Juma, Sentabr 6, 2024
HomeyangiliklarOLIMPIADA CHEMPIONLARI SHARAFLANDI

OLIMPIADA CHEMPIONLARI SHARAFLANDI

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz,  birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, davlat tashkilotlari mas’ul vakillari, harbiy xizmatchilar va faxriylar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda harbiy sportchilar ishtirok etdi.

Tantanada mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov barchani eng ulug‘ va eng aziz bayram bilan qutlar ekan, o‘tgan o‘ttiz uch yil davomida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Bu jarayonda mudofaa qurilishi sohasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, yangilanishlarga to‘xtaldi, islohotlar natijasida armiyaning jangovar salohiyati yuksalganini harbiy xizmatchilarimizning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari misolida so‘zladi. Harbiy sportchilarimizning “Parij – 2024” yozgi Olimpiada o‘yinlarida  ko‘rsatgan jasorat va matonatini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq, Olimpiada o‘yinlarida 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni band etib, O‘zbekiston Respublikasi hamda Qurolli Kuchlar nufuzini xalqaro darajada yanada oshirgan harbiy sportchilar munosib taqdirlandi.

Xususan, -52 kg vazn toifasida dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk oltin medal sohibasi bo‘lgan Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin navbatdagi “katta leytenant” harbiy unvoni va “To‘maris” ko‘krak nishoni topshirildi.

-68 kg vazn toifasida taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk bor ikki karra Olimpiada oltin medali sohibi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi kichik serjant Ulug‘bek Rashitov “leytenant” harbiy unvonini qabul qilib oldi.

Taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida ilk kumush medal sohibasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport bo‘limi sportchisi kichik serjant Svetlana Osipovaga ham boshlang‘ich ofitserlik “leytenant” harbiy unvoni  va “To‘maris” ko‘krak nishoni topshirildi.

-57 kg vazn toifasida boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda jasorat ko‘rsatgan Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport bo‘limi sportchisi oddiy askar Sitora Turdibekova ham “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

“Parij – 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishdagi faolligi hamda hamkorligi uchun Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchi Xan Pavel Afanasyevichga ikki xonali uy kaliti topshirilgani yana bir o‘ziga xos quvonchli voqea bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha ayollar bosh murabbiyi Elshod Rasulov, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchisi Akmal Hasanov mudofaa vazirining “Malakali ustoz” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

– Tantanada harbiy sportchilar haqida aytilgan iliq fikrlar, ko‘rsatilgan hurmat va ehtiromdan boshim ko‘kka yetdi, – deydi katta leytenant Diyora Keldiyorova. – Ayniqsa, mudofaa vaziridan muddatidan oldin “katta leytenant” unvonini qabul qilib olganimda quvonchim ikki karra ortdi. Bugungi hayajonimni ta’riflashga tilim ojiz. Qalbimda harbiy sportchi ekanligimdan faxrlanish hissi jo‘sh uryapti. Bu rag‘bat, bu e’tirof, yana yurtdoshlarimning, yaqinlarimning mehr-muhabbati menga yangi-yangi zafarlarni quchishda ilhom beryapti.  Buning uchun barcha-barchadan cheksiz minnatdorman.

Tadbirda mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan, yuqori professional mahorati, harbiy-vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etayotgan harbiy xizmatchi va Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda faxriylar  ham munosib rag‘batlantirildi.

 

Podpolkovnik

Gulnora HOJIMURODOVA

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine