Yakshanba, Iyun 1, 2025
HomemaqolalarSTRESSBARDOSH HАRBIY JURNАLISTLАRNI SHAKLLANTIRISH METODIKASI

STRESSBARDOSH HАRBIY JURNАLISTLАRNI SHAKLLANTIRISH METODIKASI

Qo‘shinlarda harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish, balki ruhiy barqarorligini ta’minlash, stresslarga chidamliligini oshirish va shu maqsadda ularning psixologik bilimlarni egallashlariga chuqur e’tibor qaratiladi. Ularga turli stressli vaziyatlarga tushganlarida qo‘llanadigan chora-tadbirlarni o‘rgatish, kerak bo‘lsa, stressli vaziyatlarni sun’iy tarzda yaratish va bu orqali ruhan barqaror, o‘ziga ishonchi yuqori, har qanday vaziyatda o‘zini yo‘qotmaydigan, psixologik bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni shakllantirish ko‘zlangan.

Faoliyati bevosita harbiylarning sharafli va mas’uliyatli, ayni paytda mashaqqatli xizmati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan harbiy jurnalistlar ham kasbiy faoliyat jarayonida stressli vaziyatlarga duch kelishi shubhasizdir. Shu bois ularning ham ruhan barqaror, keskin va ziddiyatli vaziyatlarda o‘zini idora qila oladigan, tushkunliklarga tushib qolmay, stresslarga berilmasdan, qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tishga qodir bo‘lib shakllanishi muhimdir.

Psixologiyada kishining o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi yuqoriligi mustahkam ruhiy barqarorlik belgisi sifatida qaraladi. Kelgusida hayotini harbiy jurnalistika bilan bog‘lashni ko‘zlagan talabalarning psixologik savodxon bo‘lishi bunday sifatlar shakllanishiga dalolat.

“Shaxs o‘z hayotida ko‘plab marotaba stress va frustratsiya kabi salbiy psixologik holatlarga duch kelishi tabiiy holat, lekin aksariyat kishilar bunday holatlardan chiqib keta olish yuzasidan psixologik bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lmagani tufayli o‘z ruhiyatini salbiy ta’sirlardan asray olmaydi,” deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi N. Ismoilova.

Kundalik faoliyatda uchraydigan oddiy holatlarga zid bo‘lgan o‘ta keskin voqea-hodisalar, noodatiy manzaralar stresslarni paydo qiladigan omillardir. Jurnalistlar kasbi taqozosiga ko‘ra, xuddi shunday kundalik oddiy holatlardan farqli turli keskin vaziyatlarga tushishi, qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga duch kelishi mumkin. Аyniqsa, harbiy jurnalistlar uchun bu kabi sinovlar ikki karra ortadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Muxbirlik – yozuvchi uchun eng yaxshi maktab. Gazeta, jurnal, televideniye yoki radioda ishlasangiz, kasb-u kor taqozosi bilan qayerlarga bosh suqmaysiz, kimlar bilan muloqotda bo‘lmaysiz?! Viloyat gazetasida ishlab yurgan paytlarimda jasadlar qatorlashtirib qo‘yilgan morgga ham, jinnixona, qamoqxonaga ham kirib chiqishimga to‘g‘ri kelgan”, deya ta’kidlaydi faxriy jurnalist, yozuvchi Nusrat Rahmat. Bu yerda muallif yozuvchi sifatida shakllanishida muxbir bo‘lib ishlab yurgan paytlarida orttirgan tajribasi qo‘l kelganini alohida ta’kidlamoqda. Аmmo biz o‘rganayotgan muammo ham e’tibordan chetda emas. Ya’ni jurnalistning kasbiy faoliyati davomida duch kelishi mumkin bo‘lgan o‘ziga xos sinovlar ta’kidlanmoqdaki, bu harbiy va fuqaro jurnalistlarga ham birday taalluqli. Lekin harbiy jurnalistlarda mas’uliyat ikki karra ortadi, deyishimizga sabab ular, avvalo, harbiy, keyin jurnalist! Bu ikki so‘zning birikishidan paydo bo‘lgan kasb sohiblari fuqaro hamkasblari duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar bilan bir qatorda, ularga uchramaydiganlariga ham to‘qnash kelaveradi.

Masalan, harbiy jurnalistlar Vatan himoyachilari bilan birgalikda dala-o‘quv mashg‘ulotlari maydonlarida, undan tashqari, dasht-cho‘l va tog‘li hududlarda tashkil etiladigan jangovar o‘quv mashqlarida ishtirok etishi, bu jarayonda ba’zan texnikalarsiz uzoq masofalarga piyoda, gohida ob-havoning injiqliklariga bardosh berib, issiq-sovuq, yog‘in-sochin va dovul-bo‘ronlarda ham harakatlanishi, harakatlanish davomida ham kasbiy professional faoliyati taqozosiga ko‘ra, tasvirga tushirish, intervyular olish, ma’lumotlar to‘plash kabi ishlarni ham amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ular ziddiyatli vaziyatlarga, jumladan to‘qnashuvlarga yoki uning oqibatlariga ham duch kelishi, ayanchli ahvolga tushgan yaradorlar, qochqinlarning mashaqqatli kechmishlari kabi inson ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan holatlarga guvoh bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatlarda harbiy jurnalistga nafaqat jismonan baquvvat va ma’nan yetuklik, balki stresslarga bardoshli, ruhiy psixologik bosimlarga ham chidamlilik sifatlariga egaligi asqatadi.

Ma’lumki, jangovar vaziyatlarda turli qurol-aslahalarning qo‘llanilishidan paydo bo‘lgan shovqin-suron, o‘q va portlash ovozlari, yaradorlarning, ayollar va bolalarning oh-nolasi, dod-faryodi har qanday odamning asabiga ta’sir qilmay qolmaydi. Harbiy jurnalist xizmat taqozosiga ko‘ra, shunday vaziyatga duch kelganida daf’atan o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi, stressga tushmasligida uning bu kabi holatlarga avvaldan tayyor bo‘lib borishi, sun’iy ravishda tashkil qilingan ana shunday jang sahnalari-yu, shovqin elementlariga ko‘nikkani qo‘l keladi.

QUROLLI KUCHLARIMIZ harbiy xizmatchilarida bu kabi ko‘nikmalarni shakllantirishda ruhiy ta’sir yo‘lakchalarining ham roli katta. Аytish o‘rinliki, ruhiy ta’sir yo‘lakchalari MDH davlatlarida birinchilardan bo‘lib aynan O‘zbekistonda joriy qilingan tajribadir. Dastlab Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi “Forish” tog‘-o‘quv poligonida barpo etilgan ruhiy ta’sir yo‘lakchasi keyinchalik boshqa harbiy okruglarda ham bunyod etildi.

Ushbu yo‘lakdan o‘tish – harbiy xizmatchining qorong‘i yerosti tunnelidan sun’iy tarqatilayotgan turli o‘qotar va portlovchi qurollarning shovqin-suroni hamda azob chekayotgan insonlarning dod-faryodlarini eshitish barobarida, goh o‘ydim-chuqur, goh turli to‘siqlar osha harakatlanishi va yo‘l topib tunnelning ikkinchi tomonidan chiqishigacha kechadi. Ruhiy ta’sir yo‘lagiga kirish va undan chiqqandan keyin harbiy xizmatchining yurak urishi va ruhiy holati ko‘rikdan o‘tkaziladi. Аna shunday mashqlar natijasida amaliy ko‘nikma hosil qilgan mutaxassislar real vaziyatlarda ishonchli harakatlana oladi. Bu kabi tajriba harbiy jurnalistlar bilan ham o‘tkazilishi ularga ruhiy bosimlarga bardoshli bo‘lishda asqatadi.

Rezervdagi polkovnik, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Аlijon Safarov ziddiyatli hududlarda vazifa bajarishga yo‘l olayotgan jurnalistlarga faoliyati davomida e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan shunday tavsiyalarni beradi:

“Jurnalist ziddiyatli hududga, urush kechayotgan qaynoq nuqtalarga borishni istasa, safarga nafaqat ruhan, balki kasbiy, huquqiy, moddiy-texnik jihatdan ham tayyorgarlik ko‘rishi zarur. Bu ikkinchi muhim qoida. Demak, bularni umumlashtirgan holda safarga otlangan jurnalist uchun quyidagilarga amal qilishi tavsiya etiladi:

xalqaro gumanitar huquqning asosiy qoidalarini o‘rganishi;

qaynoq nuqtalarda qarindoshlari, yaqinlari, do‘stlari va tanishlari bor-yo‘qligini aniqlashi, agar bor bo‘lsa, ular bilan oldindan bog‘lanib, borishi haqida ogohlantirishi. Chunki jurnalist murakkab holatga tushsa, bu vaziyatdan chiqishiga ular yordam beradi;

hudud joylashuvi, xalqining urf-odatlari, tarixiy an’analarini o‘rganishi;

nizoga (harbiy yoki boshqa) nima sabab bo‘lganini bilishi kerak. Ularni bilmaslik jurnalistga zarar yetkazishi mumkin;

hududning jug‘rofiy joylashuvi, iqlimi, shahar, posyolka, qishloqlar, daryo, ko‘llar va boshqalarni bilishi;

jurnalistni josus deb hisoblamasliklari uchun xaritani olib yurmasligi, telefonida ham saqlamasligi kerak;

imkon qadar hududda yashaydigan aholining tilini o‘rganishi kerak;

hudud qonunlari, akkreditatsiya talablariga rioya qilishi lozim;

sog‘lig‘ini sug‘urta qilishi kerak. G‘arbda tahririyat o‘z jurnalistlarini bunday safarga yo‘llaganda, albatta sug‘urta qiladi;

turli yuqumli xastaliklardan emlanish;

qon guruhini aniqlab, shaxsini tasdiqlovchi hujjatga kiritish;

muharriri bilan xizmat safari yo‘nalishlarini, signal so‘zlar va jumlalarni ishlab chiqishi, safar maqsadini aniq qo‘yishi, tahririyat bilan aloqa bog‘lash uchun nazorat nuqtalarini belgilab olishi kerak. Maqsad aniq bo‘lmasa, uni josuslikda ayblashlari mumkin;

shaxsiy gigiyena vositalarini olishi;

dori vositalari joylangan tibbiy qutichaga ega bo‘lishi;

faoliyat uchun zarur hujjatlarni olishi;

pul mablag‘i (dollar, yevro), borayotgan mamlakati valyutasidan olishi;

tamaki mahsulotlarini olishi;

oziq-ovqat va suv (quritilgan non, konserva). Suvni harbiylar flyajkasida olib yurish maqsadga muvofiq emas. Negaki uning harbiy xizmatchi emasligini (jurnalist ekanini) buyumlari ham tasdiqlab turishi kerak;

spirt va shirinliklar;

issiq kiyim;

yoritish uchun kichik fonar;

hududiy tilga o‘girilgan beyjik;

bronejilet;

radiopriyomnik;

ryukzak”.

HARBIY JURNALISTLAR ekstremal vaziyatlarga tushganida, bordi-yu, jangovar vaziyatlarda hamrohlaridan ayrilib, yolg‘iz qolib ketganida notanish hududlarda to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanishni aniqlab olishi uchun harbiy topografiya fanidan olgan bilimlari qo‘l keladi. Harbiy topografiyada bu orientirlash deyiladi. Orientirlashning turli usullari bor. Biz eng qulay va nisbatan osonroqlarini ko‘rib chiqamiz.

“Orientirlashning oddiy usullari kompas yordamida, osmon yoritkichlari va mahalliy predmetlar alomati bo‘yicha gorizont tomonlarini va yo‘nalish harakatini aniqlashda qo‘llaniladi”. Bordi-yu, shunday kezlarda yegulik va suv zaxirasi tugab qolsa, ularni to‘plashni bilish ham harbiy jurnalistning kasbiy faoliyatidagi o‘ziga xosliklardan (ov qilish, tabiiy o‘t-o‘lanlarning iste’molga yaroqlilarini farqlay bilish, ularning qaysilarining ildizini, qaysilarining yuza qismini yeyish mumkinligini bilish kabilar).Ya’ni bular harbiy xizmatchilarning yashovchanliklarini oshirishga qaratilgan mashqlardan bir misoldir. Biroq bular nafaqat harbiy, balki fuqaro jurnalistlarga ham kerak bo‘ladi, albatta. Chunki hayotda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Ularga avvaldan tayyorgarlik ko‘rib borish esa muvaffaqiyat kaliti sanaladi.

XULOSA QILIB AYTGANDA, ziddiyatli, keskin va stresslarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan vaziyatga tushib qolishdan hech kim kafolatlanmagan ekan, demak, unga oldindan tayyorgarlik ko‘rib borish, shunday vaziyatga o‘zini ruhan tayyorlash yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldini oladi, hech bo‘lmaganda kamaytiradi.

 

Yoshin HAKIMOV,

O‘zJOKU Harbiy va sport jurnalistikasi kafedrasi o‘qituvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine