Notice: Function _load_textdomain_just_in_time was called incorrectly. Translation loading for the wp-optimize domain was triggered too early. This is usually an indicator for some code in the plugin or theme running too early. Translations should be loaded at the init action or later. Please see Debugging in WordPress for more information. (This message was added in version 6.7.0.) in /home/mvvatanp/domains/mv-vatanparvar.uz/public_html/wp-includes/functions.php on line 6114
JADIDLARNING ASOSIY G‘OYA VA MAQSADLARI | Vatanparvar gazetasi
Juma, Noyabr 29, 2024
HomemaqolalarJADIDLARNING ASOSIY G‘OYA VA MAQSADLARI

JADIDLARNING ASOSIY G‘OYA VA MAQSADLARI

Ma’rifatchilikning yangi to‘lqinida – 1913–1915-yillarda “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Buxoroyi sharif”, “Turon”, 1917-yilda esa “El bayrog‘i”, “Kengash”, “Hurriyat”, “Ulug‘ Turkiston” gazetalari, “Oyina” jurnali kabi ijtimoiy-siyosiy bosma nashrlar katta rol o‘ynadi.

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan jadidlar faoliyatini tahlil etishda jadidchilik harakatining yuzaga kelishi va ular faoliyatiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston milliy qomusida jadidchilik harakatiga quyidagicha ta’rif beriladi: “Jadidchilik yoki jadidizm (arabcha: yangi) – XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy harakat hisoblanadi”. Jadidchilik dastlab, XIX asrning 80-yillarida Ismoilbek Gasprinskiy boshchiligida Qrimda vujudga keldi. So‘ngra XIX asrning 90-yillaridan Turkistonda tarqaldi.

“Jadid” atamasi ilk marta Turkiyada Sulton Salim III hukmronligi (1739–1802) davrida paydo bo‘ldi. Avstriyaga elchi qilib yuborilgan Abubakr Ratib afandi shohga yozgan bildirishnomalarida u yerda ko‘rgan idora tizimini “Nizomi jadid” deb tushuntiradi.

“Jadid” atamasi yangilik tarafdorlarini, yangilik g‘oyalarini ifoda etuvchi tushuncha sifatida qo‘llanilib, dunyo tamaddunida bo‘layotgan ulkan madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, yangi munosabatlar u yoki bu tarzda sekinlik bilan bo‘lsa-da, Turkiston o‘lkalariga ham kirib keldi. Abdulla Avloniy “gazeta o‘qig‘uvchilarni” mullalar “jadidchi” nomi bilan atar edilar” deydi. Turkiston jadidlari Turkiyadagi “Yosh turk”lar tashkilotlari ta’sirida “Yosh buxoroliklar”, “Yosh xivaliklar”, “Yosh turkistonliklar” degan nomlarda faoliyat olib borgan.

Jadidchilik – jahon sivilizatsiyasi yutuqlari, xususan ilg‘or ilm-fan, madaniyat-ma’naviyatga, milliy va umuminsoniy qadriyatlar birligiga asoslangan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy qoloqlikka, Chor Rossiyasining mustamlakachilik istibdodiga qarshi, milliy mustaqillikni barqaror etishga qaratilgan demokratik harakat edi, deb yozadi tarix fanlari nomzodi Yusuf Manzarov.

Jadidchilarning asosiy g‘oya va maqsadlari quyidagilar edi:

– Turkistonni O‘rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish;

– shariatni isloh qilish;

– xalqqa ma’rifat tarqatish;

– Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash;

– Buxoro va Xivada konstitusiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o‘rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish;

– barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qo‘shin tuzish.

Jadidchilik harakatining faoliyati maktabdan, maorifdan boshlangan so‘ng matbuot, san’at va siyosatga o‘tgan. 1884-yil Bog‘chasaroyda Ismoilbek Gasprinskiy (1851–1914) tomonidan dastlabki “usuli jadid” (yangi usul) maktabining ochilishi  Sharq xalqlari ma’naviy hayotida, maktab-maorifda inqilob yasadi. Uning bu xizmatlari 1927-yilda Toshkent okrugi ma’orif xodimlari qurultoyida Munavvarqori Abdurashidxonov tomonidan, “Jadid maktabi tashkil qilg‘onlar ham eski maktab, madrasa va qorixonalarning yetishtirgan kishilari edi. Ular yolg‘iz Bog‘chasaroyda chiqadurg‘on Ismoil Gasprinskiy gazetasini o‘qiydilar va shu orqali maktabni yaxshi tushunib, kitoblar oldirar edilar” deb e’tirof etiladi.

Bog‘chasaroyda dastlabki jadid maktabini ochgan Ismoil Gasprinskiy Turkiston general-gubernatori N.O. Rozenbaxga o‘lka musulmon maktablarini ham isloh qilishga doir loyihasini yuboradi. Undan rad javobini olgach, 1893-yil Turkistonga o‘zi keladi va Buxoro, Samarqand, Toshkentda bo‘lib, taraqqiyparvar ziyolilar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Buxoroda amir Abdulahadni jadid maktabi ochishga ko‘ndiradi. Bu maktabga “Muzaffariya” nomi beriladi.

Shu tariqa Turkistonda jadidlar tomonidan yangi maktablar ochish, maktablar uchun darsliklar yaratish jarayoni boshlandi. “Usuli jadid” maktablarida diniy fanlar va arab tili bilan bir qatorda tibbiyot, hikmat, kimyo, tabobat, nujum, fanlari, rus, fors tillari kabi jami
17 tagacha fan o‘rganilishi shartlari ilgari surildi. 1899-yilda Shamsuddin domla Andijonda, 1901-yilda Salohiddin domla Qo‘qonda va Abduqodir Shakuriylar Samarqandda birinchi bo‘lib jadid maktablarini ochadilar.

Filolog olim, professor Begali Qosimov “Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik” nomli kitobida quyidagicha fikr bildiradi: “Jadidchilikning mohiyatini Millat va Vatanni anglashdan ular manfaati uchun kurashishgacha bo‘lgan qizg‘in va hayajonli jarayonni tashkil qildi. Ayni paytda bu harakat millatni ham tarbiyalab bordi. Uni o‘z boshiga yog‘ilgan har bir ofatni taqdir deb ta’bir etishdan tahlil qilib, chorasini izlay olish darajasigacha ko‘tardi. Xususan, jadidlarimiz millatning yashamog‘i, taraqqiy topmog‘i uchun, birinchi navbatda, ozod, mustaqil bo‘lmog‘i lozimligini, anglab yetdilar va keng xalqni uyg‘otishga alohida e’tibor berdilar”.

Jadidlar yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, degan haqqoniy fikrlari bilan xalqni uyg‘otishga harakat qiladi. Taraqqiyotga eltadigan birdan bir ishga yaroqli tarbiya usuli sifatida I. Gasprinskiyning “usuli jadid”ini tinmay targ‘ib qiladi. Hayotning turli sohalariga taalluqli zamon ruhidagi bilimlarni yuksak tarbiyaviy talabchanlik bilan boshqalarga qaraganda qiziqarliroq, oddiyroq tarzda, xalq tilida yoyishga harakat qiladi.

Behbudiy 1913-yil “Oyina” jurnalida yozgan “Ikki emas to‘rt til lozim” maqolasida til o‘rganishga e’tibor qaratib, “Bank va sudxonalar, sud mahkamalari, notarius, temiryo‘l, xulosa, zamonni paydo qilgan har bir yangi nimarsalarig‘a muhtoj bo‘lsak, avvalg‘i qadamda ruscha bilmoq lozim kelur… Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto dini islom va millatg‘a xizmat ilmsiz bo‘lmaydur. …Xulosa, bugun bizlarg‘a to‘rt tilga tahrir va taqrir etguvchilar kerak, ya’ni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy” deb ta’kidlab o‘tadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, jadid bobolarimiz moddiy qiyinchiliklar, g‘oyaviy-siyosiy tazyiqlarga qaramay, millatning ma’naviy yuksalishi uchun imkoniyatlar yaratishga harakat qildilar. Bu esa tarixning murakkab, mas’uliyatli davrida millatni, xalqni ma’rifatli qilish, ongini yuksaltirish, milliy iftixor tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qildi.

Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir.

 

Olim YULDASHEV,

Qurolli Kuchlar akademiyasi

o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine