An’analar, udumlar, sayil-tomoshalar, o‘yin-bellashuvlar xalqning ma’naviy va jismoniy quvvatini o‘zida jamlab, yagona o‘zanida birlashtiruvchi daryodir. Suyak surib, avloddan avlodga meros bo‘lib kelayotgan bu qadriyatlar muayyan davrlarda davradan chiqqandek – o‘rnini boshqa mashg‘ulotlarga bo‘shatib bergandek ko‘rinsa-da, imkoniyat tug‘ildi deguncha, avvalgidan ham yuksak sha’n-u shavkat bilan maydonga chiqadi. Kurash – o‘zbekning shunday abadiy boyliklaridan, asl qadriyatlaridan biri.
Kurashning qanchalik qadimiyligini isbotlayman deb, manbalar qidirish shart emas. O‘z qat’iy tartib qoidalariga ega bo‘lgan Farg‘onacha va Buxorocha deb nom olgan ikki turni ko‘z oldingizga keltiring, birgina buxorocha yo‘lning besh yuzga yaqin usuli mavjudligining o‘ziyoq o‘zbek zuvalasining kurash duosi o‘qib iylanganligiga dalildir.
Bu kun urf bo‘lgan sport turlarining ko‘pidan farqli o‘laroq kurash uchun o‘zbekka maxsus ustoz, mehnatdan, ro‘zg‘ordan uzilgan holda bajariladigan tinimsiz mashq shart emas. Irsiy xotira – qon orqali o‘tgan xotira har qanday o‘zbekni, har qanday sharoitda kurashchiga aylantiradi. U harifi bilan bel tutishsa bas, shu paytgacha bilishini o‘zi ham sezmagan kurash usullaridan biri ixtiyoriy kelib, davra hadisini olgan polvonlardek olisha ketadi.
Dunyoda “sportning ommaviy turi” degan gaplar bor. Bu har bir xalqda har xil tusda namoyon bo‘ladi. Aytadilarki, Braziliya degan mamlakatda bolalar futbol to‘pi bilan birga tug‘ilar emish. Yapon deganda karate, koreys deganda taekvondo yodga tushadi. O‘zbek uchun kurash aslida shunday – tug‘ma, milliy hodisa. Mashhur kurashchilar sulolasining vakili, irsiyatshunos olim, professor Jo‘raqul Tursunov bir suhbatda aytgan edi: “Hali tetapoya ham bo‘lib ulgurmagan ikki o‘zbek bolasini yuzma-yuz turg‘azib davraga qo‘yilsa, ular beixtiyor oyoq-qo‘llarini kurash usullariga mos harakatlarga chog‘laydi…”
“Qonda bor” deganlari shu bo‘lsa kerak. Bu yuz yil, ming yilning mahsuli emas. “Qonda bor xotira” ming-ming yillarda hosil bo‘ladi.
O‘zbekning kurashi joy tanlamaydi. Yosh ajratmaydi. Yiqilganni yer ko‘taradi deb, har kim o‘z harifini topib, davraga tushaveradi. Kurash sporti san’atga, or-u nomus, milliy g‘urur mezoniga aylangan.
Azal-azaldan bizning ajdodlarimiz Tangrining askarlari bo‘lganlar. Mahmud Koshg‘ariy bobomiz shunday yozganlar: “…Ibn ul G‘arqiy degan odam ash-Shayx Abu Bakril mufid ul Jarjaroyning oxirzamon haqidagi kitobida payg‘ambardan shu hadisni rivoyat qiladi: “Ulug‘ Tangri aytadi: “Ming bir toifa askarim bor, ularni turk deb atadim…” Ota-bobolarimiz ot minib, yoy tortib, bel olishib, yer yuzida qanchadan qancha saltanatlar qurgan. Ellarning boshini qo‘shib, tartib o‘rnatib, tuzuklarini yurgazib, insoniyat kamolining pillapoyalariga poydevor – imkon yaratish uchun o‘z quvvatlarini bag‘ishlaganlar. Bu ulug‘ ishlarni bajarishda, quvvatlarini ezgu murod-maqsadlar o‘zaniga qarab burishda kurash muhim ahamiyat kasb etgan edi.
Xalq alplarining timsoli – Go‘ro‘g‘li ham kurash tufayli Go‘ro‘g‘li sulton bo‘ldi. Go‘ro‘g‘libekka kurashni Hazrati Xizr o‘rgatgan edi.
“Bobosi aytdi:
– Mahkam ushla, qulog‘ingga ol, ehtiyot bo‘l, armonda qoldim, dema! Biz sen taraf, lekin bizdan boshqa bilan kurashganda, unday qilib ushla, bunday qilib ol, to‘g‘anoqni bunday sol! Orqasiga bunday qilib qayir! Buytib siltab ot! Goh ilgari, goh keyinga sur! – deb kurashdi…” “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi va bolaligi” an’anaviy dostonidagi bu tasvir shunchaki xabar emas, balki kurashning ilohiy asosiga ishoradir.
Kurash – o‘zbekka Tangrining tuhfasi. Shu sababli ham kurashda anglab yetib bo‘lmas sirli bir qudrat yashirin. Shu sababli ham ushoqday jussa davraga tushsa, devqomat bo‘ladi.
Shu sababli ham polvon davraga tushib, “Yo Xudo!” deb na’ra tortib, o‘zgacha bir quvvat olib, o‘zga bir olamga o‘tadi. Bu jo‘sh-xo‘rush, jazava holatidir. O‘zlikni namoyon qilish uchun vositadir. O‘zlikni namoyon qilish esa inson umrining maqsadidir. Dehqon, chorvador, bastakor, shoir. Boring, jamiki hunar egasi ushbu holat olamiga o‘ta olsa, chinakam san’at voqe bo‘ladi. Kurash ommaviy hodisa, sport turi sifatida tobora chuqur ildiz yoyar ekan, bu millatning, xalqning, insoniyatning o‘zini ifodalash, mujassam qilish omili sifatida namoyon bo‘ladi. Kurashga xos hayotiylik, abadiylikning doimo yangilanib turadigan falsafaning asosi shu yerda bo‘lsa kerak.
Shu sababli ham polvonning nomi davrada tutilmaydi. Irim qilinadi.
Shu sababli ham Tangri har bir polvonga bir ilohiy usul in’om etadi. Buni keksalar: “polvonning joni qisilib kelsa, qo‘llaydigan usuli bor” – deydilar. Har qanday pahlavonni shu bir usul bilan mag‘lub etsa bo‘ladi.
Shu sababli ham polvonlar o‘z usuli bilan ataladi: “Orqach polvon, Tikto‘g‘anoq polvon, Elkach polvon”, deb.
Kurashning uch turi
(1. Tomosha kurashi. 2. Musobaqa kurashi. 3. Jang kurashi) el orasida polvonlarni saralash bilan birga, xalqning or-nomusi, sharafi, taqdirining himoyachilarini tarbiyalovchi maktab vazifasini o‘taydi.
O‘zbekda yetti yoshdan yetmish yoshgacha kurashgan, bu xalqning sog‘lig‘i, quvvatining doimo uyg‘oq turishi demakdir. Bu muntazam mashq qilib turgan tayyor lashkar zaxirasi demakdir.
Endilikda bizni: “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, degan maqol sergak torttirmoqda. Biz uzoq vaqt eng katta boyliklarimizdan hisoblanmish – xalq sog‘lig‘ining garovi bo‘lmish kurashimizga bee’tibor bo‘ldik. Kurashning qadri, nufuzini o‘z o‘rniga qo‘ya bilmadik, davrning, asrning talablari darajasida ommaviyligini ta’minlamadik.
XX asrda dunyo shiddat bilan o‘zgardi. Vaqt. Masofalar qisqardi. Ellar, millatlar, tillar, davlatlar, madaniyatlar yaqinlashdi. Bir-birini tanish, bilish jarayoni tezlashdi. Ko‘p vositalar qatori, sport ham bu yo‘lda o‘z xizmatini o‘tadi. Bu kun dunyo miqyosida qanchadan qancha musobaqalar o‘tmoqda. Qanchadan qancha nufuzli sport tashkilotlari mavjud.
Ayni vaqtda dunyoda yetmishdan ortiq sport turi xalqaro maqom olgan. Ular ta’bir joiz bo‘lsa, “osmondan tushgani yo‘q”, albatta. Ommalashib, targ‘ib, tashviq qilinib, shu miqyoslarga ko‘tarilgan. Taassufki, ularning orasida ancha vaqtlar bizning kurashimizning o‘rni bo‘sh turdi… Endilikda e’tirof qilinib, dunyo tan oldi. Yana bir o‘ylaydigan joyi shundaki, kurashimizdan o‘sib chiqqan, undan umurtqa olgan “sambo”, “erkin kurash” hamma yerda ma’lum-mashhur-u, o‘zbek kurashi to‘ylarimiz davrasidan chetga chiqmay kelgani bir jihatdan kishiga alam qiladi.
Suhbatdoshim marhum kurashchi va olim Jo‘raqul Tursunov bundan ancha oldin kuyinib shunday degan edi:
“Men karate vatani deb atayotgan yaponiyalik mutaxassislar bilan ko‘p gaplashdim. Ular kurashida ikki nuqta: qo‘l va oyoq ishlatiladi. Bizda esa to‘rt nuqta: qo‘l, oyoq, bosh, ko‘krak barobariga harakatga keladi. Yaponlar bizning kurashimizni avvaldan qiziqib, o‘rganib keladilar, o‘zlarida joriy etmoqdalar. Faqat bu ishlar imi-jimida bo‘lmoqda. Biz o‘z boyligimizni ko‘z-ko‘z qila olmayapmiz. Haligacha xorijiy qiziquvchilarga moslab qo‘llanmalar yaratilmagan. Hozirgi davr talablariga mos ilmiy-nazariy kitoblar yo‘q. Ahvol shu holda ketsa, bu boyligimizning xomtalash qilinishiga yo‘l ochib bergan bo‘lamiz”. Jo‘raqul polvonning orzulari endilikda amalga oshmoqda. Nasib etsa, bundan-da ulug‘larini ko‘rarmiz…
Zero asl milliy qadriyatlar hamisha umuminsoniy mohiyatga ega bo‘ladi.
Shomirza TURDIMOV,
filologiya fanlari doktori,
professor