Juma, May 30, 2025
HomeyangiliklarYOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH – PIROVARD MAQSADIMIZ

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH – PIROVARD MAQSADIMIZ

Hozirgi davrdagi jadal taraqqiyot tendensiyalari ta’sirida tobora globallashib borayotgan jamiyatda intellektual salohiyatni samarali ishga solish, mutaxassislarning o‘z faoliyatiga ongli yondashuvini shakllantirish, ularning shaxsiy mas’uliyat va tashabbuskorlik fazilatlarini kuchaytirish katta ahamiyatga egadir.

Ayni kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, shu bilan birga yoshlarimizning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi, ularni harbiy xizmatga, ona Vatanimizni himoya qilishga tayyorlash, ularda vatanparvarlik, faxr, g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish dolzarb masalalardan hisoblanadi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda milliy armiyani izchillik bilan isloh qilish va rivojlantirish, davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash yosh harbiy kadrlarni tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasining qabul qilingani, armiya va xalq birligini ta’minlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikdagi ishlarning kuchaytirilgani milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini bermoqda.

HOZIRGI KUNDA mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash va hududiy yaxlitligini saqlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan yurtimiz kelajagini ta’minlashda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ahamiyati katta. Zotan, dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan qaltis vaziyatlar Vatan mudofaasini mustahkamlash, uning himoyasi uchun tayyor turish vazifalarini keltirib chiqaradi.

Shu sabablarga ko‘ra, hozirda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi Vatanimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lib, bunday tarbiyani zamonaviy talablar darajasida amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mavzuning dolzarbligini quyidagilar bilan izohlash mumkin:

birinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha uzluksiz ish olib borish eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilanganligi;

ikkinchidan, yoshlar tarbiyasi mamlakat kelajagi va barqarorligini ta’minlashning kafolati sifatida o‘zining ahamiyatini yanada mustahkamlab borayotganligi, shuningdek bugungi globallashuv va integratsion jarayonlarda turli mafkuraviy xurujlar asosan yoshlar ongiga qaratilayotganligi;

uchinchidan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tomonidan mamlakat yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirayotgan bugungi kunda, quyi pog‘onadagi ofitserlarda sohaga oid nazariy-metodologik asoslarga nisbatan ehtiyojning saqlanib qolinayotganligi;

to‘rtinchidan, harbiy qismlarning imkoniyatlari, ularda yo‘lga qo‘yilgan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda, yoshlar bilan harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etayotganligi.

Tarixdan ma’lumki, inson paydo bo‘lganidan boshlab, odamlar u yoki bu shakl va mazmunda farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanganlar. Ibtidoiy jamoa davrida bu jarayon ba’zan ongli, gohida esa ongsiz ravishda kechgan bo‘lishi mumkin. Qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tarbiya usullari muttasil davom etavergan. Ular davrlar o‘tishi, hayot va turmushning murakkablashishi natijasida tobora chuqurroq va keng ma’no kasb eta boshlagan.

Manbalarda keltirilishicha, inson asosan ikki yo‘l bilan tarbiyalanishi mumkin: birovlarning bevosita ta’siri, ya’ni o‘rgatishi, shuningdek donolar fikrlari, o‘gitlari va asarlarini o‘qish orqali, inson o‘zining fikrlashi, odamlar xatti-harakatidan, qilgan va qilayotgan ishlaridan tegishli xulosalar chiqarib olishi, eng qudratlisi – tafakkuri vositasida tarbiyalanishi mumkin.

VATANPARVARLIK, FIDOYILIK, XALQPARVARLIK fazilatlarini yosh avlod ongiga singdirish masalasi ming yillar mobaynida ajdodlarimiz diqqat e’tiborida bo‘lib kelgan. Xususan, mamlakatimiz hududlaridan topilgan qadimgi qo‘lyozmalar, bitiktoshlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, dostonlar, rivoyatlarda tilga olingan voqea-hodisalar, tasviriy san’at va asarlardagi obrazlar fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi.

Mazkur muammo keyingi davrlarda ham millatimizdan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk allomalar, jadidlar va millat fidoyilarining asarlarida o‘z aksini topgan. Xususan, Abdulla Avloniy o‘z ishlarida har bir millatning saodati, davlatlarning tinchligi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liq deya ta’kidlab: “Tarbiya biz uchun – yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” degan konseptual g‘oyani ilgari surgan. Allomaning fikriga ko‘ra, bolalarini pisand qilmagan millatlarning inqirozi muqarrardir, buning sababi avvalo o‘z yoshlarini yot qo‘llar va madaniyatlar ixtiyoriga berib qo‘yganliklari bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu bizdan Vatanimiz kelajagi bo‘lmish yoshlar tarbiyasiga mas’uliyat va hushyorlik bilan yondashuvni talab qiladi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ularda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador bo‘lgan davlat xizmati turlarida faollik ko‘rsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli bo‘lish, ularda o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iboratdir.

Shu o‘rnida “Vatanparvar” so‘ziga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, u arabcha “Vatan” va forscha “parvar” so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan so‘z bo‘lib, o‘z Vatani, ona yurti, xalqini cheksiz sevuvchi va Vatan manfaatlari uchun jonbozlik ko‘rsatuvchi kabi ma’nolarni anglatadi.

MANBALARDA KELTIRILISHICHA, Vatan eng avvalo, obyektiv muhit, borliq, zamin bilan bog‘liq bo‘lgani uchun kishi ongida aniq tasvir, qiyofa, siymolar tarzida, vatanparvarlik esa aniq muhit, zaminda va mavjud ma’naviy-axloqiy qadriyatlar asosida shakllanadi. Vatanga muhabbat tuyg‘usi bolaga ona suti bilan, allasi bilan kiradi. Bu aziz tuyg‘u bir umr unutilmaydi. Vatanparvarlik kishining o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kamol topgan joy, zamin, o‘lkaga bo‘lgan mehr-muhabbatini, munosabatlarini ifoda etadigan ijtimoiy va ma’naviy-axloqiy xislati, fazilatidir. Shuningdek, vatanparvarlik barcha kishilar, xalq, millatlar uchun umumiy bo‘lgan, asrlar davomida sayqallanib kelgan umuminsoniy tuyg‘u ma’naviy qadriyatlardan biridir.

Vatanparvarlik tarixiy jihatdan kishilarning o‘z Vatani taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy rivojlanishi, o‘zi yashagan hudud daxlsizligi va mustaqilligi yo‘lidagi kurashlari jarayonida takomillashib kelgan his-tuyg‘ular jamlanmasi hamdir. Bu Vatanning o‘tmishi va hoziri bilan faxrlanishda, uning manfaatlarini himoya qilishda namoyon bo‘ladi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda bizning real misollarga boy tariximiz alohida o‘rin tutadi. Tariximizni o‘rganish bizga vatanparvarlik tarbiyasi uchun zarur bo‘lgan o‘z Vatani, xalqi, o‘tmishi ajdodlar hayotini bilish, ularni to‘g‘ri tahlil qilish va tegishli xulosalar chiqara olish imkonini beradi. Shuning uchun ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning tarixiylik prinsiplari asosida – Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Shayx Najmiddin Kubro, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburlar kabi ajdodlarimizning faoliyatini va vatanparvarligini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qadimda Spitamen Iskandar Zulqarnayn boshchiligidagi qudratli qo‘shinning kulini ko‘kka sovurgani mamlakatimiz yoshlarida g‘urur va ajdodlar bilan faxrlanish hissini shakllantiradi. Yana bir muhim jihat: o‘z davrining yengilmas sarkardasi sanalgan Iskandar Zulqarnaynga Markaziy Osiyo mintaqasidagi kichik bir hududni o‘ziga bo‘ysundirish uchun uch yil kerak bo‘lganligini tarixiy faktlar asosida o‘rgangan yosh yigit va qizlar qalbida o‘z xalqi taqdiri uchun daxldorlik hissi mustahkamlanadi.

BUYUK VATANDOSHLARIMIZDAN Shayx Najmiddin Kubro Chingizxonning marhamatidan ko‘ra, Vatan ozodligi yo‘lidagi kurashda qurbon bo‘lishni afzal ko‘rganligi yoshlarga ibrat bo‘la oladi. Uning 76 yoshida ham dushmanga qarshi jang qilish uchun o‘zida kuch topa olganligi yoshlar ongiga Vatanga sadoqat, o‘z xalqiga muhabbatning oliy ko‘rinishlarini singdiradi.

Dunyo harbiy san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk sarkardalarimizdan biri Jaloliddin Manguberdining qahramonligi to‘g‘risidagi bilimlarni o‘rganish, yoshlarda harbiy kasbga qiziqishni yanada oshirib, ularni harbiy sohaga bog‘liq bo‘lgan davlat xizmatlariga safarbar etadi. Jumladan, Jaloliddin Manguberdini o‘rgangan har bir yigit mashhur tarixchi Shahobiddin Muhammad an-Nasafiy tasvirlaganidek, Sherlar orasida eng zo‘r sher, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir bo‘lishga intiladi. Jahldorlikdan va haqoratomuz so‘zlardan tiyiladi. Doimo jiddiy bo‘lib, o‘z Vatanini jonidan ortiq sevishni o‘rgatadi.

Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning dunyo harbiy san’ati, davlat boshqaruvi tizimi va ilm-fanning rivojiga qo‘shgan hissasiga oid bo‘lgan ma’naviy, ma’rifiy va madaniy tadbirlarning yoshlar bilan tashkil etilishi, yigit-qizlarda nafaqat ajdodlarimiz merosi bilan g‘ururlanish hissini shakllantiribgina qolmay, ularni harbiy-kasbiy faoliyatga safarbar etadi.

SOHIBQIRON AMIR TEMURNING “Temur tuzuklari”ni o‘rganish yoshlarda hayotiy xulosalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Temur tuzuklari” yoshlar qalbida Vatan oldidagi burchga sodiqlik, do‘st va dushmanni anglash, matonat, axloqiy va poklik singari sifatlarni shakllantirish uchun zamin yaratadi. Amir Temur siymosi vatanparvarlik, do‘stlik, yurtga sodiqlik timsoli sifatida yoshlar ko‘z o‘ngida har qachon gavdalanib turadi.

Yosh avlod ta’lim va tarbiyasida Hazrat Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatidan keng foydalanish ham maqsadga muvofiq. Ma’lumki, Navoiy nafaqat ijodkor, balki amaldor sifatida el osoyishtaligini saqlash, qishloq va kentlarni obodonlashtirish, yoshlarni bilim olishga chorlash uchun amaliy sharoitlar yaratishda tinmas va tolmas tashabbuskor bo‘lgan. U o‘z asarlarida bu g‘oyalarni keng targ‘ib etgan. Navoiy asarlaridagi g‘oyalar, o‘z davrida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tadbirlar mazmun va mohiyatini bugungi kunda yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq tadbirlarda keng qo‘llashimiz darkor. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida chin sevgi va vafo, do‘stlik va sadoqat, mehnat va ijodkorlik bilan bir qatorda vatanparvarlik hamda qahramonlik g‘oyalari keng tarannum etiladi. Doston yoshlar va bolalarga atab yozilmagan, lekin asarning ko‘pgina boblari bolalar va yoshlar hayotiga, ularning tarbiyasiga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatlidir.

Mashhur ma’rifatparvar, jurnalist, davlat va jamoat arbobi, adib va pedagog Abdulla Avloniy o‘zining 1913-yilda yozgan “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobining “Vatanni suymak” deb nomlangan bo‘limida shunday yozgan: “Hammaga ma’lumdirki, eng muqaddas diniy yerimiz o‘lan Arabistonga bog‘larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o‘z Vatanlariga qaytib kelurlar. Buning sababi, ya’ni bularni tortub keturgan quvvat o‘z Vatanlarining, tuproqlarining mehr-u muhabbatidur”.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda xalqimizning turmush tarzi, an’analari, urf-odatlari uning o‘ziga xos va betakror madaniyati, bunyodkorlik, ijodkorlik sifatlari, milliy san’at turlarining ahamiyati beqiyosdir. Bu esa ajdodlar merosini tushunish orqali u bilan faxrlanish uchun jiddiy asos bo‘ladigan bilimlarni shakllantiradi.

 

Polkovnik Mirodil AZIMOV,

Qurolli Kuchlar akademiyasi

katta o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine