Adir bo‘ylab tog‘ tomonga chiqib borar ekanmiz, dimog‘imizga kuz nafasi urildi. Qir-adir sariqlikka burkangan, xazonrezgilar orasida hali qurishga ulgurmagan, yam-yashil o‘tlarning yashab qolishga intilayotgani kishi ruhiyatiga qat’iyatlilik bag‘ishlaydi. Tabiatning bu ajib hodisalari insonlarga maqsadi sari olg‘a qadam tashlashida turtki bo‘layotgan bo‘lsa, ne ajab?!
Mashg‘ulot rahbarining ko‘rsatmalari asosida vazifasiga kirishgan harbiy xizmatchilar belgilangan nuqtalarga joylashish uchun shaylanayotgan paytda tabiatga oshno bo‘lgan shirin xayollarim ham ular singari tarqalib ketdi. “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida harbiy xizmatchilarning navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari shu tariqa boshlandi.
Shaxsiy tarkibning o‘ziga ajratilgan harbiy texnikalari shay holatga keltirilgan va “boshla” ishorasi bilan barcha birdek harakatlandi. Avval shartli nishongacha bo‘lgan masofa kuzatuv uskunalari orqali aniqlandi hamda yig‘ilgan ma’lumotlar asosida nishonga qarata o‘t ochildi. Kichik guruhlarga bo‘lingan harbiy xizmatchilardan tezkorlik, aniqlik va epchillik talab qilinadigan mashg‘ulotlar ofitserlar tomonidan kuzatib borildi.
– Bugungi o‘tkazilayotgan dala-o‘quv mashg‘ulotlarimizda asosiy e’tiborni har bir harbiy xizmatchi bilan individual ishlashga qaratganmiz. Qolaversa, “Ustoz-shogird” an’anasiga sodiq qolgan holda, yosh harbiylarimizning nazariy bilimlari amaliyotda toblanishi, ko‘nikma hosil bo‘lishi uchun tajribali ofitserlar bilan birgalikda harakatlar olib borilmoqda, – deydi podpolkovnik Farhod Ro‘ziqulov. – Bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning moslashuvchanligini mustahkamlash bilan bir qatorda, jangovar qurollardan mohirona foydalanish mahoratini oshiradi.
Mashg‘ulotlarning asl mohiyati yurt himoyachilarining faqatgina nishonga o‘q otishidan iborat bo‘lib qolmay, tabiiy sharoitlarga yaqin qilib yaratilgan universal to‘siqlar yo‘lagi orqali betalafot va epchillik bilan o‘tishdek shartlar ham o‘rin olgan. Yurtimizning tog‘li hududlari turli landshaftlardan iboratligini inobatga olsak, yurt posbonlari faoliyatida ham jismoniy, ham ruhiy matonatning nechog‘li zarur ekaniga amin bo‘lamiz.
– Qaysi bo‘linmada bo‘lishimizdan qat’i nazar, albatta, universal yo‘laklardagi to‘siqlardan o‘tamiz, – deydi kapitan Farrux Xo‘jayev. – “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida har bir bo‘linma uchun alohida shaharcha tashkil etilgan. Biz ham bo‘linmamiz bilan o‘zimizga ajratilgan o‘quv joyida mashg‘ulot o‘tkazmoqdamiz. Shunisi aniqki, universal yo‘laklardagi to‘siqlardan o‘tish harbiy xizmatchining irodasini toblaydi. Qolaversa, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Mana, bir necha kundan buyon dala-o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazyapmiz. Bu vaqt mobaynida bo‘linmamiz bilan o‘zimizga kerakli bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirdik. Eng asosiysi, jamoaviy ishlash jarayonlarida bunday mashg‘ulorlarning o‘rni beqiyos.
Harbiy xizmatchilar tomonidan o‘tkazilayotgan dala-o‘quv mashg‘ulotlari turli nuqtalarda davom etdi. Har bir bo‘linma o‘ziga yuklatilgan vazifani a’lo darajada uddaladi.
Quyosh ham cho‘qqining ortiga botib borar ekan, qosh qorayishiga qaramay, harbiy xizmatchilarning tungi mashg‘ulotlari davom etardi…
Sherzod SHARIPOV,
“Vatanparvar”