Notice: Function _load_textdomain_just_in_time was called incorrectly. Translation loading for the wp-optimize domain was triggered too early. This is usually an indicator for some code in the plugin or theme running too early. Translations should be loaded at the init action or later. Please see Debugging in WordPress for more information. (This message was added in version 6.7.0.) in /home/mvvatanp/domains/mv-vatanparvar.uz/public_html/wp-includes/functions.php on line 6114
TURKISTONDA MILLIY MATBUOT VA JADIDCHILIK | Vatanparvar gazetasi
Juma, Dekabr 13, 2024
HomemaqolalarTURKISTONDA MILLIY MATBUOT VA JADIDCHILIK

TURKISTONDA MILLIY MATBUOT VA JADIDCHILIK

XX asrning boshlarida Turkiston jadidlari faqat badiiy ijod, ilmiy faoliyat, maktab va maorif islohoti masalalari bilangina emas, ayni paytda milliy matbuotni shakllantirish masalalari bilan ham jiddiy shug‘ullandi.

Bir tomondan, o‘zbek jadidchilik harakatiga oziq bergan kuchlar millatning o‘tmishida yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlar bo‘lib, ularning ma’naviy-ilmiy merosini o‘rganish orqali xalqimiz qanchalik yuksaklikka erishgan ekan, jadidlar ham o‘tmish ma’naviyatini bilish va uning ayrim muammoli o‘rinlarini isloh qilish yo‘lidan borganlari ma’lum haqiqat. Isloh qilish uchun esa har bir ma’naviy merosning o‘z davri va shu kundagi ahamiyatini belgilash, uning kelajakka daxldorlik darajasini aniqlash hamda ularni xalqning milliy yuksalishi uchun o‘ziga xos shakllarda yetkazib berish zarur edi.

Bu haqda taniqli fitratshunos olim H. Boltaboyev shunday yozadi: “Turkiston tarixiga olamshumul o‘zgarishlarning muallifi sifatida kirgan jadidchilik nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevroosiyoda ham ahamiyatli iz qoldirgani uchun u jahon afkori ilmiyasi tomonidan e’tibor bilan o‘rganilmoqda… Jadidchilik o‘z xalqini ozod va yurtini obod ko‘rish shiorini o‘rtaga qo‘yish barobarida uning oliy pirovard niyati xalqning o‘z shonli tarixi, madaniyati bilan jahon afkori umumiyasiga tanitishni istadi. Shuning uchun ham jahonni titratgan Temur qilichining zarblari va jahon adabiyotida yangi sahifa yaratgan Navoiy qalami jadidchilar uchun zamon timsoliga aylandi. O‘tmishni ideallashtirish orqasida yangi va yuksak jamiyat yaratib bo‘lmasligini yaxshi anglagan jadidchilar o‘tmish merosini o‘zlashtirish barobarida jahonning eng taraqqiy etgan millatlari sifatida o‘zini ko‘rishni istadi. Biroq bu ildizlardan yaralgan daraxt quyoshga bo‘y cho‘zib, Iymon, Milliy shuur va Istiqlol kurtaklarini chiqargunga qadar mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi va ko‘p qurbonlar berdi”.

JADIDCHILIK HARAKATI Turkistonga Rusiya istilosi tufayli kirib kelgan temiryo‘l, matbaa va matbuot imkoniyatlaridan ham foydalanishga harakat qildi. Garchi rus oxrankasi jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, “Туркестанские ведомости” gazetasining turkcha (N. Ostroumov ta’biricha, “sartcha”) ilovasi bo‘lgan “Turkiston viloyatining gazeti”da Furqat, Sattorxon kabi o‘zbek shoir va ziyolilarining maqolalari ham e’lon qilinib turdi.

Sattorxonning bir qator asarlarida sud va davlat tuzilishi, poraxo‘rlik, mahalliychilik, ichki nizolarni yo‘qotish kabi xilma-xil masalalar yuzasidan bildirgan fikrlari hanuzga qadar o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Sattorxon rus fani va madaniyatining dastlabki targ‘ibotchilaridan biri sifatida maydonga chiqdi. U “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilgan maqolalarining birida (1890-yil 14-may sonida) bunday deb yozgan edi: “Biz rus xalqi yordamida Ovro‘pa xalqlari bilan aloqa o‘rnatishimiz mumkin, buning natijasida biz umumbashariy hayot va ilmiy taraqqiyotning ishtirokchilariga aylanamiz”.

“TURKISTON VILOYATINING GAZETI”GA o‘ttiz besh yil davomida muharrirlik qilgan N. Ostroumov, o‘z navbatida, Rossiya va Yevropa madaniyati hamda hayot tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratdi. Uning gazetasida Rossiya va Yevropaga sayohat qilgan bir qator o‘zbek tujjorlari va ziyolilarining sayohatnomalari muntazam ravishda e’lon qilindi. Masalan, 1887-yilda Xarkovda bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etgan samarqandlik savdogar Mirza Buxarinning Boku, Xarkov, Moskva va Peterburg taassurotlari (1888, 4–7-sonlar), toshkentlik savdogar Tojimuhammad Isamuhamedovning 1900-yilda Boku–Istanbul yo‘li orqali Parijga qilgan sayohati (1900, 44-45-sonlar), gazeta muharrirlaridan Sattorxon Abdug‘afforov (1893), shoir Zokirjon Furqat (1891, 22–28, 32-sonlar), Xudoyorxonning kichik o‘g‘li Ibn Yaminbek (1893, 20-son), toshkentlik savdogar Orifxo‘janing (1894, 28-son) sayohatnoma  va xotiralari gazeta sahifalarida e’lon qilindi.

1906-YIL 27-IYUNDA Turkistonda birinchi jadid matbuotining qaldirg‘ochi bo‘lgan “Taraqqiy” (Ismoil Obidiy muharrirligida) gazetasi, 6-sentabrdan esa Munavvarqori boshchiligidagi bir guruh jadidlar “Xurshid” gazetasini chiqara boshlaydi. Gazetaning 10-soni dunyo yuzini ko‘rganidan keyin u hukumat tarafidan yopildi. 1907-yildan Abdulla Avloniyning “Shuhrat” gazetasi chiqa boshladi. 1912-yildan Buxoroda “Buxoroyi sharif” nashr qilina boshladi. Fors tilida chiqa boshlagan bu gazetaning Markaziy Osiyoning tubjoy aholisi bo‘lgan turklar tilida emas, Navoiy sart tili deb atagan forsiyda chiqishi nafaqat turkistonliklarni, balki xorijdagi ayrim turkshunoslarni o‘ylatib qo‘ydi. “Turk yurdi” jaridasi bu holdan ajablanib maxsus maqola bag‘ishlagani yapon olimi professor Xisao Ko‘matsuning tadqiqotlaridan ma’lum. Ehtimol, ushbu tanqidlar sabab bo‘lib gazetaga o‘zbek tilida haftalik “Turon” ilovasining nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi.

1913-YILNING aprel oyida chiqa boshlagan “Samarqand” gazetasiga mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy mas’ul muharrir etib tayinlanadi. O‘zbek, fors va rus tillaridagi maqolalar e’lon qilingan bu gazeta sahifalarida Mirzohid Miroqilov, Akobir Mansur, Hoji Muin kabi jadid ziyolilarning asarlari ham o‘rin egallagan edi. Olti yuzga yaqin nusxada tarqalgan bu gazetaning 45-soni chiqqanidan keyin mablag‘ tanqisligi sababli yopiladi. 1913-yil 20-avgustdan e’tiboran esa Behbudiy o‘zining “Oyina” jurnalini chiqara boshlaydi. Uning sahifalarida Munavvarqori, Mahmud Sattor, Akobir Mansurlarning bir qator maqolalari o‘rin egallagan bo‘lib, jurnal “Millat, islomiyayi saodat” shiorini ko‘targan edi. Ammo “Oyina” jurnali ham 136-soni e’lon qilinganidan keyin 1915-yil 15-iyunda yopiladi.

1914-YILDAN nashr etila boshlagan “Sadoyi Turkiston” jadidchilik tarixida chuqur iz qoldirgan nashrlardan biri edi. Uning bosh muharriri Ubaydullaxo‘ja Asatillaxo‘jayev bo‘lib, gazeta ishlariga Munavvarqori va Abduraufzoda yaqindan yordam bergan. “Sadoyi Turkiston” bilan deyarli ketma-ket nashrga chiqqan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining ishiga Obidjon Mahmudiy muharrirlik qilgan. Professor B. Qosimov 1917-yil fevral voqealaridan so‘ng nashrdan chiqqan gazetalar haqida fikr bildirib, chunonchi, shunday yozadi: “1917-yilning fevralidan keyin “Najot” (Munavvarqori), “Sho‘royi islom” (A. Battol), “Turon” (Avloniy), “Hurriyat” (Fitrat), “Kengash” (Zaki Validiy), “El bayrog‘i” (B. Soliyev, A. Zohiriy), “Ulug‘ Turkiston” (K. Bakir) kabi ko‘plab gazetalar chiqdi”.

Bular orasida Samarqandda nashr etilgan “Hurriyat” gazetasi sahifalarida yuzlab, minglab maqola va xabarlar, she’r va hikoyalar chop etildiki, bu hol jadid adabiyotining taraqqiyotiga xizmat qilgan asosiy omillardan biri jadid matbuoti degan da’voni tasdiqlaydi. Turkiston jadid matbuoti tarixi haqida ham maqola va tadqiqotlar paydo bo‘ldi. Dastlab Cho‘lpon “Turkistonda matbuot” maqolasi bilan chiqdi. So‘ngra Abdulla Avloniy 1905–1917-yillarda chop etilgan nashrlarni umumlashtirib, “Burungi o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi” maqolasini yozdi. Oradan o‘n yil o‘tgandan keyin Ziyo Saidning “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870–1927)” nomli mashhur kitobi nashrdan chiqdi. Jadid matbuoti tarixiga nazar tashlaganda, shunga amin bo‘lamizki, haqiqatan ham jadidchilar tomonidan amalga oshirilgan nashrlar millatning uyg‘onishiga sabab bo‘ldi, ikkinchidan, deyarli barcha jadidchilik harakatining rahbarlari matbuotchilik ishida faol qatnashib, o‘zlarining maqola va badiiy asarlarining ommaga yetib borishi uchun qulay bo‘lgan usul va yo‘l topdi.

1920-YILDA Bokuda nashr etilgan “Fuqaro fuyuzato” jurnalida e’lon qilingan yuqorida tilga olingan “Turkistonda matbuot” nomli maqolasida Cho‘lpon mahalliy matbuot faoliyati, uning xalq hayoti va siyosiy voqelikda tutgan o‘rniga shunday baho bergan edi: “Eski vaqtlarda: “Matbuot yettinchi davlatdir”, der edilar. Bu so‘z, bu da’vo endi-da ahamiyatini yitirmabdir. Bu kunda-da matbuotning ahamiyati buyukdir. Xususan, Sharq xalqi bu kun matbuotning ahamiyatini tushunmishdir. Buyuk inqilob olamining ketishidan bexabar yotgan sharqliklarni uyg‘otmish, qonsiz tomirlariga qon, “yashamak uchun muboraza edajak” muqaddas qon savk etmishdir. Qamoqda matbuotni ajnabiylarga – xorijliklarga maxsus bir “shay” bilan sharqlilar bukun uni izlar, topar, uning ustida mulohaza yuritarlar. Olamning tugul, hatto shaharning hayotiga-da ko‘zining ichi bilan boqqan ko‘yli, kandli bu kun ko‘yning tashqarisida, yiroqlarda tantanali, muborazali va o‘ziga ham taalluqli bo‘lgan hayotni bilmoq va o‘rganmoq istab ta’qib etadilar”.

Cho‘lponning mazkur maqolasi bilan bir qatorda “Sharq isyoni” she’rining ham Ozarbayjon matbuotida e’lon qilinishi 1920-yilning sentabr oyi boshlarida Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlarining tarixiy qurultoyi bilan bog‘liqdir. Ma’lumki, Cho‘lpon ham bu qurultoyda Turkistondan borgan bir guruh vakillar qatorida qatnashgan edi. Cho‘lponning “Turkistonda matbuot” maqolasi esa, yozilish sanasiga ko‘ra, bu mavzudagi dastlabki ish bo‘lish bilan birga o‘zbek vaqtli matbuoti tarixida nashr etilgan gazeta va jurnallarning o‘z davrida millatimizga qay darajada xizmat qilganini sho‘rolar hokimiyati sharoitida haqqoniy va xolisona baholangan ish sifatida ham qimmatlidir.

TOSHKENT VA BUXORODA bu vaqtga kelib musulmon matbaa (bosmaxona)lari ham faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Toshkentlik boylardan G‘ulom Hasan Orifjonov matbaasida bir qator fors va o‘zbek tillaridagi asarlar litografiya usulida chop etila boshlandi. Toshkentdagi Porsov va Buxorodagi Livnin matbaalari tarix va adabiyotga oid bir qator asarlarni, jumladan Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini, Ahmad Yassaviyning “Devon”ini, “Abo Muslim rivoyatlari”, “Temurnoma”, “Shohnoma” kabi asarlarni chop etdi. Toshkentda yangi asarlarni nashr etish maqsadida “Turkiston” nomli nashriyot shirkati ham tashkil etildi.

Xullas, XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining yorqin namoyandalari o‘zlari uchun keng targ‘ibot maydoniga aylangan milliy matbuotning shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.

 

Rustam SHARIPOV,

Jadidshunoslik ilmiy tadqiqot markazi direktori,

filologiya fanlari doktori

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine