Shanba, May 31, 2025
HomeyangiliklarBIR YILDA OSHILGAN DOVONLAR

BIR YILDA OSHILGAN DOVONLAR

Qisqa davr ichida mamlakatimiz rivoji yo‘lida tashlangan dadil qadamlar samarasi nafaqat yurtimizda, balki jahonda ham aks-sado berdi. Ayniqsa, o‘tgan yil Qurolli Kuchlarimiz hayotida unutilmas va muhim voqealarga boy bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan Yangi yil tabrigida alohida qayd etganlaridek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgani, hech shubhasiz, diyorimizdagi barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik natijasidir.

Ayni damlarda yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining
33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami keng qamrovda nishonlanmoqda. Iftixor bilan ayta olamizki, bu xursandchilik va xush kayfiyat ortida minglab o‘g‘lonlarimizning mashaqqatli xizmati va fidoyiligi yotadi.

Keling, o‘tgan yilning to‘rt faslida bo‘lib o‘tgan yorqin voqealarning qisqacha xronologiyasi bilan tanishsak.

Bir olam saboq

Yil davomida Markaziy harbiy okrug “Forish” tog‘ poligonida o‘tkazilgan batalyon taktik o‘quvi misolida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar shaylikning qay darajada ekanini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ozarbayjon harbiylarining “Chimyon”da malaka oshirishi, “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonidagi o‘quv mashg‘ulotlari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli “Nukus” umumqo‘shin poligonidagi jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, Hindiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Quruqlikdagi qo‘shinlari shtab boshlig‘i general Manoj Pande rahbarligidagi delegatsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tashrifi hamda O‘zbekiston – Hindiston: “Do‘stlik – 2024” o‘quvlari yurt o‘g‘lonlarimizning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qildi.

Shuningdek, “Forish” tog‘-o‘quv poligonida kichik komandirlar, ya’ni yo‘riqchi-serjantlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy yig‘in, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivali, “Sazagan”dagi “Vatan tayanchi yulduzlari” harbiy sport musobaqalari tom ma’noda milliy armiyamizning jangovar va innovatsion salohiyatini namoyon etdi.

Turkiya Respublikasida o‘tkazilgan 11 davlatdan 36 ta jamoa ishtirok etgan “Eng ilg‘or mergan” xalqaro musobaqasida yurtimiz harbiylarining munosib ishtiroki, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Birlestik – 2024” mintaqaviy xalqaro o‘quvlarida ishtiroki yurt o‘g‘lonlarimizning xalqaro salohiyatini namoyon qilgan bo‘lsa, Markaziy harbiy okrug “Forish” tog‘ poligonida
250 dan ortiq o‘g‘lonlar “Dovyurak jangchi” sharafli nomiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida “To‘maris” ko‘rik-tanlovi, “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston – Qozog‘iston Respublikalari Mudofaa vazirliklarining harbiy xizmatchilari ishtirokida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ham keng qamrovliligi va yangicha yondashuvlarga boyligi bilan yodda qoldi. Ayniqsa, “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” kechgan bahslar barcha harbiy okrug qo‘shinlarini bir bayroq ostiga jamlagani katta voqelik sifatida e’tirof etildi.

Zabt etilgan marralar

CHINDAN HAM O‘TGAN YIL MILLIY ARMIYAMIZ UCHUN OMADLI VA ULKAN YUTUQLARGA BOY BO‘LDI. Askarni tom ma’noda toblaydigan akademiya – Mudofaa vazirligi tasarrufidagi yigirmadan ortiq poligon xalqaro talablarga mos ravishda jihozlandi, bo‘linmalar amaliy mashg‘ulotlarda zamonaviy jangovar harakatlarni faol qo‘llay oldi, yangi taktik usul va uslublar yuksak mahorat bilan amaliyotga joriy qilindi.

2024-yil davomida Mudofaa vazirligi mutaxassislari turli xalqaro harbiy musobaqalarda faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladi. Xususan, Pokistonda VII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida 1-o‘rin; Rossiyada “Sayan yurishi” musobaqasida 3-o‘rin; Turkiyada “Eng ilg‘or mergan” musobaqasida 1-o‘rin; Harbiy-kasbiy tayyorgarlik xalqaro olimpiadasida 1-o‘rin; Koreyada “Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida 1-o‘rin; Koreyada II xalqaro merganlar musobaqasida 2-o‘rin; Buyuk Britaniyada “Kembriya patruli” musobaqasida 2-o‘rin; MDHga a’zo davlatlar armiyalari o‘rtasida “O‘q otish sporti” musobaqasida 1-o‘rin; MDHga a’zo davlatlar armiyalari o‘rtasida “Harbiy sport kompleksi ko‘pkurashi” musobaqasida 2-o‘rin qo‘lga kiritildi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining 22 nafar harbiy sportchisi dunyoning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sport terma jamoalari tarkibida 9 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etdi. Olimpiya o‘yinlari yakuniga ko‘ra, harbiy xizmatchilarimiz tomonidan 2 ta oltin, 1 ta kumush medal naqd qilindi. Paralimpiya o‘yinlarida ham harbiy xizmatchilarimiz 1 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega chiqdi.

O‘zbek armiyasi jahon e’tirofida

Muhtaram Prezidentimizning e’tibor va tashabbuslari bilan qisqa vaqt ichida milliy armiyamiz zamon talablariga mos ravishda isloh qilindi, yangi namunadagi qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan qayta ta’minlandi. Boshqaruv organlari va qo‘shinlarning operativ va jangovar tayyorgarligi darajasi
ikki barobarga oshdi. Qurolli Kuchlar va qo‘shin turlari o‘rtasida hamkorlik mustahkamlandi, harbiy shaharchalar va poligonlarning infratuzilmasi zamonaviy va milliy uslubda bo‘y ko‘rsatdi.

Bu jumlalar aytishga oson bo‘lsa-da, uning ortidagi mashaqqat va mehnat, betinim izlanishlar samarasini hamma ham his qilavermaydi. Milliy armiyamizning jangovar shayligi va salohiyati oshib borayotganini AQShdagi “U.S. News & World Report” yangiliklar jurnalining 2024-yil uchun nashr etilgan reytingi ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi jahonning top yigirmataligiga qo‘shilib, o‘n to‘qqizinchi, Markaziy Osiyo mintaqasida esa yetakchi o‘rinni egallab turibdi.

Kelgusida alohida yo‘nalishlarda qo‘shinlarimiz jangovar tarkibini mustahkamlash, turli idoraviy bo‘ysunuvdagi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni va ular bilan birgalikdagi jangovar tayyorgarlik samaradorligini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida qo‘shinlarga eng zamonaviy jangovar amaliyotni joriy etish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ishlarimiz davom etajak.

 

“Vatanparvar”

birlashgan tahririyati

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine