga xizmat ko‘rsatayotgan ekan. Tashqaridagi g‘ala-g‘ovurni eshitgan baxshi gap nimada ekanini so‘rabdi, to‘y egalari haqiqatni aytishga majbur bo‘lishibdi, shunda baxshi:

– Men elga xizmat qilish uchun kelgandim, quloqning qorni yo‘q, sizlar bilan xayrlashishga majburman, – deb, sozini ko‘tarib chiqib keldi.

Bo‘ldi qarsak, bo‘ldi olqish.

Baxshi olti soat tinimsiz kuyladi.

Ko‘z yoshi sel bo‘lmagan odam qolmadi.

Qodir baxshi chinakamiga daryo edi, u yanglig‘ san’atkorni keyin ko‘rmadim, desam, ishonavering…

5

…Tomoshagohda suv sepgandek sokinlik hukmron, doston qo‘shiqlari termaga ulanib ketar, baxshi har avjiga chiqqanda u yer-bu yerdan:

– Yashang, baxshi!

– Umringiz ziyoda bo‘lsin! – degan xitoblar yangrar, men esa goh g‘amgin, goh o‘ynoqi ohanglar og‘ushida xayolot dunyosiga sho‘ng‘ib, soz va so‘z qudratini ayon etuvchi yana bir rivoyatni eslardim:

“Bir kuni somoniylar davlati hukmdori Ismoil Somoniy mamlakat bo‘ylab safarga chiqibdi. U sheriklari bilan tog‘oldi Mo‘liyon qishlog‘iga kelgach, hayratdan dong qotibdi. Bu maskanda bog‘-rog‘lar yashnagan, chaman ichra bulbullar nola qilgan, odamlar bir-biriga xushmuomala, ko‘ngilni og‘ritguvchi biron narsa yo‘q emish, shunda shoh:

– Raiyatimda bunday go‘zal maskan borligini bilmagan ekanmen, endi menga toj ham, taxt ham kerak emas, umrim poyonigacha shu yerda oddiygina guzaron kechirishni ixtiyor etdim, – debdi.

Saroy ahli qancha yalinib-yolvormasin, hukmdor fikrini o‘zgartirmabdi. Ular noiloj shohsiz arkoni davlatga qaytishga majbur bo‘lishibdi. Yo‘lboshchisiz qolgan mamlakatda bosh-boshdoqlik boshlanibdi. Ne-ne vazir-u vuzarolar, pir va shayxlar Mo‘liyonga kelib, shohni taxtni egallashga rozi etolmabdi. Shunda kimdir:

– Abu Abdulloh Rudakiydan ko‘mak so‘rasak-chi, balki ul zoti mukarram hukmdorning yuragiga yo‘l topib bilar, – degan taklifni o‘rtaga tashlabdi.

O‘shanda buyuk shoir saroy nazm ahliga yetakchilik qilibgina qolmay, o‘zi yozgan g‘azallarga o‘zi musiqa bastalab, shiringina ovozda qo‘shiq ham kuylar ekan.

Ko‘pchilikning xohishiga ko‘ra, mashhur shoir va baxshi qo‘liga sozini olib, bir o‘zi “Qaydasan, Mo‘liyon?” deb yo‘lga chiqibdi. U shoh qarorgohiga yaqinlashgach, otdan tushib, soziga ovozini jo‘rlab, kuyidagi g‘azalni baralla ovozda ayta boshlabdi:

Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame,

Yodi yori mehrubon oyad hame.

Mir moh astu Buxoro osmon,

Moh so‘yi osmon oyad hame.

(Ma’nosi: ana Mo‘liyon anhorining kishini sarmast qilguvchi ifori kelmoqda, bu ifor mehribon yorning nafasi, yodini olib kelmoqda. Agar podshoh oy bo‘lsa, Buxoro osmondir, oy osmon tomon kelmoqda).

Ushbu g‘azalni eshitgan shohning yodi xayoliga yurt, yor-u birodar vasli tushib, yurakdan chuqur oh urib, bir oyog‘iga chorig‘ini tortib, ikkinchisi yalang holda otga minib, Buxoro sari yo‘l olgan ekan…”

…Baxshi yurt ozodligi va obodligi uchun kurashgan Alpomish, Kuntug‘mishdek mardlarni ta’rifladi. Kuylaganda ham xo‘b va ko‘p kuyladi, so‘ngra…

…So‘ngra esa ovozini baralla qo‘yib, istiqlol, yurt istiqboli, unga jonfido kishilarni madh etishga tushdi…

6

…Yillar karvoni iz solib o‘taverdi. Kunlardan bir kun Qahhor qismatiga baxshilikning noni yozilganini dildan his qildi.

Qahhor baxshi xotiralaridan

Otam haqida gapirmay qo‘yaqolay, onamning allasini bir eshitsangiz edi. Bu ovozda onalarga mos mehr-muhabbat, ayollarga xos mung, dillarni o‘rtaguvchi ohang bor edi. Onam alla aytganlarida qo‘ni-qo‘shnilar ham, shu yaqindan o‘tib borayotganlar ham eshikdan sezdirmay qarab turishar ekan. O‘zimizning qishloq-ku mayli, hatto qo‘shni qishloqlardan ham onalar yig‘loqi bolalarini olib kelib, enamga alla ayttirishardi. Maktab borib, savodim chiqqanidan so‘ng men “o‘g‘ri”ga aylandim. Yo‘q, bu birovlarning mol-holini o‘marish ma’nosidagi o‘g‘irlik emas edi, otam ishga ketishlari bilan astagina, hatto onamga ham sezdirmasdan u kishining xonalariga kirib olar, tun bo‘yi qilgan ijodlarini o‘qir, davomini yozishlarini sabrsizlik bilan kutardim. Ayni o‘sha kezlarda men o‘qiganlarim ta’sirida do‘mbira chertib, xirgoyi etishni odatga aylantirdim. Gapning sirasi, qulog‘im otam chertgan do‘mbira ohanglari bilan ochildi, g‘azalxonligim onamning allasidagi nolalarni eshitib shakllandi, baxshiligim “Alpomish”ni tinglab, yuz ko‘rsatdi. Ayy, birodar, ishonsangiz, “Alpomish” katta maktab ekan, mukammal maktab ekan. Baxshi bo‘laman, degani uni tinglab, misralarini yod olib, ohanglariga jo‘r bo‘lib, shu yo‘lga tetapoya qilar ekan. Men ham “Alpomish” bilan davralarga kirib keldim. Otamning yetovida, u kishi aytgan dostonlarni, u kishi ijod qilgan termalarni kuylab, asta-sekin el dilidan joy topib bordim:

Qiziq ekan bu dunyoning ishlari,

Kuzda ketib, bahor qaytar qushlari.

Navbat kutmas ekan qari-yoshlari,

Qari yoshga, yosh qariga mehmondir…

…Baxshi-shoirlar bashoratgo‘y bo‘ladi deyishadi, ehtimol, bu gapda jon bordir, balki dovrug‘i olamga taralgan Qodir baxshi ushbu misralarni sadafdek tizganida o‘zining ham bu ko‘hna dunyoga mehmon ekanini, umr o‘tkinchiligini muxlislariga ayon etgandir. Ammo bu vido onlari shu qadar yaqin ekanini, Qodir baxshi ellik yoshga ham to‘lib-to‘lmay, bu ko‘hna dunyoni tark etishini na uning to‘ng‘ich zurriyoti – Qahhor va uning uka-singillari, na baxshining do‘st-birodarlari, na olis-yaqindagi ming-minglarcha shinavandalari bilishardi. Mashhur baxshi 1986-yil 29-avgust kuni avtohalokat tufayli yorug‘ dunyoni bevaqt tark etganida, ellik yoshni to‘ldirishiga bor-yo‘g‘i sakkiz oy, sakkiz oygina vaqt qolgandi…

(Davomi keyingi sonda)

 Abdunabi ABDIYEV

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine