Juma, Avgust 16, 2024
HomemaqolalarIJOD VA KURASH

IJOD VA KURASH

O‘ylasak, ikkovining ham o‘z maydoni bor: ijod maydoni, kurash maydoni. Garchi ular shaklan boshqa-boshqa bo‘lsa-da, ammo mohiyatan bir-biriga uyqash. Bilsangiz, to‘y-hashamda maydonga tushgan polvonning o‘rtaga tikilgan vajdan umidi bo‘lmaydi. Olishsa, oriyat deb olishadi. Ijodkor uchun esa yozuv stoli, stul, lampa, qalam va qog‘ozdan qadrdoni yo‘q. Demak, bu maydon ichra so‘zi halol ijodkor bilan o‘zi halol polvonning kuragi yer ko‘rmagay. Tog‘ay Murod ana shunday adib o‘tdi, Sayfiddin Hodiyev ana shunday polvon o‘tdi…

* * *

1975-yil 11-sentabr. Toshkent. “Salom” choyxonasi. Bunda yig‘ilayotgan qashqadaryoliklar sevinchi ichiga sig‘mas, chunki o‘sha yili kitoblik Sayfiddin Hodiyev sambo bo‘yicha Minsk shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallab qaytgandi. Tabriklash uchun choyxonaga oshiqib kelganlar ko‘p bo‘ldi. Ular kim bo‘ldi: yaqinlar, polvonlar bo‘ldi. Ularning ichida notanish bir odam to‘g‘ri kelib, polvonni quchoqlab oldi. Chempion o‘zidan ham baquvvat, alpomishkelbat bu odamni tanimas, u esa quchog‘idan qo‘ymay, negadir ko‘zlarida yosh bilan nuqul bir gapni takrorlardi:

– Rahmat, polvon! Rahmat sizga. Otangizga ming rahmat!

Bu odam Tog‘ay Murod edi. Polvonni izlab borgandi. Bir muddat ikkala maydon qo‘shilib, keng bo‘ldi. Maydonda ularga bas kelari bo‘lmadi. Ko‘rmaysizmi, polvonning so‘zlari adibona bo‘ldi, adibning so‘zlari polvonday bo‘ldi:

– Sayfiddin, bilasizmi, kurash ajdodlarimiz – xalqimiz qoniga singib ketgan. Xalqimizning qoni toza, ildizi baquvvat. Bu narsa avloddan avlodga irsiyat orqali o‘tib kelyapti. Bizning kurashchilarimiz polvonlik maktabida o‘qimasa ham, maxsus joylarda tayyorgarlik ko‘rmasa ham, ularning o‘zi shunday tayyor kurashchi-ku! Polvonlik bizga otameros, pushtdan pushtga, qondan qonga o‘tib kelyapti. Polvonlikning ko‘zga ko‘rinmas, til bilan tushuntirib bo‘lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Bu sirlar hech bir kitobda yo‘q! Eng mashhur kurashchilarimiz ham gilamlarda kurashmasdan, qishloqlarda bo‘ladigan to‘ylarda, katta-kichik davralarda kurashib ulg‘aygan, suyagi qotgan. Bizning kurashimiz boshqa yurt kurashlaridan nimasi bilan farq qiladi?

Bizning kurashda erkakman degani tik turgan odam bilan olishadi! Ha, yerda yotgan odamga qo‘l ko‘tarmaydi! Markaziy Osiyoda, xususan bizning yurtimizda uzum, paxta kabi ekinlar azaldan ko‘p ekiladi. Ularga tik turgan holatda ishlov beriladi, terib olinadi. Ya’ni harakat tepada bo‘ladi. Boshqa joylarda esa, masalan, Rossiya tomonlarda paxta ekilmaydi-ku! U yerlarda ko‘proq kartoshkaga o‘xshagan ekinlar ko‘p ekiladi. Unga esa egilgan holatda, yerlashib-yerlashib ishlov beriladi. Bizning kurashchilar tepada, tik turgan holatda bajariladigan amallarga ko‘proq moslashgan. Chunki aksariyat polvonlarimiz yoshligidanoq paxta dalalarida yer bilan salom-alik qilib, suyagi qotadi. Boshqa kurashchilar bilan biznikilar kurashi orasidagi farq ana shunda!

Ikki soatcha davom etgan suhbat Sayfiddin Hodiyevning butun hayotiga singishib ketdi. Ko‘p o‘tmay “Sharq yulduzi” jurnali o‘z sahifalarida “Yulduzlar mangu yonadi” asarini e’lon qildi. Unda polvonning ham nomi tilga olingandi. Kitobxon asarning o‘sha sahifasini bir nafasda o‘qiydi. Shundayam polvonni bilganlar o‘tgan xotiralarni ko‘nglidan o‘tkazib o‘qiydi, bilmaganlar to‘qimaga yo‘yadi.

Keling, o‘shanda adibni yozuv stolidan “tortib olib” choyxonaga yetaklagan hikmatni asarning o‘zidan o‘qiymiz:

“– Mengboy kalning gapida jon bor. Kitoblik Sayfiddin Hodiyev bor-ku, yaqinda o‘sha bilan o‘tirib qoldim. Trenerlar meni jahon chempioni qilib yetishtirdim, deb suyunadi, bilmaydilarki, men bolaligimdan to‘ylarda olishib yurgan tayyor polvon edim, deydi.

– Aytganday, shu bola ikki marta jahon chempioni bo‘ldi-ya.

– Ha-da, Mo‘g‘ulistonda qanday qilib jahon chempioni bo‘lganini gapirib berdi. Olish vaqti tugashiga bir necha sekund qolganda yonboshga olib urib, ochko oldim, deydi. Bunday hunar boshqa biror olishda yo‘q, faqat bizning olishimizda bor, deydi.

– Ota-bovamizning hunarini mahkam ushlasak, jahonning eng zo‘r polvoni biz bo‘lamiz-ku-ya, nima dedingiz…” (“Yulduzlar mangu yonadi”, 1976-yil. 45-b.)

Aytganimizdek, bir nafaslik dialog. Ammo ana shu bir nafas baxt ataldi. “Men qaytib kelaman” (Tog‘ay Murod zamondoshlari xotirasida) kitobida polvonning o‘zi bunday deydi: “Tog‘ay aka “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida meni ham tilga oldi. Bu narsa menga katta ta’sir qilgan, ruhlanib ketganman. Axir chekka bir qishloqdan chiqqan, to‘ylarda kurashib katta bo‘lgan menday oddiy polvonni Tog‘ay Muroddek katta yozuvchi o‘z asarida aytib o‘tishi katta baxt emasmi? Shu asar orqali ham nomimni butun el bildi. Bundan keyin ham biladi”.

Xullas, asar “yonbosh” ham bo‘lmadi, “chala” ham. Halol bo‘ldi. Kitob chin ma’noda pahlavonlik yo‘riqnomasi, yigitman degan uchun g‘urur bo‘ldi. Sayfiddin Hodiyev uchun misoli iqror bo‘ldi: “…Kim biladi, Tog‘ay aka bo‘lmaganda men bu qadar katta polvon bo‘lmasmidim? Chunki men kurashning oltin qoidalarini Tog‘ay Muroddan o‘rgandim! U kishi aytgan “Polvon o‘zini uch balodan: birinchisi – ayolbozlik, ikkinchisi – ichkilikbozlik, uchinchisi – nafs balosidan asrasin”, degan hikmatiga men ham amal qildim…”

O‘sha kezlari yana bir ijodkor – ukrainalik Yan Dimov dunyoning eng mashhur kurashchilari haqida “Pahlavonlar do‘stlik tufayli ham kuchlidirlar” kitobini yozdi. Ushbu kitob o‘zimizda qayta-qayta nashr etilgan va payti bo‘lganki, 150 ming
nusxada bosmadan chiqqan. Polvonlarni obdan kuzatar ekan, muallif ular haqida yozmoq uchun minglab kilometrlarni bosib o‘tishdan ham toymadi. Kunlarning birida u Qashqadaryoga keldi-da, Sayfiddin Hodiyevni qidirib topdi. Ikkov do‘st tutindi. Yan Dimov shunday pahlavonni ulg‘aytgan elning to‘yida ham bo‘ldi, ma’rakasida ham.

…Yozuv stoli, qadrdon stul, lampa va mashinka. Ijodkor maydonga chiqdi:

“Sportda kimga qiyin, vazn bilan tushuvchilarga! Va ayniqsa, vazn tashlovchilarga! Vazn – eng ashaddiy raqib.

Ba’zan bunaqasi ham bo‘ladi: kuniga kam deganda bir soat hammom bug‘xonasida o‘tirib, tag‘in kunduz kunlari bir stakandan ziyod suv ichmaslikka ahd qilgan vazn tashlovchi sportchi kechasi uyqusidan turib, suv jo‘mragi yoniga keladi va ichadi. Ertalab taroziga oyog‘ini bosadi-da, oh, deb yuboradi – qayerdan paydo bo‘ldi buncha og‘irlik?! U dabdurustdan qachon suv ichganini eslolmaydi. Bilmaydiki, tushi aralash ichib qo‘ygandi suvni.

Shunday hodisa ro‘y bermasligi uchun Mels An do‘sti Sayfiddin Hodiyev bilan kechqurun kelib, mehmonxona nomeridagi kran jo‘mragini qattiq berkitib qo‘ydi. Ertalab ular ikkovlashib ham kranni ocha olmadi. Komandadagi eng kuchli va og‘ir vaznli Vitaliy Kuznetsovni chaqirishdi. U ham uddalay olmadi. Oxiri slesarni chaqirib, maxsus ochqichda bo‘shatishga to‘g‘ri keldi, u ham taajjubda edi: “Qanday qilib bunaqa mustahkamlanib qolibdi-ya! Yap-yangi edi, hafta burun o‘zim qo‘ygan edim!..” Bu ikki marta jahon chempioni Sayfiddin Hodiyev hayotidan oddiy bir lavha xolos. Bunaqasi juda ko‘p bo‘lardi. Hammasi alamdan, achchiq alamdan boshlangandi…”

O‘shanda kaltabaqayligi uchun hamqishloqlari uning yelkasiga shapatlab: “Obbo, Saypicha, senam kurashmoqchimisan?” demish so‘zlar matbuotda chiqdi. Sayfiddin Hodiyev o‘g‘il bo‘lib otasiga rahmat keltirguncha ozmuncha yo‘l bosdimi?! Axir chempionlik osmondan yog‘ilib tushmaydi-ku!

Bilsangiz, alamning zo‘ri polvonda bo‘ladi. Oriyatning zo‘ri-da unda bo‘ladi. Bir gal qo‘shni qishloqlik qizilmag‘iz, g‘o‘labir yigit surunkasiga to‘rttasini chirpirak qilib yiqitganida Hodi polvonning-da qoni jo‘shdi. Tengqurlari davrasida o‘tirgan o‘g‘liga yaqinlashib: “Tushasanmi?” deya maydonga ishora qildi.

– Yiqilsam, yer ko‘tarar, – dedi-yu, o‘g‘il o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

– Yiqilsang, men ko‘tarmayman, shuni bilib qo‘y. Meni uyatga qo‘ymassan?

Sayfiddinning qoni qaynadi, oriyati keldi. Qo‘l silkib, o‘rtaga tushdi. Uchinchi marta raqibi bilan bel ushlashib, otasidan o‘rgangan “tepki chil” usulini qo‘lladi. “Gup” etib yiqilgan raqibini mahkam bosib olganida esa tomoshabinlar qiyqirib yubordi. Hodi polvon yugurib kelib o‘g‘lini dast ko‘tarib oldi-da, davra aylantirdi. Polvonlik qonida bor-da!

* * *

Ijod va Kurash.

O‘ylasak, ikkovining ham o‘z maydoni bor. Shaklan boshqa-boshqa, mohiyatan uyqash. Ko‘ring, ikkalovida ham raqibga o‘zining kim ekanini ko‘rsatib qo‘ymoq bor. “Mana, men kimman!” demoq bor.

Tog‘ay Murod ana shunday adib o‘tdi.

Sayfiddin Hodiyev ana shunday polvon o‘tdi…

 

Akmal JUMAMURODOV

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine