Juma, Noyabr 8, 2024
Homeyangiliklar“ENG ILG‘OR TIBBIY GURUH”LAR BELLASHDI

“ENG ILG‘OR TIBBIY GURUH”LAR BELLASHDI

Chirchiq poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida “Men g‘olib!” shiori ostida armiya o‘yinlari doirasidagi “Eng ilg‘or tibbiy guruh” musobaqasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning dastlabki bosqichlarida yuqori natijani qayd etgan jamoalar o‘rtasida kechgan qizg‘in bahslar, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy tibbiy kadrlarning kasbiy mahorati va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

– Armiyaning qudratini oshirishda qo‘shinlar safida xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarining ham hissasi katta, – deydi polkovnik Bobokalon Halimov. – Shu sababdan ularning harbiy tayyorgarligi, tibbiy salohiyati hamda amaliy ko‘nikmalari hamisha takomillashtirilib boriladi. O‘tkazilayotgan ushbu ko‘rik-tanlov ham harbiy tibbiyot xodimlari, taktik mediklar va haydovchi-sanitarlarni harbiy xizmatchilarga birinchi va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda o‘zaro uyg‘unlikda harakatlanishini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, tibbiy ta’minot xizmati shaxsiy tarkibi orasida liderlik xislatlari ham rivojlanib bormoqda.

Ko‘rik-tanlov ikki bosqich – “Individual mahorat” va “Jamoa birinchiligi”ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, haydovchilar o‘rtasida zirhli avtomobillarni haydash bo‘yicha “Eng ilg‘or haydovchi” tanlovi ham o‘tkazildi.

“Individual mahorat” bosqichida jamoalar shtatli qurollardan o‘q otish, majmuaviy (kompleks) to‘siqli yo‘laklarni yengib o‘tish va maxsus tayyorgarlik yo‘lagida mashq bajarish kabi shartlarda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

“Jamoa birinchiligi” bosqichi esa shifokorlar tarkibi bilan simulyatsiya jihozlaridan qanday foydalanishni ko‘rsatib berdi, shifokorlik manipulyatsiyalarini bajardi va tibbiy ma’lumotlarni sharhladi. O‘rta tibbiyot xodimlari va taktik mediklar esa o‘quv-taktik maydonda bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

O‘quv-taktik maydonda о‘tkazilgan bellashuvlarning ahamiyati unda ishtirokchilar shikastlangan mashina va jang maydonidan yaradorni tortib chiqarib olish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek suvli to‘siqdan kechib, yaradorni olib chiqib, sanitar transport vositasiga yuklash, dala sharoitida yaradorga o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasini o‘tkazish  bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdi.

Xuddi shuningdek, ko‘rik-tanlovning “Eng ilg‘or haydovchi” tanlovi ham qizg‘in kechdi. Haydovchilar shtatli quroldan o‘q otish, majmuaviy to‘siqli yo‘laklarni yengib o‘tish mashqini bajarish hamda harbiy texnikani boshqarish kabi shartlar asosida o‘zaro bellashdi.

– Ushbu ko‘rik-tanlov tajribamizni oshirdi, mahoratimizni sayqalladi, – deydi kichik serjant Anvarjon Isayev. – Belgilangan vazifalar real vaziyatda harakatlanish va harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni talab etdi. Jarayon davomida o‘z kuchimiz va salohiyatimizni to‘liq namoyon etishga harakat qildik. Bundan tashqari, o‘zaro fikr almashish, ko‘nikmalarimizni oshirishga imkoniyat yaratildi. Yo‘l qo‘ygan ba’zi kamchiliklarimizni bartaraf etamiz, o‘rganganlarimizni kelgusi faoliyatimizda amalga tatbiq etib boramiz.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi faxrli 1-o‘rinni, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi ikkinchi, Markaziy harbiy okrug jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

 

Ro‘ziqul OCHILOV,

“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine