Harbiy xizmatchilarimizning o‘z kasbiy mahoratlarini muntazam oshirib borishlari uchun dala-o‘quv maydonlarida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Unda yurt o‘g‘lonlari real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlarning birida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotida ham otish nuqtalarini to‘g‘ri tanlash, har xil masofadagi shartli nishonlarni turli qurollar yordamida yakson etish, otish pozitsiyalarini belgilangan me’yorlar asosida o‘zgartirib borish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Bu kabi o‘quvlar harbiy xizmatchilar uchun nazariy bilimlarini amalda sinovdan o‘tkazib olish imkoniyatini beradi. Shu bois shaxsiy tarkibning jangovar mashg‘ulotlardagi taktik harakati, xato va kamchiliklari, alohida ajralib turadigan xususiyatlari mashg‘ulot rahbarlari tomonidan muntazam ravishda qayd etib boriladi. Navbatdagi nazariy va amaliy o‘quvlarda esa aynan mana shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bu kabi yondashuv albatta o‘z samarasini berib, bo‘linma shaxsiy tarkibining jangovar qobiliyati o‘sishiga zamin hozirlaydi.
– Bir qarashda bir-biriga o‘xshashdek ko‘ringan, takroriy elementlar uchraydigan bu o‘quv mashg‘ulotlarining har birida chuqur ma’no bor, – deydi mayor Orif Qurbonboyev. – Chunki avvalgi safar betalafot qolgan nishon bu safar yakson etiladi, yigitlarda mashg‘ulotdan mashg‘ulotga tajriba o‘sib boraveradi. “Ko‘z pishib” bo‘lganidan keyin esa real vaziyatlarda harakat olib borish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Qo‘shinlar salohiyatini oshirishga qaratilgan, harbiy xizmatchilarning malaka va ko‘nikmasini sayqallaydigan yana bir o‘quv mashg‘uloti shu tariqa muvaffaqiyatli yakunlandi.
Xulosa qilib aytganda, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qiladigan, murakkab jangovar topshiriqlarga oqilona yechim topa oladigan mard va jasur harbiy xizmatchilar har qanday holatda ham jangovar topshiriqni bajarib, ekstremal sharoitlarga tayyor ekanini o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida isbotladi.
Katta leytenant
Islomjon QO‘CHQOROV,
“Vatanparvar”