Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilgan XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari yakunlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarini o‘z tarixidagi eng zo‘r natija bilan tugatdi! Ushbu muvaffaqiyatga Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi (MVSM) vakillari ham katta ulush qo‘shdi – 3 nafari oltin, bir nafari kumush medalni qo‘lga kiritdi. Xususan, Ulug‘bek Rashitov ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempionligiga erishgan ilk o‘zbek taekvondochisiga aylandi!
Har to‘rt yilda o‘tkaziladigan dunyoning eng nufuzli musobaqasi bu gal 206 davlatning 10 714 nafar yetakchi sportchisini jamladi. 32 ta sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bahslar keskin va murosasiz hamda Olimpiya rekordlari ostida kechdi. XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari O‘zbekiston sportchilari uchun ham tarixiy voqeliklarga boy bo‘ldi, bir qator yo‘nalishlarda yangi cho‘qqilar zabt etildi.
Avvalo, shuni ta’kidlash joiz, “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng katta delegatsiya – 90 nafar sportchi bilan bordi va 19 sport turi bo‘yicha bahslarida ishtirok etdi. Erishilgan muvaffaqiyatlar ham shunga yarasha yuqori darajada bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, bundan 8 yil muqaddam Braziliyada o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz olimpiyachilari 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza, jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagandi. Bu mustaqil O‘zbekiston sportchilarining shu paytga qadar Olimpiada o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasi edi. Fransiyada kechgan bu yilgi XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida esa yurtimiz sportchilari yanada yaxshiroq natijalarga erishdi. Umumjamoa hisobidagi o‘rin ham yuqorilandi – 13-o‘rin! Ushbu tarixiy muvaffaqiyatga armiyamiz sportchilari ham katta ulush qo‘shdi. “Parij – 2024”da ishtirok etgan MVSMning 22 nafar sportchisidan yakunda 4 nafari sovrindor bo‘ldi. Yana bir necha nafari medalni qo‘lga kiritishga juda yaqin bordi. Ammo, lekin, biroq… Olimpiada o‘yinlari shu jihatlari bilan ham qiziq, jozibali, maftunkor!
BOKS
“Parij – 2024” tatamilarida O‘zbekiston dzyudosi tarixiga oid bir necha yo‘nalishda yangi cho‘qqilar zabt etilgani, uni MVSM vakili leytenant Diyora Keldiyorova boshlab bergani haqida gazetamizning avvalgi sonlarida batafsil to‘xtalgandik. Polvonlarimiz muvaffaqiyatini charm qo‘lqop ustalarimiz davom ettirdi.
XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari orqali mamlakatimiz boksi tarixida ham yangi sahifalar ochildi. Xususan, “Rio – 2016”da oltin medalni qo‘lga kiritgan charm qo‘lqop ustamiz Hasanboy Do‘smatov “Parij – 2024”da ham zafar quchdi va faoliyatida ikkinchi bor Olimpiya chempioniga aylandi! Binobarin, shu paytga qadar yurtimiz boksi tarixida hech kim ikki karra Olimpiya chempioni bo‘lmagandi. Eng yengil (-51 kg) vaznli bokschimiz yarim finalda kubalik Devid de Pineni, hal qiluvchi final jangida esa fransiyalik Billal Bennamani mag‘lub etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Yana shunga alohida urg‘u berish joiz, o‘zbekistonlik 5 nafar bokschi XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari finalchisiga aylangani dunyo matbuotini hayratga solib turgan bir pallada barcha charm qo‘lqop ustamiz final janglarida ham g‘alaba qozondi! Bosh qahramonlardan biri Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi vakili Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev bo‘ldi. -71 kg vazn toifasida jahon chempioni hisoblangan yosh bokschimiz finalda meksikalik Marko Alvaresga to‘qnash keldi. Keskin jangda bokschimiz zafar quchib, faoliyatida Olimpiya chempionligiga ham erishdi.
Boks bo‘yicha navbatdagi oltin medalni Lazizbek Mullajonov (-92 kg) qo‘lga kiritdi. U finalda ozarbayjonlik Loren Alfonso Domingesga qarama-qarshi keldi va o‘zining aniq hamda kuchli zarbalari orqali raqibini dog‘da qoldirdi.
O‘tgan galgi yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov (+92 kg) ham “Parij – 2024”da shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, ketma-ket ikki bor Olimpiya chempionligiga erishgan bokschiga aylandi. Jalolov so‘nggi hal qiluvchi final bahsida ispaniyalik Ayyub Gadfaga qarshi raqobatlashdi. Bahodir jang davomida o‘zining metin himoyasi va kuchli zarbalari orqali raqibidan ustun keldi.
Ta’kidlab o‘tamiz, 1994-yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilib,
13 yoshidan murabbiylar Rustam Saidov va To‘lqin Qilichev qo‘l ostida boks sirlarini o‘rgangan Bahodir Jalolov faoliyati davomida juda ko‘plab xalqaro turnirlarda shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan. Jumladan, uch karra Osiyo, ikki karra jahon chempioniga aylangan, Osiyo o‘yinlarida ham tengsiz bo‘lgan. Uning bu ulkan g‘alabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan munosib baholangan. Davlatimiz rahbari yengilmas sportchimizni 2019-yilda “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2021-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2023-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirladi.
XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida bokschilarimiz qo‘lga kiritgan 5-oltin medal buxorolik Abdumalik Xalokovga tegishli bo‘ldi. -57 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan bokschimizning musobaqa finalida qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek o‘g‘li bilan o‘tkazgan jangini ko‘hna va boqiy Buxoroning “Poyi Kalon” majmuasida o‘rnatilgan katta ekranda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligida keng jamoatchilik – Xalokovning ota-onasi, mahalladoshlari, yaqinlari, yuzlab boks muxlislari birga tomosha qildi. Abdumalik ishonchni oqladi – raqibini mag‘lub etib, Olimpiya chempioni bo‘ldi! Uning g‘alabasini nafaqat buxoroliklar, butun O‘zbekiston ahli katta shodiyona bilan kutib oldi. Chunki ushbu tarixiy g‘alaba sportchilarimizning XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida erishgan muvaffaqiyatlari g‘aznasiga 8-oltin oltin medal bo‘lib qo‘shildi.
O‘zbekiston boks terma jamoasi 5 ta oltin medal bilan “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida peshqadamlikka erishdi. 2-o‘rinni Xitoy (3 ta oltin, 2 ta kumush), 3-o‘rinni Xitoy Taypeyi (bitta oltin, 2 ta bronza) terma jamoasi egalladi.
TAEKVONDO
XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlariga yurtimizning 5 nafar taekvondochisi yo‘llanma olgani, ularning barchasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi vakillari ekani xususida xabar bergandik. “Parij – 2024”ning taekvondo WT bo‘yicha bahslarida bu sportchilarimizning ikki nafari shohsupaga ko‘tarildi. Ta’kidlash joiz, ularning ikkisi ham tarixiy natija qayd etdi. Xususan, -68 kg vazn toifasida dayanga chiqqan MVSM vakili Ulug‘bek Rashitov nimchorak finalda Lo Vay Fungdan (Hong Kong), chorak finalda Lyan Yushuaydan (Xitoy), yarim finalda Xavyer Peres Polodan (Ispaniya) ustun keldi. Hal qiluvchi final bahsida esa Zayid Karim (Iordaniya) bilan raqobatlashib, g‘alaba qozondi va yozgi Olimpiada o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Ulug‘bek “Tokio – 2020”da ham zafar quchgandi. “Parij – 2024”dagi yutuq bilan Ulug‘bek Rashitov Olimpiada o‘yinlarining ikki karra g‘olibligiga erishgan birinchi o‘zbek taekvondochisi sifatida o‘z nomini sportimiz solnomasiga muhrlab qo‘ymoqda.
2002-yilning 23-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan Ulug‘bek Rashitov
8 yoshidan MVSM murabbiyi Pavel Xan qo‘l ostida taekvondoning nozik sir-asrorlarini o‘rgandi. 2017- va 2019-yillar o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan. 2018-yili Argentinada o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiada o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2019-yilgi Butunjahon harbiy o‘yinlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan. 2021–2024-yillarga qadar o‘tkazilgan Gran-pri turnirlari, jahon, qit’a chempionatlari hamda nufuzli musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan. Jumladan, “Tokio – 2020” yozgi Olimpiya o‘yinlarida zafar qozonib, o‘zbek taekvondochilari o‘rtasida birinchi oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi sifatida tarixga kirdi. 2021-yili Islom birdamlik o‘yinlarida g‘olib chiqdi. 2023-yili Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlaridan ham yurtimizga oltin medal bilan qaytdi. Prezidentimiz tomonidan u “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
MVSM vakili Svetlana Osipova (+67 kg)
ham “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida yaxshi qatnashdi. U yarim finalda taekvondo vatani vakili, janubiy koreyalik Li Dabindan ustun keldi. Finalda esa fransiyalik Altea Loranga qarshi dayanga chiqdi. Ushbu jangni chirchiqlik sport ishqibozlari “Kimyogarlar” madaniyat saroyida kuzatib, Osipovani hamshaharlari sifatida qo‘llab-quvvatladi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham Svetlananing ota-onasi, muxlislari safida final uchrashuvini tomosha qildi. Zero ushbu jang qanday tugashidan qat’i nazar, sportchimiz mamlakatimiz taekvondo WT tarixiga Olimpiada sovrindori bo‘lgan o‘zbekistonlik ilk ayol sportchi sifatida kirardi.
– Biz oltin kutgan edik, lekin kumush medal ham yaxshi natija bo‘ldi, – deydi sportchining dadasi Valeriy Osipov. – Hamshaharlarimiz, yaqinlarimiz bilan birgalikda o‘yinlarni hayajon bilan kuzatib bordik. Ochig‘i, juda xursandman. Qizimning erishgan yutug‘idan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Bu nafaqat oilamiz, balki butun yurtimiz uchun mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi oldidan katta sovg‘a bo‘ldi.
Ozoda Sobirjonova (-67 kg) ham “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lishga juda yaqin bordi. Lekin MVSM taekvondochisi bronza medal uchun kechgan so‘nggi jangda belgiyalik Sara Chariga yutqazib qo‘ydi. Taekvondochilarimiz Jasurbek Jaysunov (-80 kg) va Nikita Rafalovich (+80 kg) esa “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini bronza medal uchun o‘tish bosqichidagi jangda to‘xtatdi.
SPORT KURASHLARI
Erkin kurash bo‘yicha polvonimiz Razambek Jamalov (-74 kg) Fransiyada o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U ilk bahsini neytral maqomda kurashayotgan “Tokio – 2020” yozgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi Magomedhabib Kadimagomedovga qarshi o‘tkazdi va irodali g‘alabaga erishdi. Chorak finalda albaniyalik Chermen Valiyevni, yarim finalda esa tojikistonlik Viktor Rassadinni mag‘lubiyatga uchratdi. Musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final bahsida Razambek polvon yaponiyalik Daiti Takatani bilan raqobatlashdi. Mazkur bellashuvda polvonimiz muddatidan oldin zafar quchdi va Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
“Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida yana bir erkin kurashchimiz sovrindor bo‘ldi. Aniqrog‘i, hamyurtimiz G‘ulomjon Abdullayev 57 kg.gacha vaznda bronza medal uchun kechgan kurashda qirg‘izistonlik Bekzat Almaz o‘g‘lidan ustun keldi.
Erkin kurashchimiz Javrail Shapiyev (-86 kg), yunon-rum kurashchilarimiz Aram Vardanyan (-77 kg) va Rustam Assakalov (-97 kg) ham “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lishga yaqin bordi. Lekin bu polvonlarimiz bronza medal uchun kechgan so‘nggi hal qiluvchi bahsda raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarini faxrli 5-o‘rin bilan yakunladi.
OG‘IR ATLETIKA
Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Akbar Jo‘rayev “Tokio – 2020” yozgi Olimpiya o‘yinlarida rekord natija qayd etgan holda 109 kg.gacha vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylangandi. U “Parij – 2024”da ham shohsupaga ko‘tarildi. XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida 102 kg.gacha vazn toifasi bo‘yicha atletlar bahsida ishtirok etgan Akbar polvon dast ko‘tarishda 185 kg natija qayd etgan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 219 kg og‘irlikdagi shtangani o‘ziga bo‘ysundirdi va ikkikurash bo‘yicha 404 kg natija bilan “Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlarining kumush medaliga ega chiqdi.
MVSM og‘ir atletikachisi Rigina Adashbayeva esa “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini 8-pog‘onada yakunladi. -81 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etgan MVSM vakili dast ko‘tarishda 105, siltab ko‘tarishda 131 va ikkikurashda 236 kg natija ko‘rsatdi.
Og‘ir atletikachimiz Tursunoy Jabborovaning chiqishi bilan sportchilarimizning “Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki yakuniga yetdi. +81 kg vazn toifasida qatnashgan yurtdoshimiz dast ko‘tarishda 118, siltab ko‘tarishda 133, ikkikurash bo‘yicha esa 251 kg natija bilan musobaqani 10-o‘rinda tugatdi.
SARHISOB
Shunday qilib, Fransiya poytaxti Parij shahrida dunyoning 206 davlatidan 10 ming nafardan ortiq sportchi qatnashgan XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari yakunlandi. Uni tarkibidan MVSM vakillari ham o‘rin olgan O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng zo‘r natija bilan tugatdi! Muzaffar atletlarimiz murosasiz bellashuvlar davomida 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritib, Yangi O‘zbekiston qahramonlariga aylandi. Bu natija bilan delegatsiyamiz umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 13-o‘rinni egalladi. Italiya, Vengriya, Shvetsiya, Braziliya, Ukraina, Eron, Ruminiya, Belgiya kabi jahon sportida o‘z salohiyatiga ega bir qator mamlakatlar bizdan ortda qoldi. O‘zbekiston Osiyoda to‘rtinchi, shuningdek MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.
“Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari yana ko‘plab jihatlari bilan sportimiz tarixiga muhrlanmoqda. Jumladan, birinchi bor ayol atletimiz yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi, bokschilarimiz 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi, Olimpiadalarda ilk bor dzyudochilarimiz 3 ta, taekvondochilarimiz esa
2 ta medalga sazovor bo‘ldi va hokazo…
Parijdagi “Stad de Frans” stadionida XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Teatrlashtirilgan bu marosim “Rekordlar” nomi ostida o‘tkazildi. Unda dunyo davlatlarining sport jamoalari o‘z bayroqlari bilan maydonda saf tortdi. Tadbirni stadionda bevosita 70 ming nafar tomoshabin kuzatib bordi. Mazkur yopilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori vazifasini taekvondo WT bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, MVSM vakili Ulug‘bek Rashitov bajardi.
“Parij – 2024” o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi so‘ngida yozgi Olimpiada o‘yinlari bayrog‘i “Los-Anjeles – 2028” tashkiliy qo‘mitasiga topshirildi. Shunday ekan, biz ham xayr, “Parij – 2024”, salom, “Los-Anjeles – 2028”, deb qolamiz.
Rasul JUMAYEV,
“Vatanparvar”