Mirzo Ulug‘bek O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, butun umrini Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlagan buyuk alloma va davlat arbobidir.
Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida yozishicha, Amir Temur “besh yillik urush” (1392–1396-yillar) vaqtida Mordin qal’asini qamal qilib turganda uning huzuriga chopar kelib, 1394-yil
22-mart kuni Eron Ozarbayjonining Sultoniya shahrida Ulug‘bek tug‘ilgani haqidagi xabarni yetkazadi. Mirzo Ulug‘bek Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, onasi Gavharshod og‘a nufuzli qipchoq amirlaridan G‘iyosiddin tarxonning qizi bo‘lgan. Chopar munajjimlarning bashoratlarini Amir Temurga yetkazgan. Ular Amir Temurning bu nevarasi kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilishgan. Amir Temur bu xushxabarni eshitgandan keyin Mordin qal’asi qamalini yechib, aholisiga omonlik bergan va ularga yuklatilgan to‘lovlardan ozod etgan. Nevarasiga esa Muhammad Tarag‘ay va Ulug‘bek deb nom qo‘ygan.
MIRZO ULUG‘BEK Movarounnahrni 40 yil (1409-yildan 1449-yilgacha) boshqargan. Uning hukmronlik davrida Movarounnahrda ko‘plab madrasa, masjid, xonaqoh, hammom, sardoba va karvonsaroylar qad ko‘targan, qabriston va ziyoratgohlar obod etilgan.
Mirzo Ulug‘bekning qilgan eng buyuk ishi Samarqand ilmiy maktabi va Dor ul-ilm akademiyasiga asos solganidir. Samarqand akademiyasi 1010-yilda Gurganchda tashkil qilingan Ma’mun akademiyasidan keyingisi Dor ul-ilm edi. Akademiyada 100 nafardan ortiq olim faoliyat olib bordi. Bular ichida Taftazoniy, Hamza ibn Ali Tusiy, Mavlono Badriddin, Qozizoda Rumiy, Said Sharif Jurjoniy, Mavlono Ahmad, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy va uning shogirdi Ali Qushchini misol qilib keltirish mumkin. Ilmiy izlanishlar olib borish uchun Samarqandda ikkita madrasa, shahar yaqinida rasadxona qurilgan.
MIRZO ULUG‘BEK RAHNAMOLIGIDA qurilgan inshootlar ichida uning rasadxonasi alohida o‘rin egallaydi. Ulug‘bek rasadxonasi o‘rta asr arxitekturasining eng nodir namunalaridan biri hisoblanadi. Ushbu rasadxona Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan 1428–1429-yillarda Ko‘hak (Cho‘ponota) tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan. Boburning “Boburnoma” asarida qayd etilishicha, Ulug‘bek rasadxonasining binosi uch qavatli bo‘lib, uning balandligi 30,4 metr, imorat aylanasi esa 47 metrga teng bo‘lgan. Unda o‘ndan ortiq turli astronomik qurilma va asboblar mavjud bo‘lgan. Bu asboblar yordamida Quyosh, Oy, sayyoralar, alohida yulduzlar kuzatilgan va o‘rganilgan. Rasadxona ichi ham koinot, Yer kurrasi tasvirlari bilan bezatilgani uchun xalq orasida uni “Naqshi jahon” deb atashgan. Ulug‘bek rasadxonasi qoshida 15 ming jilddan iborat boy kutubxona ham mavjud bo‘lgan.
MIRZO ULUG‘BEK RASADXONASIDA G‘iyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi o‘sha davrning mashhur olimlari faoliyat ko‘rsatgan. Ulug‘bek rasadxonasida jamlangan ma’lumotlar asosida jahonda mashhur bo‘lgan “Ziji Ko‘ragoniy” asarini yozgan. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi yillari Samarqandda ilm-fan ravnaqi tufayli bu davrni “Samarqandning oltin asri” deb atalishiga sabab bo‘ldi.
1425-yilning erta bahorida Mirzo Ulug‘bek Mo‘g‘ulistonga yurish qilib, Issiqko‘l yaqinida ko‘chmanchi turk-mo‘g‘ul qabilalarini tor-mor keltiradi. Bu xususda Ulug‘bek tomonidan Jizzaxning Ilono‘tdi darasida lavha ham yozdiriladi. Toshkentdan Samarqandga olib boruvchi yo‘l ustida, Jizzax yaqinida joylashgan tor daraga kiraverishdagi qoyaga o‘yib bitilgan quyidagi yozuv hozirga qadar yaxshi saqlanib qolgan: “Allohning ko‘magi bilan ellar va xalqlarni fath etguvchi ulug‘ sulton, Allohning Yer yuzidagi soyasi, Alloh suygan shohlarining madadkori Ulug‘bek mo‘g‘ul o‘lkasiga bir qator harb yurishlari uyushtirdi hamda ulardan sog‘ va omon qaytdi”.
Mirzo Ulug‘bekning she’riyat, musiqa, me’morchilik, matematika va ayniqsa, astronomiyaga iqtidori kuchli edi. Bu ulug‘ alloma va ijodkor ajoyib bir to‘garakka asos soladi, atrofiga iqtidorli olimlarni yig‘ib, tadqiqotchilar guruhini boshqaradi, bilimdon va izlanuvchan shogirdlar tayyorlaydi.
Mirzo Ulug‘bek o‘z atrofiga shoir, san’atkor va olimlarni jamlab, rejalashtirgan ishlarni amalga oshiradi. Bobosi Amir Temur kabi buyuk bunyodkor bo‘lgan Ulug‘bek Samarqand va Buxoroda g‘aroyib bog‘lar va saroylar barpo qildi. U dunyodagi eng katta gumbazli xonaqoh bunyod ettirdi, devorlariga turfa ranglardagi tarashlangan toshlar qoplangan ajoyib hammomlar qurdirdi, butunlay yaltiroq yog‘ochdan yasalgan xitoy rasmlari bilan bezatilgan masjid, aniq fanlar ham o‘rgatiladigan madrasalar barpo etildi, Buxoro madrasasi darvozasi peshtoqiga hadisi sharifdan olingan quyidagi shiorni ildirib qo‘ygan edi: “Bilim olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir”.
MIRZO ULUG‘BEK Amir Temur qurdirgan Go‘ri Amir maqbarasining kam-ko‘stini did bilan to‘ldirdi, kichik o‘g‘liga Shohi Zinda qabristoniga kiraverishga mustahkam darvoza qurdirishni yukladi. Mashhur Samarqand rasadxonasi qurib bitkazilgach, rasadxona joylashgan tepalik atrofida bog‘ barpo qilingan, Bog‘i Maydonda ajoyib “qirq ustunli saroy” va minorasi Xitoy chinnisidan tiklangan afsonaviy ayvon qurilgan. “Ulug‘bek zamonasida olimlar eng yuksak lavozimlarga ko‘tarildi, munosib odamlar munosib mansablarga qo‘yildi”, deb yozadi o‘sha zamona muarrixi Davlatshoh Samarqandiy.
Ulug‘bek musiqa ham bastalagan va o‘zi ijro etgan. Uning xotirasi nihoyatda o‘tkir edi, bir guvohning quyidagi latifasi buni yaqqol tasdiqlaydi.
Ulug‘bek mohir sayyod bo‘lgan va o‘zi ovlagan jonivorlar, ularning tur va xillari, ov sanasi hamda tafsilotlari bitiladigan bir daftar tutgan. Kunlardan bir kuni kimdir shu daftarni yo‘qotib qo‘yibdi. Ulug‘bek uni jazolash o‘rniga, mirzalarini chaqirib, yo‘qotilgan daftar mazmunini yoddan aytib turib, qayta tiklagan. Biroq bir necha kundan keyin yo‘qotilgan daftarni topib oladilar va ikkisi qiyoslab ko‘riladi, shunda ularning orasida atigi ikki-uchta farq chiqqan xolos. Mirzo Ulug‘bek Qur’oni Karimni yetti qiroat turi bo‘yicha yoddan o‘qigani ham ma’lum.
Mirzo Ulug‘bek riyoziyotchilar, falakiyotshunos va faylasuflarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatgan. Ulug‘bek ularni tez-tez qabul qilib, nafaqalar belgilab, harbiy amaldorlarning xurujlaridan va mutaassib ulamolarning tazyiqlaridan doim himoya qilib borgan.
“ZIJI JADIDI KO‘RAGONIY” deb ham ataluvchi jadval XVII–XVIII asrlarda Yevropada juda mashhur bo‘lgan. Yan Geveliyning “Astronomiya darakchisi” kitobida berilgan gravyurada (XVIII asr) o‘rtada astronomiya ilohasi Uraniya, uning o‘ng tomonida Mirzo Ulug‘bek, Yan Geveliy, chap tomonida Ptolemey, Bragel Tixo (daniyalik astronom), Richchi Ole (italiyalik olim)lar tasvirlangan. Gollandiyalik ustalarning gravyuralarida Mirzo Ulug‘bekning tasvirlanishi unga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning namunasi edi.
Mirzo Ulug‘bek 30 yildan ortiq Samarqand olimlari guruhiga rahbarlik qildi va tadqiqotlarda bevosita ishtirok etdi. Astronomik raqamlar va shartli belgilar bilan to‘ldirilgan sahifalarning soni yildan yilga ortardi. Birinchi bo‘lib Ulug‘bek o‘zining ustozi deb hisoblagan Qozizoda Rumiy va G‘iyosiddin Koshiy olamdan o‘tdi. Uning ishlarini o‘zining eng yosh shogirdi, mashhur falakiyotchi Ali Qushchi davom ettirdi.
Keyinchalik Ulug‘bekning tinchliksevar siyosatidan norozi turli guruhlar bilan kuchaytirilgan qo‘shinga qo‘mondonlik qilgan Abdulatif otasining lashkarlarini Samarqand qarshisida mag‘lub qiladi. Ulug‘bek o‘zini Makkaga kuzatib boradigan karvonni kutib turgan bir paytda bir guruh askar unga tashlanadi va 1449-yilning 27-oktabrida xoinona qatl qilinadi. Ulug‘bek o‘z bobosining yoniga, Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etildi. Uning qabr toshiga bitilgan “Padarkush Abdulatifga la’natlar bo‘lsin” yozuvni hozirgi kunda ham o‘qish mumkin. Mirzo Ulug‘bek olamdan o‘tgach, Abdulatif tayinlagan hokim olimlar va shoirlarni quvg‘in ostiga oladi, ular shoshilinch ravishda shaharni tark etadi, rasadxona asta-sekin xarobaga aylanadi.
MIRZO ULUG‘BEK vafotidan so‘ng uning Samarqanddagi mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani Ali Qushchi saqlab qolgan degan taxminlar ham bor, rivoyatlarga qaraganda, kutubxonadagi kitoblarning ko‘p qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir (Hazrati Bashir) qishlog‘iga ko‘chirgan. Shuningdek, Samarqand falakiyotchilarining buyuk asari “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”ni ham Ulug‘bekning so‘nggi shogirdi va do‘sti Ali Qushchi saqlab qolgan. Ko‘p o‘tmay, Ali Qushchi ta’qiblardan qochib, Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. U avval Karmana va boshqa shaharlarda yashab, 1465-yili Turkiyaning Istanbul shahriga boradi. Turk sultoni Muhammad II (1451–1481) taraqqiyparvar shaxs bo‘lib, o‘z atrofiga olim va shoirlarni to‘plar edi. Ali Qushchining dong‘ini eshitgan sulton uni saroyga taklif qiladi va olimlarga rahbar etib tayinlaydi. Ali Qushchi Turkiyada olimlar, faylasuf, shoirlarni o‘z atrofiga to‘plab, ilmiy ishlarni taraqqiy ettirishga intiladi, o‘zi esa riyoziyot, falakiyot, falsafa, mantiq, adabiyot, musiqa va boshqa fan sohalari bo‘yicha risolalar yozadi.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi XVI asrga kelib qarovsiz qolgan va vayronaga aylangan. 1908-yilda arxeolog, professor V. Vyatkin rahbarligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida Ulug‘bek rasadxonasining qoldiqlari topiladi. 1948-yilda rasadxonaning yerosti qismi ta’mirlanib, keyinchalik muzeyga aylantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2024-yil 12-sentabrdagi “Buyuk qomusiy olim Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori, ayniqsa davlat arbobi, temuriylar davlatining buyuk hukmdori Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bekning boy ilmiy-ma’rifiy merosi, mislsiz bunyodkorligini yanada chuqur o‘rganish orqali harbiy xizmatchilarni intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
MIRZO ULUG‘BEKNING faoliyati keyinchalik “Temuriylar davri uyg‘onish madaniyati” deb nom olgan madaniyatga asos solinishiga yoki Ikkinchi Renessans hodisasining shakllanishiga munosib hissa qo‘shdi. Xulosa qilib aytganda, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini qurishda Mirzo Ulug‘bek yaratgan asarlar g‘oyaviy-ma’naviy asos bo‘lib xizmat qilishi va uning ilmiy merosi tarixdagi bunyodkor g‘oyalardan saboq olgan holda yoshlarni vatanparvarlik, tarixga hurmat, yurtga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shishi aniq.
Sh. ALIMOV,
Qurolli Kuchlar akademiyasi
Milliy iftixor va harbiy-vatanparvarlik
kafedrasi dotsenti