Dunyoda va mintaqada ro‘y berayotgan nizoli vaziyatlar manzarasi har qanday mamlakatda yoshlar tarbiyasi kechiktirib bo‘lmas muhim masala ekanini aniq-tiniq namoyon qilmoqda. “Troya oti” kabi yoshlar ongi va shuuriga to‘g‘ridan to‘g‘ri joylashib olayotgan salbiy elementlar bora-bora miyamizda portlashi, bu esa yurt tarixi, milliy qadriyatlariga jiddiy zarar yetkazishi har qanday sog‘lom fikrlovchi millat kishisini tashvishga solishi zarur.
Yoshlar tarbiyasi faqat davlatnigina emas, jamiyatning, oilaning barchamizning zimmamizda qolayotgan mas’uliyatdir.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Amir Temurning “Tuzuklari”, Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomayi sultoniy yoxud javonmardlik tariqati”, Mirzo Boburning “Boburnoma” va boshqa ko‘plab nodir asarlarda chin farzand, Vatan himoyachisi, oila davomchisi, sha’n va sharaf himoyachisi qanday sifatlarga ega bo‘lishi haqida qimmatli ma’lumotlar keltiriladiki, bu bizga farzand tarbiyasidagi nozik chegaralarni eslatib turadi.
“Vatan tayanchi” harakati ham ana shunday muhim zarurat va mezonlar asosida maydonga chiqdi. Ushbu harakat har qanday sharoit va vaziyatda ham jamiyatning eng sadoqatli va faol, sinov va qiyinchiliklarni yengib, o‘z hayotiy maqsadlari tomon ildam harakatlanadigan, Vatan manfaatini qadrlaydigan va himoya qiladigan o‘smirlarni shakllantirish o‘laroq o‘z faoliyatini boshladi.
“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov bilan kechgan suhbatimiz harakatning mazmun-mohiyati, faoliyati, xalqaro yutuqlari xususida bordi.
– Yurtboshimizning 2022-yil
2-martdagi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzolashi jamoatchilik tomonidan katta hodisa sifatida baholandi. Nomidan ham ma’lumki, “Vatan tayanchi” otryadlari 10–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lib, bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning eng shijoatli va jo‘shqin davrlari bilan harakatga kirishadi. Buning mohiyatida qanday chuqur o‘ylangan maqsadlar bor?
– Darhaqiqat, “Vatan tayanchi” harakatiga o‘smirlar eng shijoatli va jo‘shqin pallalarda a’zo bo‘lishadi. Bu davrda ularda atrofdagi har qanday hodisalarga o‘z munosabatini bildirish, barchani o‘ziga jalb qilish ishtiyoqlari yuqori bo‘ladi. Bu yoshda o‘smirlar uncha-muncha xavf-xatardan hayiqmaydi, olqish va maqtovlar olgisi keladi.
Buning ham chin va yolg‘oni bor. Aksariyat yoshlarning virtual makondagi olqishlarga moyilligi kuchayib, turli chellenj va vaynlar orqali “layk”lar yig‘ishga berilib qolayotgani ham ayni haqiqat. Ammo o‘z bilimi, kuchi va qat’iy intizomi bilan ulkan cho‘qqilar sari borayotgan o‘g‘il-qizlar ham borki, ofarin deb yuborasan. “Vatan tayanchi”ni muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan tashkil etilgan, katta maqsad va tashabbuslar bilan yo‘lga otlangan yoshlar jamoasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Eslatma: “Vatan tayanchi” harakati a’zosi O‘zbekiston Respublikasining barcha qonunlarini, uning ramzlarini hurmat qiladi va ularga to‘liq rioya qiladi. Jamiyatda va tengdoshlari orasida buni targ‘ib qiladi hamda shaxsan namuna ko‘rsatadi. Davlat qonunlariga va ramzlariga behurmatlik qiladigan har qanday shaxsni bundan qaytaradi, unga o‘z munosabatini bildiradi. Zarur hollarda o‘z otryad rahbari yordami bilan bunday holatlarning oldini oladi”.
…Avvalo, jahon tajribasi o‘rganildi. Tarixda va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan harbiy-vatanparvarlik harakatlari, harbiy-vatanparvarlik klublari faoliyati, dunyo hamda respublikamizdagi yoshlar bilan bog‘liq ijtimoiy muhit, muammo va ehtiyojlar tahlil qilindi. Ko‘pgina dolzarb savollar o‘rtaga qo‘yildi: Yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ulari qay darajada? Ularni ko‘proq nima qiziqtiradi? Qanday qilib harbiy sohaga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirish mumkin? Bu harakatdan Vatan, Prezident, xalq nimalarni kutyapti?
Bu savollar ortidan yana ko‘plab savollar tug‘ilaverdi. Oldimizda qanday qilib yoshlarimizni ushbu harakatga chorlash, a’zo bo‘lish istagini uyg‘otish va bu harakat yurak amri va tabiiy ehtiyoj samarasi o‘laroq yuzaga chiqishi zarurati turar edi. Shuning uchun ham qarorda “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifalari aniq ko‘rsatilib, harakatga a’zo bo‘lish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Birinchi navbatda Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, harbiy okruglardagi mutaxassislar va harakatning vasiylik kengashi vakillari bilan targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Harakatning asosiy maqsadi va vazifalari, “Vatan tayanchi” otryadlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, otryad a’zolarining vazifalari, ularga beriladigan imtiyozlar keng targ‘ib qilindi. “Vatan tayanchi” harakati a’zolari tanlangan, qobiliyatli, mustaqil fikrga ega, tengdoshlarini boshqara oladigan va birlashtira oladigan o‘smirlar ekanligi tushuntirildi. Harakat a’zosi, eng avvalo, sharaf uchun, obro‘ uchun harakat qilishi chuqur anglatildi.
Manfaatsiz va xolis
Iqtibos: “Ko‘pdan quyon qochib qutulmas” degan naql bor xalqimizda. Harakat a’zolari har qanday topshiriqni jamoa bo‘lib bajaradilar. “Vatan tayanchi” harakati a’zosi shaxsiy manfaatidan ko‘ra Vatan manfaatini yuqori qo‘yadi. Boshqalarga ko‘maklashish, ularning minnatdorligi va roziligi orqali qoniqish hosil qiladi. Tengdoshlarining muvaffaqiyatlaridan quvonadi, qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘makka muhtoj shaxslarga, tengdoshlariga bor imkoniyati bilan yordam beradi. Bu orqali qadr-qimmatini oshiradi, xalqning hurmatiga sazovor bo‘ladi.
– Jamoalar muhitida har qanday yordamni moddiy manfaatlarsiz xolis bajarish, xalqning duosini olish kabi kishiga ruhiy ozuqa beradigan fazilatlar yuqori sur’atlarda shakllanib bormoqda. Chunki bir insonning roziligi va tashakkuriga sazovor bo‘lib rohatlangan o‘smir bu ehtiyojini yanada kengroq qondirishga harakat qiladi. Kelajakda xalq hurmati va olqishiga sazovor bo‘lishga bel bog‘laydi.
Bu borada boshlang‘ich tajriba va sinovlardan ham o‘tib bormoqdamiz. O‘tgan davrda otryad a’zolari tomonidan bir qator ko‘ngilli tashabbuslar amalga oshirildi. Xotira va qadrlash kuni arafasida birodarlik qabristonlari, xotira maydonlari obodonlashtirilishiga ko‘maklashildi, “Yashil makon” doirasida maktablar va mahallalarda ko‘plab ko‘chatlar, gullar o‘tqazildi. Bu albatta, harakat a’zolarining jamoaviy tashabbuslari bilan olib borildi. Mehnati singgan, peshona teri to‘kilgan, o‘z qo‘li bilan obod etilayotgan joylar o‘smirlar tomonidan nazoratga olinayotgani, vayron bo‘lishga yo‘l qo‘yilmayotgani – bu juda ham yaxshi mujda. Bora-bora bunday yoshlar o‘z yeriga ham befarq bo‘lmaydi, Vatanning chin himoyachisiga aylanadi.
– Siz tashkilot rahbari sifatida “Vatan tayanchi” otryadini mamlakatimiz hayotida egallab borayotgan o‘rnini qanday baholaysiz?
– Ayrim xalqlar o‘zligi, milliyligi, urf-odatlari va qadriyatlarini yo‘qotib, aralash madaniyatlar botqog‘iga botib bormoqda. Ayrim kuchlar tomonidan jamiyatni izdan chiqarish uchun psixologik operatsiyalar o‘tkazilishi sir emas.
Bunday sharoitda “Vatan tayanchi” harakati orqali yoshlar o‘rtasidagi fidoyi, vatanparvar, milliy qadriyatlar va urf-odatlarimiz bilan ma’naviy qurollangan jamoalarni shakllantirish muhim hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatyapmiz, ommani boshqarish uchun turli psixotrop moddalar, kiberta’sirlar rivojlanib bormoqda. Otryad a’zolari bilan maqsadli va to‘g‘ri ishlarni olib borish orqali bunday salbiy holatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf qilish imkoniyati yaraladi.
Iqtibos: “Vatan tayanchi” harakati – bu saralanganlar harakati. Saralangan deganda ularning oila a’zolarining moddiy holati, e’tiqodi va jamiyatda tushuniladigan boshqa holatlar emas. Bular tengdoshlar orasida yaxshilar ichida eng yaxshilaridir. Har qanday o‘smir harakat a’zosi bo‘la olmaydi. Chunki nomzod o‘zining harakati, bilimi, tafakkuri, jismoniy tayyorgarligi va boshqa qobiliyatlari bilan tengdoshlari ichidan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi lozim”.
Shunday bo‘lsa-da, hozirgi kunda ayrim ta’sirlar ostiga tushib qolgan, maqsadsiz, yetarli darajada bilim va hunarga ega bo‘lmagan yoshlar ham jamiyatimiz a’zosi hisoblanadi. Bunday yoshlar biror nojo‘ya qilmish sodir qilmagan bo‘lishi mumkin, lekin ularni jamiyatimizdan ajratib qo‘ya olmaymiz. Agar biz “Vatan tayanchi” harakati orqali yuksak maqsadli va bilimli yoshlar qamrovini oshirsak, bunday yoshlar o‘z tengdoshlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlay oladi. Oyna bo‘ladi. Eng muhimi, ular bir-birlarini nazorat qiladi.
– “Vatan tayanchi” otryadlari qanday ulkan maqsadlar bilan yo‘lga chiqqan? Bugungi natijalar haqida suhbatlashsak.
– “Vatan tayanchi” harakatining maqsadlari juda katta. Kelajakda harakatga a’zo bo‘lish har bir o‘smirning orzusi bo‘lishiga erishishimiz zarur. O‘zbekistonda unib-o‘sayotgan har bir o‘g‘il-qiz “Vatan tayanchi” harakati a’zosi bo‘lishi kerak.
Harakat tashkil etilgandan buyon ko‘plab ijobiy natijalarga erisha oldik. Jamoa a’zolari ichidan sportchilar, bilimdon kitobxonlar, dasturchilar mavjudligi bizni quvontiradi.
2023-yilda ilk bor “Vatan tayanchi” jamoasi Qozog‘iston Respublikasining Qarag‘anda viloyatida o‘tkazilgan “Aybin–2023” xalqaro harbiy-vatanparvarlik yig‘ini doirasidagi harbiy sport musobaqalarida ishtirok etib, 42 ta jamoa o‘rtasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2024-yil iyun oyida Qozog‘istonning Almati viloyatida o‘tkazilgan musobaqa ham munozaralarga boy o‘tib, unda jami 52 ta jamoa ishtirok etdi. Vakillarimiz turnikda tortilish, pnevmatik miltiqdan otish, avtomatni noto‘liq yoyib-yig‘ish, robototexnika kabi yo‘nalishlarda yakka tartibdagi rekord natijalarni qayd etishga muvaffaq bo‘ldilar. Musobaqalar yakuni bo‘yicha jamoamiz mezbonlardan keyin faxrli 2-o‘ringa munosib ko‘rildi.
“Vatan tayanchi” hali endigina shakllanish bosqichidagi yosh harakat bo‘lishiga qaramay, mintaqamizdagi ko‘plab davlatlar e’tiboriga tushishga ulgurdi. Xususan, Qozog‘istondagi yig‘in davomida Rossiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlari vakillari jamoamiz faoliyatiga katta qiziqish bildirishdi.
Bu hali boshlanishi. Kelajakda o‘smirlar o‘rtasidagi boshqa tanlov va musobaqalarda ham “Vatan tayanchi” jamoasi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqdamiz.
– Shaxsan o‘zim “Vatan tayanchi” otryadi jamoalarining qator musobaqalardagi ishtirokini yaqindan kuzatdim. Meni hayron qoldirgan bir jihat jamoaviy muhit juda ahil, o‘g‘il-qizlar jamoa sha’ni, o‘rni uchun hech narsadan qaytmaydi. Bunday jipslik, albatta har sohada bizga kerak deb o‘ylayman…
– Albatta, jamoani shakllantirish, bor kuch va g‘ayratni bir maqsad sari yo‘naltirish otryad rahbarlari va murabbiylaridan katta mehnat talab qiladi.
Harakat a’zolari qoni qaynoq o‘smirlar – birdaniga ehtirosga berilib ketishadi. Ularda o‘zaro ishonch, hurmat va jipslikni shakllantirish, mushkul vaziyatda yelkadoshlik, omad kelmaganda, tirgak bo‘lish ko‘nikmasini oshirib borishimiz zarur.
Xabaringiz bor, har yili “Vatan tayanchi” otryadlari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi uch bosqichda, tuman, viloyat va Mudofaa vaziri kubogi uchun respublika bosqichlari o‘tkazib kelinadi. Musobaqalarda 9 mingdan ortiq jamoa ishtirok etadi. Har bir bosqichdan g‘olib bo‘lgan 14 ta jamoa Mudofaa vaziri kubogi uchun o‘zaro bellashadi. Siz ta’kidlab o‘tgan jamoaviy kayfiyat, shijoat, birdamlik mana shu musobaqalarda yaqqol mustahkamlanadi.
– Bir vaqtlar jadid bobolarimiz ham ilmli va serg‘ayrat yoshlarni o‘qitib, millat ma’naviyati uchun bel bog‘lagan edilar. “Vatan tayanchi” otryadi Yo‘l xaritasida ham bunga alohida urg‘u berilgan…
– “Vatan tayanchi” harakati eng shijoatli, tashabbuskor, tengdoshlari o‘rtasida hurmatga ega, ortidan do‘stlarini ergashtira oladigan, vatanparvar, mustaqil fikrli, sadoqatli yoshlar jamoasi.
Harakat a’zolari bajara olmaydigan vazifaning o‘zi yo‘q. Chunki uning tarkibida turlicha qobiliyatlar, iste’dodlar bor.
Iqtibos: “O‘qish – harakat a’zosining asosiy mashg‘uloti hisoblanadi va bu ertadan kechgacha partada o‘tirib o‘qish degani emas. Biror mavzuni ko‘r-ko‘rona yodlab olish yoki undan talab qilinayotganligi uchun o‘qish yaramaydi. Harakat a’zosi eng avvalo, har qanday fanning hayotda kerakligini, uning asl mohiyatini o‘rganadi. Har bir fanni o‘z kelajagi uchun muhim jihatlarini chuqurroq o‘zlashtirib boradi”.
Albatta, bunday sa’y-harakatlarning imtiyozlari ham bor. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha yana bir muhim qarorni imzoladilar. Unga ko‘ra, otryadlarning bir nafar eng a’lochi va faol a’zosi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy va harbiylashtirilgan bilim yurtlariga o‘qishga kirish uchun o‘zi to‘plagan balining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ladi. Bu degani, har yili o‘n minglab yoshlar orasidan eng kuchlilari maydonga chiqadi, saralanadi, Vatan himoyachisi bo‘ladi. Eng muhimi, kelajakda milliy armiyamiz saflarida qalbi pok, g‘ururi mustahkam, Vataniga sadoqatli o‘g‘il-qizlar soni ortib boradi.
Kapitan Bobur ELMURODOV suhbatlashdi.