Juma, Oktabr 11, 2024
HomemaqolalarXABARCHI QUSHLAR – QADIMDAN XIX ASRGACHA

XABARCHI QUSHLAR – QADIMDAN XIX ASRGACHA

Dunyo va albatta, turkiy xalqlar tarixiga oid manbalarda qushlar bilan bog‘liq hodisa va rivoyatlar shu qadar ko‘p, ularda qanotli jonzotlar odamning beminnat yordamchisi, do‘sti, elchisi, homiysi, odam ruhining timsoli ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Tur qushi Qaqnus, Semurg‘, Anqo, Humo, Bulbuligo‘yo, Davlat qushi, Kabutar, Baxt qushi… Ular orasida kabutarlar elchi, xabarchi vazifasini bajarib, bu sifat uning ixcham jussasiga to‘la mos. Quyida bo‘yni kalta, tanasi miqti, qanotlari baquvvat, erkin va tez uchadigan kabutarlar bilan bog‘liq rivoyat va hayotiy hikoyalar, ularning xabarchiligiga oid qiziqarli ma’lumotlar to‘plandi.

Nuh kabutari

Xabarchi qushlar haqidagi ilk ma’lumotlar muqaddas kitoblarda uchraydi.

Nuh alayhissalom kemasi va u bilan bog‘liq hikoyalar “Qissasi Rabg‘uziyda ham hikoya qilinadi.

To‘fon tinganidan keyin “Yer yuzida qancha miqdorda suv qoldi, yerning qancha miqdori ochildi? Buning xabarini menga kim keltiradi? – dedi Nuh alayhissalom.

– Men borayin, – dedi qoraqarg‘a.

– Unga kim kafillik bergay? – dedi Nuh. Xo‘roz kafil bo‘ldi, qarg‘a yo‘lga tushdi. Ko‘rsaki, yerning betida o‘liklar ko‘p ekan, uni yemakka andarmon bo‘lib, kech qoldi. Xo‘roz vaqt bo‘lganini qarg‘aga bildirish uchun kemaning tomiga chiqib, qanot qoqib, uni chorlay boshladi. Qarg‘a esa kelavermadi. Nuh alayhissalom xo‘rozni ushlab qoldi. Shu bois tovuqlar uchmaydigan bo‘lib, odamlar bilan birga qoldilar. Nuh alayhissalom qarg‘ani duo qildi, Olloh taolo uni ijobat qildi. Qarg‘aning umri qattiq mashaqqatda, xavotirda oxir bo‘lar, chunki u yo‘ldan qaytmishda o‘ng-u so‘lga boqqani uchun.

Nuh alayhissalom kabutarni jo‘natdi.

– Tezda xabar keltirgil! – dedi. Yo‘lga tushdi. Yer ko‘rindi, u soyga qo‘nganda oyog‘i balchiq bo‘ldi. Shu zahotiyoq qaytib kelib, oyog‘idagi balchiqni ko‘rsatdi. O‘sha balchiq oyog‘ida tuklarga aylandi. Kabutar qaytishda zaytun daraxtining yaprog‘ini olib kelib, Nuhga ko‘rgazgach, payg‘ambar uni ezgu duo qildi:

– Odamlar senga mehribon bo‘lib, uylaridan joy bersinlar!

Olloh taolo Nuh duosini ijobat qildi.

Sulaymon kabutari

Payg‘ambar Sulaymon alayhissalomning maktubini Saba shahri malikasi Bilqisga yetkazgan qushning nomi Hudhud edi. Bilqis Sulaymon alayhissalomning maktubini olgach, “menga bir mukarram maktub keltirildi” deydi va elchi Hudhudga ehtirom ko‘rsatadi va iymon keltiradi.

Iskandar kabutari

Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida podsho qasridagi qafasdan qutulib, o‘z uyiga yo‘l solgan kabutar hikoyati bor. “Shu bitikda voqeasi bayon qilingan xat tashuvchi bir qush – tez uchar bir kabutar bor edi, u qanot qoqib, parvoz qilganda bir tosh masofani dam olmay, bosib o‘tardi”, deydi Navoiy. Kabutar qafasdan chiqib, uzoq parvozdan keyin yurtiga yetib keladi, zolim davron u turadigan uyni xarobaga aylantirgan edi. Odamlar inini topa olmay, ko‘kda gir aylanib uchayotgan bechora qushni don sochib, makr bilan tutmoqchi bo‘ladilar. Kabutar aylana-aylana vayronasini topib, murodiga yetadi.

Iskandarning Farang va Rum dengizlari orqali qaytishi tafsilotlarida ham kabutar ishtirok etadi.

Navoiy shunday yozadi:

“Shoh dengizdagi butun jaziralarni fath etib bo‘lguncha, Suqrot hakim ham dengiz atrofiyu va sathini o‘lchab, hisobini boshdan-oyoq to‘g‘rilab qo‘ydi. Shuningdek, u suvda qanday voqealar yuz bergan bo‘lsa, barcha tafsilotini bir xatga yozib, u maktubni puxta o‘rab, o‘zlari bilan Rumdan olib kelgan bir kabutarning oyog‘iga bog‘ladi. Uni Rumga uchirib yuborishga qaror qildilar. Kabutar ham qanot qoqib, osmonga parvoz qildi. U Rum ahliga, Rumgina emas, Yer yuzining butun tog‘-u dashtidagi odamlarga xushxabar olib keldi”.

Nuriddin Mahmud kabutarlari

Mashhur turk qo‘mondonlaridan biri, Salohiddin Ayyubiyning ustozi, salibchilarga qarshi mardona kurashgan Nuriddin Mahmud Zangiy Oqsungur haqida yozilgan tarixlarda ham kabutarlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar bor. Nuriddin Mahmud dushmanning harakatlari, qo‘shinning ahvoli va boshqa o‘ta muhim ma’lumotlarni olish uchun kabutarlardan foylanadi. Uning buyrug‘i bilan eng kuchli va sog‘lom qushlarning har bir jufti 1 000 dinordan sotib olinadi. Ularni xabar-xat tashishga o‘rgatadi. Qisqa muddatlarda butun mamlakat bo‘ylab kaptar minoralari qurilib, o‘lkaning barcha viloyatlarida xabarchi qushlarning parvozi boshlanadi. Salibchilarning yurishlari haqida o‘z vaqtida olingan ma’lumotlar tufayli Nuriddin g‘alaba qozona boshlaydi. Uning yov qarshisida tezkor paydo bo‘lishi, kutilmagan joydan zarbalar berishi salibchilar yuragiga qo‘rquv solardi.

1249-yilda fransuzlar Damiyetta portini egallab oladi. Bu haqdagi xabarni hukmdor Nuriddin Zangiyga kabutarlar keltiradi. U qo‘shimcha kuchlar kelguniga qadar qo‘qqis harakat va tezkor hujum bilan fransuzlarni tor-mor etadi.

Qushbegi – oliy lavozim

Kabutarlardan aloqa vositasi sifatida foydalangan hukmdorlar va ular bilan bog‘liq tarixiy voqea va rivoyatlar ko‘p bo‘lsa-da, alohida o‘rganilmagan.

Turon hukmdorlari saltanatidagi eng muhim harbiy lavozimlardan biri qushbegi aynan qushlar parvarishi va ularni o‘rgatishga mas’ul shaxs hisoblangan.

O‘zbekiston milliy qomusida qushbegiga shunday ta’rif beriladi:

“QUSHBЕGI, qushchi – tarixiy atama. O‘rta asrlarda podsho va xonning ovchi qushlari (qushxonasi) va ov hayvonlarining mutasaddisi; ov begi (amiri shikor). U hukmdorning ovini tashkil qilish va o‘tkazishga javobgar bo‘lgan. Qushchilar “qarchig‘aychi” degan nom bilan ham atalgan. Xiva xonligida qushbegi mehtardan keyin turgan. U xonlikning shimoliy qismiga mutasaddi bo‘lgan; Qo‘qon xonligida qushbegi harbiy qo‘shinning boshlig‘i bo‘lib, bu mansab harbiy yurish va jang paytlarida berilgan. Qushbegi mingboshi unvonini olishga da’vogar bo‘lgan”.

Bu izohga nima uchun xabarchi qushlar haqida ma’lumot kiritilmagani xat tashuvchi kabutarlar mavzusi jiddiy o‘rganilmagandan bo‘lsa kerak, degan taxminni yuzaga keltiradi.

Umarshayxning kabutarxonasi

Temuriy shahzoda Boburning otasi Umarshayx mirzoning vafoti voqeasi ham kabutar bilan tarixga bitilgan. Bobur yozadi: “Axsi qo‘rg‘oni baland jar ustida joylashgan. Imoratlari ham jar yoqasida edi. Ushbu yili (1494) dushanba kuni, ramazon oyining to‘rtinchisida Umarshayx mirzo jardan kabutarlar va kabutarxonasi bilan uchib halok bo‘ldi. O‘ttiz to‘qqiz yoshda edi”.

Bu qisqa ma’lumot matnidagi “kabutarlari va kabutarxonasi” degan ibora Umarshayx kaptarxonasida xabarchi qushlar ham bo‘lganini taxmin qilishga asosdir. O‘zbekiston Milliy qomusida kabutarlarga berilgan ta’rif ham fikrimizni dalillaydi. “Xonaki kaptarlarning 200 ga yaqin zoti mavjudligi, ular pochtachi – xabar yetkazuvchi, dekorativ va go‘shtdor guruhlarga bo‘linadi. Kaptarlar uchganda oson yo‘l topadi. Qadimda ulardan xat tashishda foydalanilgan. Hozir faqat ko‘ngil ochish maqsadlarida ko‘paytiriladi”.

Bobur va otasi bilan bog‘liq yana bir rivoyat bor, unda ham xabarchi qushlar haqida so‘z boradi.

Bobur va kabutar

Kunlardan bir kun Umarshayx mirzo saroy a’yonlari bilan qasrda o‘tirgan ekan. Bir kabutar uchib kelib, ayvon peshtoqiga qo‘nadi, “g‘ulu-g‘ulu”sini boshlaydi. Podshoh a’yonlaridan “Kabutar ne demakda?” deb so‘raydi. Anchadan buyon urushga chiqmagan sarkardalardan biri:

– Oliy hazrat, kabutar qilichlarni qinidan sug‘urmoq kerak, demakda, – deydi.

Bir chetda o‘tirgan yosh Bobur otasidan izn so‘rab:

– Yo‘q, kabutar unday demaydir. Sizni qovun sayliga chaqirishgan, u shuning xushxabarini keltirgan, – deydi. Umarshayx ajabsinib, kabutarni tutishni buyuradi. Uni tutib, oyog‘idagi mis halqani olib qarashsa, ichidan maktub chiqadi. Unda “Onhazrat, qovun pishdi. Kelib, qo‘l urib bersangiz, bag‘oyat mamnun bo‘lardik”, deb yozilgan edi. Umarshayx o‘g‘lidan:

– Mirzoning bu qadar bilag‘on va topqirligiga bois ne? – deb so‘raydi.

– Ota, o‘tgan yili ham qovun sayli xabarini shu qush olib kelgan edi. Kabutarning o‘ng qanotidagi qora xolni ko‘rib, uni tanidim va taxminimni aytdim, – deydi Bobur.

Yosh mirzoning hushyorligi va topqirligiga qoyil qolgan Umarshayx barchani qovun sayliga chorlaydi.

Ali qushchi, Dorob qushchi, Darvesh qushchi

Mashhur falakshunos va riyoziyotchi olim Ali Qushchining “qushchi” laqabi bilan atalishi uning Mirzo Ulug‘bek saroyida qarchig‘aylar boqqani bilan bog‘liq. Uning otasi Temur qarorgohi boshlig‘i edi.

Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi”) nomli asari temuriylar davriga oid eng muhim manbalardan biridir. Ushbu asarda ham saroy qushlariga mutasaddi bo‘lgan Dorob qushchi, Darvesh qushchi nomlari uchraydi.

Shohruxning Xitoy bilan diplomatik aloqalari bayonida ham qushlar bilan bog‘liq tafsilotlar berilgan. Ikki o‘rtadagi sovg‘a-salomlar orasida qushlar ham bor edi. Xitoy mamlakatiga borib kelgan elchilarning hikoyalari bayonida qimmatbaho buyumlar va arg‘umoqlar olib borgan elchilarga chin xoqoni asl mollar qatorida bir necha shunqorlarni hadya qiladi.

“Shundan keyin (qushchilariga) shunqor keltirishni buyurdi va bir turnani uchirib, shunqorni qo‘ydi; shunqor uni quvib yetib, uch marta tepgach, oldi. Podshoh otdan tushdi, uning oyog‘i ostiga bir kursi qo‘yilgan edi, (shunqor) yana boshqa bir kursiga tushib qo‘ndi. Podshoh shu shunqorni Sultonshohga taqdim qildi va yana boshqa bir shunqorni Sulton Ahmadga berdi”.

Kabutar Temur davrida

Mashhur tarixchi Xondamirning “Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar” (“Bashar ahli siyratidan xabar beruvchi do‘st”) asaridan “Amir Temur Guragonning Bag‘dodga yurishi zikri va o‘sha paytda yuz bergan ba’zi voqealar bayoni”ni o‘qiymiz.

Amir Temur Iroq, Ozarbayjon, Fors, Luriston o‘lkalarini fath etishga kirishib yurgan paytlarida Sulton Ahmad Jaloyir sohibqiron itoatidan bo‘yin tovlab, poytaxt Bag‘doddan birorta chopar yubormaydi. Kunlar o‘tib, uning tomonidan sohibqiron huzuriga ulug‘ mashoyixlardan biri Shayx Abdurahmon Isfaroiniy elchi bo‘lib keladi. Amir Temur shayxga hurmat va ehtirom ko‘rsatadi. Ammo Sulton Ahmadning sohibqiron nomini xutbada o‘qitmagani va pul zarb qilmagani tufayli, uning hadyalari Temurga manzur bo‘lmaydi. Shayxga xos libos, ot va zar sovg‘a qilinadi.

Shayx Bag‘dodga qaytib ketganidan so‘ng Sulton Ahmadning xabarchilari sohibqironning u tomonga yurish boshlagani haqida maktub yozib, kabutar jo‘natgani ma’lum bo‘ladi. Temur maktub yozgan kishini tezlik bilan topishni buyuradi va unga ikkkinchi xatni yozdirib, kabutar bilan Sulton Ahmadga uchiradilar. Unda Amir Temur deb tasavvur qilgani ko‘chmanchilar va ularning chorvasi bo‘lib, bu to‘da chig‘atoy lashkaridan vahimaga tushib, panoh istab kelayotgan kishilar ekanligi bitilgandi.

Maktubga ushbu bayt ilova qilinadi:

Bag‘dodga yetsin deb maktub chorlandi,

Boshqa kabutarga bu xat bog‘landi.

Birinchi maktubni o‘qigan Sulton Ahmad iztirobga tushib, yuklarini Dajla daryosidan o‘tkaza boshlaydi. Ikkinchi maktub esa uni xotirjam qiladi.

Temur jadal yurish bilan Sulton Ahmad qo‘shinini parokanda qiladi, u bor-budini yo‘lda qoldirib, amirlar ta’qibidan qochadi.

Kabutar Yevropada

Xabarchi qushlarning Yevropada paydo bo‘lishi salibchilarning yurishlari bilan bevosita bog‘liq. Ular Nuriddin Zangiy, Salohiddin Ayyubiy kabi musulmon hukmdorlarning mardona qarshiligiga tob berolmay, samarasiz, sharmandalarcha ortga qaytganlarida muhim bir ma’lumot – tajribani ham o‘zlari bilan Yevropaga olib boradilar. Bu olamshumul yangilik qushlarning xat-xabarni o‘z manziliga eng tez va xavfsiz yetkazishi edi. Mashhur turk qo‘mondonlaridan biri Nuriddin Mahmud Zangiy Oqsungur salibchilar bosqiniga qarshi janglarda qushlardan mohirona foydalangan edi.

Yevropada bir necha yuz yil faqat shaxsiy yozishmalar uchun foydalanilgan xabarchi kabutarlardan rasman Fransuz–Prussiya urushida qo‘llanildi.

1870-yilda Prussiya armiyasi Parijni qamal qiladi. Qamalda qolgan poytaxt va mamlakatning boshqa hududlari o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun fransuzlar “Kaptar pochta bo‘limi”ni tashkil etadilar. Pochta bo‘limi haqidagi maxsus farmonning birinchi bandida shunday yozilgandi: “Har kim mamlakat hududida pochta va telegraf kaptarlari yordamida Parij bilan bog‘lanishga haqli. Har bir so‘z uchun to‘lov haqi 50 santim”.

Dushman ham qarab turmaydi, xabarchi qushlarni lochinlar yordamida ovlashga kirishadi. Ammo ayyor fransuzlar qushlarning oyog‘iga kichik qo‘ng‘iroqchalar bog‘lab qo‘yishadi. Bu qo‘ng‘iroqchalarning ovozi kabutarlarga hamla qiladigan lochinlarni jiddiy hurkitar va o‘ljadan nari ketishga majbur qilardi.

Urushdan keyin fransuz qo‘shini uchun “kaptar pochtasi” bo‘yicha mutaxassislar tayyorlana boshladi.

Keyingi sonda

Xabarchi qushlar – kabutarlarning Birinchi va Ikkkinchi jahon urushida qo‘llanilishi hamda boshqa hodisalardagi ishtiroki haqida gazetamizning keyingi sonida o‘qiysiz.

 

Furqat ERGASHЕV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine