Juma, Oktabr 11, 2024
HomeyangiliklarVATAN DЕB YONGAN YURAK

VATAN DЕB YONGAN YURAK

Muborak ayaning tug‘uruq vaqtida to‘satdan olamdan o‘tishi butun oilani esankiratib qo‘ydi. Ayniqsa, Omadjon aka gangib qoldi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqdan tashqari yana beshta yosh bolani katta qilish, ularga ham ota, ham ona bo‘lish mas’uliyati… Shunday qiyin vaziyatda akaning joniga singlisi Karomatxon ora kirdi. “Men Yodgorjonni katta qilib beraman”, dedi u erkakning ko‘ngliga tegmaydigan ohangda. “Aka, siz ham eplashingiz mumkin lekin, chaqaloqqa ayol qarovi, parvarishi kerak. Xavotirlanmang, men uni o‘z bolamday ko‘raman. Hali ko‘rasiz, u pahlavonday o‘g‘il bo‘ladi. Shunday farzand bo‘lsinki, kamolidan faxrlanib yuraylik. Ilohim umri uzoq bo‘lsin. Qiyinchiliklarimiz ortda qolsin…”

Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Yodgorbek aqlli, hushli bo‘lib voyaga yetdi. Bolaligidan harbiy kasbga havas bilan ulg‘aygan yigit, vaqtlar kelib taqdirini shu soha bilan bog‘lashga ahd qildi. Shu bois muddatli harbiy xizmatdan so‘ng xizmatini kontrakt bo‘yicha davom ettirdi. U intiluvchan va tirishqoq edi. Qaysi jamoada xizmat qilmasin uning nomi doim ilg‘orlar safida tilga olinardi, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatilardi. Vatan uchun qilingan xizmat hech qachon beiz ketmaydi deydilar. Haq gap. Chunki vaqtlar keldiki, Yodgorjonning kasbga bo‘lgan sadoqati, jonkuyarligi ham munosib e’tirof etildi.

U eng birinchilar qatorida serjant-mayor harbiy unvoniga ega bo‘ldi. Yanada quvonarlisi, Mudofaa vazirligi bosh serjant yordamchisi serjant-mayor Yodgorbek Atanayev Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

“Dadamdan minnatdorman”

– Andijon viloyatining Paxtaobod tumani Madaniyat qishlog‘ida tug‘ilganman, – deydi suhbatdoshimiz serjant-mayor Yodgorbek Atanayev. – Dadam o‘qituvchi edi. Tumanimizdagi 28- va 29-umumta’lim maktablarida fizika va astronomiya fanlaridan dars bergan. Xushmuomala, bag‘rikeng inson edi (nega edi, deb o‘tgan zamonda gapirishimning boisi dadam 2017-yilda olamdan o‘tdi). Hech qachon bizga ovozini balandlab gapirganini eslolmayman. Mening hayotda o‘z o‘rnimni topishimda, biror maqsad sari olg‘a intilishimda dadamning xizmati, hissasi beqiyos deb bilaman. Chunki u kishi farzand tarbiyasiga juda talabchan edi. O‘qituvchilarimiz beradigan uy vazifalarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarishimizni har kuni nazorat qilib borardi. Hech qachon bo‘sh vaqtimizning besamar ketishiga yo‘l qo‘ymasdi. Dadam uyda shunday an’anani yo‘lga qo‘ygandi: farzandlardan qaysi birimiz bir hafta davomida eng ko‘p a’lo baho olsak, haftaning oxirida istagimizdan kelib chiqib, aytgan narsamizni olib berardilar.

Umuman olganda, dadamning boshqa otalarga ibrat, o‘rnak qilib ko‘rsatishga arzigulik sifatlari, fazilatlari bisyor. Muhimi, biz, farzandlar dadamdan bir otaning farzandlarga beradigan mehridan ham ortiqroq mehrni ko‘rdik, buning uchun dadamdan minnatdorman.

Ustozlar sabog‘i

– Men kontrakt bo‘yicha xizmatni boshlagan kezlarimda yangi batalyon tashkil qilingani haqida eshitdik. Unga eng sara harbiy xizmatchilarni tanlash boshlaganida rahmatli ustozim polkovnik O‘ktam Karimov menga ham shu batalyonga o‘tishni maslahat berdi. Chunki men sportchi edim. Yengil atletika bilan shug‘ullanardim. Yugurish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda doim faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritardim. Shunday qilib xizmatimni boshladim. Yosh, g‘o‘r, tajribasiz edim. Shunday vaqtda men katta praporshik Nabijon Saksonovdan soha bo‘yicha ko‘p narsani o‘rgandim. Jamoada o‘rin topdim. Ustozimning malakasi, tajribasiga doim havasim kelardi. Nabijon akaday bo‘lishga intildim. U kishi nafaqat harbiy xizmatchi, balki insoniy fazilatlari tufayli ham mehrimni qozongan. Shu o‘rinda menga maktabda saboq berib, katta hayotga yo‘llagan ustozlarimga ham rahmat aytaman. Chunki mehridaryo bu insonlardan o‘rganganlarim ko‘p.

Shogirdlar yutug‘i

– Bugun men ham ustoz maqomidaman. Shogirdlarim ko‘p. Ularning xalqaro musobaqalarda erishayotgan yutuqlaridan ko‘ksim tog‘ qadar yuksalmoqda. Masalan, shogirdlarim – katta serjant Sardor Mamarasulov,
I darajali serjant Xayrullo Olimov, III darajali serjantlar Azamat Kenjayev, Muhriddin Ochilov, Abdurasul Tuyg‘unov Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or jangchi” musobaqasida rekord o‘rnatishdi va faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. III darajali serjant Abzal Ismoilov ham Koreya Respublikasida o‘tkazilgan “Taktik o‘qchi” xalqaro musobaqasida 1-o‘rinni olib qaytdi. Bundan tashqari yana ko‘p shogirdlarim turli xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, yuzimizni yorug‘ qildi. Ularning yutug‘i, muvaffaqiyati bardavom bo‘lsin, deyman.

Vatan tuyg‘usi – bu…

– 1999-yilda Botkenda, 2000-yilda mamlakatimizning janubiy sarhadlari bo‘lgan Sariosiyo va Uzun tumanlarida hamda 2005-yilda Andijonda bo‘lib o‘tgan jangovar harakatlarda ishtirok etganman. Qancha safdoshlarimizdan ayrilganmiz… Hozir xayolimdan o‘sha og‘ir kunlar kino tasmasidek bir-bir o‘tyapti. U kunlarni eslash ham azobli…

Shukurki, bugun tinchlik zamonida yashayapmiz. Atrofga boqib qalbimizda ajib hislar jo‘sh ura boshlaydi: qushlar sayrog‘ida, shamol qanotlarida, yomg‘irning har tomchisi, daraxtlarning har bargida, suvning qatrasi-yu qumning zarrasida Vatan sehrini his qilamiz. Bunda olgan nafasimiz vujudimizga orom beradi, ichgan suvimiz tomirlarimizga hayot baxsh etadi… Bu sehr, bu joziba, qalblarda Vatan tuyg‘usini alangalatadi. Aslida Vatan tuyg‘usi shunday ulkan qudratga egaki, u insonni doim tug‘ilib o‘sgan yurti uchun jon kuydirishga undaydi. Zotan, ajdodlar jasorati, dorilamon kunlar saodati shu Vatanda umrguzaronlik qilayotgan har bir vatanparvar insonga cheksiz kuch, g‘ayrat bag‘ishlaydi. U qay kasb egasi, qaysi soha vakili bo‘lmasin yurt ravnaqi, farovonligi uchun yurak qo‘rini berib mehnat qiladi. Yurtdoshlarimiz qalbidagi yaratuvchanlik hissini alangalatish va zaminimizdagi osoyishtalikni, tinchlikni saqlash esa bizning zimmamizda. Demak, biz harbiylar tun-u kun o‘z vazifamizni sharaf bilan ado etishimiz lozim.

Mukofotdan ruhlanib

– Davlat mukofotini shaxsan Hurmatli Prezidentimizning qo‘llaridan qabul qilib oldim. Bu juda hayajonli edi. Davlat rahbari meni tabriklab, “Yodgor bolam, bundanam yuksak mukofotlarni shaxsan topshirish nasib qilsin”, deganlarida ruhlanib ketdim. Prezidentimiz menga shunday yuksak ishonch bildirayaptimi, demak, to tanda jonim bor ekan, bu ishonchni albatta sharaf bilan oqlashga so‘z beraman!

“Oilam – baxtim”

– Ostonadan uyga kirishim bilan qalbimda o‘zgacha halovat sezaman. Bu hisni oilasida baxt topgan insonlar yaxshi anglaydi. Mana turmush o‘rtog‘im Mushtariyxon bilan baxtli turmush kechirib kelyapmiz. Farzandimiz Mubinaxon ayni vaqtda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida tahsil olyapti. U bolaligidan iqtidorli edi. Shu bois uni uch yarim yoshligidayoq raqs to‘garagiga berganmiz. Yaqin-yaqingacha o‘qish bilan birga taniqli raqs dastasida faoliyat yuritdi. Qizim raqqosa va aktrisa ham. Ayni vaqtda “Opa-singillar” serialida bosh rollardan birini ijro etyapti. Mubinaxonning san’atda erishayotgan yutug‘i, oilamdagi xotirjamlik, meni doim Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.

Biz paytdan foydalanib Yodgor Atanayevning turmush o‘rtog‘i Mushtariyxonni ham suhbatga tortdik.

– Turmush o‘rtog‘im ochiqko‘ngil, mehribon inson, – deydi Mushtariyxon. – Fikrlarimni hurmat qiladi. Oilaga muhabbati o‘zgacha. Farzand tarbiyasiga e’tiborli. Men ularning bu xislatlarini qadrlayman. O‘tgan yillar davomida turmush o‘rtog‘im Vatanimizning turli olis hududlarida xizmat qildi. U vaqtlarda harbiy xizmatchilarning oilalari uchun hozirgidek shart-sharoit yaratilmagan, harbiy shaharchalar qurilmagandi. Suv, gaz yo‘q joylardayam yashadik. Masalan, biz Pachkamarda to‘rt xonali uyda uchta harbiy oila yashaganmiz. Suvni sotib olardik. Bolalar maktabga o‘n, o‘n besh kilometr uzoqqa borardi. Men shaharda katta bo‘lgan qiz edim. Lekin turmush o‘rtog‘imning mehr-muhabbati tufayli, har qanday qiyinchilikni yenga oldim. Darvoqe, yaqinda xo‘jaynimdan eshitdim. Hozir Pachkamarda sharoit butunlay boshqacha ekan. U yerda harbiy shaharcha barpo etilibdi. Shaharchaning ichida bog‘cha, maktab qurilibdi. Xullas, shart-sharoitlar shaharnikidan qolishmas ekan. Turmush o‘rtog‘im aytganlaridek, bugun shukronalik bilan xizmat qiladigan davrlar keldi…

Men taqdirimga shunday inson bitilganidan xursandman. Ahil-inoqlikda farzand katta qilyapmiz. Ilohim uning kamolini ko‘rish nasib qilsin.

 

Podpolkovnik

Gulnora XODJAMURATOVA

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine