Farhodbiy otaliq haqida bilasizmi?
1707-yil oxirlari… Ushbu jang hech qaysi tarix darsligiga kiritilmagan. Hayratlanarlisi, bu savash maydoni egalaridan biri ezgulik kuychisi, iymon targ‘ibotchisi mashhur So‘fi Ollohyorning akasi edi. Qudratli qo‘shin qarorgohida son-sanoqsiz bahodirlar to‘plangandi, afsus, oliy hukmdor va lashkarboshidan o‘zga biror jangchi nomi tarixiy manbalarda yozib qoldirilmagan.
Balx savashidagi jasorati uchun… Kesh
Ashtarxonli Subhonqulixon ibn Nadr Muhammadxon akasi Abdulazizxon keksayib, davlatni boshqarishga ojiz bo‘lib qolgandan so‘ng 1682-yili uning taklifi bilan Turon poytaxti Buxoro taxtiga egalik qilish uchun Balxdan keladi. U qariyb 20 yil bu ulkan davlatni mustahkamlash va saqlab qolish yo‘lida kurash olib boradi. Hijriy 1114-yili rabi us-soniy oyining
21-kuni (1702-yil 14-sentabr) 77 yoshga yetib, Buxoroda vafot etadi. Taxt 20 yashar o‘g‘li Ubaydullaxonga nasib etadi. Tangri taolo yoqqan shamni biror kimsa o‘chirolmaganidek, hech kim u o‘chirayotgan shu’la so‘nishining oldini ham ololmas ekan. Ubaydullaxon Turon saltanatining bosh hukmdoriga aylangach, Balx shahrida hukm yuritayotgan (akasi Iskandar sultonning o‘g‘li) Muqim Muhammad sulton bilan orasida adovat paydo bo‘ladi. Bundan foydalangan Mahmudbiy otaliq Muqim Muhammad sultonni o‘ldirib, Balx taxtini qo‘lga kiritadi. Ubaydullaxon hijriy 1119-yil boshida (1707-yil, aprel) Balxga qo‘shin tortadi. Bu harbiy yurishda Shahrisabz viloyati hokimi Ibrohim miroxo‘r kenagas va Xudoyorbiy parvonachi mang‘it qo‘shini bilan ishtirok etadi. Mir Muhammad Amin Buxoriy yozishicha, o‘ng va so‘l urug‘lardan tashkil topgan Shahrisabz qo‘shini Balx atrofida beboshlik qilib, tinch aholini talaydi. Bir qismi Mahmudbiy otaliqqa ko‘mak beradi.
Ubaydullaxon ushbu yurishda ko‘p qiyinchilik bilan Balxni bo‘ysundiradi. Shahrisabz qo‘shini va ularga ergashgan Buxoro qatag‘onlarining o‘zboshimcha harakatlari shu qiyinchilikning bir “qismi” edi.
BALXNI ZABT ETISHDA jonbozlik ko‘rsatganlar orasida Farhodbiy ham bor edi. Farhodbiy xonga sadoqati, jangdagi mahorati va jasurligi tufayli Kesh viloyati hokimligi bilan taqdirlanadi. Ubaydullaxon shu yo‘l bilan Ibrohim miroxo‘r kenagas va Xudoyorbiy parvonachi mang‘it kabi mazkur viloyat yetakchilarining qudratini butunlay sindirib, ularni jazolashni ko‘zlaydi. Biroq bu vaqtda xonning birgina “oliy farmoni” bilan bu ishni osongina amalga oshirib bo‘lmasdi. Sharoit Ubaydullaxonning rejasi va Farhodbiy parvonachi o‘tarchining shirin orzusi ro‘yobga chiqishi uchun katta va og‘ir jang bo‘lishidan darak berayotgandi.
Farhodbiy parvonachi (1662–1722) tasavvuf ahlining taniqli vakili mujaddidiy-naqshbandiy So‘fi Ollohyorning akasi edi.
Farhodbiyning “Shirin”ga intilgani
Ubaydullaxondan Kesh viloyati hokimligi haqida farmon yorlig‘ini olgach, Farhodbiy parvonachi ibn Ollohquli 1707-yili sohibqiron Amir Temur va sulton Mirzo Ulug‘bekning sevimli maskani Puli Mirza mavzesiga keladi. U harbiy qarorgohini hozirgi Qamashi tumani G‘ishli qishlog‘i o‘rnida tikadi. Qashqadaryo sohillari qo‘shin to‘plash, harbiy harakatlar uchun har jihatdan hamma faslda qulay hudud edi. Uning ikki tomonidagi kengliklarda piyoda va otliq jangchilar har kuni jangovar mashqlar o‘tkazishi, oziq-ovqat, suv muammosi, har qanday yirik qo‘shinning bu yerda uzoqroq vaqtgacha saqlab turish masalalari boshqa joylarga nisbatan osonroq hal etilardi. Mir Muhammad Amin ta’kidlashicha, Qarshi, Miyonkol, Samarqand viloyatlarida yashovchi xitoy qipchoq qavmining barcha taniqli vakillari jangchilari bilan mazkur mavzeda yig‘ila boshlaydi. Qisqa fursatda Puli Mirzada katta qo‘shin to‘planadi. Mustahkam va qudratli Kesh qal’asiga yurish boshlash oldidan qavm boshliqlari harbiy kengash o‘tkazadi.
Bu voqea tafsiloti bitilgan hikoyani muallif: “Farhodbiyning Shiringa intilgani kabi Shahrisabz viloyatini qo‘lga kiritish uchun jo‘nab ketishi. G‘azabga uchragan o‘ng va so‘l qavmlarining qarshilik ko‘rsatishi hamda shahar qal’asini undan himoya qilishlari. Ochko‘zligi tufayli uning harakatlari samarasizligi hamda urinishlarining foydasizligi, bu vaqtda uning baxtsizlik va balolarga giriftor bo‘lishi” deb nomlaydi. Puli Mirzadagi jangovar harakatlar tafsiloti quyidagi matnlarda bayon qilinadi:
“Hukmdor taxtda quyosh yanglig‘ o‘tirib, yulduzlar misoli ko‘p sonli qo‘shinga Balxni bo‘ysundirish uchun farmon berganda o‘ng va so‘l qavmning boshibuzuq guruhlari ahmoqona xatti-harakatlar namoyon etdi. Xon qilich bilan Shahrisabz viloyatini tortib olib, ularni jazolash va bo‘ysundirishga qaror qildi. Farhodning Balxda ko‘rsatgan shijoati va xitoy qipchoq qavmining Shahrisabzni tortib olish uchun qat’iy kirishishidan umidvor bo‘ldi. Oliy farmon ila ushbu viloyat boshqaruvi Farhod nomiga yorliq qilib berildi. Bechora amir bundan xursand bo‘lib, o‘sha zahoti Qarshi, Samarqand, Miyonkol hududlarida yashovchi xitoy qipchoq qavmi boshliqlari va oqsoqollariga xabar jo‘natdi. Yetib kelishganda tuhfa qilingan bu viloyatning hosildor yerlar va maysalarga to‘la keng yaylovlarga boyligi haqida so‘zlab, ularning dilini chog‘ etdi. Sochilib, turli joylarda yashashga majbur bo‘lib yurgan xitoy qipchoq qavmi bunday mustahkam qal’aga ega bo‘lishni juda istadi. Urug‘ oqsoqollari bu xabardan quvonib, qo‘shin to‘play boshladi. Barcha Puli Mirza atrofida yig‘ildi. Bu joy Pulijar nomi bilan ham mashhurdir”.
Uning yo‘li xos jangchi maqomidan boshlangan
So‘fi Ollohyorning akasi Farhodbiy parvonachi o‘ta mohir, jangning eng xatarli va savash avjiga chiqqan joylarida paydo bo‘lib qoladigan, kurash maydonida o‘zini suvdagi baliqdek his etadigan iste’dodli, tengsiz jangchi edi. Uning hayot yo‘liga nazar tashlanganda shu kabi xususiyatlarga ega shaxs ko‘zga tashlanmoqda.
Subhonqulixon endigina Buxoro taxtini egallab, Turonning yagona hukmdoriga aylangan (1681–1682) kezlari avval o‘z xavfsizligini ta’minlashga kirishadi. Ko‘pchilik hukmdorlarda bo‘lgani kabi uning ham sara bahodirlardan iborat xos qo‘riqchilari bor edi. Buxoroga kelib, ular safiga Turon jangchilaridan saralab olish uchun jangovar musobaqalar uyushtiradi. Harbiy jang san’ati bahslari va sinovlarda raqiblaridan ustun kelib, xonning e’tiboriga tushgan jangchilar orasida So‘fi Ollohyorning akasi yosh Farhod o‘tarchi ham bor edi. U oliy hukmdor huzuridagi xos jangovar harbiy qism – chuhralar safiga qabul qilinadi. Uning katta siyosiy maydon sari yo‘li shu joydan, xos jangchi (chuhra) maqomidan boshlanadi.
U Ashtarxonlilar davlatida sodir etilgan ko‘p buzuqchiliklar sababchisi Anushaxon Xorazmiy bilan bo‘lgan janglarda ishtirok etadi. Subhonqulixon Balxdagi shahzodalarning isyonini bostirish uchun borganda, uning yonida yuradi. Uzluksiz harbiy to‘qnashuvlarda toblanib, mohir jangchi bo‘lib yetishadi.
Biroz o‘tmishdagi voqealar
Farhod o‘tarchi 1683–1687-yillar atrofida kechgan turli qurolli to‘qnashuvlardan sharaf bilan o‘tib, nihoyat, xonning eng ishonchli va yaqin kishilaridan biriga aylanadi.
HIJRIY 1099-YILI rajab oyining yettinchi kuni (1688-yil 8-may) Subhonqulixon uni Miyonkoldagi Kufin viloyatiga hokim etib tayinlaydi. Xonning mazkur voqeaga oid oliy farmoni saqlanib qolgan. U Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining hujjatlar bo‘limidagi 65-jildda №275a raqami bilan asralmoqda.
Farhod chuhra o‘tarchi Subhonqulixonning vafotidan (1702) keyin yirik amirlardan biriga aylanadi. 1707-yillardagi voqealarda nomi ortiga parvonachi unvoni qo‘shib yozila boshladi.
Qora qo‘zi qishlog‘i
Mir Muhammad Amin “Ubaydullanoma” asarida Farhodbiy o‘tarchi va Shahrisabz qo‘shini o‘rtasidagi jang tafsiloti, u sodir bo‘lgan joy to‘g‘risida axborot bermaydi. Uning hikoyasi o‘quvchida go‘yo Farhodbiy Puli Mirzadan chiqib, Shahrisabz qal’asini qamal qilgandek taassurot qoldiradi. Mazkur jang qayerda ro‘y bergandi? Shahrisabzdami? Balki, Puli Mirza mavzesidadir?
QIDIRUVLAR SAMARA BERDI. Nihoyat, jang maydoni topildi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida Mir Husayn ibn Shohmurodbiy qalamiga mansub 112/1 raqami bilan saqlanayotgan “Tarixi salotini shayboniya, ashtarxoniya va mang‘itiya” nomli asarda bu jang to‘g‘risida qisqagina axborot uchradi. Mir Husayn Shahrisabz qo‘shini shaharga qamalib olmasdan dushmanni Qora qo‘zi qishlog‘ida ochiq maydonda kutib olgani to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Ikki raqib qo‘shin shu joyda to‘qnashadi. Uzoq davom etgan savashda Shahrisabz qo‘shini qo‘li baland keladi. Farhodbiy o‘tarchi askarlaridan anchasi asirga olinadi. Qora qo‘zi qishlog‘i hozirgacha shu nom bilan mavjuddir. U Shahrisabz shahrining g‘arbiy tarafida halqa yo‘ldan keyin 1,5-2 chaqirim masofada joylashgan.
G‘alaba va Mag‘lubiyat
Shahrisabz viloyatining hukmdorlari Ibrohim miroxo‘r kenagas va Xudoyor parvonachi mang‘it bu jangga puxta tayyorlanadi. Ularning hayot-mamot masalasi shu to‘qnashuvda hal etilardi. Dushman o‘zlaridan cho‘chiyotganini ham yaxshi bilib turgandilar. Bu jangda Ibrohim miroxo‘r g‘alabaga xizmat qiladigan imkoniyatlarning birortasini nazardan qochirmaydi. Ikki raqib qo‘shin shunday ruhiy holat va kayfiyat bilan – biri mag‘lubiyatdan cho‘chib, ikkinchisi g‘alabaga intilib, Qora qo‘zi qishlog‘ida yuzlashadi.
Farhodbiy parvonachi Shahrisabz viloyatini qo‘lga kiritishni qanchalik istamasin, unda qo‘rquv va hadik bor edi. Jang oldidan So‘fi Ollohyor akasi bilan so‘zlashgan bo‘lsa kerak. “Zo‘ravonlikning zahar, zaqqum luqmasini yeganidan qattiq afsuslangan, dunyo vasvasalariga qo‘l siltagan” darvesh jangchi akasiga qanday maslahat berishi mumkin edi? Harqalay, So‘fi Ollohyor ustozi Xalifa Navro‘z Keshiy yurtiga qo‘shin tortib borayotgan akasini qo‘llamagan. Ehtimol, Farhodbiy o‘tarchi yuragida xavotir, ishonchsizlik shu tariqa paydo bo‘lgandir… Mir Muhammad Amin Buxoriy ham unda qo‘rquv, ikkilanish bo‘lgani tufayli mag‘lub bo‘lganini aytadi.
Oradan o‘n besh yil o‘tdi…
Farhodbiy o‘tarchi bu orada Samarqand hokimi bo‘ldi. Hijriy 1131-yili rajab oyining 20-kuni (1719-yil 8-iyun) davlat boshqaruvidagi oliy maqom – otaliq vazifasiga tayinlanib, Buxoro xonligi siyosiy hayotida nufuzli shaxslardan biriga aylandi. Ammo davlatning markaziy boshqaruvi va Turonni halokatli parchalanishga olib kelgan mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklarga u ham barham berolmadi. Bu paytlarda Abul Fayzxon yoshlik ayyomini ortda qoldirib, yigitlik davriga qadam qo‘ygandi. Farhodbiy o‘tarchi ayni otaliq bo‘lib turgan davrlarda (1719–1722) Miyonkol va Samarqand tomonlarda xitoy qipchoq qavmining davlatga qarshi isyoni kuchayib boraverdi. Bu fojiali jarayonlarni Shahrisabz bekligi ham qo‘llab-quvvatladi. Davlat a’yonlarining mavjud vaziyatdan xavotiri ta’sirida Abul Fayzxonda Farhodbiyga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi.
Xufiyona hukm
Isyon tarqalgan hududlardagi davlat manfaatlarini himoya qilayotgan hukumat vakillari axiyri markazni Farhodbiy qatliga da’vat etadi. Hokimiyatda u butunlay yakkalanib qoladi. Uni xufiyona o‘limga hukm qiladilar. Abdurahmon Tole’ mazkur voqea haqida: “Hijriy 1134-yili (1722) barcha amirlar Farhodbiyni o‘ldirishga kelishib oldilar. U keyingi ikki yil otaliq vazifasini bajardi. Shanba kuni tong chog‘i Namozgohda joylashgan uyiga kirib, uni o‘ldirdilar”, deb yozadi. Qilich bilan katta siyosiy maydonga tushgan jangchi oxir-oqibat tig‘dan halok bo‘ldi. Uning Xojajonxoja ismli o‘g‘li ham otasidan sal oldinroq jang maydonida o‘lgandi.
Jigari pora shoir
Ushbu voqea – akasining o‘limi to‘g‘risida So‘fi Ollohyorning yozganlarini o‘qiymiz:
Sanga yetgan mashaqqat, ey emukdosh,
Bu miskin joniga bo‘lg‘ay edi kosh.
Jonim, dilim, og‘am, jigarim, diydayi tarim,
Farhodi umdat ul-amir otli shahvarim.
Tunlar ichinda ko‘b edi nihon ibodati,
Har yetti kunda xatmi Kalom edi odati.
Chun oxirat edi bu jahonda irodati,
Bo‘ldi anga nasib shahodat saodati.
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi