Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash uchun yildan yilga harbiy qism tibbiyot punktlari, harbiy gospitallar qayta ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar, eng malakali mutaxassislar bilan butlanmoqda.
Mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami arafasida Termiz harbiy gospitali ham o‘z faoliyatini butunlay yangi qiyofada boshladi.
Davlatimiz rahbarining harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida qo‘ygan vazifalaridan kelib chiqib, Termiz harbiy gospitali infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi takomillashtirildi. Davolash-diagnostika bo‘limlari eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, mobil tibbiy komplekslar bilan ta’minlandi, ish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori texnologik davolash va tashxis qo‘yish, tibbiy reabilitatsiya usullari joriy etildi.
Ayni paytda 200 o‘rinli davolash sig‘imiga ega gospitalning 14 ta davolash va diagnostika bo‘limida
32 nafar shifokor, 110 nafar o‘rta va kichik tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda.
Gospitalning tibbiyot mutaxassislari zamonaviy tibbiy jihozlaridan foydalangan holda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishlari uchun 5 ta operatsion zal kecha-yu kunduz tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi va xorijiy davlatlar mutaxassislarini jalb etgan holda yuqori texnologik va kaminvaziv jarrohlik amaliyotlari hamda davolash diagnostika ishlarida hamkorlik qilishi belgilandi. Shuningdek, tadqiqotchilarning harbiy tibbiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borishlari hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining V-VI bosqich talabalari amaliyot o‘tashlari uchun ham barcha sharoitlar yaratildi.
Real jang maydoni effektini beruvchi maxsus o‘quv xonasida tashkil etiladigan mashg‘ulotlarda harbiy mojarolar vaqtida harakatlanish, jarohatlangan harbiy xizmatchilarga tez va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari egallanadi.
Gospitalda mustaqil kislorod ishlab chiqarish stansiyasining barpo etilgani, jarrohlik amaliyotlarini telemeditsina orqali kuzatish va maslahat beruvchi amaliyot xonalarining tashkil etilgani ham tashxis qo‘yish va davolashning yangi usullarini o‘zlashtirish hamda qo‘llash orqali bemorlarning qisqa muddatlarda shifo topib, oyoqqa turishlarida muhim o‘rin tutadi, albatta.
Qisqacha aytganda, zamonaviy tibbiy uskuna va texnika bilan qayta jihozlangan Termiz harbiy gospitali mamlakatimiz janubida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi. Bu ishlarning barchasi davlatimiz rahbariyati tomonidan Vatan himoyachilarining salomatligini mustahkamlashga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rliklar namunasidir.
F. ERGASHEV