Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash uchun harbiy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini, moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, shaxsiy tarkib sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, bemorlar va jarohat olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni davolash va davolashdan keyingi sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish borasida ko‘plab o‘zgarishlar joriy etildi. Harbiy gospitallar, harbiy qism tibbiyot punktlari qayta ta’mirlandi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida hal etilmoqda. 2020-yil tashkil etilgan akademiyada tibbiyot xizmati shaxsiy tarkibining malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, oliy harbiy tibbiyot ta’lim maskanida real voqelikka yaqinlashtirilgan jang maydoni effektlarini beruvchi taktik tibbiyot o‘quv xonasi, kompyuterlashtirilgan o‘quv qurollari bilan jihozlangan auditoriyalar, gospitalda amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlarini real vaqt rejimida videokuzatish imkonini beruvchi amaliyot xonalari, zarur vositalar bilan ta’minlangan maxsus xonalar hamda 250 dan ortiq o‘rinli anjumanlar zali bo‘lg‘usi harbiy shifokorlar, tibbiyot xodimlari xizmatida.
Mudofaa vazirligi harbiy tibbiyoti faoliyatiga eng ilg‘or texnologiyalar va tajribalarni joriy etish maqsadida bir necha xorij mamlakatlari bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, harbiy shifokor va tibbiyot mutaxassislari xorijda harbiy tibbiyot yutuqlarini o‘rganib, o‘zaro fikr almashib, malaka oshirib qaytmoqda.
Harbiy qism va muassasalar shaxsiy tarkibi orasida yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida vazirlikning Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi hamda harbiy gospitallar sanitariya-epidemiologiya bo‘linmalari mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat va boshqa qator tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘plab kasallik o‘choqlarini yo‘q qilishda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Mudofaa vazirligining deyarli barcha tibbiyot xodimlari koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish ishlarida faol qatnashganligi hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolaridan tashqari yuzlab fuqarolarga ham statsionar va ambulator tibbiy yordam ko‘rsatgani soha egalarining jamiyatimizda muhim o‘rni borligidan dalolatdir.
Mudofaa vazirligining Samarqand, Qarshi, Termiz, Farg‘ona, Nukus hamda Markaziy harbiy klinik gospitallari, harbiy qism va muassasalarning tibbiyot bo‘limlarida harbiy xizmatchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda Termiz harbiy gospitali infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi takomillashtirildi. Davolash-diagnostika bo‘limlari eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, mobil tibbiy komplekslar bilan ta’minlandi, ish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori texnologik davolash va tashxis qo‘yish, tibbiy reabilitatsiya usullari joriy etildi.
– Harbiy tibbiy muassasamiz butunlay yangi qiyofada faoliyatini davom ettirmoqda, – deydi Termiz harbiy gospitali boshlig‘i tibbiy xizmat podpolkovnigi Oybek Ashurov. – Vazifalarimizning ham ko‘lami kengaydi. Bular gospital kundalik ish faoliyatida yagona tibbiy axborot tizimini takomillashtirib borish, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, Sog‘liqni saqlash vazirligi va xorijiy davlatlar mutaxassislarini jalb etgan holda murakkab va kam invaziv jarrohlik amaliyotlari hamda davolash diagnostika ishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining 5-6-bosqich talabalarini amaliyot o‘tashga jalb qilishdir.
Ayni paytda 200 o‘rinli davolash sig‘imiga ega gospitalning 14 ta davolash va diagnostika bo‘limida 32 nafar shifokor, 110 nafar o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda. Ularning 10 nafari xorijda malaka oshirib qaytgan.
Harbiy xizmatchilar, harbiy pensionerlar va ularning oila a’zolari hamda Surxondaryo viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan gospitalimizning tibbiyot mutaxassislari yangicha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishlari uchun 5 ta operatsiya zali kecha-yu kunduz tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Real jang maydoni effektini beruvchi maxsus o‘quv xonasida tashkil etiladigan mashg‘ulotlarda harbiy mojarolar vaqtida harakatlanish, jarohatlangan harbiy xizmatchilarga tez va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari egallanadi.
Gospitalda mustaqil kislorod ishlab chiqarish stansiyasi barpo etildi. Jarrohlik amaliyotlarini telemeditsina orqali kuzatish va maslahat beruvchi amaliyot xonalarining tashkil etilgani tashxis qo‘yish – davolashning yangi usullarini o‘zlashtirish hamda qo‘llash orqali bemorlarning qisqa muddatlarda shifo topib, oyoqqa turishida muhim o‘rin tutmoqda.
– Men gospitalning jarrohlik bo‘limida xizmat qilaman, – deydi Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bitiruvchisi, katta ordinator, tibbiy xizmat katta leytenanti Ma’murjon Jalilov. – Jamoamiz o‘z kasbining ustasi bo‘lgan mutaxassislardan iborat. Gospitalimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlardan keyin hozirgi kunda yangi eng zamonaviy uskunalar, tibbiy jihozlarni qo‘llagan holda ishlayapmiz. Tibbiy muassasamizdagi o‘zgarishlar doirasida laparoskopik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Laparoskopiya bu qorin bo‘shlig‘i a’zolarining jarrohlik amaliyoti va ko‘rigi usuli bo‘lib, bunda katta joyni kesishga hojat bo‘lmaydi. Jarroh tana a’zolarini teleskopni eslatuvchi ingichka asbob – laparoskop yordamida ko‘radi va monitorga qarab, jarrohlik amaliyotini o‘tkazadi. Terining kesilgan joyi bor-yo‘g‘i 1 santimetrni tashkil qiladi.
Yaqinda ko‘plab afzalliklarga ega ushbu yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘zimizda Markaziy harbiy klinik gospital bosh mutaxassisi, abdominal jarrohlik bo‘limi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi ko‘p yillik tajribaga ega ustozimiz Tolibjon Siddiqov hamda bo‘lim boshlig‘i, tibbiy xizmat podpolkovnigi Abulboqi Yakubov tomonidan birinchi marta muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
So‘zim yakunida menga saboq bergan barcha ustozlarimni, hamkasblarimni tibbiyotchilar kuni bilan samimiy qutlayman. Ularning oilalariga farovonlik, baxt-saodat, mustahkam sog‘lik tilayman!
Furqat ERGASHEV