Juma, Avgust 9, 2024
HomeyangiliklarBIR MAQSAD SARI BIRLASHIB

BIR MAQSAD SARI BIRLASHIB

Qo‘shinlarning jangovar shayligi va qobiliyatini yanada oshirish, yurt sarhadlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda hududlarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash bo‘yicha kuch tuzilmalarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik, qo‘mita va idoralar bilan hamkorlikdagi “Boshqaruv organlari va bo‘linmalarning jangovar shayligini tekshirish, davlat chegarasida shartli dushmanning qurolli bosqinini daf etish” mavzusidagi qo‘mondonlik-shtab o‘quvi ham ayni shu maqsadda tashkil etildi.

O‘quv rejasiga ko‘ra, davlat chegarasida shartli dushmanni yo‘q qilishga qaratilgan real vaziyatga yaqinlashtirilgan harakatlar olib borilib, unga jalb etilgan barcha hamkorlikdagi bo‘linmalar jangovar shay holatga keltirildi.

Belgilangan vazifalarni birgalikda bajarish maqsadida kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi boshqaruv shtabi tuzilib, ular tomonidan davlat chegarasida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganildi va dushmanning maqsadi, harakatlari g‘oyasi aniqlangach, uni zararsizlantirish va yo‘q qilishga qaratilgan jangovar harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

Yuzaga kelgan tahdidni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan qarorga ko‘ra, kuch tuzilmalarining tegishli bo‘linmalari tomonidan sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar olib borildi. Mazkur jarayonda shartli dushmanning qurolli hujumini bartaraf etish maqsadida bo‘linmalar tomonidan taktik harakatlar bilan jangovar o‘q otish mashg‘ulotlari amalga oshirildi va shartli dushman yo‘q qilindi.

O‘quv yakunida erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar sarhisob qilinib, kelgusida o‘quv rejalarining yanada mukammal ishlab chiqilishida mutaxassislar tomonidan bildirilgan mazkur taklif va tavsiyalar inobatga olinishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

O‘tkazilayotgan bu kabi mashg‘ulotlar barcha kuch tuzilmalarini bir maqsad sari birlashtirib, davlatimiz xavfsizligi, yurtimiz tinchligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash borasida o‘rnatilgan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Mayor Farida BOBOJONOVA

DXX Chegara qo‘shinlari

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine