Suratda siymosi aks etib turgan bu insonning qo‘shiqlarini eshitmagan gazetxonimiz bo‘lmasa kerak. U o‘zining serqirra ijodi, noyob iste’dodi va yuksak mahorati bilan nafaqat yurt posbonlari, balki xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. 68 yosh ostonasida turgan qahramonimizning hayoti, harbiy xizmati va san’at olamidagi faoliyati xususida qiziqarli voqealar ko‘p. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli vokal-xor guruhi oliy toifali artisti Marat Hakimov bilan kechgan maroqli suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
Qo‘lbola elektrogitara
Artist bo‘lish orzusi menga 5-sinfligimdayoq tinchlik bermagan. Ota-onamga gitara olib beringlar, deb holi-joniga qo‘ymaganim yodimda. Maktab, tuman, viloyat bayramlarida, turli tanlovlarda qo‘shiq aytib qatnashganman.
1972-yili elektrogitara paydo bo‘ldi. Uni sotib olishga pul yo‘qligi uchun o‘zim yasashga kirishdim. Taxtani arra bilan qirqdim. Grifini qo‘lda tayyorlash imkonsiz, chunki unga aniq hisob-kitob kerak. Shu bois oddiy eski gitaramning grifini olib, taxtaga o‘rnatdim. Ikkita joyini o‘yib, ovoz sozlagich qo‘yib, axiyri haqiqiy elektrogitara ovozini chiqara oldim. Shu bilan Chiroqchida birinchi marta mening qo‘lim bilan yasalgan elektrogitara paydo bo‘ldi.
1974-yili maktabni bitirib, Toshkent teatr institutiga o‘qishga kirish imtihonidan “yiqildim”. Chiroqchiga qaytdim. 18 yoshga to‘lishimiz munosabati bilan 1975-yilning boshida tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i 40 nafar yigitni yig‘ib, hammamizni 2 yillik muddatli harbiy xizmatga ketishimiz haqida ogohlantirdi. Armiyaga kuzda ketilishi va unga qadar avtomaktabda haydovchilik kursida o‘qib, guvohnoma olishimiz kerakligini aytdi. Iyulda o‘quv kursini bitirib, omadimni yana sinash maqsadida Toshkentga borib, hujjat va imtihon topshirdim. Ne baxtki, o‘zim o‘qishni orzu qilgan institut talabasiga aylandim. Shu sababli muddatli harbiy xizmat kechiktirildi. O‘qish davrida mashg‘ulotlar, turli ko‘rik-tanlovlarda iste’dodim charxlandi. 1980-yilning yozida diplomimni olib, ishga joylashish maqsadida Turkiston harbiy okrugi ashula va raqs ansambli boshlig‘iga uchradim. U yerda mendan boshqa nomzodlar ham bor edi. Ansambl boshlig‘iga gitara jo‘rligida bir qo‘shiq ijro etdim. Yana bitta ayttirdi va ishga qabul qilindim.
Harbiy xizmatga yo‘l
1980-yilning yozida ish boshlab, kuzida muddatli harbiy xizmatga chaqirildim. Ansamblimiz joylashgan harbiy okrug ofitserlar uyi men bilan qo‘shib hisoblaganda 40 nafar askarning xizmat joyi etib belgilandi. Askarlik davrida harbiy okrug tasarrufida bo‘lgan O‘zbekiston va Turkmanistonning harbiy qism, muassasalarida, hatto Afg‘onistondagi olis hududlarida ansambl safida konsertlar o‘tkazdik. Oliy ma’lumotli bo‘lganim uchun bir yarim yil xizmat o‘tadim. So‘ng mehnat faoliyatimni davom ettirish chog‘i boshlig‘imiz – dirijyorimiz harbiy xizmatga kontrakt tuzish taklifini bildirdi (san’atdagi ijrom yoqqan bo‘lsa kerak). Bundan xursand bo‘lib, 6 yillik shartnomani imzoladim. Shu tariqa haqiqiy harbiy xizmatim boshlandi.
1983-yildan 2012-yilgacha Qurolli Kuchlar safida xizmatda bo‘ldim. Bu qarorimdan hech ham afsuslanmayman. Chunki davlat tomonidan poytaxti azimda uy bilan ta’minlandim. Turmush o‘rtog‘im bilan farzand voyaga yetkazdik. 1988-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2006-yili “Shuhrat”, 2017-yili “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan mukofotlandim. Nafaqaga chiqqach, 2012-yildan hozirgi kunga qadar iste’fodagi podpolkovnik sifatida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblida xalqimizga baqamti xizmat qilyapman.
“O‘zbekiston marshi” va bir qo‘shiq tarixi
1991-yil. Mustaqillik. Endi repertuar to‘liq davlat tilida tayyorlanishi kerak edi. Harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi eng birinchi qo‘shiq “O‘zbekiston marshi” deb nomlanib, uni badiiy rahbarimiz Shuhrat Umidjonov yozgan. “O‘zbekiston, O‘zbekiston! Dunyoga chiq, dunyoga” degan naqorati bor edi. Sh.Umidjonov bu qo‘shiqni “Aytib ko‘ring-chi”, deya menga topshirdi. O‘zbek tilida ilk bor shu tarona bilan sahnaga chiqqanman. So‘ng “Harbiylar”, “Ona yurt”, “Elimiz bayrog‘i”, “Mardlar safidaman”, “Askar” kabi sevimli qo‘shiqlar yaraldi. “Bobolarim”, “Turnalar” va “Ona haqidagi ballada” kabi ijodiy namunalarimiz ham keng omma orasida yuksak e’tirof va e’tibor qozondi. Ahamiyatli jihati, bu ohanglar zamirida navqiron avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadi bor.
Respublika estrada qo‘shiqlari tanlovida, umumarmiya harbiy qo‘shiqlar festivalida “Yagonasan, muqaddas Vatan” nomli qo‘shig‘im bilan 1-o‘ringa sazovor bo‘lganim yodimda. Oradan yillar o‘tib, o‘zimni mana shu harbiy qo‘shiqlar festivalining Termiz garnizoni bosqichiga hakam sifatida chaqirishdi. Shu tadbirda Kakaydi qo‘rg‘onidagi harbiy qism orkestri sahnaga ko‘tarilib, o‘z qo‘shig‘ini boshladi: “Bayrog‘ing boshingda hilpirar, porlagay istiqlol mash’ali…” va u 1-o‘ringa loyiq topildi. Orkestr rahbari serjant Ernazar Aralov (u bilan haligacha ko‘rishib turamiz)dan ashulaning hamma partiturasi, klavirlari, she’rini so‘radim va ekspert darajasida qayta jonlantirish taklifini aytdim. U rozi bo‘ldi. Toshkentga qaytgach, orkestr bilan chalgan fonogrammalarini ham eshitdim. O‘sha payti xayolimga yangi fikr keldi: kuy va ohangini zamonaviy cholg‘u asboblariga o‘tkazdim (hali unda xor ham yo‘q edi), badiiy sayqallab, ovozimga mosladim va studiyada yozdim. Yangi hayot bag‘ishlangan, asosi Kakaydidan chiqqan ashulani 2002-yili Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ilk bor “Turkiston” san’at saroyida ijro etdim. Shundan beri u hamma harbiy qismlarimizda aytiladigan sevimli hirgoyiga aylandi.
Mingta qo‘shiq chiqarganingiz bilan askarlarga yoqsagina uni doim ko‘ngliga muhrlab aytaveradi. Yoqmasa, harbiycha buyruq bilan majburlab yodlatilgan taqdirda ham tez orada unutiladi.
“Chiroqchilikman!”
– Marat Ahmedovich, rusiyzabon bo‘la turib, sof o‘zbekcha xonishlarni maromiga yetkaza olasiz. Bu tilni qanday o‘rgangangiz?
– Otam Boshqirdiston, onam Rossiyaning Penza viloyatida tug‘ilgan bo‘lsa-da, urush yillaridan keyin men 1957-yili 30-mart kuni taqdir taqozosi bilan Qashqadaryo viloyati Chiroqchida dunyoga keldim, qishloqda o‘sdim. Mart oyida tug‘ilganim uchun “Marat” deb ism qo‘yishgan. Qo‘shnilar, jamoadoshlarim o‘zbek va shunday davrada ulg‘ayganman. Bu tilda og‘zaki gapirish boshqa masala, lekin ashula kuylaganda, adabiy til me’yorlaridan kelib chiqib talaffuz qilish shart. Avvalboshda bu menga oson bo‘lmagan. Qo‘shiq yozishdan oldin she’rini badiiy rahbar, hofizlarga aytib, talaffuzimdagi xatolarimni tuzatar edim. -K bilan -q, -u va -o‘ kabi tovushlarni nutqimda o‘z joyiga qo‘ygandan keyingina taronani yozishga kirishar edim. Tinimsiz mashqlar besamar ketmadi, uddaladim.
Umuman, to‘rt aka-uka (Ruslan, Erkin, Mars, men – eng kenjasiman) hammamiz shu yurtda, Chiroqchi tumanida tug‘ilganimiz uchun o‘zbek tili bizga begona emas. Hatto to‘ng‘ich akam O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bitirib, nafaqaga qadar shu muassasada talabalarga tildan saboq berdi.
Otam Ahmed Hakimov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 12 yoshimda hayotdan ko‘z yumgan. Chiroqchi tumani qabristonida dafn etilgan. Volidam salkam umrining adog‘iga qadar yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan. To‘g‘ri, keyinchalik onam, akalarim bilan poytaxtga ko‘chib kelganmiz. Ammo qarindoshlar, sinfdoshlarim Chiroqchida bo‘lgani bois, kindik qonim to‘kilgan muqaddas go‘shaga har yili borib, otamni ziyorat qilaman, tanishlarim diydoriga oshiqaman.
“Hayotim – harbiy san’at”
Iste’fodagi podpolkovnik Marat Hakimov Mudofaa hamda Madaniyat vazirliklari tomonidan qator tarmoq mukofotlari bilan taqdirlangan. Butun mehnat faoliyati mobaynida respublikamizning barcha viloyat, shahar va tumanlarida konsert dasturlari orqali jozibador qo‘shiqlari bilan o‘zbek musiqa san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birgalikda harbiy axloq-odob qoidalarini o‘zida saqlab qolgan. Uning yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li Temur Hakimov ham ota kasbini tanlab, yoshlar teatrida musiqachi bo‘lib ishlaydi.
Qahramonimiz Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni tayyorlash va o‘tkazish, xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab yosh mutaxassislarni tarbiyalashda ham faol. Hozirgi kunda ulg‘ayib kelayotgan yosh ijodkorlarga katta tajriba sohibi sifatida har tomonlama namunadir. Xususan, yoshlarning badiiy-estetik didi, madaniy saviyasini yuksaltirish yo‘lida salmoqli ishlarni olib bormoqda. Nodir iste’dod egasi diyorimizda har yili an’anaviy tarzda nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuni, Navro‘z bayrami va boshqa tadbirlarda o‘z repertuariga kiritilgan yangi qo‘shiqlarni ijro etib kelmoqda.
Marat Hakimov 1980–1989-yillarda 13 marta qo‘shni Afg‘oniston Respublikasi jang maydonlarida o‘zining baynalminal xizmat burchini o‘tagan harbiy xizmatchilarimiz o‘rtasida konsert dasturlarini tashkillashtirib, ularni ruhan qo‘llab-quvvatlab turgan.
– Harbiy san’at hayotimga aylandi, – deydi suhbatdoshimiz. – Bolaligimdan musiqa olamiga kirib, hozir ham harbiy qo‘shiqlar ichida yashayman. Ularsiz o‘zimni tasavvur qila olmayman. Zamonaviy texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, vujudda vatanparvarlik tuyg‘usini har bir hujayranggacha junbushga keltira oladigan jonli taronalar o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Shu yo‘lda tun-u kun izlanib, zahmatli mehnatimiz mevasini jonajon xalqimizga tuhfa etishdan hamisha g‘ururlanaman.
Katta leytenant
Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Vatanparvar”