Juma, Avgust 23, 2024
HomemaqolalarNAVOIY ASARLARI HAMDA XALQ DOSTONLARIDA VATANPARVARLIK VА MILLIY QADRIYAT

NAVOIY ASARLARI HAMDA XALQ DOSTONLARIDA VATANPARVARLIK VА MILLIY QADRIYAT

Askar hech qachon urush tanlamaydi. U o‘z burchini, majburiyatini ta’minlash maqsadida Vatan himoyasiga otlanar ekan, o‘ziga qo‘yilgan jangovar vazifani sharaf bilan bajarishga harakat qiladi. Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farz hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va og‘ir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda xalq dostonlari va mumtoz asarlarning qimmati beqiyos.

JANGCHI BO‘LIB TUG‘ILISH, mardona kurashish, qahramonlarcha o‘lish aksar ajdodlarimizning bebaho hayot tarziga aylangan. Fikrimizni “Yusuf bilan Ahmad” va uning uzviy davomi sanalgan “Alibek bilan Bolibek” jangnoma dostonlari, Alisher Navoiyning “Risolayi tiyr andoxtan” risolasi tahlillarida ko‘rib chiqamiz.

Epik asarlarning muhimlilik darajasi, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillarida tobora kuchayib bordi. Chunki jangchilarni vatanparvarlik va qahramonlik ruhida tarbiyalash qo‘shin psixologiyasining muhim bo‘lagi hisoblanib, bunda folklorning ahamiyati beqiyos edi. Chunki qahramonlik va jangnoma dostonlarimizda jangchilarda vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otish, ularning ruhiy-psixologik ta’minotini mustahkamlash kabi zaruriy vazifalar baland notalarda kuylanadi. Shuningdek, ulardagi Vatan tinchligi yo‘lida birlashish, kurashish, jasorat ko‘rsatish strukturasi yorqin ranglarda ifodalangan bo‘lib, bu kabi komponentlar har bir jangchining shijoati va jangovarligini oshirishga xizmat qiladi.

Biz dostonlarning syujetiga to‘xtalib qolmasdan, ulardagi jasorat va diniy e’tiqod masalalariga e’tibor qaratamiz.

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida islom dinini qabul qilib, osuda yashayotgan Masal shohi Go‘zalshohga qo‘shni mamlakat G‘ulg‘ula shahrining shohi Shohpo‘latshohning maktub yo‘llashi navbatdagi ziddiyatli voqealar formulasini yaratadi.

U elchi orqali Masal podshosiga shunday mazmundagi noma bitadi:

– Yurtga Yusufbek Ahmad kelibdi, undan qo‘rqib, yuraging yorilib, joning chiqib, diningdan ayrilib, shularning gapini ma’qul, deb diniga kiribsan. Ana endi shu xatni ko‘rgandan so‘ng tavba qilib, uzr aytib, yangi dindan qaytib, avvalgi diningni qabul qilasan. Agar qaytmasang, ustingga lashkar tortib boraman…

Go‘zalshoh maktubni el-ulusga o‘qib eshittiradi.

Masal jangchilarining chin e’tiqodi, vatanparvarligi, botirligi quyidagi o‘rinlarda yaqqolroq ko‘rinadi:

– Ana, kelsa qilichimizning baldog‘i, miltig‘imizning qo‘ndog‘i qolguncha urushamiz. Ajalimiz yetsa, kunimiz bitsa, agar o‘lsak, shu dinimizda o‘lamiz.

Matndan anglashiladiki, ularning har so‘zida botirlik, e’tiqod kabi ulug‘vor xislatlar bo‘y ko‘rsatadi. Ushbu jangnoma dostonlarining janri dostonlarga xos bo‘lgan sa’j orqali ifodalanganini e’tiborga olsak, qahramonlarning she’riy uslubdagi monologlari asar ta’sirchanligini oshirib boradi.

BIR O‘RINDA JANGCHI: “Yurtni sevmoq odatidir erlarning…” desa, yana bir jangchi g‘animni: “Kelsang, qilich bilan aylay ziyofat…” deya ogohlantiradi. Ko‘rinib turibdiki, yurt taqdiriga xavf soluvchi har qanday holat jangchilarni ilonday qo‘zg‘atib, sherday na’ra torttirgan.

Dushman mamlakat ustiga bostirib kelayotgani xabarini eshitgan yurt fuqarolarining vatanparvarligiga e’tibor bering:

– …Yusufbekning yigitlarini andak achchig‘i keldi: – Bizga javob bering, urushamiz, boshiga boshimiz, tishiga tishimiz, Isfaxonning ichida chopishib o‘lisharmiz.

Yoki Dostonda Ashurbek sardor yigitlariga ko‘ngillik berib: “Shul dushmanga qilich urgan qirq yil toati beriyodin afzal”, degan so‘zni aytadi. Bu da’vatda chin ma’noda ikki dunyo saodati ko‘rinadiki, bu esa jangchilarni so‘nggi qoni qolguncha kurashishga chorlay olgan.

Darvoqe, bu yo‘sinda ulg‘ayish uchun jangchilar yillar davomida ta’lim oladi, jismoniy va ma’naviy kamolotga erishadi, yurtni hech bir tamasiz, yurakdan sevadigan bo‘ladi.

Ana shu vaziyatda jangchilarga xos bo‘lgan vatanparvarlik tuyg‘ulari yuzaga chiqadiki, hatto “Aslo vahmi-tars ko‘ngilga keltirmang, maydonda dushman bilan savashib, talashib o‘lsak, bizlarga qanday g‘animat. Oxiri odam bor, o‘lim bor. Bir kun bo‘lmoq, bir kun o‘lmoq. Iymoni bilan o‘lgan o‘lmaydi. Iymonli qul o‘lmaydi degan. Ey yigitlar, aslo g‘am yemanglar, o‘laman deb voyim qilmang”, – deya bir-birlariga dalda berishadi.

Alisher Navoiyning kamondan o‘q otish fazilatiga bag‘ishlangan “Risolayi tiyr andoxtan” nomli hajman kichik, bir nechta hadis va rivoyatlardan iborat risolasida muallif kamondan o‘q otish savobini diniy dalillar, hikoyatlar asosida tahlil qiladi.

Hazrat Odam Ato alayhissalom shayton hiylasi bilan jannatdan yerga tushirilgach, Allohning amri bilan dehqonchilik qiladi – bug‘doy ekadi. Ammo qarg‘alar ekilgan bug‘doyni kavlab, yeb qo‘ya boshlagach, Xudoga munojot qiladi. Shunda Yaratgan kamon va o‘q yuboradi. Yoydan o‘q otishni farishta Jabroil (alayhissalom) Odam alayhissalomga o‘rgatadi. Odam Atoning qarg‘alarga otgan birinchi o‘qi tegmaydi, farishta Jabroil alayhissalom tabassum qiladi. Ikkinchi bor otilgan o‘q nishonga tegadi, shunda Jabroil alayhissalom o‘z tabassumini quyidagicha izohlaydi: “Agar ilk o‘qing nishonga tekkanida qiyomatgacha hech narsa bolalaring qo‘lidan qutulmas edi”.

Odam Ato avlodlari yelkasidan necha asrlar o‘q-yoy tushmay keldi. Garchi Farishta ibtidoda Odam atoga qarg‘alarni mahv etish uchun o‘q otishni o‘rgatsa-da, buning ramziy ma’nosi keyinchalik ayonlashadi. Qarg‘a – qora tusdagi raqib, u turfa ko‘rinish va shaklda ham bo‘lishi mumkin. Demak, qurol himoyalanish, himoya qilish uchun in’om etilgan. Ilk o‘qning nishonga tegmagani esa Inson dunyosidagi nomukammallik, bandaga xos xato va kamchiliklardan nishona.

Keyinchalik o‘q-yoy insonning juft qanotiga aylandi. Ro‘zg‘or uchun ov qilish, tashqi dushmandan himoyalanish va boshqa yumushlarda uning o‘rni beqiyosligicha qoldi.

Hazrat Navoiy ushbu rivoyatni keltirar ekan, o‘q otishni Xudoning lutfi, Odam Safiy alayhissalomning mo‘jizasi, deb xulosa qiladi. Aslida o‘q otishning qanday savobi bor? Bu shunchaki dilxushlik emaski, ulkan ajrlar va’da qilinsa. Jangchi yurt himoyasidadir. Yurt himoyasi esa oliy amal sanalur. Navoiy bunga shunday hikoyat keltiradi:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamonchilikning fazilatini ko‘p aytdilar. Sahobalar kamondan o‘q otishning savobini qancha miqdorda deb so‘radilar. Shunda U Zot alayhissalom: “Agar kamonchilikning savobini aytsam, xalq tirikchilikni tashlab, kamondan o‘q otishga berilib ketadi. Bir soat o‘q otishning savobi ellik yillik toat savobi bilan tengdur. Agar kim o‘q otsa, Alloh unga jannatiylar savobini beradi, nishonga tegizsa, jannat eshigini ochib, bir hurni unga ataydi”.

Muallif bundagi savobning qanchalik ulkanligini boshqa bir voqea bilan dalillaydi:

– Shayxlardan Shafiqi Balxiy jon berish chog‘i o‘q-yoy olib kelib, o‘q otadi. Do‘stlari buni ko‘rib “Shayx shifo topibdi”, deb xursand bo‘ldilar. Shunda shayx o‘z holatini: “Umrim oxirlabdi, shunda bir yaxshi amal qilgim keldi. Biror amalni yoydan o‘q uzishdan ko‘ra yaxshiroq deb topmadim. Chunki o‘q otishda savob ko‘p”, deya izohlaydi.

Risolada keltirilgan qat’iy jumlalardan kishi sergak tortadi:

– “Kimki, kamonchilikni o‘rganib, so‘ng tark etsa, sunnatimdan yuz o‘girgan hisoblanadi. U mendan emas”.

Risoladagi barcha hikoyatlarda o‘q otish savobi va bu yo‘ldagi urinishlarga urg‘u beriladi. Demak, o‘q otishni o‘rganish ishtiyoqida bo‘lgan kishilarga bu qadar saxovat ko‘rsatilsa, tom ma’noda Vatan himoyasi uchun xizmat qilayotgan o‘g‘lonlarga qanchalar sano aytilishini tasavvur qilavering.

– Bir kuni Payg‘ambarimiz alayhissalom borar edilar. Sahoba Sa’d Vaqqosning o‘z farzandlariga kamondan o‘q otishni o‘rgatayotgani ustidan chiqdilar. Rasululloh tomosha qilib turdilar. Shu payt bir yigit kelib, yoydan o‘q uzdi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam xushnud bo‘ldilar. Sahobalar buning sababini so‘raganlarida: “U yigit kelganida gunohlari ko‘p edi, o‘q otdi – gunohlari to‘kildi, shuning uchun shodlandim”, – deb izoh berdilar.

Navoiy zakiy inson sifatida bu amalning sharafini yanada ko‘klarga ko‘tarar ekan, o‘quvchi qalbiga yorqinroq tasavvur berishi uchun shunday deydi:

– Agar bir joyga masjid quriladigan bo‘lsa, u yer menda masjid quradilar deb 40 yil oldin shodlanadi. Agar bir yerda o‘q otiladigan bo‘lsa, u yer menda o‘q otiladi deb 80 yil ilgari xursand bo‘ladi.

Shoirning betimsol badiiyati shundaki, hadis va rivoyatlarning ichki haroratini sezib, ularni tartibli bir ipga tiza oladi. Risoladagi voqealar ma’no va mazmunan bir-biridan ulgi olib boradi: – Ali karramallohu vajhahu goho yalang bosh va yalang oyoq o‘q keltirar edilar. Bir kuni Sa’d Vaqqos o‘q otar edilar. Jabroil alayhissalom keldilar. Rasululloh alayhissalom men uchun o‘q ot dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom men uchun ham Sa’d o‘q otsin dedi. Sa’d Vaqqos o‘q otdilar. Shunda Rasululloh alayhissalom Xudoyi taolo nomi uchun o‘q otgil dedilar. Sa’d o‘q otdilar. Sahobalar nishonga borib, ikki o‘qni topib, uchinchisini topolmadilar. Jabroil alayhissalom aytdilarki: “Yo Muhammad, u o‘qni topmasinlar. Bu o‘q jannatda Sa’d Vaqqos uchun yer olib turibdi…”

Risola ushbu hikoyatlar bilan yakun topadi. Aslida Navoiy o‘q otishning mohiyatini el-ulusga soddagina bayon qilsa ham bo‘lar edi, ammo u rivoyat va hadislar yo‘lidan boradi. Harb ishini-da diniy dalillar, hikoyatlar bilan go‘zallashtirishga, ko‘rk berishga urinadi va buning uddasidan chiqadi.

Demak, yuqorida tahlil etilgan ikki doston va bir risola harbiy-vatanparvarlik tamoyillarini harbiy xizmatchilar ongiga singdirishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi.

BIRINCHIDAN, tahlil qilingan manbalar harbiy xizmatchida Vatan himoyasi uchun zarur bo‘lgan axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ularning yuksak ma’naviy jasorati va e’tiqodini mustahkamlash kabi muhim vazifalarni amalga oshiradi.

IKKINCHIDAN, yoshlar ongida harbiy xizmatning ijtimoiy ahamiyatini mustahkamlaydi, Qurolli Kuchlarimizga muhabbat, ma’naviy-ruhiy immunitetni oshirishga xizmat qiladi.

UCHINCHIDAN, yuqoridagi asarlar Vatan ozodligi va farovonligini yakdil saqlash, bu yo‘lda har qanday dushman bilan yakkama-yakka kurashishga shaylik normalariga asoslanganini inobatga olsak, ushbu tadqiqot harbiy xizmatchilarning ekstremal sharoitlarda ham ruhiy barqarorligini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Kapitan Bobur ELMURODOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine