Shanba, May 31, 2025
HomemaqolalarGO‘RO‘G‘LI DOSTONIDA AXLOQIY QADRIYATLAR

GO‘RO‘G‘LI DOSTONIDA AXLOQIY QADRIYATLAR

O‘zbek xalq dostonlari, xususan Go‘ro‘g‘li dostoni milliy madaniyat va ma’naviyatning ajralmas qismi bo‘lib, undagi axloqiy-ruhiy qadriyatlar harbiy xizmatchilar ongida barqarorlikni shakllantirish uchun muhim manba hisoblanadi. Ushbu doston asrlar davomida xalqning o‘z dunyoqarashi, ma’naviy fazilatlari va orzu-intilishlarini aks ettirib keladi.

O‘zbek xalq dostonlari xalqimizning tarixiy tajribasi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, hayot falsafasi va orzu-umidlarini yuksak badiiy shaklda namoyon etadi. Go‘ro‘g‘li dostoni ushbu durdonalar orasida alohida o‘rin tutadi, chunki u nafaqat o‘zbek milliy madaniyatining boyligini, balki xalqning hayotiy qadriyatlarini, jumladan vatanparvarlik, jasorat, birlik va adolat tamoyillarini o‘zida mujassamlashtiradi. Bu doston faqat badiiy asar emas, balki ruhiy tarbiya vositasi va milliy o‘zlikni anglash manbasi sifatida ham e’tiborga loyiqdir.

Dostonda Go‘ro‘g‘li obrazi orqali vatanparvarlikning oliy namunasi tasvirlanadi. U Vatani, xalqi va o‘z yerini himoya qilish yo‘lida barcha kuchini sarflaydi. Bu qahramon timsoli har bir o‘zbek yoshida vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Xususan, harbiy xizmatchilar uchun Vatan himoyasi ularning asosiy vazifasi ekanini yana bir bor eslatib turadi. Go‘ro‘g‘li uchun Vatan g‘oyasi nafaqat geografik hudud, balki bu xalqqa bo‘lgan cheksiz sadoqat va muhabbatni ham ifodalaydi.

GO‘RO‘G‘LI va uning safdoshlarining janglarda ko‘rsatgan jasorati dostonning eng muhim g‘oyaviy elementlaridan biridir. Qahramonlar o‘zlarining mardligi, sabr-bardoshi va kuch-g‘ayrati bilan xalqni himoya qilishda namuna bo‘lishadi. Bu tasvirlar harbiy xizmatchilar uchun katta ahamiyatga ega, chunki ularning xizmat faoliyati ko‘pincha og‘ir sinovlar va chidamlilikni talab qiladi. Go‘ro‘g‘li dostoni qahramonlarining jasorati harbiy xizmatda zarur bo‘lgan iroda va matonatni mustahkamlashda ulkan rol o‘ynaydi.

Dostonda qahramonlar o‘rtasidagi birdamlik, jamoaviylik va o‘zaro yordam tamoyillari alohida o‘rin tutadi. Har bir jang yoki sinovda Go‘ro‘g‘li va uning safdoshlarining bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, birdamlikka intilishi ularning muvaffaqiyatining asosiy omili bo‘ladi. Bu tasvirlar harbiy jamoalarda birlik va jamoaviylikni mustahkamlash uchun ulkan psixologik asosdir. Shu orqali harbiy xizmatchilar jamoaviy ruh va hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor his qiladi.

Dostonda Go‘ro‘g‘li nafaqat jangchi, balki adolatparvar rahbar sifatida tasvirlanadi. U xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi, o‘z qarorlarida adolat tamoyillariga qat’iy rioya qiladi. Ushbu sifatlar harbiy xizmatchilarning rahbarlik va boshqaruv faoliyatida halollik va mas’uliyatni namoyon etishlariga ilhom beradi. Adolatparvarlik va halollik harbiy xizmatda eng muhim qadriyatlardan biri hisoblanadi, chunki ular jamiyat ishonchini mustahkamlaydi.

VATANPARVARLIK inson qalbidagi eng ulug‘ fazilatlardan biridir. Bu tuyg‘u yurtga bo‘lgan muhabbat, uning mustaqilligi, tinchligi va farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilishni anglatadi. Go‘ro‘g‘li va uning safdoshlarining asosiy harakat motivatsiyasi ham aynan shu yuksak tuyg‘uga asoslanadi. Ular Vatanni himoya qilishda o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, bosqinchilarga qarshi mardonavor kurashadi. Кurash nafaqat jang maydonidagi g‘alabalarni, balki xalqning tinch va osuda hayotini ta’minlash maqsadini ham ko‘zlagan.

Go‘ro‘g‘li va uning safdoshlarining jasorati, ular ko‘rsatgan matonat harbiy xizmatchilar uchun vatanparvarlikning oliy namunasi sifatida qabul qilinadi. Ularning har bir harakati, nafaqat jang maydonidagi shijoat, balki o‘z xalqining kelajagi, ona zaminning ravnaqi uchun belgilangan mas’uliyatni aks ettiradi. Ular uchun Vatan tushunchasi oddiy hududiy birlik emas, balki ona yurtdan tortib, millatning qadriyatlari, tarixi va madaniy merosini himoya qilish mas’uliyatidir. Bu namunalar bugungi kunda ham harbiy xizmatchilar uchun ruhiy va ma’naviy tayanch vazifasini o‘tashi mumkin. Go‘ro‘g‘lining o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbatini ifodalovchi har bir qahramonlik ko‘rsatkichi har bir fuqaroning qalbida o‘z yurtiga nisbatan cheksiz sadoqat va minnatdorlik hislarini uyg‘otadi. Vatanparvarlik bugungi zamonning murakkab sharoitlarida ham har bir kishining burchi sifatida namoyon bo‘lib, yosh avlod tarbiyasida, ularning Vataniga bo‘lgan muhabbatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

JASORAT ham insonning eng oliy fazilatlaridan biri bo‘lib, unda kuch, iroda va qat’iyat mujassam bo‘ladi. Go‘ro‘g‘li dostonida bosh qahramon bo‘lgan Go‘ro‘g‘li va uning safdoshlari o‘z jasorati bilan xalq qalbida o‘chmas iz qoldirgan. Ularning kuchi, mardligi va qat’iyati nafaqat jang maydonida, balki xalqni himoya qilish yo‘lidagi barcha sinovlarda namoyon bo‘ladi. Ular og‘ir sharoitlarda ham qo‘rquvga berilmasdan, o‘z maqsadlariga yetish uchun mustahkam iroda bilan harakat qiladi. Bu jasorat harbiy xizmatning asosiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Go‘ro‘g‘li va uning safdoshlari ko‘rsatgan mardlik va chidamlilik bugungi kun harbiy xizmatchilari uchun katta ruhiy turtki bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Harbiy xizmatning mohiyati nafaqat jismoniy tayyorgarlikda, balki jasorat, matonat va chidamlilik kabi sifatlarni shakllantirishda ham namoyon bo‘ladi.

Go‘ro‘g‘li obrazida halollik va adolatparvarlik tamoyillari yuksak darajada ko‘rsatiladi. U nafaqat jangda, balki kundalik hayotda ham o‘z so‘ziga sodiq, adolatli rahbar sifatida gavdalanadi. Bu xususiyatlar harbiy xizmatchilar uchun ham muhimdir, chunki ularning faoliyati halollik va mas’uliyat bilan bog‘liqdir.

HALOLLIK VA ADOLATPARVARLIK insoniy fazilatlarning eng yuksak ko‘rinishlari bo‘lib, ular jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti uchun asosiy poydevor hisoblanadi. Go‘ro‘g‘li obrazi dostonlarda aynan ushbu tamoyillarning namunasi sifatida tasvirlangan. U nafaqat jang maydonida mard va shijoatli qahramon sifatida, balki kundalik hayotda ham halol, adolatparvar rahbar sifatida gavdalanadi. Uning har bir qarorida insonparvarlik, adolat va vijdoniy mas’uliyat mujassam bo‘lib, bu fazilatlar uni xalq orasida hurmatli yetakchi sifatida tanitadi.

Go‘ro‘g‘lining halolligi uning so‘ziga sodiq va vijdonan ish tutadigan inson ekanini namoyon etadi. U hech qachon yolg‘on yoki hiyla-nayrang yo‘liga bormaydi, o‘z maqsadlariga erishishda har doim haqiqatni ustun qo‘yadi. Adolatparvarlik esa uning rahbarlik fazilatlarini yanada yuksaltiradi. U qarorlar chiqarishda har doim xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi va hech kimni haqqidan mahrum qilmaydi. Uning bu fazilatlari jang maydonidagi harakatlarida ham ko‘zga yaqqol tashlanadi – u jangovar harakatlarni olib borishda dushman ustidan g‘alaba qozonishda ham insoniylikni unutmaydi.

Bu xususiyatlar harbiy xizmatchilar uchun ham o‘ta muhimdir. Chunki ularning faoliyati halollik, mas’uliyat va adolat bilan chambarchas bog‘liq. Harbiy xizmatning mohiyati nafaqat harbiy vazifalarni bajarish, balki o‘z xalqiga va yurtiga nisbatan vijdonli va mas’uliyatli bo‘lishni talab qiladi. Harbiy xizmatchi har bir harakatida halollikni namoyon etishi va adolatparvarlikni tamoyil sifatida ushlashi kerak. Chunki bu fazilatlar nafaqat jang maydonida, balki tinchlik davridagi kundalik xizmatda ham katta ahamiyatga ega.

 

Otabek ALLAYAROV,

 Qurolli Kuchlar akademiyasi dotsenti

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine