Notice: Function _load_textdomain_just_in_time was called incorrectly. Translation loading for the wp-optimize domain was triggered too early. This is usually an indicator for some code in the plugin or theme running too early. Translations should be loaded at the init action or later. Please see Debugging in WordPress for more information. (This message was added in version 6.7.0.) in /home/mvvatanp/domains/mv-vatanparvar.uz/public_html/wp-includes/functions.php on line 6114
MAFKURAVIY KURASH FRONTI | Vatanparvar gazetasi
Juma, Dekabr 13, 2024
HomemaqolalarMAFKURAVIY KURASH FRONTI

MAFKURAVIY KURASH FRONTI

O‘ZBEK TARIXCHILARINING TEMUR SHAXSIYATINI TIKLASH VA OQLASH YO‘LIDAGI HARAKATLARI

Jadid ma’rifatparvarlari yangi usul maktablarida tarix fani o‘qitishni, millat farzandlarini xolis o‘tmish bilan tanishtirishni o‘zlarining muqaddas burchi sifatida bilgan. Ular tomonidan tayyorlangan darsliklarda o‘quvchilarga Vatanning buyuk o‘g‘lonlari tarixi o‘rgatilgan.

Sovet mafkurachilari o‘zbek xalqi o‘z tarixini bilmasligi uchun millat oydinlariga doimiy ravishda ham mafkuraviy, ham jismoniy bosim o‘tkazib kelgan. Hatto 1980-yillarda ham o‘zbek xalqi tarixini o‘rganish masalasiga eng so‘nggi darajali masala sifatida qaralgan.

Misol uchun, 1984-yilda akademik B. Ribakov tahriri ostida nashr qilingan 441 sahifali SSSR tarixi qo‘llanmasida Pyotr I ning Rossiya imperiyasida amalga oshirgan islohotlariga 19 sahifa ajratilgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston tarixi esa 1 betda juda mujmal va qisqa tarzda yozilgan.

Kommunistik partiya o‘zbek xalqi tarixini berkitish bilan birga millat tarixida o‘chmas iz qoldirgan qahramonlar nomini qoralash kampaniyasini ham olib borgan. Xususan, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniyxon, Xo‘ja Ahror Valiy, Dukchi Eshon singari ajdodlarimizni tarixdan o‘chirib tashlashga harakatlar bo‘lgan. Biroq fidoyi o‘zbek tarixchilari mard ota-bobolari nomini og‘ir sharoitlarda ham himoya qila oldi. Shunday jonkuyar tarixchilardan biri professor Bulat Soliyev edi.

Sovet davlati tashkil topgan 1920-yillardayoq Po‘lat (Bulat) Soliyev Turkiston tarixiga oid darslik yozish ishiga jiddiy kirishadi. Biroq bolsheviklar Po‘lat Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tomonidan tayyorlangan tarix bo‘yicha darslik loyihalarini doimiy ravishda rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, Soliyev 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Olim mazkur asarni yaratishda O‘rta asr muarrixlarining meroslaridan unumli foydalanadi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanini ta’kidlagan holda kitobning kirish qismiga o‘sha kunlarda sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.

Uning mintaqa tarixiga keng va chuqur yondashish haqidagi talabi tez orada kommunist targ‘ibotchilarining keskin tanqidiga sabab bo‘ladi va ular Po‘lat Soliyevning tarixshunosligini “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflaydi.

“O‘ZBEKISTON TARIXI” ASARI o‘quvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatida qanday o‘rin tutgani va Turkistonning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi. Bundan sal avval, ya’ni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.

Sovet olimlari 1930-yillarda Amir Temur shaxsini Karl Marksning “Temurning siyosati minglab ayollar, bolalar, erkaklar, yoshlarni qiynoqqa solish, qirg‘in qilish va shu tariqa hamma joyda dahshat uyg‘otish edi” degan g‘oyasi atrofida qurish kerakligini ta’kidlar edi. Po‘lat Soliyev esa o‘z ishlarida Amir Temur shaxsini zolim bosqinchi sifatida emas, balki mohir sarkarda, ajoyib davlat arbobi va diplomat sifatida ko‘rsatgandi. Shu boisdan Po‘lat Soliyevning ushbu “O‘zbekiston tarixi” kitobi kommunistik mafkura tarafdorlari yuziga tushirilgan “shapaloq” bo‘lgan, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

PO‘LAT SOLIYEV ushbu asarni yozishda Amir Temur va Temuriylar merosiga jiddiy ravishda e’tibor qaratadi. Olim Movarounnahrning mo‘g‘ullar xurujidan keyingi iqtisodiy ahvoli haqida, ichki feodal urushlarining mamlakat iqtisodiyotini qay darajada tubanga tushirgani va shunday og‘ir iqtisodiy tushkunlikda bo‘lgan Turkiston o‘lkasi, Amir Temur qo‘l ostida qanday qilib dunyodagi eng qudratli davlatga aylanganini batafsil yoritadi. Tarixchi Amir Temur saltanati bu hududda shakllanishi tasodif bo‘lmagani, Temuriylar saltanatining iqtisodiy-ma’naviy asosi bo‘lishi lozim bo‘lgan buyuk shaharlar mintaqada avvaldan bo‘lganini ta’kidlaydi.

Albatta, olimning millat tarixiga qilgan bunday xizmatlari sovet maxsus xizmatlari tomonidan jazosiz qolishi mumkin emasdi. 1936-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘rta Osiyo tarixchilari va olimlarining qurultoyida Po‘lat Soliyevga nisbatan “millatchi va panturkist” ayblovlari qo‘yiladi. Shu yildan boshlab olimning ilmiy maqolalari jurnallarda bosilishi to‘xtatiladi. Soliyevning kitob va darsliklari oliy o‘quv yurtlari kutubxonalaridan yig‘ishtirib olina boshlaydi.

1937-yili olimning o‘zi ham hibsga olinadi. O‘zbek xalqining haqiqiy va buyuk tarixini yoritishga butun hayotini bag‘ishlagan olim 1937-yil 13-oktabrda sovetlar tomonidan otib tashlanadi.

SSSRning Amir Temur merosiga bo‘lgan mutlaqo toqatsiz siyosatiga qaramay, Po‘lat Soliyev shogirdlari sohibqiron merosini xalqqa yetkazishda davom etadi. Shunday shogirdlardan biri o‘zbek tarixchiligi fidoyisi akademik Ibrohim Mo‘minov edi.

IBROHIM MO‘MINOVNING 1968-yilda nashr etilgan “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” nomli asarida Temurning qudratli davlat tuzish yo‘lidagi kurashlari va faoliyati tasvirlanadi. Ammo Mo‘minovning ushbu risolasi nashr etilishi bilan olimga siyosiy bosimlar kuchayadi. Moskvadagi KPSSning Mafkuraviy masalalar bo‘yicha kotibiyati olimni badnom qilish kampaniyasini boshlab yuboradi. Turli markaziy nashrlarda Mo‘minovning ilmiy faoliyati tanqid qilingan maqolalar e’lon qilinadi. Uning oila a’zolariga tazyiqlar uyushtiriladi. Bularning barchasi keyinchalik Ibrohim Mo‘minovning sog‘lig‘iga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Amir Temur shaxsiyatini o‘rganish va yoritish ishlari, nihoyat, erkin va katta ko‘lamda amalga oshirila boshlandi. Bugungi kunda Po‘lat Soliyev, Ibrohim Mo‘minov singari jonkuyar tarixchilarimizning merosini keng jamoatchilikka yetkazish juda muhim ishlardan biri hisoblanadi.

 

Ubaydulla QUVVATALIYEV,

TerDU qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine