Juma, Avgust 9, 2024
HomemaqolalarTURKISTONDA MUSTAQIL PARLAMENT TUZISH HARAKATLARI

TURKISTONDA MUSTAQIL PARLAMENT TUZISH HARAKATLARI

Turkistonda mustaqil parlament tashkil etish haqidagi ilk g‘oyalar jadidlarning 1906–1910-yillarda nashr etgan gazetalarida paydo bo‘la boshladi. Shuning o‘zi, ya’ni mustaqillik sari qo‘yilgan birinchi qadam mustabid Rossiya imperiyasi sharoitida mubolag‘asiz jasorat edi. Podsho hukumati bunga aslo yo‘l qo‘ya olmasdi. Natijada ma’rifatparvarlik harakati faollari, ya’ni jadidlar ta’qib ostiga olindi. Shuning uchun birinchi rus inqilobidan keyingi siyosiy reaksiya yillarida Turkistonda parlamentchilik g‘oyasining rivojlanishi vaqtincha to‘xtadi.

TURKISTONDA parlamentchilik haqidagi g‘oyaning qaytadan jonlanishi Rossiyada
1917-yil Fevral inqilobi bilan bog‘liq. Monarxiya tizimi ag‘darilgandan keyin tuzilgan Muvaqqat hukumatning milliy xalqlarga siyosiy erkinliklarning berilishi hududlarda siyosiy jonlanishga sabab bo‘ldi. 1917-yil mart oyida Orenburgda birinchi Butunqozoq qurultoyi chaqirildi. Qurultoy dasturida qozoq yerlariga rus muhojirlarini ko‘chirishni to‘xtatish va o‘sha davrgacha ruslar uchun tarqatilgan yerlarni avvalgi egalariga qaytarish kabi masalalar bilan birgalikda qozoqlar uchun milliy boshqaruv tizimi – muxtoriyat tuzish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi. Shu yilning 20-martida Muvaqqat hukumat tomonidan “Diniy va milliy cheklovlarni bekor qilish” haqidagi qaror e’lon qilindi. Qurultoyda turkistonlik vakillarning qatnashuvi va Muvaqqat hukumatning bu qarori mahalliy ma’rifatparvarlar orasida muxtoriyat uchun kurash bosqichini boshlab berdi.

1917-YIL 7–15-APREL kunlari Toshkentda Turkiston ishchi va askarlari sho‘rosi syezdi chaqirildi. Syezd buyuk davlatchilik shovinizmi ruhida o‘tadi. Delegatlardan qo‘qonlik o‘qituvchi Nekora o‘lkada hokimiyat ruslarga tegishli bo‘lishi, Malliskiy Toshkentda shahar boshqaruvining yevropalik va mahalliy boshqaruv idoralariga bo‘linishi haqida taklif bildiradi. Yevropalik vakillarning shovinistik kayfiyati milliy-siyosiy markaz tashkil etish vazifasini tezlashtirdi. Natijada Butunturkiston musulmonlari qurultoyidan oldinroq Turkiston o‘lkasi Markaziy Musulmon Sho‘rosi tuziladi. Ushbu tashkilot keyinchalik xalq orasida Markaziy Sho‘ro nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Markaziy Sho‘roning sa’y-harakati bilan 1917-yil 16–25-aprel kunlari chaqirilgan Butunturkiston musulmonlari I qurultoyida quyidagi talablar ilgari surildi:

  1. Rossiyada federativ demokratik respublika asosida chekka hududlarga muxtoriyat berish.
  2. Umumiy, teng, to‘g‘ri va yashirin asosda barcha fuqarolarga jinsidan qat’i nazar, saylov huquqini berish.
  3. Butunrossiya Ta’sis Majlisi Rossiyada federativ boshqaruv usulini tanlasa, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish, boshqaruvning demokratik respublika usuli haqida qaror qabul qilinsa, Turkistonga muxtor viloyat maqomini berish.

Syezdda Turkistonda mustaqil parlament – Ta’sis Majlisini chaqirish uchun hali vaqt erta, degan qarorga kelindi. Shunday qilib, Turkistonga milliy-hududiy muxtoriyat berilishi masalasi dastlab o‘lka musulmonlarining I qurultoyida ilgari surilgan edi. Bu g‘oyaning vujudga kelishida taraqqiyparvar ziyolilar va “Sho‘royi Islom” tashkiloti ta’siri katta bo‘lgan. Tatar va boshqirdlar Turkistonga muxtoriyat berilishi masalasida mahalliy ziyolilar bilan siyosiy kurashlarning oldingi saflarida turdi va birinchilardan ushbu g‘oya tashabbuskorlaridan bo‘ldi.

Turkistonliklar demokratik tamoyillar asosida tashkil etiladigan Ta’sis Majlisi Rossiyada boshqarish shaklini o‘rnatishi va o‘lkaga muxtoriyat huquqini beradigan konstitutsiyaning ishlab chiqilishiga umid qilgandi. Shuning uchun Rossiya qonunchiligini yaxshi bilgan, rus tilida erkin gapira oladigan va turkistonliklar talablarini amalga oshirishga qodir nomzodlarni tanlash maqsadga muvofiq edi. Shu bilan birga, saylovchilar masalasi ham ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan.

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY bu haqda muzokaraga chiqib, saylovchilarning yoshi 18 etib belgilanishini, nomzodlarning, asosan ulamolar orasidan olinishini, ularning rus tilini bilishi majburiy bo‘lmasligini va biror partiyaga mansubligi shart emasligi, o‘lkadan saylangan vakillar musulmonlar fraksiyasiga birlashishlari muhimligi haqidagi talablarini o‘rtaga tashladi. Kabir Bakir bunga e’tiroz bildirib, nomzodning rus tilini bilishi zarurligi, II Davlat dumasidagi musulmon fraksiyasining faoliyati bunga yaqqol misol ekanini ta’kidlagan. Qurultoyda tatar vakillarining ishtirok etishi mahalliy vakillarning siyosiy masaladagi ba’zi fikrlari o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.

Turkiston o‘lkasi uchun muxtoriyat maqomini olish borasida olib borilgan kurash ikki bosqichni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda aholi o‘rtasida muxtoriyat g‘oyasi keng targ‘ib qilingan va shu yo‘l bilan mahalliy xalqning siyosiy ongi oshirilgan. Ikkinchi bosqichda esa muxtoriyat huquqini olish uchun faol harakatlar olib borilgan.

BIRINCHI DAVR 1917-yilning bahor va yoz mavsumini o‘z ichiga olib, bu davrda ma’rifatparvarlar tomonidan matbuot sahifalari orqali zamonaviy demokratik davlat boshqaruvi, unda parlamentning o‘rni va roli, muxtoriyat haqidagi fikrlar xalq orasida targ‘ib qilingan. Masalan, “Turon” gazetasida Ta’sis Majlisiga tayyorgarlik munosabati bilan e’lon qilingan maqolada bu boradagi dastlabki qarashlar bayon qilingan. Unga ko‘ra, kelajakda mamlakatda demokratik respublika tuzumi joriy etiladi. Parlament bir palatadan iborat bo‘ladi, chunki Yevropa davlatlaridagidek ikki palatali parlament tashkil etilishi ba’zan qonun loyihalarini muhokama qilish va qabul qilish jarayonida kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Hukumat deputatlar tomonidan tuzilib, parlament oldida mas’uldir. Doimiy qo‘shin tuzish shart emas, uning o‘rniga militsiya bo‘linmalari tashkil etilishi kifoyadir. Saylov umumiy, teng, yashirin va to‘g‘ridan to‘g‘ri tamoyillar asosida o‘tkazilishi shart. 20 yoshga yetgan fuqarolar saylash va saylanish huquqiga ega. Xalqqa vijdon, so‘z, majlislar o‘tkazish va shaxsiy erkinliklar beriladi. Bularsiz demokratik respublika tuzish mumkin emas.

Jadidlar ikki palatali parlamentni yoqlamagani sababi ko‘p hollarda yuqori palata saylov yo‘li bilan emas, balki tayinlanish yo‘li bilan shakllantirilishi edi. Bu holatda tenglik tamoyili buzilar edi. Doimiy qo‘shin tuzmaslik haqidagi fikrga kelinsa, shuni ta’kidlash lozimki, dastlab Turkiston milliy ma’rifatparvarlar o‘lkani Rossiya imperiyasining keng tarkibiy qismi deb tasavvur qilgan, shuning uchun ular Turkistonda milliy qo‘shin o‘rniga militsiya bo‘linmalari bo‘lishi yetarli, deb hisoblagan.

PARLAMENTCHILIK haqidagi qarashlar boshqa gazeta sahifalarida ham berib borilgan. “Ulug‘ Turkiston” gazetasida tatar ma’rifatparvarlari
N. Sayfulmalik va A. Tohir tomonidan e’lon qilingan maqola bunga yaqqol misoldir. Ushbu maqolada davlat boshqaruvining respublika shaklida parlamentning o‘rni haqida fikr yuritilgan. Ularning fikriga ko‘ra, mamlakatni idora etish xalqning qo‘lida bo‘lishi, “jumhuriyat” deb atalgan respublikani hukmdor o‘rnida xalq tomonidan saylangan “prezident” boshqarishi va ma’lum bir muddatga (ikki yoki yetti yilga) saylanishi, aybdor bo‘lsa, qonun oldida javob berishi, qonun qabul qilishda uning ta’siri bo‘lmasligi haqida ma’lumotlar berilgan.

Qonun loyihasini yaratish xalq va deputatlar vakolati hisoblanadi. Davlat rahbari qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritishi mumkin, lekin uni qabul qilish yoki qilmaslik parlament vakolatidir. Prezidentning parlament oldidagi vakolati deputatlar tomonidan qabul qilingan qonunlarni e’lon qilishdir. Qonun qabul qilish bilan parlamentning vazifasi tamom bo‘lmay, qabul qilingan qonunlarning ijrosini nazorat qilish ham uning zimmasida, bu ishni vazirlar va davlat amaldorlari orqali nazorat qiladi. Qonunga xilof ish qilgan har qanday amaldor parlament oldida javob berishi kerak. Insonlar uchun vijdon erkinligi, so‘z, matbuot, yig‘ilishlar o‘tkazish, jamiyatlar tuzish erkinligi, boshlang‘ich ta’limning umumiy, majburiy va bepul bo‘lishi ta’minlanadi. Qisqasi, demokratik tizimda qonun oldida barcha teng bo‘lishi kerak, deb ta’kidlanadi.

Maqolada berilgan fikrlarga ko‘ra, boshqaruvning demokratik usulida mamlakatdagi barcha hukumat organlari faoliyati parlament nazoratida bo‘lib, mamlakat hayotiga doir hech bir ish parlamentning roziligisiz amalga oshirilmaydi. Mana shu omil maqola mualliflari tomonidan ma’qullanib, Butunrossiya Ta’sis Majlisida boshqaruvning respublika usuli tanlanishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.

Maqolada berilgan ma’lumotlar bugungi kun uchun oddiy bo‘lib tuyulsa-da, o‘sha davr uchun juda muhim bo‘lgan, chunki u davrda Turkiston o‘lkasi aholisining siyosiy savodxonligi talab darajasida bo‘lmagan. Shuning uchun davriy matbuot sahifalarida parlament tushunchasining mazmunini keng xalq ommasiga tushuntirib borish g‘oyat muhim bo‘lgan.

MOSKVADA 1917-yil 1–11-may kunlari bo‘lib o‘tgan I Butunrossiya musulmonlari syezdidan so‘ng musulmonlar orasida muxtoriyat haqidagi masala faol ko‘tarila boshlandi, chunki syezd musulmon xalqlari uchun milliy-hududiy muxtoriyat berilishini talab qilgan edi. Syezd musulmon aholisining hayoti bilan bog‘liq keng doiradagi masalalarni muhokama qildi. Tashkiliy jihatdan mintaqaviy partiya va harakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Butunrossiya musulmonlari Sho‘rosi (Markaziy Sho‘ro) saylandi. Mazkur Sho‘roning ijroiya qo‘mitasiga Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘ro hay’ati a’zolari U. Xo‘jayev va I. Shoahmedov kirdi. Mana shu voqelikdan keyin milliy siyosatchilar orasida mustaqil parlament tuzish, o‘lkada yashovchi mahalliy aholi manfaatlarini hisobga oluvchi qonunlar ishlab chiqish g‘oyasi ko‘tarila boshlandi. Bunga imperiya hududida yashovchi millatlarning muxtoriyat uchun kurashi va ularning erishgan muvaffaqiyatlari sabab bo‘lgan. Masalan, litvaliklar, finlar, ukrainlar muxtoriyat olgani, o‘z parlamenti va hukumatini tashkil etgani, belarus va gruzinlarning muxtoriyat olish uchun kurash boshlagani, qrim tatarlar milliy harbiy qismlar tuzib, milliy muxtoriyat olish uchun harakat boshlagani haqida xabar berilib, Turkistonda ham Butunrossiya Ta’sis Majlisi qarorlarini kutib turmay, milliy-madaniy muxtoriyat tuzish kerakligi ta’kidlangan.

BUNING UCHUN, avvalo, Turkiston shaharlarida mahalliy boshqaruvni, xalq maorifi sohasini, yer va suv ishlari hamda milliy moliyani tashkil etish kerak edi. Xalq orasida targ‘ibot olib borish yetarli bo‘lmay, aholini birlashtiradigan siyosiy va ijtimoiy tashkilotlar tuzilishi zarur edi. Bu borada ilk qadam – jadidlar tomonidan 1917-yil mart oyida tashkil etilgan ilk siyosiy tashkilot “Sho‘royi Islom” jamiyati edi. “Sho‘royi Islom” jamiyati dastlabki kunlardanoq xalqni o‘z ortidan ergashtira oladigan, nufuzli siyosiy organ ekanini namoyon etdi. Tez orada o‘lkaning turli shaharlarida uning shu’balari tuzila boshlandi.

Jumladan, Samarqandda “Marvaj ul-islom”, Andijonda “Ozod xalq”, “Miftah ul-maorif”, “Sana ul-islom”, Qo‘qonda “Musulmon mehnatkashlari ittifoqi”, Kattaqo‘rg‘onda “Ravnaq ul-islom”, Xo‘jandda “Muayyan at-tolibin” kabi shu’balar tuzildi. Shuningdek, aprel oyida “Ittifoq”, 15-may kuni esa “Ehtiyot” ittifoqi tuzilib, u o‘z oldiga Butunturkiston musulmonlarini birlashtirish va ularga demokratiya iborasini mukammal tushuntirib, madaniy va milliy ishlarda yordam berish, aholini Ta’sis Majlisiga tayyorlash va xalqni turli zo‘ravonliklardan muhofaza qilish maqsadlarini qo‘ygan edi. Sanab o‘tilgan tashkilotlarning hammasi ham siyosiy tashkilot hisoblanmasa-da, ular o‘lka aholisi siyosiy faoliyatining jonlanishiga bir qadar ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Turkistonda ko‘tarilgan muxtoriyat masalasi milliy-ozodlik harakatining barcha harakatlantiruvchi kuchlarining manfaatlarini tutashtirgan asosiy nuqta bo‘ldi. 1917-yilning yozi Turkistonda, bir tomondan, siyosiy kuchlarning jipslashish davri bo‘ldi. Ikkinchi tomondan, milliy harakatda tabiiy bo‘linish jarayoni davom etdi. Bo‘linishning sababi konservativ kuchlarning diniy islohotlar, xotin-qizlar emansipatsiyasi, urushga munosabat, Rossiya va Turkistonda bo‘lajak davlat qurilishi, Muvaqqat hukumat tomonidan yuritilgan milliy siyosatga munosabat kabi masalalarda o‘zgacha pozitsiyada turishi edi.

1917-YIL YOZI Butunrossiya Ta’sis Majlisiga saylovlar arafasida turkistonlik taraqqiyparvarlar o‘zlarining siyosiy partiyalarini tuzish zaruriyatini anglab yetdi. Taraqqiyparvarlar “Turon” ma’rifiy jamiyatini demokratik tamoyillarga asoslangan partiyaga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Turkistonlik va ozarbayjonlik islohotchilarning birgalikdagi harakati natijasida Skobelevda (Farg‘ona) 1917-yil 12–14-iyulda bo‘lib o‘tgan musulmon tashkilotlari qurultoyida “Turk Adami markaziyati firqasi” tuzildi. Ayni paytda partiyaning maromnomasi (dasturi) ham tuzilgan. Maromnoma 10 bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limning 7-moddasi parlamentchilik masalasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, har bir muxtoriyatga erishgan o‘lkada qonun chiqaruvchi organ – Millat Majlisi va qonunlarni ijro etadigan hukumat tashkil etiladi.

“Turk Adami markaziyati firqasi” partiyasining tuzilishi Turkistonda Markaziy musulmon firqasining yuzaga kelishida katta turtki bo‘ldi. 1917-yilning avgust – sentabr oylari Turkiston musulmonlarining yagona partiyaga jipslashish davri bo‘ldi. Aynan shu davrda Farg‘ona vodiysining Skobelev, Andijon, Marg‘ilon, Namangan kabi yirik shaharlarida partiyaning shu’balari tuzildi.

1917-yil yozida Turkiston o‘lkasida turli tashkilotlar faoliyat olib bormoqda edi. Masalan, Toshkent shahrining o‘zida bu vaqtda 20 dan ortiq tashkilot mavjud edi. Lekin bu tashkilotlarning barchasi ham yetuk siyosiy tashkilotlar emasdi. Siyosiy o‘zgarishlar natijasida tuzilgan bu tashkilotlar faoliyatini ma’lum bir tizimga solishga harakatlar bo‘lishi tabiiy edi. Bu safar ham tatar va boshqird taraqqiyparvarlari yetakchilik qildi. Masalan, Ahmad Zaki Validiy o‘lkada siyosiy tashkilot tuzish masalasida ko‘rsatma shaklida bo‘lgan “Turkistonda tashkilot” nomli maqolasini e’lon qiladi. Ushbu maqolada siyosiy tashkilotlarning turlari, ularni tuzish usullari, xullas, siyosiy tashkilot tuzish uchun qanday ishlar amalga oshirish zarurligi (dastur yoki nizomnoma tuzilishi, markaziy boshqaruv tizimi bo‘lishi, tashkilot faoliyat ko‘rsata olishi uchun moliyaviy manbaga ega bo‘lishi va boshqalar) haqida yo‘l-yo‘riqlar berilgan.

KEYINCHALIK, 1917-yil kuzida Turkistonning muxtoriyat olish masalasi yana qat’iy tarzda kun tartibiga qo‘yildi. I. Shoahmedov “Turk Adami markaziyati firqasi” dasturi asosida Turkiston Dumasi haqida qonun loyihasini tayyorladi. Afsuski, ushbu loyihaning qisqagina varianti saqlanib qolgan xolos. Loyihaning mavjud variantida Turkistonda mustaqil parlament tashkil etish g‘oyasi ochiq ko‘rinib turadi. Ushbu loyihaning 1-moddasida Turkiston o‘lkasi uchun mahalliy (hududiy) va milliy muxtoriyat olish talab qilingan edi. Rossiya Ta’sis Majlisiga saylangan turkistonlik deputatlar ushbu masalani Majlisdan talab qilishlari lozim edi.

2-moddada Turkiston o‘lkasiga oid barcha masalalar o‘lka vakillaridan tarkib topgan Majlisi Ma’buson – Ta’sis Majlisi tarafidan qabul qilingan qonunlar asosida hal etilishi lozim edi. Loyihada Turkiston Majlisi Ma’busoni vakolatiga kirmaydigan masalalar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan: o‘lkada yashovchi ruslar uchun jinoiy va fuqarolik ishlari, pochta, telegraf, maorif va madaniyat muassasalari, Rossiya mamlakati bilan chet davlatlar o‘rtasida bo‘ladigan siyosiy munosabatlar va harbiy ishlar.

4-modda Turkiston Ta’sis Majlisiga saylov masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ta’kidlanishicha, Majlisi Ma’busonga saylov Rossiya Ta’sis Majlisiga saylov bo‘lib o‘tgandan bir oy keyin amalga oshiriladi. Majlisga saylov haqidagi qonun Rossiya Ta’sis Majlisiga saylov qonuniga hamohang bo‘lishi kerak edi. Ushbu moddaning ilovasida Turkistonda Ta’sis Majlisiga saylov qonunlarini tartib etish uchun har bir okrugdan bittadan a’zo saylanib, tarkibida ushbu a’zolar bo‘lgan komissiya tuzilishi kerak edi. Ushbu komissiya ishi Toshkent sud palatasi tomonidan boshqarilishi belgilangan.

5-moddada Turkistonning boshqaruv va ichki ishlariga oid barcha masalalar Turkiston Majlisi Ma’busoni vakolatiga kirishi ta’kidlangan. 6-moddada Turkiston Ta’sis Majlisi a’zolari soni Rossiya Ta’sis Majlisiga saylanadigan turkistonlik a’zolar sonidan uch baravar ko‘p bo‘lishi kerak edi.

7-moddada Turkiston Majlisi Ma’busonida 10 nafar o‘lkada yashovchi yevropalik vakillarning bo‘lishi belgilangan.

Loyihada fuqaro erkinligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, Turkistonda yashovchi har bir fuqaro millati, jinsi va boshqa jihatlardan qat’i nazar, qonun oldida tengligi ta’kidlangan (8-modda). Bundan tashqari, Turkistonning ichki va tashqi ishlarda tamoman mustaqil bo‘lish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgandi (21-modda).

Loyiha matnidan ko‘rinib turibdiki, 1917-yilning kuzidayoq Turkistonda mustaqil parlament tuzishni nazarda tutgan qonun loyihasi tayyorlangan. Hatto loyihada Turkiston Majlisi Ma’busoniga saylanadigan a’zolar soni ham aniq ko‘rsatib qo‘yilgani diqqatga sazovor. Turkiston musulmonlari
II qurultoyi yakunida I. Shoahmedov loyihasi va “Turk Adami markaziyati firqasi” maromnomasi ko‘paytirilib, har bir viloyatga tarqatilishi, hududlarda ikki loyiha muhokama qilinganidan so‘ng qurultoyga taqdim etilishi belgilandi. Uzoq muhokamalardan keyin 1918-yil yanvarida Turkiston Muxtoriyati Xalq Sho‘rosi qabul qilgan qarorga ko‘ra, Turkiston Ta’sis Majlisi a’zolari soni 234 nafardan iborat bo‘lishi haqida qaror qabul qilingan.

1917-YIL SENTABR OYI Turkiston milliy ma’rifatparvarlari o‘rtasida siyosiy kurashning kuchaygan davri bo‘ldi. Turkiston musulmonlari II qurultoyini rasman tan olmagan “Ulamo” va “Xaloyiq” jamiyati 17–20-sentabr kunlari Toshkentda 500 nafar vakil ishtirok etgan qurultoylarini chaqiradi. Qurultoyda o‘lkaning turli hududlari bilan birgalikda Ural va To‘rg‘ay viloyatlaridan ham vakillar qatnashgan. Ushbu syezdda Turkistonning yer-suv masalasi Turkiston Ta’sis Majlisi ixtiyoriga berilishi haqida qaror qabul qilindi.

Syezdda o‘lkaning kelajakdagi siyosiy tizimi haqida 14 moddadan iborat qaror qabul qilinadi. Ushbu qarorning parlamentchilik masalasiga oid mazmuni quyidagilardan iborat edi: Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Kaspiyorti viloyatlari Rossiya tarkibida hududiy muxtoriyat olib, dastlabki davrda o‘lkada yashovchi barcha xalqlar milliy-hududiy jihatdan mustaqil hisoblanib, siyosiy birlashmaning nomi “Turkiston Federativ Respublikasi” deb ataladi (1-modda).

Turkiston Federatsiyasidagi qonunchilik va o‘z-o‘zini boshqaruv masalasi Turkiston parlamentiga oiddir. Parlament o‘lkada yashovchi barcha xalqlar tomonidan umumiy, to‘g‘ridan to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5-yil muddatga saylanadi (2-modda). Turkiston parlamenti qonunchilik funksiyasi Rossiya Respublikasi asosiy qonunlari va shariatga mos bo‘lishi kerak (3-modda). Turkiston parlamenti umumdavlat masalalar muhokamasiga ruxsat uchun Rossiya Respublikasi Oliy hukumati tarkibiga o‘z vakillarini jo‘natadi (4-modda). Turkiston federativ parlamenti sessiyaviy shaklda faoliyat ko‘rsatadi. Sessiyaning chaqirilish va tarqatilish vaqti bevosita parlament tarafidan amalga oshiriladi. Parlament prezidiumi esa tanaffussiz faoliyat ko‘rsatib, bu davrda uning vakolatlari saqlanib qoladi (5-modda).

Turkiston Federatsiyasi xalq xo‘jaligining butun tarmoqlari parlament tomonidan saylangan va respublika hukumati tomonidan tasdiqlangan maxsus kotibiyat tomonidan boshqariladi (6-modda). Kotibiyat Turkiston federativ parlamenti oldida mas’uldir (7-modda). Turkiston Federatsiyasining “Mahkamayi Sha’riya” (Qonunchilik palatasi) deb ataladigan Senati Toshkent shahrida joylashadi. Senat qonunlar ishlab chiqadi va unga izohlar beradi, qonunlarni shariat asosida mamlakatdagi barcha tashkilotlarda to‘g‘ri shaklda amal qilishini nazorat qiladi (8-modda). Senat raisi “shayxulislom” (general-prokuror) deb ataladi va Turkiston Federatsiyasi qonunlari qo‘riqlovchisi hisoblanadi (9-modda). Senat a’zolari (senatorlar) xalq tarafidan umumiy, to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi (10-modda).

SYEZDDA, shuningdek yer qo‘mitalari tuzishni to‘xtatish va yerni ijtimoiylashtirishga chaqirildi. Bularning hech biri jadidlar qurultoyidagi muxtoriyat shaklidan keskin farq qilmasdi. Hal qiluvchi farq ulamoning bo‘lajak parlamentning ikki palatali bo‘lishi hamda din va ayollar masalalariga munosabatida edi. Qurultoyda barcha musulmon tashkilotlarini birlashtiruvchi “Ittifoqi muslimin” nomli partiya tuzildi. Partiyaning tamoyillari shariatga mos bo‘lib, “Sho‘royi islomiya” kabi barcha mavjud tashkilotlar o‘rnini egallashi taklif qilindi. Bu Turkistondagi jadid – ma’rifatparvarlar tomonidan tashkil etilishi mo‘ljallangan bo‘lajak tashkiliy infratuzilmani yo‘q qilishga chaqiruvdan, ulamolarning tajovuzkorona da’vosidan boshqa narsa emasdi.

1917-yil oktabr oyigacha Turkistonda asosan bir palatali parlament tashkil etish masalasi kun tartibida bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyi oxirida ulamochilar tashabbusi bilan chaqirilgan qurultoyda ikki palatali parlament masalasi ilk bor ilgari surildi. Shu yilning 8–11-oktabr kunlari Toshkentda asosan o‘z tarafdorlari vakillaridan iborat Sirdaryo viloyati musulmonlari qurultoyini o‘tkazdi. Qurultoyda parlamentchilik haqida sentabr oyida qabul qilingan qaror yana bir bor mustahkamlandi. Bu “Sho‘royi Ulamo” vakillari mintaqaning ijtimoiy-siyosiy hayotida shariat qonunlari ustun bo‘lishi talabida qat’iy turganini bildiradi.

Partiyaning siyosiy boshqaruv ishlarida ham shariatga asoslangani ma’rifatparvarlarning o‘z-o‘zidan hokimiyat tuzilmalaridan uzoqlashishiga va qarama-qarshi pozitsiyada turishiga sabab bo‘lgan. Natijada 1917-yil may oyida boshlangan g‘oyaviy qarama-qarshilik rasman bo‘linishga olib keldi. Bu keyinchalik Turkiston Muxtoriyati faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

 

Ravshan AKBAROV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Farg‘ona davlat universiteti

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine