Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli dala-o‘quv maydonlarining birida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalarining qo‘shma qarori asosida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Taktik o‘qchi” musobaqasi o‘tkazildi.
Qo‘shinlar hamkorligida o‘tkazilgan “Taktik o‘qchi” musobaqasida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya qo‘shinlaridan saralab olingan ishtirokchilar 4 bosqichli, ya’ni kvalifikatsiya, yakkalik, jangovar juftlik va jangovar to‘rtlik hamda duel mashqi bahslarida mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Ahamiyatlisi, har bir bosqichdan o‘ziga xos shartlar o‘rin olgan bo‘lib, bunda yurt posbonlarining mutaxassisligi bo‘yicha egallagan bilim va ko‘nikmalari amalda sinovdan o‘tdi.
Musobaqaning har bir sharti yangi yondashuvlar asosida tashkil etilib, bunda harbiy xizmatchilarga turli yuklamalar berish orqali ularning tezkorlik, chidamlilik va merganlik sifatlari sinovdan o‘tkazildi. Bir necha kilometrlik masofani bosib o‘tgan o‘g‘lonlar turli tabiiy va sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tish mashqlari orqali chidamlilik ko‘nikmalarini hamda jamoaviy jipslikni mustahkamladi.
Do‘stona ruhda kechgan musobaqa harbiy xizmatchilar uchun chinakam tajriba va mahorat almashish maydoni vazifasini o‘tadi.
Albatta, har bir musobaqaning yakuni, ya’ni g‘oliblarni aniqlash fursati bo‘ladi. Yetti kun davom etgan “Taktik o‘qchi” musobaqasida ko‘rsatilgan natija, erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, g‘oliblar nomi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi harbiy xizmatchilari uchinchi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ikkinchi, Mudofaa vazirligi harbiylari esa faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar kubok, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Sherzod EGAMBERDIYEV,
“Vatanparvar”