Juma, Avgust 16, 2024
HomemaqolalarQUROLLARNING TURKIYCHA NOMLARI QANDAY BO‘LGAN?

QUROLLARNING TURKIYCHA NOMLARI QANDAY BO‘LGAN?

O‘q-dori – poroxning Xitoyda kashf etilishi sekin-asta o‘qotar qurollar erasini boshlab berdi. Amir Temur davrida manjaniq, ra’dandoz, naftandoz kabi tosh va olovotar qurollardan foydalanilgani ma’lum, ammo miltiq yoki tufak Temur o‘rdusida bo‘lmagan. “Boburnoma”da esa biz tufak, tufang, miltiq, to‘p, qazon, ulug‘ qazon, zarbzan, farangiy kabi ko‘plab o‘qotar qurollar nomlarini uchratamiz. Demak, Bobur o‘z o‘rdusini zamonasining eng ilg‘or qurollari bilan qurollantirishga harakat qilgan. Bu davrga kelib Usmonli davlati, Safaviylar Eronida ham o‘qotar qurollar bor edi. Eron va Usmonli davlatida foydalanilgan Ovro‘po rusumidagi to‘plarni Bobur “farangiy” deb ataydi.

“Boburnoma”da o‘sha davr artilleriyasi – to‘plar, o‘qotar qurollar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan ikki shaxs nomi tilga olinadi. Ulardan biri – Ustod Aliquli, ma’dandan qazon, ya’ni to‘p (zambarak) quyuvchi usta, ikkinchisi – Mustafo Rumiy, u “Rum dasturi bila aroba”, ya’ni Ovro‘pocha usulda to‘p tagiga o‘rnatiladigan g‘ildirakli arava va farangiy – Ovro‘po rusumidagi to‘plarni yasash bo‘yicha mutaxassis. Ana shu ikki mutaxassis boshchiligida Bobur o‘rdusida to‘pchi va miltiqchilardan iborat maxsus guruh bor edi.

“Boburnoma”ning 1508-yil voqealari hikoya qilingan bobi hozirgi Pokiston hududida bo‘lgan Bajavr qo‘rg‘onining ishg‘ol etilish voqeasi bilan boshlanadi. Boburning yozishicha, bajavrliklar o‘sha paytgacha miltiq nimaligini bilmagan: “Bajavr eli, chun tufangni ko‘rmaydur edilar, tufang unidin hech parvoye qilmadilar, balki tufang unini eshitgach, tamasxur qilib, muqobolada shani’ harakatlar qilurlar edi. O‘shal kuni Ustod Aliquli besh kishini tufang bila yiqdi”. Buni qarangki, miltiq ovozini eshitmagan bajavrliklar bu qurolga parvo ham qilmabdi, hattoki oldinga chiqib, masxaralab turli qiliqlar ham qilibdi, oqibatda bir qanchasi o‘qqa o‘chib nobud bo‘libdi.

Umuman, Hindiston fathida Bobur o‘qotar qurollar, artilleriyadan ham unumli foydalangan. Agar Rossiya tarixi bilan solishtirsak, Bobur o‘rdusidagi bu to‘pchi va tufakchilar – Moskva davlati podshosi Yovuz Ivan (Грозный)ning O‘qchi qo‘shinlarini (стрелецкое войско) eslatadi. Faqat Yovuz Ivan Boburdan yarim asr keyin – 1550-yilgi harbiy islohotlarida maxsus o‘qchilardan iborat qo‘shinlar (стрелецкое войско) tashkil etishga qaror qiladi. 1552-yili esa ana shu qo‘shinlar yordamida Qozon ishg‘ol etilgan.

Tufak yoki miltiq tasvirlarini “Boburnoma” qo‘lyozmalariga ishlangan miniatyuralarda ham ko‘rish mumkin. Tufaklar Boburning o‘z mutaxassislari tomonidan yasalganmi yoki sotib olinganmi, bu haqda “Boburnoma”da ma’lumot yo‘q. Ammo bir o‘rinda: “cherik yarog‘iga va to‘p va tufakchining doru va jidog‘iga (maoshiga)” xazinadan mablag‘ ajratish haqida farmon bo‘lgani aytiladi. “Doru” deganda bu yerda “porox” ko‘zda tutilmoqda.

Xo‘sh, “tufak” va “miltiq” so‘zlari qanday lug‘aviy ma’noga ega?

Hozirgi o‘zbek tilida “tufak” so‘zi qo‘llanilmaydi. “Boburnoma”da esa “miltiq”, “tufak” va “tufang” – ma’nodosh so‘zlar sifatida ishlatilgan. Ammo fors-tojik, ozarbayjon tillarida “tufang”, usmonli turkchasida “tüfek” – “miltiq” ma’nosida hozir ham iste’molda. “Tufak” rus manbalarida ham “tyufyak” shaklida uchraydi. Rus yilnomalaridagi “tyufyak” haqidagi ilk qayd XIV asrga oid bo‘lib, qizig‘i shundaki,
1382-yili moskvaliklar To‘xtamish hujumini qaytarish uchun tufakdan ham foydalangan ekan. Rus tarixchilariga ko‘ra, tufak Moskva knyazligiga turkiy xalqlar (tatarlar) orqali o‘tgan bo‘lishi mumkin.
M. Fasmerning “Rus tilining etimologik lug‘ati”da “tyufyak” chig‘atoycha (eski o‘zbek tilida) ekani aytiladi.

“Boburnoma”da podshoh Boburning ikki farmoni fors tilida keltirilgan. Boburning vazirlari tomonidan yozilgan mazkur forscha matnlarda ham: “tufakchilar” ma’nosida “tufakchiyon”, ba’zan “tufakandoz” deb yozilganini ko‘rish mumkin. Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”da “tufak” so‘zini ot egar-jabdug‘i qismlaridan biri sifatida tilga olgan.

“Tufak” so‘zi “Devonu lug‘oti-t-turk”da shunday izohlangan: “تُڤَکْ тўwäк – tuppak. Tol daraxtining va umuman, ho‘l shoxlarning po‘stlog‘ini yormay, shox, novdadan sug‘urib olinadi va uchiga g‘o‘lakchalar qo‘yib, chumchuqlar otiladi. Yog‘ochning ichini kovak qilib ham tuppak yasaladi (chigillar lug‘ati)”. “Tuppak” so‘zi 1981-yili chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham: “loy soqqani puflab qush otish uchun maxsus tayyorlangan qamish nay”, deb izohlangan. Bu so‘z “tuflamoq” fe’lidan yasalgani ham anglashiladi. Puflab otiladigan bu turdagi ibtidoiy pnevmatik qurol Amerika hindularida ham borligi turkiy xalqlarda tufak azaldan mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.

Xullas, miltiq tilimizda dastlab “tufak” deb atalgan edi. Keyinchalik u fors va boshqa tillarga “tufang” shaklida o‘tgan. Pistolet yaratilgandan keyin esa bu qurol “kalta miltiq” ma’nosida turk va fors tillarida “to‘pponcha”, “tufangcha”, “tubangcha” qabilida atala boshlagan.

“To‘p” (“zambarak”) so‘zi ham shaklan “tufak” yoki “tuppak”ka o‘xshasa-da, etimologik jihatdan “koptok” ma’nosidagi “to‘p” so‘ziga borib taqaladi. Bu qurolning o‘qi – dumaloq tosh, to‘p shaklida bo‘lgani uchun shunday atalgan. “Devonu lug‘oti-t-turk”da: “تُوبْ top – to‘p, koptok. Bu so‘z topiqning qisqarganidir”, deb izohlangan. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” asari muallifi Sh. Rahmatullayev esa: “Aslida “top” so‘zi qadimgi turkiy tilda mustaqil ishlatilgan va “dumaloq narsa” ma’nosini anglatgan”, deb yozadi. Ya’ni to‘p – qadim zamonlardan qal’a-qo‘rg‘onlarni zabt etish uchun qo‘llanilgan manjaniq oilasiga mansub qurol. “Boburnoma”da to‘p (zambarak), ko‘pincha “qazon”, katta to‘p – “ulug‘ qazon” nomlari bilan tilga olinadi. Bunday atalishining sababi to‘p ham qozonday maxsus qolipga yuqori darajali issiqlikda eritilgan ma’dan quyilib yasalgan.

“Miltiq” so‘zini esa ko‘pchilik mutaxassislar “pilta” va “o‘q” (pilta+o‘q, piltali o‘q) so‘zlaridan yasalgan deb hisoblaydi (“pilta”, shuningdek forscha “fatila”, ruscha “fitil” so‘zlari aslida arabcha “fatil” (فَتِىلٌ) so‘ziga borib taqaladi). O‘tmishda piltali miltiqlar bo‘lganini bilamiz.

Abduvohid HAYIT

(oyina.uz)

Previous articleIJOD VA KURASH

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine