Ta’lim sohasining mutaxassisi sifatida davrimiz kichkintoylarining kompyuter dasturlari va mobil telefonlari funksiyalarini juda tez o‘zlashtirib olishlarini ko‘rib, hayratlanganlarni ko‘p uchrataman. Kompyuter o‘yinlarini bir ko‘rishdayoq tushunib, berilib o‘ynayotgan bolakaylar kattalarni ham hayron qoldiradi, ham tashvishga soladi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik farzandlariga go‘daklik chog‘idayoq elektron o‘yinchoq olib beradi. Turli yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan bunday o‘yinchoqlarni bugungi kunda yurtimizning istalgan nuqtasidan topish mumkin.
Zamonaviy axborot texnologiyalari bugun ko‘pchilikning uyidan joy olgan, ulardan voz kechib bo‘lmaydi. Chunki virtual olam odamni, ayniqsa yoshlarni ohanrabodek o‘ziga tortadi. To‘g‘ri, zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak, aks holda, taraqqiyotdan ortda qolib ketish hech gap emas. Ammo tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, zamonaviy texnologiyalarning ham salbiy oqibatlari borligini unutmaslik lozim. Ming afsuski, bolalar o‘zlarining beg‘ubor va takrorlanmas bolalalik degan bebaho dunyosini virtual olamga almashtirib qo‘ymoqda.
Shu narsa aniq: kompyuter o‘yinlariga qaramlik mavjud. Qanday qilib kompyuter o‘yinlariga qaramlikning oldini olish mumkin? Najotni qayerdan izlash kerak? Buning biror chorasi bormi? Bu savollarga javob berishdan oldin quyidagilarni bilib olaylik:
- Kompyuter o‘yinidan chalg‘ishni istamaslik.
- Eyforiya yoki shunchaki kompyuterda va o‘yin davomida o‘zingizni yaxshi his qilish.
- Kompyuterda o‘tkazadigan vaqtni rejalashtirmaslik.
- Kompyuterda o‘tirib, uy va ish vazifalari, o‘qishlar, kelishuvlar, rejalashtirilgan uchrashuvlar haqida unutish.
- Qurilmalar va kompyuter dasturlarini doimiy yangilash uchun katta pul mablag‘lari sarflash.
- Uyquga, gigiyenaga, sog‘liqqa e’tibor bermaslik, o‘yinga imkon qadar ko‘proq vaqt sarflash.
- Odatiy ovqatlanishdan bosh tortish, kompyuter oldida tartibsiz ovqatlanish.
- Psixostimulyatorlarni suiiste’mol qilish: kofe, turli energetik ichimliklar.
- Hech bo‘lmaganda biror narsani tushunadigan har bir kishi bilan kompyuter o‘yinini muhokama qilishning obsessiv istagi.
O‘yinlarning salbiy oqibatlari farzandlarimizning ruhiyatiga ham ta’sir qilmoqda. Kompyuter nuri nafaqat bolalarni, hatto kattalarni ham ruhan, ham jismonan toliqtiradi. Afsuski, bola kerakli fiziologik quvvatni texnika yonida soatlab o‘tirishi natijasida yo‘qotadi. Natijada u so‘lg‘in, jizzaki, odamovi bo‘lib qoladi. Bolalar uchun kompyuter o‘yinlarining zarari ayniqsa sezilarli bo‘lib, ular orasida o‘smirlar alohida xavf guruhidir.
Bir necha kun ichida ularning ruhiyati o‘yinlarning salbiy ta’siriga berilib ketadi va ota-onalar farzandini kompyuterdan qanday uzib qo‘yish kerakligi haqidagi katta muammoga duch keladi. Bolalarning ko‘p vaqtlarini kompyuter olamiga bag‘ishlashi ularning organizmida ba’zi fiziologik o‘zgarishlarga, hatto jiddiy kasalliklarga olib kelishi hech kimga sir emas. Tezda holdan toyish, umurtqaning qiyshayish holatlari, bosh miya va tanada qon aylanishining buzilishi, ruhiy toliqish va tez asabiylashish holatlari kuzatiladi. Eng asosiysi, insonning ko‘rish qobiliyati pasayadi. Kompyuter o‘yinida g‘alabaga intilayotgan bola o‘z maqsadiga erishmaguncha soatlab harakat qiladi. Bu undagi xudbinlikni (egoizm) kuchaytiradi. Televizor yoki kompyuter ekranidan chiqayotgan sun’iy nur ko‘zga zararli ta’sir etadi.
Eng xavflisi – bolalarning qiziqish doirasi torayadi, o‘zining shaxsiy olamini yaratishga intilish hamda real borliqdan uzoqlashish hollari vujudga keladi. Kattalarning gapi, nasihati ularga xuddi ortiqcha gapdek tuyuladi va qanday bo‘lmasin, o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qiladilar. Atrofdagilarga bemehr bo‘ladi. U o‘yinda dushmanni o‘ldiradi. Natijada hayotda odamlarga befarq bo‘lib qoladi. Ularga maxluq sifatida qaraydi. Internet klublarida yoshlar ayni o‘qib ilm oladigan paytida vaqtlarini bekorchi o‘yinlarga, ijtimoiy tarmoqlarda mutlaqo notanish shaxslar bilan tanishishga sarflayotgani tashvishli holat.
Kompyuter o‘yinlariga qaramlikni davolashning faqat bitta usuli bor, ammo bu oson ish emas. Qaram odamni kompyuter o‘yinlaridan bir necha daqiqada chalg‘itishingiz mumkin, shunchaki u bilan hayotning ma’nosi borasida suhbatni boshlash va uning bu boradagi fikrlarini diqqat bilan tinglash. Uning e’tiborini savollar bilan jalb qilish orqali siz uni asta-sekin qimor o‘yinlaridan chiqarishingiz mumkin.
Kompyuter o‘yinlariga qaram bo‘lgan odam virtual olamda yashaydi, faqat vaqti-vaqti bilan oflayn rejimga o‘tadi. Ayniqsa, o‘quvchi-yoshlar uchun bilim olish, maktabga borish, sport bilan shug‘ullanish, uy ishlariga qarashish kabi vazifalar ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Bu esa yoshlarning aqlan va jismonan rivojlanishiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.
Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”, degan hayotiy da’vat har birimizning, ota-onalar va keng jamoatchilik ongi va qalbidan mustahkam o‘rin egallagan. O‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan yoshlar hisoblanadi. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasligi kerak. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin.
Bunga nimaning hisobidan erishamiz? “Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, deya ta’kidladi Prezidentimiz. Jumladan, yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi. Bularning barchasi yoshlarning virtual olamdan oqilona foydalanishiga zamin yaratmoqda.
Inson ilm, aql, tajriba va farosatda boshqalardan ustun bo‘lishi kerak. U ishlarning qaysi biri foydali, qay biri zararli ekanini oldindan ko‘ra bilishi lozim. Agar siz kompyuterda uzoq vaqt o‘tirsangiz, o‘yin o‘ynasangiz, individualligingizni yo‘qotishingiz mumkin. Agar doimo virtual olamda yo‘qolib qoladigan bo‘lsangiz, birinchi navbatda, o‘zingizni baxtdan mahrum qilasiz. Shuning uchun har narsada me’yorni unutmasligingiz kerak.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, agar siz o‘yinga o‘yin sifatida qarasangiz, u jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Aksincha, oqilona yondashuv bilan u sizga foydali narsalarni ham o‘rgatishi mumkin.
Dilorom HAYDAROVA,
Qo‘qon davlat pedagogika
instituti o‘qituvchisi