Kuni kecha mashhur rus yozuvchisi Ivan Turgenevning “Punin va Baburin” qissasini o‘qib qoldim. 1874-yilda yozilgan ixchamgina asarda voqealar qadimiy dvoryanlar mulkiga egalik qiluvchi boy pomeshchik ayolning o‘n ikki yoshli nabirasi Petya, Baburin va uning do‘sti Punin atrofida sodir bo‘ladi.
Aytmoqchi bo‘lganim aslo bu haqda emas. Negadir XIX asrning ikkinchi yarmida rus xalqi orasida keng tarqalgan, shuningdek qissa qahramonlaridan biri bo‘lgan Baburin istilohi e’tiborimni tortdi. Xayolimni yarq etib yorishtirgan nom – Bobur bo‘ldi.
Xullas, shu so‘zning iziga tushdim. Rus manbalarida bu familiyaning kelib chiqishi va ma’nosi haqida bir qancha taxminlar mavjud ekan. Ajablanarlisi, aksariyat adabiyotlarda Baburin atamasi ildizlari forschada “yo‘lbars” ma’nosini anglatuvchi Bobur Mirzo ismiga bog‘lanishi bayon qilinadi.
Ammo nazariyalar bu bilan cheklanib qolmaydi. Yana bir versiyaga ko‘ra, Baburin Bobur ismiga kichraytma va erkalash shakli qo‘shimchasi qo‘shilishdan hosil bo‘lgan. Shu tariqa Bobur – Baburinga, Baburina esa ayollarga nisbatan qo‘llaniladigan familiyaga aylangan.
Yana bir manbada bu ismni Rusga Markaziy Osiyodan ko‘chmanchi xalqlar, jumladan turkiy qabilalar bostirib kirishi natijasida hozirgi Rossiya hududida muqim qolib ketgan kishilar avlodlaridan tarqagan deb hisoblaydilar.
Ayrim atamashunoslar esa Baburinni “Bobrov” ismi bilan aloqasi bor deb hisoblab, uni qunduz hayvoni nomi bilan bog‘lasa, yana bir versiyaga ko‘ra, Baburin “Babura” laqabidan kelib chiqqan bo‘lib, rus shevalaridagi “buvi”, “kapalak”, “achchiq qo‘ziqorin”, “oshiq o‘yini uchun suyak”, “toshbaqa baliq” kabilardan yasalgan bo‘lishi mumkin. Ushbu nom Tula hududlarida ishlatilgan “baburit” – “gapirmoq” fe’lidan kelib chiqqan, degan taxminlar ham bor.
Ushbu familiya xususida bir qancha farazlarni o‘qir ekanman, ularning aksari bobomiz Mirzo Bobur shaxsiyatiga bog‘lanishi haqiqatga eng yaqin variant sifatida keltirilayotganiga guvoh bo‘ldim. Hatto 1974-yili Moskvada nashr etilgan S. Veselovskiyning “Onomastikon. Qadimgi ruscha ismlar, taxalluslar va familiyalar lug‘ati”da ham XVI asrdagi yer egalari Baburinlar haqida so‘z yuritiladi. Bu, o‘ylashimcha, shoh va shoir zamoniga eng yaqin davrdir.
To‘g‘risi, kalavaning ikkinchi uchi o‘zimizning tarix zarvaraqlarida yotganidan quvonib ketdim. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Avlodlar dovoni” romanida Baburin atamasi tarixiga oid qiziq faktlarni keltirib o‘tadi. Asarda yozilishicha, Bobur Mirzo hind o‘lkalari podshosi bo‘lganidan keyin o‘z elchisi Xo‘ja Husaynga maktub berib, uni Moskoviya (Moskva)ga elchi qilib yuboradi. Uch yillik sargardonlik va bir necha bor g‘animlar tuzog‘iga tushib (bu o‘rinda Shayboniylar nazarda tutilmoqda. Chunki o‘sha davr muhorabalari natijasida Bobur ishtirokidagi har qanday hodisaga salbiy munosabat shakllanib qolgandi), qutulib, Moskvaga yetib borgan Xo‘ja Husaynni Boburning elchisi ekaniga unchalik ishonmaydilar. Modomiki, Bobur Hind yerlariga podshoh bo‘lganidan ularning xabarlari ham yo‘q edi.
Asarda karvon bekatida kasal bo‘lib yotgan Xo‘ja Husaynning hindistonlik ekanini eshitgan Matvey uni o‘zining uyiga olib ketgani, uni ayiq o‘tidan tayyorlangan dorilar bilan davolagani aytiladi. Xo‘ja Husayn shu tariqa Matvey Semyonovich Kalitinning yurti Muromda uch yil qolib ketadi. U bilan xizmatkoriga muromliklar o‘rmon chetidan yog‘och uy qurib beradi, uni “Baburin posol”, ya’ni “Boburning elchisi” deb hurmat qiladi.
Bora-bora Xo‘ja Husayn ruslar orasida Baburin degan familiya bilan taniladi. U xizmatkori bilan o‘rmon chetida turadigan joyga “Baburinskiy xutor” degan nom beriladi. Matvey Semyonovich bilan Xo‘ja Husayn bir-birining tilini o‘rganadi. Daryo yo‘li bilan Novgorod orqali Qozon xonligiga borib, tijorat qiladilar va Hindiston safari uchun mablag‘ yig‘adilar. Ko‘p xavf-xatarlarni boshdan kechirib, nihoyat, Agraga keladilar.
Demak, yozuvchining ta’kidicha, hozirda rus xalqi orasida keng tarqalgan Baburin – Bobur Mirzoning elchisi Xo‘ja Husayn nomi bilan bog‘liq ekan. Bu daryodan tomchi xolos. Hali qanchadan qancha turkiy so‘zlarimiz jahon tillarida yashab yuribdi deysiz. Biz esa turkiy so‘zlar qanotida dunyo kezishda davom etamiz!
Bobur ELMURODOV