Shanba, May 31, 2025
HomemaqolalarTO‘QSABO NOSIRBEK TAQDIRI

TO‘QSABO NOSIRBEK TAQDIRI

To‘qsabo Nosirbek Abdurahimbiy o‘g‘li.

1890-yili Buxoro shahrining Oqmachit guzari Mirzo Mustafo ko‘chasida yashagan Abdurahimbiy xonadonida tug‘ilgan. Millati o‘zbek.

Otasi Buxoro amirligida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Ukasi Ismoilbek Afg‘onistonda yashagan.

Nosirbek eski maktab va madrasa ta’limini olgach, amir qo‘shinida qorovulbegi lavozimida ish boshlaydi. Inqilobga qadar Buxoro amirligida to‘qsabo lavozimida xizmat qiladi.

Savdo-sotiq bilan shug‘ullangan Abdurahimbiyning vafotidan so‘ng o‘g‘li Nosirbek 1913-yili miroxo‘r unvoni bilan amir saroyiga xizmatga olinadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1916-yili to‘qsabo (polkovnik) unvoni bilan Buxoro shahri mudofaasi bo‘limida xizmatni boshlaydi.

1918-yili Kolesov hujumiga qarshi, 1920-yili avgustda Qizil armiyaga qarshi janglarda o‘z yigitlari bilan mardonavor kurashadi. Biroq zamonaviy qurollangan dushman kuchlari hujumiga amir qo‘shini dosh bera olmaydi…

Natijada dodxohlar maxfiy tarzda bir guruh harbiylarga amirni Sharqiy Buxoroga ziyon-zahmatsiz yetkazishni, qolgan qo‘shinga vaqtdan yutish uchun dushmanni chalg‘itib, mudofaa janglari olib borishni buyuradi. Nosirbek Abdurahimov maxfiy guruh bilan birga amirni sog‘-omon Dushanbe shahriga, undan so‘ng Afg‘oniston hududiga olib boradi. Biroq afg‘on hukumati bolsheviklar bilan kelishgan holda avval bergan harbiy yordam va’dasini bajarishdan voz kechadi. Faqat amirning salomatligini kafolatlab, uning atrofidagi harbiy mulozimlaridan Afg‘oniston hududini zudlik bilan tark etishni talab qiladi.

Nosirbek 1920–1923-yillarda Buxoro amiri bilan birgalikda Afg‘onistonda yashaydi. Buxoro davlatiga sodiq harbiylar amirni shunday holda tashlab ketish xavfliligini tushunib, atrofdagi qishloqlarga tarqalib, qo‘nim topishga va zarur paytda amir himoyasiga chiqishga qaror qiladi. Mazkur sharoitda Nosirbek to‘qsabo Kobuldagi Rastag bozorida savdo ishlari bilan shug‘ullana boshlaydi.

Afg‘on hukumati Amir Olimxonning harbiy mulozimlariga nisbatan siquvni kundan kunga oshirib boradi. Hatto ularni tutgan zahoti otib tashlashgacha borib yetadi. Vaziyat og‘irlashib borar ekan, Amir Olimxon o‘zi bilan kelgan sadoqatli kishilarning qasamyodini bekor qilib, kim qayerni tanlasa, ketaversin, deb qaror chiqaradi.

SHUNDAY BIR SHAROITDA Nosirbek to‘qsabo Doniyorbek, Abdujabborbek to‘qsabolar bilan maslahatlashib, Buxoro Xalq Respublikasi hukumatining umumiy afv to‘g‘risidagi qaroriga ishonib, 1923-yili Vatanga qaytishga qaror qiladi.

Fayzulla Xo‘jayev hukumati dastlab Vatanga qaytganlar mulklarining ma’lum qismini qaytarib ham beradi. Biroq Buxoro hukumatining obro‘sini to‘kib, o‘z mavqeyini oshirishni istagan bolshevik harbiylar ularning barchasini jismonan yo‘q qilishga kirishadi.

Nosirbek to‘qsabo Abdurahimov 1925-yil 14-aprelda aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, qamoqqa olinadi. Qariyb besh oydan ortiq davom etgan jismoniy qiynoq va tahqirlar ostida o‘tgan tergovlar vaqtida Nosirbek o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasini tan olmaydi. Shunga qaramay, 1925-yil 4-sentabr kuni O‘zSSR JKning 61-, 67-, 69-moddalari qo‘llanib, 3 yilga Soloves lageriga surgun qilinadi. 3 yil umrini Solovesda, yana 3 yilini Kustanadagi sho‘rolarning mash’um qiynoqxonalarida o‘tkazadi.

TAQDIR SHAMOLI uni 1934-yili ona shahriga qaytaradi. Nosirbek sog‘lig‘ini tiklab olgach, Buxorodagi “O‘zbekiston” mehmonxonasiga qorovul bo‘lib ishga kiradi. Mehmonxonaning farroshi Zaynab Magomedova ismli ayolga uylanib, uning 7 yoshli qizini qaramog‘iga oladi. Ammo guzarkom, kolxozchi ko‘rinishidagi mal’un NKVD xufiyalari ta’qib qilar, uning har bir so‘zi, harakatlari haqidagi ma’lumotlar kerakli idoralarga yetib turardi. Bu chaquvlarda Nosirbek Abdurahimbiy o‘g‘lining quyidagi so‘zlari ham bor edi. 1937-yilning may oyida kolxoz bozori oldidagi choyxonada “…yo‘qsillar inqilobi natijasida nima o‘zgardi? Unga ishongan yo‘qsillarning hammasi bir-bir ochidan o‘lyapti, shumi kommunizmlaring?”, sentabr oyida esa “…sovetlaring Buxoroyi sharifda na joy nomlarida, na boshqaruvda o‘zbek tilini umuman qoldirmayapti-ku”, degan. Albatta, shunchalik azob-uqubat tortganiga qaraganda ushbu so‘zlarni aytgan bo‘lishi mumkin. Chunki bir paytlar amirlikning mas’ul amaldorlaridan bo‘lgan, “Yosh buxoroliklar” partiyasining millat, xalq ravnaqi yo‘lidagi sof orzularini qo‘llab-quvvatlagan Nosirbek Vatanda kechayotgan tubanliklarga aslo befarq qarab tura olmas edi.

1937-yil 14-noyabr kuni Ichki ishlar xalq komissarligi xodimi kichik leytenant Bajenov tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, 15-noyabr kuni Buxoro shahri Mirzo Mustafo guzaridagi 179-uydan yana qamoqqa olinadi. 24-noyabr sanasi bilan to‘ldirilgan yagona so‘roq bayonnomasida Nosirbek o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan barcha ayblovlar quruq tuhmat ekanini yozib imzolaydi.

1937-YIL 24-NOYABR KUNI o‘tgan so‘roq davomida uning oilaviy ahvoli, yaqin qarindoshlari to‘liq o‘rganiladi va ukasi Ismoilbek nega Afg‘onistonda yashayotgani, u bilan qanday aloqalari borligi to‘g‘risida batafsil izoh so‘raladi. Ichki ishlar xalq komissarligi xodimlarining savollariga javoban Buxoro amirligida miroxo‘rdan boshlab to‘qsabo unvoniga qadar 3 yil davomida xizmat qilganini aytadi. 1937-yil 25-noyabrdagi ayblov xulosasida Nosirbek Abdurahimov “Sovetlar bizni aldadi, hattoki konstitutsiyasida ham diniy erkinlik yo‘q-ku, degan”, deb yoziladi.

1937-yil 28-noyabr kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi mash’um “uchlik” yig‘ini unga O‘zSSR JKning 66-moddasi (aksilinqilobiy targ‘ibot)ni qo‘llab, 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qiladi…

Nihoyat, oradan ellik yildan ortiq vaqt o‘tganda, O‘zbekiston mustaqilligi arafasida 1990-yil 26-mart kuni haqiqat yuzaga chiqib, O‘zbekiston SSR hukumati qarori bilan Nosirbek Abdurahimbiy o‘g‘li to‘liq oqlandi.

 

“Harbiy jadidlar xotirasi barhayot” kitobidan.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine