Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarSERJANTLAR KORPUSINI RIVOJLANTIRISH – DAVR TALABI

SERJANTLAR KORPUSINI RIVOJLANTIRISH – DAVR TALABI

Serjantlar – armiyamiz tayanchi. Bu ibora o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, albatta. Chunki turli murakkablikdagi o‘quv mashg‘ulotlarida ham, jangovar vazifalarni bajarishda ham serjantlar korpusining alohida vazifasi bor. Ularning fidoyiligini, jonkuyarligini butun dunyo armiyalarida kuzatish mumkin. Xususan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida ham serjantlarning o‘z o‘rni va ahamiyati bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining professional serjantlar korpusi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi “bosh serjant” va “bosh serjant yordamchisi” lavozimlari joriy etildi. Ular serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar orasidan alohida tanlov asosida saralab olindi.

Xo‘sh, bu yangi lavozimlarni joriy etishdan qanday maqsadlar ko‘zda tutilgan? Dastlab shu savolga javob izlaymiz. Demak:

– Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida professional serjantlar korpusi faoliyatini takomillashtirish va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi darajasini oshirish;

– shaxsiy tarkibning mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini tizimli ravishda oshirib borishni tashkillashtirish orqali doimiy ravishda qo‘shinlarning jangovar shayligini yuqori darajada ushlab turish;

– harbiy jamoalarda yuqori axloqiy-jangovar muhitni yaratish, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik dasturini samarali o‘zlashtirishlari uchun zarur sharoitlar yaratish;

– serjantlar lavozimlaridagi harbiy xizmatning maqomi va nufuzini oshirish hamda ularning qo‘shinlardagi ahamiyati va tarbiyaviy rolini kuchaytirish;

– harbiy xizmatchilarni egallab turgan mutaxassisliklari bo‘yicha kasbiy bilim va mahoratlarini oshirish hamda qo‘shinlarda yuqori ma’naviyatli, harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ulari va shaxsiy mas’uliyat hissi yuksak bo‘lgan harbiy xizmatchilarni shakllantirish.

Hozirgi kunda joriy etilgan ushbu yangi lavozimlarga alohida saralash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tayinlandi. Ular markaziy apparatda Mudofaa vazirligi bosh serjanti, bosh serjant yordamchilari, harbiy okruglarda bosh serjant va bosh serjant yordamchilari, harbiy qism, batalyon va vzvodlarda tegishliligi bo‘yicha bosh serjant lavozimlarida o‘z faoliyatlarini boshladi.

– Ushbu yangi lavozimlarni joriy etishda bir qancha xorij armiyalari, xususan AQSh, Britaniya, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlardagi serjantlar korpusi faoliyatini puxta o‘rgandik. Natijada shu narsa oydinlashdiki, kundan kun yangilanib, rivojlanib borayotgan harbiy taktikalarni o‘zlashtirishda, ularni qo‘shinlarga joriy etishda serjantlarning boy tajriba va malakasidan samarali foydalanish yaxshi natija bergan. Shu bois yangi lavozimlarga tayinlangan harbiy xizmatchilardan ko‘p narsa kutilyapti. Ular qo‘shinlarda yuqori malakaga ega, professional tayyorgarligi yuqori bo‘lgan tajribali serjantlar tarkibidan saralab olindi, – deydi podpolkovnik G‘ulomnazir Nazriddinov. – Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, bosh serjant va bosh serjant yordamchilari komandirlarning bevosita yordamchisi va maslahatchisi bo‘lib, ofitserlar va serjantlar korpusini bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ular lavozimlarga tayinlanishdan avval Qurolli Kuchlar akademiyasi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida alohida o‘quv metodi asosida tahsil olishdi. Yana shuni ta’kidlab o‘tishni istardimki, bu lavozimlarga tayinlangan aksariyat harbiy xizmatchilarimiz jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etgan. Demak, ular qo‘shinning jangovar tayyorgarligini oshirish, jangovar vaziyatlarda komandirlarga muhim tavsiya va maslahatlar berish ko‘nikmasiga ega.

Milliy armiyamizdagi bu yangilikdan qo‘shinni xabardor qilish, ular faoliyati bilan bevosita tanishish maqsadida Mudofaa vazirligi bosh serjanti Alisher Mirzakarimov va uning qo‘shin turlari bo‘yicha yordamchilari hamrohligida Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qismlar va “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida bo‘ldik.

Qayd etish joizki, harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish va qo‘shinlarda o‘tkazilayotgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ular ishtiroki juda muhim. Chunki yangi xizmatga chaqirilgan yosh harbiy xizmatchilarning moslashuv davri, ularning mashg‘ulotlarga tez kirishib ketishi, harbiy jamoalardagi muhit, mashg‘ulotlardagi samaradorlik; bularning barida bosh serjant va bosh serjant yordamchilarining o‘rni va ahamiyatini sezish qiyin emas.

– Biz qo‘shinlarda xizmat qilayotgan har bir serjant va askarning har qanday vaziyatda, istalgan hududda, istalgan vaqtda va istalgan sharoitda jangovar vazifani nuqsonlarsiz, talafotlarsiz bajarishiga erishishni maqsad qilganmiz va bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz, – deydi Mudofaa vazirligi bosh serjanti yordamchisi serjant-mayor G‘iyos Ro‘ziyev. – Faoliyatimiz davomida qo‘shinlardagi jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etib, ularni takomillashtirish, rivojlantirish va yangi usul va uslublarni joriy etish bo‘yicha yuqori qo‘mondonlikka o‘z taklif hamda tavsiyalarimizni berib kelyapmiz. Natijada esa ba’zi bir-birini takrorlovchi, samaradorligi yuqori bo‘lmagan mashg‘ulot turlaridan voz kechyapmiz. Ularning o‘rnini esa yangi va zamonaviylari bilan to‘ldiryapmiz. Albatta, hali zimmamizda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar juda ko‘p. Chunki kechagi taktika bugunga, bugungisi esa ertaga to‘g‘ri kelmay qolayotgan tezkor, shiddatli zamonda yashayapmiz. Shu bois biz tinimsiz harakat va izlanishdamiz.

Joriy etilgan yangi tizim va unda faoliyat yuritayotgan harbiy xizmatchilarga ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 

Katta leytenant

Islomjon QO‘CHQOROV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine