Notice: Function _load_textdomain_just_in_time was called incorrectly. Translation loading for the wp-optimize domain was triggered too early. This is usually an indicator for some code in the plugin or theme running too early. Translations should be loaded at the init action or later. Please see Debugging in WordPress for more information. (This message was added in version 6.7.0.) in /home/mvvatanp/domains/mv-vatanparvar.uz/public_html/wp-includes/functions.php on line 6114
IRODA TOBLANDI, ISHONCH ORTDI | Vatanparvar gazetasi
Juma, Noyabr 29, 2024
HomeyangiliklarIRODA TOBLANDI, ISHONCH ORTDI

IRODA TOBLANDI, ISHONCH ORTDI

…Adir bo‘ylab joylashuv nuqtasi tomon borar ekanmiz, kuzning so‘nggi kunlaridagi iliq taft dimoqqa urildi. Qir-adirdagi tillarang xazonrezgi orasida dam-badam uchraydigan yashil o‘tlarning shijoati kishi ruhiyatiga qat’iyat bag‘ishlaydi.

Uzoq kengliklarga tutashib ketgan “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoni o‘rtasida harbiy xizmatchilar artilleriya qurollarini shay holatga keltirmoqda. Goh-gohida shamolning g‘uvullashi quloqqa chalinmasa, atrofda sokinlik hukm suradi. O‘z ishining ustalari oldida nafaqat shartli dushman, balki tabiatning murosasiz injiqliklari ham turar edi.

Mashg‘ulot rahbarining ko‘rsatmalari asosida harbiy xizmatchilar belgilangan nuqtalarga joylashishga kirishar ekan, oldinda bizni artilleriya bo‘linmalarining navbatdagi muhim o‘quv mashg‘ulotlari kutar edi.

Qisqa vaqt ichida hududga yetib kelgan batareya asosiy o‘q otish pozitsiyalarini egalladi. Komandir nishonlargacha bo‘lgan masofani aniqlash va optik kuzatish moslamalariga tuzatishlar kiritishni boshladi. Shaxsiy tarkibning o‘ziga ajratilgan harbiy texnikalari shay holatga keltirilgan va “boshla” ishorasi bilan barcha birdek harakatlanishga tayyor.

Mashg‘ulotlar davomida o‘t ochish pozitsiyalarini muhandislik jihozlash, muhitga mos niqoblanish, nishon koordinatlarini tez sur’atda topish va uni yakson etish usullari bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi taktik qo‘llanmalar sinovdan o‘tkazib borildi.  Kichik guruhlarga bo‘lingan harbiy xizmatchilardan tezkorlik va epchillik talab qilinadigan mashg‘ulotlar ofitserlar tomonidan kuzatib borildi. Shartli nishongacha bo‘lgan masofa kuzatuv uskunalari orqali aniqlanishi bilanoq, yig‘ilgan ma’lumotlar asosida nishonga qarata o‘t ochildi.

To‘plar stvolidan chiqayotgan snaryadlar o‘zidan olov, chang va kuchli ovoz qoldirgancha belgilangan nishon tomon uchdi. Ketma-ketlikda davom etgan o‘t ochish jarayoni 5-6 daqiqa ichida to‘xtatildi hamda uzoqni yaqin qiluvchi moslama yordamida nishonlar ko‘zdan kechirildi.

– Bugungi o‘tkazilayotgan dala-o‘quv mashg‘ulotlarimizda asosiy e’tiborni har bir harbiy xizmatchi bilan individual ishlashga qaratganmiz. Qolaversa, “Ustoz-shogird” an’anasiga sodiq qolgan holda, yosh harbiylarimizning nazariy bilimlarini amaliyotda toblash, ko‘nikma hosil bo‘lishi uchun tajribali ofitserlar bilan birgalikda harakatlar olib borilmoqda, – deydi mayor Doniyor Rahimov. – Bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning moslashuvchanligini mustahkamlash bilan bir qatorda, jangovar harbiy texnikalardan mohirona foydalanish mahoratini oshiradi.

Shartli dushmanning asosiy kuchlari yakson etilgani aniqlangach, artilleriya nishonlarining koordinatalari qochishga urinayotgan dushman texnikalariga qaratildi. Masofa ancha olis bo‘lgani bois mutaxassislar koordinatalarni snaryad borib tushishi mumkin bo‘lgan vaqtni hisobga olgan holda harakatli obyektga yo‘naltirdi. Bitta snaryad va bitta nishon! Harakatdagi obyekt yo‘q qilindi. Uzoqni yaqinlashtiruvchi moslama yordamida biror holat aniqlanmadi. So‘nggi xulosa aniq, nishon batamom yo‘q qilingan. Shundan so‘ng artilleriyadan o‘t ochish to‘xtatildi…

Uzoq kengliklarga tutashib ketgan “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoniga yana sokinlik cho‘kdi.

– O‘ttiz ming metrgacha bo‘lgan masofada “Bitta snaryad – bitta nishon” shiori ostida nishonlar yakson etildi, – deydi kapitan Davron Temurov. – Bunday amaliy mashg‘ulotlar tajribamizni oshiradi. Vaziyat kezi kelganda, nafaqat jamoaviy, balki guruhimiz ham tezkor qarorlarni qabul qilishi kerakligini o‘rgatadi. Tezkor qarorlar murakkab vaziyatlarda nishonlarning yakson etilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi o‘quv mashg‘ulotida ham qo‘mondonlik punkti orqali berilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarishga harakat qildik. Bizning vazifamiz nishonni yo‘q qilish edi va biz buni uddaladik.

Jarayon yakunida divizion va batareyalarning hamkorlikdagi amaliy mashg‘ulotlari tahlili muhokama qilindi. Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish, qurol-aslaha, reaktiv qurilma va o‘ziyurar artilleriya texnikalarini samarali qo‘llash bo‘yicha yangi tajribalarni amaliyotga kiritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yuqori qo‘mondonlik tomonidan harbiy xizmatchilarning salohiyati, har vaqt yurt himoyasida hozirligi, artilleriya qurollarining jangovar shayligi yuqori baholandi.

 

Sherzod EGAMBERDIYEV,

“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine