Juma, Avgust 9, 2024
Homemaqolalar“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (ESSE)

“KEL-EY, SOZIM, SO‘ZLASHAYLIK” (ESSE)

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

 

7

Qahhor baxshi hayotida qayg‘uli iz qoldirgan o‘sha mash’um kunlarni shunday eslaydi:

– Otam bilan elning to‘y-hashamlari, xalq sayillariga qatnasha boshlaganimga endigina ikki-uch yil bo‘lgandi. Bilmadim, el ko‘rib, ko‘zi qotsin, davra ko‘rib chiniqsin, deyarmidi, meni hech yonlaridan qo‘ymasdi. Bir kuni u kishi onamga:

– Qahhor ikkimiz bugun Sherobod tomonlarga yurish qilamiz, bir yaxshi inson to‘yiga taklif qilgan, shuni o‘tkazib, zudlik bilan izga qaytamiz, ertaga Nishon cho‘lidagi eldoshlarimizdan birining ma’rakasida xizmat qilishim kerak, – dedi.

Ota-o‘g‘il qayerdasan Boychiborning izi qolgan Surxon eli, deya yo‘lga tushdik. Bizni otamning suyukli shogirdlaridan Boboraim baxshi kutib oldi. To‘yam to‘yjon bo‘ldi, besh-o‘n kundirki qishloqda “To‘yga Qodir baxshi kelyapti”, degan xabar yurganidan so‘ng taklif qilingan ham, qilinmagan ham davrani to‘ldirgan. Onda-sonda otam bir piyola choy ichib olgunlaricha, Boboraim baxshi ikkovimizga navbat yetar, shunda ham xaloyiq:

– Qodir baxshi aytsin!

– Biz Qodir baxshini deb kelganmiz, – deb guvullar, otam qayta-qayta davraga chiqishga majbur bo‘lardi.

Otam ohang bilan, ovoz bilan elni boylagan, kimsan Qodir baxshi bo‘lib tanilgan damlar emasmi, bilmadim, bu vido ohanglari ekanini u kishi ichki bir sezim bilan his qilganmidilar, bu yog‘i menga qorong‘u, do‘mbira chertib, dostondan termaga, termadan dostonga o‘tar, ora-sira talablarga muvofiq badihago‘ylikka ham o‘rin berar, sira charchashni bilmas, go‘yo do‘mbira oh chekar, sohir ovoz nola qilar, bu dunyoyi dunda shu ikkilikdan boshqa narsa yo‘qdek edi. To‘y tugamasidan bir necha kishi shu yerning o‘zida otamga:

– Baxshi bobo, bizga ham bir kuningizni ajrating, to‘yimiz bor, – deb taklif bildirdi.

Ayniqsa, birisi o‘jarlik bilan oyoq tirab oldi:

– Siz uchun to‘y kunini ertaga ko‘chiraman, iltimos yo‘q demang?!

Otam lafzining ustidan chiqadigan odam edi, lafzsizlikni benomuslik deb bilardi:

– Kechirasizlar, og‘ajonlar, men cho‘ldagi bir xonadonga va’da berib qo‘ygandim, lafzimni chayqay olmayman, hurmatlaringiz uchun rahmat, agar rozi bo‘lsangizlar to‘yni o‘g‘lim bilan shogirdim o‘tkazib beradi, – dedi.

Shunday qilib, otam yurtga qaytdi, men izlaridan mung‘ayib qoldim. Yuragimni “Katta davrani o‘tkazishga kuchim yetarmikin, bu oqshom Qodir baxshining ohanglari maftuniga aylangan el, ertaga bizni qabul qilarmikin”, degan hadik-xavotirlar qoplab olgandi.

Har holda, to‘y yomon o‘tmadi, Boboraim aka qo‘yib men, men qo‘yib, Boboraim aka otamning yo‘qligini bildirmaslikka urindik. Chiqishimiz xalqning diliga jo bo‘ldi shekilli, ertasigayam xonadonlardan birida to‘y o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yana davradamiz, kuy-qo‘shiq, doston-terma izma-iz davom etyapti. To‘y ayni avjiga chiqqan palla davraning bir chekkasida biroz sarosimalik bo‘ldi, ahamiyat berib o‘tirmadim, menga birov bir narsa demadi. Ertasi kuni tongda Boboraim aka:

– Qahhor, ustozning Rahim ismli shogirdi avtohalokatga uchrabdi, bormasak bo‘lmaydi, – dedi.

Qancha urinmayin otamning Rahim otliq shogirdini eslay olmadim, shunday bo‘lsa-da, Boboraim akaning mashinasida azonlab yo‘lga chiqdik. Yuragim taka-puka, Boboraim aka mashina ro‘lini qishlog‘imiz tomon burganini ham anglamay qolibman. Kelsak, uyimiz oldi tumonat olomon, yig‘i-sig‘i avjiga olgan, dilim zirqirablar ketdi. Onamning:

– Shunqorimdan ayrildim, sog‘ ketib, omon qaytmagan begimdan ayriliblar qoldim, – degan ovozi, nolalarini eshitib, nafasim bo‘g‘zimga tiqildi.

Keyin bilsam, ustozim ham padarim, otaginam, ko‘z qiymas do‘stining mashinasida halokatga uchragan, o‘sha biz to‘yda xizmat qilayotgan oqshom u kishining jiyani Abdug‘affor meni izlab to‘yxonaga borgan, to‘yxonadagilar esa:

– Qahhor baxshi bu yerda yo‘q, – deb eshikdan qaytarishgan, Boboraim baxshiga:

– To‘yni, Qahhorning qo‘shiqlarini ko‘zimiz qiymadi, – deb bahona qilishgan ekan.

Haligacha shu dahshatli ayriliqqa bag‘ishlagan termamni ko‘zda yoshlar bilan aytib yuribman:

Cho‘lda karvon kelyapti, oldida nor ko‘rinmas,

Osmonda bulutlar ko‘p, tog‘larda qor qo‘rinmas,

Davom etar yig‘inlar, atrofga zor qarayman,

Kelbatli, salobatli, ustoz otam ko‘rinmas…

8

Oila boshiga tushgan o‘sha musibatli kunlar ustoz adib Shukur Xolmirzayevning shoir Azim Suyun haqidagi “Ko‘rgan boshqa, bilgan boshqa ekan” essesida shunday tasvirlanadi:

“…bundan bir necha yillar burun Qashqadaryoning Dehqonobodidan eng mashhur, eng savodli hamda eng odamiy baxshi, ziyoli Qodir aka Rahimov Toshkentga nima uchundir kelgan edi. Biz – uning bir necha muxlislari telestudiyadan chiqishini kutdik. Aniq esimda: mana shu do‘lvar shoir bilan Eshqobil Shukur ham bor edi. Chog‘imda Usmon Azimning uyiga ketdik. Keyin tong otguncha doston, terma, o‘lan eshitdik u og‘amizdan… Dumalab-dumalab eshitdik. Yig‘lab-kulib eshitdik. Ichdik ham keyin. Dodladik ham… Shu qadar sog‘ingan ekanmiz do‘mbira sasini ham.

– Ishondim-ishondim, Azimjon, – dedim. – He, Qodir aka bilan o‘tirishimiz.

– O, falak! – deb yubordi u. – Shunday odam ham o‘tdi, a?! Shukur aka, uning oldiga tushadigan baxshi yo‘q edi!

– Rost aytasiz, – dedim munglanib. Xayolimda esa har gal Dehqonoboddan Surxondaryo tomon o‘tib ketayotganimda, Qodir akaning darvozasi qoshida mashinamni bir to‘xtatishim, baxshining lo‘mbillab uyidan chiqishi, quchoqlashib ko‘rishganlarimiz… Shunda Azimjonga bergan savolimning javobini saldan keyin olajagimga inonganim uchun bo‘g‘zimga tiqilib kelgan bir tugunni yutib, hasrat qila ketganimni sezmay qoldim: – Azimjon, u kishining o‘limini…

– Ha-ha, – dedi u qoshlari sapchib ketib. – Tovdan uchib ketgan deyishdi.

– Shunday, – dedim. – “Niva”si bilan uchib ketgan?.. To‘ydan qaytayotganda…

– Aa, ichgan ekanmi?

– O‘sha kezlar biz ham “ichgan”, deb o‘ylovdik… Keyin bilsak, uni bir yuk mashinasi turtib yuborgan ekan. Keyin Qodir akaning og‘ziga aroq quyib ketvorgan.

– Voy, voooy, – deb chayqala ketdi Azim va ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘ldi. – Otib tashlasang-da, o‘shanday nomardlarni! Qoq peshonasidan otsang! Aka, men ovchiman. Yaxshi otaman!.. Ha, kechirasiz, keyin bu sir ochilmadimi?

– Yo‘q. Menimcha, ochilmadi, – dedim va yana yuragim ezilib ketdi. Uning qirqi kuni uyiga borib qolganim, bevasi bilan uchrashganim, tusi o‘ziga o‘xshaydigan lo‘mbozdek o‘g‘ilchasini suyganlarim… ko‘z oldimdan ketmay qoldi. – Azimjon, – dedim. – Men akaning qirqi kuni uyiga borib edim. Bir xunuk ish bo‘lgan ekan. Aytib beraymi?

– Ha, nima xunuk ish bo‘lgandi?

– Xotini yig‘ladi, – dedim. – Ha, mening yonimda Fayzulla Qilichev ham bor edi. Mening mashinamda edik. Boysunga borayotib tushib edik… “Nimaga yig‘laysiz, checha? – deb so‘radim. “He, oynajon, mana bu nevarangizni bog‘chadan haydashdi, – dedi. – Nimaga?! – “Otang tovdan uchib ketgan. Piyon holatida uchib ketgan”, deb. Hozir ichish boynagiday man qilingan-u!.. – A, nima bo‘pti?! Bog‘chaga buning nima daxli bor? – keyin baqirib yubordim. – U odam – Qodir baxshi! Yagona baxshi! Kim, kim haydadi bog‘chadan bu o‘g‘lonni? Bog‘cha mudirasimi? – E, jo‘o‘q, raykomdi idealogiya sekretari. Bir opay bor. Xudoyning g‘azabi!..”

 

9

Ayriliq yomon, ammo hammasi o‘lganning shirin joniga, yillar o‘taveradi, judoliklar eskiradi, yaralar malham topadi, biroq san’at olamiga endigina tetapoya qilayotgan yosh baxshi kutilmagan judolikdan keyin tezda o‘zini o‘nglab olishiga to‘g‘ri keldi, endi uning zimmasidagi yuk ikki barobar og‘irlashgandi. U yomon kuylashi mumkin emas edi. Uning qismatiga baxshi bo‘lish, baxshi bo‘lganda ham el suygan baxshi bo‘lish zarb etilgandi. Agar qo‘l uchida kuylasa, nafaqat o‘ziga, balki otasining pok ruhiga, qo‘lida sayragan soziga xiyonat qilgan bo‘lardi. Shunday og‘ir damlar unga otasining piri, bir umrga qo‘lidan tushmagan sozi madad berdi. Mana, qariyb qirq yildirki u baxshilarning sardori, tug‘dey tepasining sayroq tili, “Alpomish” ohanglarining jarangdor so‘zi bo‘lib yashayapti. 2001-yili o‘zi, 2012-yili ukasi Abdumurod “O‘zbekiston xalq baxshisi” degan faxrli unvonni olishdi.

– Ammo otamning yo‘rig‘i boshqa, – deydi Qahhor baxshi. – Tanish-bilishlarimiz “Qodir baxshining so‘zi Qahhorga, sozi Abdumurodga, fe’li Bahodirga, ovozi Bahromga o‘tgan”, deyishadi. Gapning sirasi, to‘rt ul bir bo‘lib ham bir otamning o‘rnini bosishimiz gumona…

Baxshi istiqlol, yurt istiqboli haqida to‘lib-toshib gapiradi, o‘zi yashayotgan Dehqonobod tumanida qad rostlagan mo‘jizaviy sanoat korxonalari ta’rifini o‘tli misralarga solib, el orasida ta’rif-tafsir etadi:

– Qani edi shu kunlarni otam ko‘rganida, chinakamiga qadriyatlar qadr topgan, urf-odatlar yanada shakllangan, muhimi o‘zimizni, o‘zligimizni anglaydigan zamonlar keldi. Balki otam saksoninchi yillar:

Hulkar bilan tarozi,

Bir-biridan norozi,

Bemahal qichqiradi

Kremlning xo‘rozi

deb kuylaganida shu obod zamonlar kelishini ilhaq bo‘lib kutgandir.

Istiqlol tufayli biz baxshi-shoirlarning ham yelkasi oftob ko‘rdi. Yurtimizga, istiqlolimizga ko‘z tegmasin, 1999-yili “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni ta’sis etildi. Ikki yilda bir baxshi-shoirlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazilyapti. Oynayi jahon dasturidan “Baxshiyona” ko‘rsatuvi muqim o‘rin egallagan. Yaqinda Navoiyning Sarmishsoyida o‘tkazilgan “Asrlar sadosi” tadbirida ishtirok etib keldim. Ko‘rsangiz ko‘z quvonadi, yetti iqlimdan mehmonlar bor. Ular xalqimizning qadimiy urf-odatlarini ko‘rib, lol qolishgani tayin. To‘g‘ri, ayrim davralarda “Baxshi nimaga kerak, estrada xonandasi yo‘qmi”, degan visir-visirlarni eshitib qolaman. Ayyy, birodar, baxshi kim, u kimning dard-hasrati, quvonch-shodligini sozga, so‘zga soladi? Shu elning, shu zamonning. Demak, baxshichilik bizning o‘zimiz, o‘zligimiz. Uni tushunmagan, undan yuz o‘girgan, o‘zidan, o‘zligidan yuz burgan sanaladi…

Qahhor baxshining hayajondan ovozi qaltirablar ketdi, mijgonidan yosh qalqdi, ko‘zlarini bir nuqtaga jamlab, “Yo, pir-u murshidlarimning ruhi, o‘zing qo‘lla!” deya, do‘mbiraning kosasiga bir-ikki chertib, qo‘llarini boshi ustidan aylab-aylab sovuq simlar ustida o‘ynatib, ohangga mos tebrangancha:

– Og‘ajonlar, baxshining maktabi ham, ustozi ham xalq, u qanchalik ko‘p tinglovchisini topsa, el ardog‘ida yurganini his qilsa, el-u yurt tinch, dasturxon obod, turmush farovon bo‘lsa, shuncha to‘lib-toshib kuylayveradi, axir bizning chekimizga tushgani ham shuda, – deb sohir ovozda yangi terma misralarini xirgoyi qilishga tushdi:

Otalardan meros qolgan dostonim,

Qo‘llarimda sayrab turgan sho‘x sozim,

Qir-adirda yangrab turgan ovozim,

Barisiga fido bo‘lsin bu jonim…

Baxshi o‘z ovozi va soziga maftun bo‘lganday ko‘zlarini chirt yumib olgan, barmoqlar parda ustida o‘ynar, qo‘sh tor moziyning qa’ridan oqib kelayotgan ikki daryo, ikki nahrdek meni ham o‘z og‘ushiga olib oqib borar, oqib borar, oqib borar edi…

 

10

…Baxshi pardadan pardaga ovozini ko‘tarib borardi. Do‘mbira bosim ostida zorlanar, tomoshagohga to‘planganlar ko‘hna zamin ohanglari og‘ushida borliqni unutib, mayingina tebranardi. Agar siz ham so‘z va sozning azal hamda abad singari qadimiyligini, uning mo‘jizakor kuchini his qilishni istasangiz umringizda bir bora bo‘lsa-da, Qahhor baxshining doston va termalarini miriqib tinglang!

 

Abdunabi ABDIYEV

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine