Uchuvchilar o‘rtasida mashhur bir ibora bor: hech qachon ikkita reys bir xil bo‘lmaydi. Cheksiz koinot, o‘zgaruvchan harorat har qanday parvoz uchun alohida tayyorgarlik talab etadi.
Xabaringiz bor, avgust oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasining Havo floti kuni” etib belgilangan. Sana munosabati bilan Xonobod aerodromida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugdagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi hamda O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya instituti kursantlari ishtirokida amaliy parvoz mashqlari o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarini yanada takomillashtirish, harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-o‘quv mashg‘ulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish bo‘yicha yuqori texnika va bilimlarga erishildi. Ushbu parvozlar mohiyatida harbiy aviatsiya instituti kursantlari ishtirokida uchuvchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, yosh mutaxassislarni kasbiy malakasini oshirish, turli jangovar vazifalarni bajarishga tayyorlash hamda mahoratli uchuvchi shaxsiyatini yaratish kabi muhim vazifalar yotadi.
Erta tongdanoq tibbiy ko‘rikdan o‘tgan uchuvchi-yo‘riqchilar
SU-25 va L-39 harbiy samolyotlari qarshisida saf tortdi. Avvalo, jismonan sog‘lomlik, doimiy salomatlik ko‘rigidan o‘tish va yuqori jismoniy ruhiy tetiklikka erishish muvaffaqiyatli parvozning muhim bo‘lagi sanaladi.
Kerakli ko‘rsatmalarni olgandan keyin uchuvchilar 5 soatlik amaliy parvozga kirishdi. “Ustoz-shogird” an’analari davom etayotgan ushbu mashg‘ulotlarda tajribali yo‘riqchilar yosh uchuvchilar bilan birga parvozni amalga oshirdi.
Uchuvchi uchun xavfsizlik doim birinchi o‘rinda turishi kerak. Ustozlar favqulodda vaziyatlardagi tartib-qoidalarni doim yodda tutish, parvoz oldidan tekshiruvlarni mukammal olib borish shartligini ta’kidlashdan charchamaydi.
Darvoqe, parvozgacha kursantlar yillar davomida egallangan bilim va nazariya, ekstremal vaziyatlardagi qarorlarning ahamiyati va zaruratini yurakdan his qilgan holda yetib kelishadi. Chunki yuqori tezlikda har qanday mayda amallarning natijasi ham katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kursantlar aviatsiya nazariyasi, shu jumladan aerodinamika, navigatsiya, meteorologiya va parvoz qoidalarini chuqur anglagan bo‘lishlari zarur.
Besh soatlik parvoz davomida uchuvchilar o‘zaro hamkorlikda samolyot dvigatelini o‘chirgan holatda qo‘ndirish, SU-25 samolyotida juftlik parvozlarini amalga oshirish, L-39 samolyotida past-balandlikda murakkab parvoz mashqlarini bajarish, aviatsiya instituti kursantlari bilan aylana bo‘ylab o‘quv mashq parvozlarini olib borish kabi murakkab manyovrlarni bajarishdi. Jarayonlar davomida kursantlar aqliy chidamlilikni rivojlantirish, stressni yengish, tez qaror qabul qilish va bosim ostida diqqatni jamlash kabi o‘quvlarni puxta o‘zlashtirdi.
Belgilangan vazifalar o‘z vaqtida mohirona ado etilganidan so‘ng ham ish faoliyati tahlili, xatolarni muhokama qilish va to‘g‘rilash jarayonlari uzoq vaqt davom etdi. Ustoz o‘z shogirdlarining parvozdagi xatti-harakatlariga tanqidiy yondashar ekan, o‘z navbatida, yaxshi bajarilgan manyovrlar va vazifalarni ham e’tirof etib o‘tdi. Kursantlarni o‘ziga bo‘lgan ishonchi va salohiyatini, avvalo o‘zlari baholash zaruriyatini ham bot-bot eslatdi. Zero o‘z-o‘zini shaffof baholash mahorati doimiy yuksalib borishning oltin kalitidir.
Kapitan Bobur ELMURODOV,
“Vatanparvar”