Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarMANGUBERDINING MUNOSIB IZDOSHLARI

MANGUBERDINING MUNOSIB IZDOSHLARI

Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayramiga hamohang ravishda Urganch shahrida o‘tgan yili faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyining birinchi bosqich o‘quvchilari yurtimiz va millatimiz faxri, xalqimizning buyuk farzandi, mardlik va jasorat timsoli, el-yurt istiqloli uchun kurashgan bobokalonimiz, ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdiga munosib izdosh, vatanparvar va jasur voris bo‘lishga tantanali va’da berishdi.

Jasorat va mardlik timsoli bo‘lmish Urganch shahrining markazida joylashgan Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasida o‘tgan tantanada Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hokimligi rahbariyati, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, o‘quvchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarligini yanada rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Urganch shahrida o‘tgan yili zamonaviy loyiha asosida 300 o‘rinli harbiy akademik litsey barpo etilib, foydalanishga topshirilgan edi. Bu yilda yangi harbiy litsey tarixida ikkinchi marotaba birinchi bosqichga qabul qilingan 150 nafar yosh tantanali marosimda ishtirok etib, ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, davlatimiz qonunlariga itoat etishga, Jaloliddin Manguberdi bobomizga munosib izdosh bo‘lishga va’da berishdi.

Tantanali marosimda nutq so‘zlagan general-mayor Farhodjon Shermatov dunyodagi eng ulkan qahramonlik – bu Vatan mustaqilligi va ozodligi yo‘lida ko‘rsatilgan mardlik va jasorat ekanligi, bunday qahramonlik aslo unutilmasligi va hamisha xalq qalbida yashashini e’tirof etdi. Bu yildan ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar bilan to‘liq butlangani, bunda o‘qituvchilar qat’iy sinov va shaffof qabul tizimi asosida tanlab olingani ta’kidlandi. Bu dargoh yoshlarni haqiqiy vatanparvar, yurtsevar, jasur va dovyurak qilib tarbiyalaydigan maskan ekaniga alohida urg‘u berildi.

Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Sulton Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan kam uchraydi. Bu fikrlarni donishmand alloma va odil hukmdor Mirzo Ulug‘bekning “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir jangchini ko‘rmagan. Bu zotning azm-u shijoati oldida hatto buyuklikning o‘zi ham ta’zim qiladi”, degan so‘zlari yaqqol tasdiqlaydi.

Tadbir davomida Urganch garnizoni harbiy xizmatchilarining qo‘ljangi chiqishlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda Xorazm viloyati xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar uzoq va yaqindan kelgan o‘quvchilarning yaqinlariga xush kayfiyat ulashdi.

Tantanadan so‘ng o‘quvchilarning ota-onalariga harbiy akademik litsey bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

 

Podpolkovnik Timur NARZIYEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

matbuot xizmati boshlig‘i

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine