Juma, Sentabr 6, 2024
HomemaqolalarNOLA QILAR DARSHABOT ARIQ

NOLA QILAR DARSHABOT ARIQ

“1920-yilning marti. Qo‘mondon Frunze boshchiligidagi qizil armiya askarlari vodiydagi qo‘rboshilik harakatini tugatish, istibdodga qarshi bosh ko‘tarayotgan xalq qo‘zg‘olonlarini bostirish maqsadida Qo‘qonga keldi. Ularga Rajabgardi va O‘qchi qishloqlarida qo‘rboshilarning uyasi joylashgani haqida xabar yetganligi sababli asosiy kuch shu tomonga qaratildi…”

Qishlog‘imiz oqsoqoli Quvvatali amakining xotiralar kitobini o‘qir ekanman, asrlar davomida o‘zanini yo‘qotmay oqayotgan Darshabot arig‘i bilan bog‘liq voqealar diqqatimni tortdi. Bizning Rajabgardi va u bilan yonma-yon joylashgan O‘qchi qishlog‘i vodiyni o‘rab turgan Oloy tog‘i adirliklarining etagida joylashgan bo‘lib, So‘x soyining Qirg‘iziston chegarasidan o‘tib, vodiyga quyilish qismi shu yerdan boshlangan. Shu sababli suv boshi hisoblangan bu ikki qishloqdan tuman markazi bo‘lmish Yaypan shahri atrofidagi o‘nlab qishloqlarga suv yetkazish maqsadida ariq qazilgan. Qishloqning chetidan o‘tgan bu ariqlarga Darshabot ariq, Hasan ariq, Oqyozi ariq deb suv ichuvchi qishloqlarning nomi berilgan.

Yonma-yon joylashgan bu ariqlarning qirg‘oqlari bir-biriga tutashib ketgan yovvoyi jiyda, do‘lana, itburun changallari bilan qalin qoplangan bo‘lib, yiliga ikki marotaba bahor va kuz oylarida shu qishloqlardan ariq qazuvchilar, ya’ni poyishkanchilar kelib o‘z ariqlarini tozalab turishgan. Rus armiyasi askarlari qo‘rboshilarning manzilini aniqlash maqsadida qishloqqa kirib kelganida ham bahorning dastlabki oyi bo‘lgani uchun deyarli barcha erkaklar omoch-u ketmon bilan dalada, ikki yuzdan ziyod poyishkanchilar esa Hasan ariq va Oqyozi ariqlarini qazish bilan band bo‘lgan.

Ikki qishloq – O‘qchi va Rajabgardi mahallalarida uyma-uy yurib, qo‘rboshilarni surishtirgan qizil askarlar qishloq ahlidan ularning bu yerda hech qanday manzili yo‘qligi haqidagi javobni oladi. Biroq makoni adirliklar orasida bo‘lgan qo‘rboshilar bu yerga bosqinchilar askarlari kelgani haqidagi xabarni eshitib, adirdan O‘qchi qishlog‘iga tushishadi va orada jang bo‘lib o‘tadi. Oz sonli qo‘rboshilar kuchlar teng emasligini anglab adirga chekinadi. To‘rt askar va bir komandiridan ayrilgan qizil askarlarning jang tafsiloti Frunzega yetkaziladi. Ko‘zi qonga to‘lgan rus armiyasi qo‘mondoni ularga yetkazilgan talafot, o‘ldirilgan askarlar xuni uchun mana shu ikki qishloqdagi o‘n to‘rt yoshdan oshgan barcha erkak zotini to‘rt soat davomida qatag‘on qilishga, ya’ni otuv hukmiga buyruq beradi.

Kelgindilardan bu qadar beshafqatlik kutmagan qurolsiz qishloq erkaklari bir-ikki qarshilik ko‘rsatishadiki, foydasi yo‘q. Shunda eni uch metrdan ziyodroq Darshabot ariqda katta suv bo‘lib, Rajabgardi qishlog‘ining jon asrashga ulgurgan barcha o‘smir-u erkaklari ariq qirg‘og‘idagi changallar orasiga yashirindi. Miltiq va miltiq uchiga o‘rnatilgan uzun nayza va qilich bilan qurollangan bosqinchilar buni anglab qolib, 138 gunohsizni nayza sanchib va qilich bilan chopib, 32 kishini esa otib o‘ldiradi. O‘qchi qishlog‘i hududida o‘z ariqlarini qaziyotgan, hech gapdan bexabar ikki yuzdan ziyod poyishkanchilarning birortasi ham omon qolmay, Darshabot ariq qirg‘og‘ida qatl etiladi.

Aytishlaricha, bu qirg‘inbarotdan qo‘rqib ketgan yoshgina juvon ikki bolasi bilan ariq ustidagi ko‘prik tagiga yashiringan ekan. Kun bo‘yi o‘tirib toliqqan, qorni ochgan bolalarining biri non deb injiqlik qilganida ko‘prik ostidagi yig‘i tovushini eshitgan bosqinchilar ona va bolalarni o‘sha zahoti nayza sanchib o‘ldirganini qishloq ahli hamon afsonaday yodda saqlaydi. Xullas, o‘sha kuni necha minglab insonlarga obihayot ulashgan Darshabot arig‘ining suvi to‘rt yuzdan ziyod shahid ketgan gunohsiz jabrdiydalarning qoniga yo‘g‘riladi.

Aslida, shu kuni qatl etilganlar soni yetti yuzdan ortiq bo‘lib, bular qilichdan o‘tkazilgan O‘qchi qishlog‘ining erkaklari va Rajabgardi qishlog‘idagi dalada ishlayotgan dehqonlar va qishloqning chetidagi, ya’ni Qo‘rg‘oncha mahallasida o‘ldirilgan bolalar va ayollar edi. Ya’ni Qo‘rg‘onchada istiqomat qilgan xonadon erkaklari to‘rt ayol va o‘n yetti bolani somonxona ostidagi yerto‘laga yashirib, o‘zlari qochishga ulgurgan. Ularni payqab qolgan bosqinchilar bo‘lajak qurbonlari ayollar va bolalar ekanligini aniqlagan holda somonxonaga o‘t qo‘yib, ularning tutunga bo‘g‘ilib jon berishini kuzatib turgan.

Mal’un bosqinchilar qishloqda erkaklar qolmaganiga ishonch hosil qilgach, sirkorlik, burkorlik, vassajuftlik usulida qurilgan 62 ta o‘ziga to‘q oilaning uylariga o‘t qo‘ygan. Kechga tomon borib vahshiy dushman bu yerlarni tark etgach, qishloqda ko‘tarilgan dod-u faryod borliqni larzaga keltirgan ekan. Yuzlab shahid ketganlarni qabristonga qo‘yish uchun qishloqning kayvoni onaxonlari boshchiligida ayollardan uchta guruh tuzilgan. Ular mash’alalar yordamida qatl etilganlarni qabristonga yig‘ib dafn etishgan. Keksalarning aytishlaricha, bu begunohlarning ko‘plari eski qabrlarga ikkitadan, uchtadan qo‘yilgan. Negaki necha yuzlab insonlarga qabr qazish ayollar uchun qiyin kechgan. Bu achchiq xotiralarning davomi uzoq. Chunki bunday qonxo‘rlik bilan bostirishlar yozga chiqib yana va yana davom etgan. Xalq dardi, millat ko‘ksining og‘rig‘iga aylangan bu voqea hamon unutilgan emas. Hali-hanuz qishloq ahli orasida “Darshabot arig‘ining suvi qon bo‘lib oqqan yillar”, degan ibora ko‘p ishlatiladi. Ta’kidlashlaricha, o‘sha qayg‘uli kunda uning suvi 20–30 chaqirim uzoqlarga qadar qon bo‘lib oqqan.

Hozirda uning yonidagi Hasan ariq va Oqyozi ariqlari o‘rniga sement kanal qurilgan. Ammo zamon o‘zgarishlari ham Darshabot arig‘iga daxl qila olmadi. U hamon o‘zining eski o‘zani bo‘ylab shahid ketgan gunohsiz insonlarning achchiq xotirasini bag‘riga bosgancha sokin oqmoqda. Ha, uning suvi ilgarigidek shiddatli emas. Ammo asrlar yuziga ajin solgan miskin  momodek hamon nolali xotiralar so‘zlaydi…

Bag‘ri kuyuk, bag‘ri suyuk Darshabot ariq,

Ne jonlarga obi-hayot ulashgan Ona.

Xotirlar dardi bilan bag‘ri qabariq,

Xotirlar dardi bilan oqar devona.

 

Nolasiga quloq tuting: shahid jonlarning

Istibdodga bosh ko‘targan isyoni yashar,

Erk yalovin baland tutgan but imonlarning

Har qadamin qo‘llab turar bu ruhiy bashar.

 

Bag‘ri najot bo‘lolmagan Darshabot ariq,

Necha yillar ko‘z yoshlarga bo‘loldi tirgak.

Bunda har tun ona yig‘lar ranglari sariq,

Bunda har tong bosh egadi beva kelinchak.

 

Yillar o‘tdi armonlarni ilkiga osib,

Hurriyatdan charog‘ondir ushbu kun borliq.

Ammo shahid bolalarin ko‘ksiga bosib,

Hamon mungli nola qilar Darshabot ariq.

 

Zulfiya YUNUSOVA

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine