Rim imperatorlari tinglagan hikoya
Maqdunda tug‘ilib, mashhur tarixchi bo‘lib yetishgan Poliyen 162-yili Rim saltanati imperatori Mark Avreliyga jang san’ati va harbiy hiylalarga oid 900 qadimiy hikoyani yig‘ib, yozib keltiradi. Bu hikoyalarni Rimning yana bir oliy hukmdori Lusiy Ver ham qiziqib tinglaydi. Bu hol Rim hukmdorlarining an’anasiga aylanadi. Ularning maqomi hatto tojdan ham yuksakroq edi…
U hikoyalarning ba’zilari bizning bugungi hayotimizda ham alohida ibratli o‘rin tutadi. Ulardan biri sak (shak), massaget, sagater, sug‘ud, qam, xamar, chag‘, zariasp, ariasp, aginak kabi ko‘plab elatlarga bo‘linib qolgan Turon qavmlarining muqaddas daryosi ko‘hna O‘kuz (Oks) atrofida sodir bo‘lgan. Bu yerlarga jahongir Iskandar Maqdunli qo‘shin tortib kelishi uchun hali bosib o‘tilmagan bir necha asr oldinda turardi. Maqdunli Poliyen Rim imperatorlariga olis O‘kuz sohillarida bir sak jangchisi qanday qilib, minglab askarlardan iborat ulkan fors qo‘shinini yolg‘iz o‘zi mag‘lub qilganini so‘zlab beradi. Asrlarning uzun silsilasida bu hikoya Hukmdorlar tinglaydigan Dostonga evrilib, bizga qadar yetib kelgan.
Savash kengashi
Doro saklar diyoriga yurish qilish uchun uzoq va pinhon tayyorgarlik ko‘rdi. Yaxshi qurollangan katta qo‘shin to‘pladi. Turonning har burchida ayg‘oqchilari izg‘ib yurardi. Qanchalik yashirishga urinmasin, uning xatti-harakatlari va yovuz niyatidan O‘kuz bo‘yi xalqlari allaqachon darak topganini ham bilardi. Uni eng quvontirgani, ayni damda ularni birlashtiradigan ulug‘ xoqonning o‘rni bo‘sh edi. Alp Er To‘nga (Afrosiyob) xoinlarcha o‘ldirilgach, uning davlati, mamlakati parchalanib, qavmi to‘zib ketdi. Yurtni himoya qiladigan kuch o‘nlab mayda bo‘laklarga bo‘lindi, zaiflashdi. Har qanday Jangchi g‘alabaga teng bunday qulay fursatni boy bermaydi. Yashinday tashlan va dushmanni yanch! Doroning qudrati kundan kun oshib borayotgandi.
Saklar va qo‘shni qavmlar baribir ulgurmadi. Doro ular ustiga qoplonday tez, yo‘lbarsdek shiddat bilan tashlandi. Qavm oqsoqollari Saksfar, Amarg, Oamiris qaltis vaziyatdan chiqish yo‘llarini topish uchun kengashga to‘plandi. Shafqatsiz va jangga astoydil tayyorgarlik ko‘rgan kuchli yog‘iy yaqinlashib qolgan, ahvol og‘ir edi.
MUHOKAMA QIZG‘IN TUS OLDI. Muammoga yechim topish cho‘zilib ketdi. Ko‘plab buyuk janglarni ko‘rgan, Alp Er To‘nga qo‘shinida sadoqat bilan xizmat qilgan tajribali keksa jangchilar hikoyalarini tinglagan yabg‘ular va gohida g‘ayratlarini jilovlay olmay qoladigan o‘ktam yosh tekinlarning boshi qotdi. Ko‘pni ko‘rgan jangchilar ham hayron edi. Fors va eronlilarning ko‘p sonli, yaxshi qurollangan katta qo‘shini bilan kurashish uchun elatlardan yetarlicha jangchilarni yig‘ishga kamida bir oy kerak bo‘lardi. Doro bu yerga besh kunda yetib keladi.
Hammaning boshi qotgan qiyin lahzalarda davra o‘rtasiga bir kishi chiqdi. U saklar bahodiri va yo‘lboshchisi Saksfarga yuzma-yuz turib: “Men yilqichi Shiroqman, – dedi. – Oilam, bola-chaqalarimni har qanday vaziyatda, hamisha himoya qilishga so‘z bersang, dushmanni yolg‘iz o‘zim bartaraf qila olsam kerak… Kengash ahli aytganlarimni tinglasa bas!”
Yabg‘ular uni eshitdi. Rejasini jo‘yali topib, oilasini bir umr himoya qilishga so‘z berdi. Shiroqning rejasi saklar harbiy kengashining yakuniy qarori bo‘ldi.
Quloq-burunsiz sak sirtmog‘i
Shiroq qavm boshliqlari va buyuk jangchilar ko‘z o‘ngida pichog‘ini qinidan chiqarib, quloq-burnini kesdi. Tanidagi boshqa a’zolarini ham tig‘ bilan jarohatladi va haqoratlangan, qiynoqlarga solinib, eldan quvilgan sotqinga aylanib, qarorgohdan “quvildi”. Bu qo‘rqinchli ko‘rinish, ayanchli ahvolda unga biror uy eshigi ochilmasdi. Ko‘rganning quti uchardi. Bundayini na sak, na massaget, na sug‘d ko‘rgan.
Shu alpozda u Doro huzuriga yetdi. Xorlik va yilqichining sak yo‘lboshchilari nomiga nisbatan aytgan haqorat so‘zlari shohning dilida umid, ishonch tuyg‘ularini qo‘zg‘adi. Bu orada yilqichi Mangu olov va muqaddas Suvni shafe keltirib, intiqom so‘zlarini aytib, rejasini bayon qilardi.
“Meni bu ahvolga solgan dushmanlarimdan forslar ko‘magi bilan qasos olishga qaror qildim. Uning yo‘lini ham topdim. Saklar jang qilishdan qochib, bugun tunda qarorgohlarini tark etadi. Qisqa yo‘ldan yurib, ular boradigan joyga oldinroq yetib, pistirmada tursak, ularni qarmoqqa ilingan baliqdek qo‘lga tushiramiz. Yilqi boqib, atrofdagi barcha yo‘llarni yaxshi bilib olganman. O‘zim yo‘l ko‘rsataman, manzilga boshlab boraman. Bir haftalik yemak-ichmak olsak bo‘lgani”.
Shon-shuhrat, dushman ustidan oson g‘alaba, qo‘lga kiritiladigan hisobsiz mol-mulk xayoli, katta va qudratli qavmlarni tobe qilish istagi Doroni allaqachon mag‘lub etib ulgurgandi. Barchadan yuqorida taxtda ko‘krak kergan fors Shohi bo‘yniga quyida bo‘sag‘ada o‘tirgan Quloq-burunsiz yilqichi sak shu tariqa sirtmoq tashladi.
Sak arg‘umoqlari va Oraliq
Bu voqealar qariyb ikki ming yil oldin Rim imperatorlariga so‘zlab berilayotganda, Turon oqinlari do‘mbira chalib, el orasida uni doston qilib kuylab yurardi:
– Hayyy,
Ot chopsa, gumburlar tog‘lar darasi,
Shiroq edi yigitlarning sarasi.
Er yigitlar qo‘riqlaydi elini,
Bosib kelsa, sindirar yov belini.
Turon yigitlari yovqurdir bari,
Sira uzilmasin do‘mbira tori.
– Shiroq hikoyasi bugun oddiy tarixiy ma’lumot, – deydi suhbatdoshim, – davlat test sinovlarida abituriyent oldida ko‘ndalang turib qoladigan.
– Yo‘q, – deydi boshqasi, – u abituriyent oldida emas, jaholat qarshisida ko‘ndalang turib oladi. U ma’rifat olamiga qing‘irlik yo‘li bilan kirmoqchi bo‘lgan Johilni ochko‘z Doro kabi qaygadir adashtirib olib ketishga shay. U hozir ham yog‘iy bilan kurashyapti. Biz o‘zimiz ko‘p narsani ko‘rmay qo‘yganmiz…
Yana biri:
– Rim imperatorlari ikki ming yil oldin tinglagan voqeani aytishda davom eting, biz ham eshitaylik, – deydi. – Iltimos, hech kim hikoyani buzmasin. Jonim uni tinglashni judayam istayapti. Mudroq qonlarim uyg‘onyapti. Ichkarida kimdir do‘mbira chalyapti…
* * *
Kutilmaganda hikoya o‘rtasida shunday oraliq paydo bo‘lib qoldi. Balki oldinda ular yana bordir. Bir payt son-sanoqsiz sak yilqilari suruvi dupuri eshitildi. Ular shiddat bilan yaqinlashib keldi va sakrab, meni bu oraliqdan olib o‘tib ketdi.
Yana Shiroq va Doro voqealariga borib qo‘shildik.
Sahro jangi
Alqissa, Shiroq voqealar tizginini qo‘lga oldi. Forslar qo‘shini yetti kunlik yemak va suv to‘pladi. Oson g‘alabadan umidvor bo‘lib, cheksiz sahro bag‘riga qadam qo‘ydi. Ushbu cheki ko‘rinmas kenglikda bir yolg‘iz Azaliy qo‘rquv yashardi. Kelganlarga eng avval u peshvoz chiqardi. Najot istaganni yashirar, kekkaygan va g‘alamislarni xarob qilardi. Uning o‘z lashkari bor edi. Qushlar qo‘shiniga Burgut, hayvonlarga Bo‘ri, hasharotlarga o‘rgimchak Qoraqurt, kemiruvchilarga Kapchabosh ilon boshchilik qilardi. Ular fotihlik talabida kelayotgan Doro haqida bilib bo‘lishgandi. Turon ahli bor chorvasini haydab chiqib, sahroni bo‘shatdi. Sahro endi haqiqiy jang maydoniga aylangandi. Uchqur saklardan tuzilgan ilg‘or qism Doro qo‘shinidan bir kun ilgari yurib, barcha quduqlarni ko‘mib boraverdi. Burgutlar osmonda dushmanning har bir qadamini kuzatib turdi. Pana-panada yo qorong‘i tushgach, ularga Kapchabosh va Qoraqurt tinimsiz hujum uyushtirardi. Yakka qolganlarni bo‘rilar yeb qo‘yardi. Shiroqcha uslubdagi jang shu edi.
Doro qo‘shini sahro bilan qanday urush qilishni bilmadi. Har kuni talafot ko‘rardi. Ular yilqichi Shiroq aytgan manzilga tezroq yetib borishni o‘ylardi faqat. Nihoyat, mashaqqatli olti kun o‘tdi, yettinchisi keldi. U oldingilaridan ham qo‘rqinchliroq va shafqatsiz bo‘lib chiqdi. Barchaning umidini uzdi, hafsalasini pir qildi, unda zarracha iltifot yo‘q edi. U yemak va suvi tugagan ulkan qo‘shinni sarosimaga qamab qo‘ydi…
Hujumga shaylanib, shaxdam kelayotgan fors qo‘shini dovdirab qoldi. Saflarga vahima oraladi. Sahro shamoli ularga o‘lim nafasi bo‘lib tuyuldi. Alamidan ming askar boshlig‘i Ranosbat quturib ketdi. U Shiroqning oldiga kelib: “Nega shunday katta qudratli fors qo‘shinini biror bulog‘i yo‘q, qush yo hayvon ko‘rinmaydigan, oldinga yurib yo ortga qaytib bo‘lmaydigan sahroga boshlab kelding?” deya o‘dag‘ayladi.
SHIROQ XOTIRJAM EDI. U qo‘llarini ko‘tarib, qarsak chaldi, qah-qah otdi. “Men g‘alaba qozondim! Yurtdoshlarim saklar boshiga kelgan baloni daf qilib, fors va eron qo‘shinini ochlik, tashnalik ofatiga yo‘liqtirdim” dedi.
Forslar yalinib-yolvordi, boylik va’da qilishdi, bu jahannamdan chiqib ketish yo‘lini so‘rashdi. U kuldi. “To‘rt tarafingiz ham qizigan qumlardan iborat yetti kunlik masofa, joningiz omonligini endi faqat Tangridan so‘rang” dedi.
G‘azabdan tomirlari yorilgudek taranglashgan Ranosbat qilichini havoda silkitdi va bir sermab, uning kallasini tanidan uzdi.
Sahro qadimdayoq bir jasur jangchi minglab askarlardan iborat katta qudratli qo‘shinni yenga olishi mumkinligini odamlarga shu voqea orqali ko‘rsatgandi.
Najot so‘qmog‘i
Shoh Doro baloga giriftor bo‘lganini chuqur iztirob bilan his qildi. Turonda bir yilqichi sak uni minglab askarlari bilan butkul mag‘lub etganini ich-ichidan mardona tan oldi. Kibr qilish yo kekkayish fursati emasdi. Jazirama sahroda qil ustida turgan jonini va iloji boricha, qo‘shinning omon qolgan qismini asrab qolishni o‘yladi u. Boshiga mahkam o‘rnashib olgan jaholat o‘rnini aql va farosatga bo‘shatib berdi. Tepalikka chiqib, qizil dengiz to‘ni (porfira), cho‘qqi qalpog‘i (tiara), asoi (skipetr), peshona bog‘ini (diadema) yechdi va hukmdorlikning oliy nishonalaridan qutulib, mutelik maqomiga kirdi. Kunchiqar pallasida Apollon haqqiga ibodat qilib, undan forslarni o‘limdan qutqarish uchun ko‘kdan yomg‘ir yuborishini o‘tindi. Ibodat uni ochko‘z va qahrli hukmdor yo‘lidan Tangrining najot so‘qmog‘i boshida turgan oddiy, muhtoj kishilari qatoriga qo‘shdi. Uning bor vujudi ibodat qilishda davom etardi…
Bir payt haqiqatan ham ko‘kdan kuchli yomg‘ir quyildi. Forslar burduqlari, qo‘llaridagi bor idishlarini suvga to‘ldirib oldi. Shoshilinch izlariga qaytishdi. Bir kishiga mag‘lub bo‘lishganiga hech birining ishongisi kelmasdi. Ammo sahro hujumini hali bo‘shashtirmagan edi. Ko‘kda ularni g‘ajirlar galasi ta’qib qilardi. Tunlari bo‘rilar uvullardi. Kecha-kunduz to‘xtamay yo‘l yurishdi, faqat omon-eson yurtlariga yetib olishni o‘ylashardi. Tangriga tinimsiz shukronalar ayta-ayta, Doro qo‘shinining qolgan-qutganlari Baqtr daryosi qirg‘oqlariga yetib oldi.
Hikoya atrofidagi odamlar
Bu voqea bilan tanishib qolgan har qanday hikoyachi davralarda uni so‘zlamasdan keta olmaydi. Iskandar Zulqarnayn to‘g‘risidagi mashhur hikoyalar ham uning oldida navbat kutib turadi. G‘aznalik sulton Mahmud, saljuq Tug‘rulbek, sulton Sanjar, Sohibqiron Amir Temur, Abdullaxon kabi hukmdorlar askarlari orasida ham u ko‘p bor hikoya qilinganiga negadir yuragim qattiq ishonadi. U askarlarni jangga ruhlantirgan, yurtni himoya qilishni o‘rgatgan, dushmanni tanitgan, g‘alaba yo‘llarini ko‘rsatgan.
Qishlog‘imizda uni deyarli barcha tinglagan. Uyimizda u hozirgacha tez-tez hikoya qilinadi. Har gal voqea kattalashadi, kengayadi, unga qiziqarli boshqalari ulanadi. Ularni eshitgach, zerikib bo‘lmaydi. Ular qalblarga O‘kuz va Yaksart atrofida 2500, 3000–6000 yillar ilgari sodir bo‘lgan tarixiy voqealarning kirib kelishiga yo‘l ochadi. Ularning mavjudligiga ishontiradi.
Taqdir bizga ham Shiroq ardoqlagan, yovlardan asrash uchun kurashgan, uning avlodlariga makon bo‘lgan, ular muqaddas deb bilgan yurtda yashashni nasib etdi. Bugun uni dunyo ahli O‘zbekiston nomi bilan taniydi. O‘sha davr kishilarida bo‘lgan yurt qayg‘usi bugun ham o‘zgargani yo‘q. Tarixiy bardavomlikda millatning Vatan oldidagi mas’uliyati ortgan bo‘lsa ortgandir, aslo kamaymagan.
TARIX SO‘QMOG‘IDA KETAYOTIB, ba’zan katta davra qarshisidan chiqib qolaman. Kurash bo‘layotgandir, deb o‘ylayman. Biroq ichkarida bir oqin ko‘hna bir voqeani qo‘biz chalib, kuylayotgan bo‘ladi.
– Hayyy,
Avvalo yigitning ori bo‘lsin,
Yonida vafodor yori bo‘lsin…
Bir doston atrofida katta xalq to‘planib, boshlarini tebratib tinglaydi. Oqin jo‘shib hikoya qilayotir. Hikoya atrofiga yig‘ilgan bu odamlar tepasidan bahodirlik, yurtparvarlik, or-nomus, muhabbat, tantilik, jo‘mardlik tuyg‘ularini sochadi. Uning bisotida ular hech qachon tugamaydi.
Men undan yurt qo‘riqchilari – askarlarimiz ham bahramand bo‘lishlarini istadim va tutib qolishga ulgurganlarimni bilganimcha satrlar orqali sahifalarga joyladim.
Qo‘shni satrlar
Maqdunli Poliyen yana deydi. Semiramida yozuvi: “Tabiat meni ayol qilib yaratdi. Qahramonliklarim bilan o‘zimni eng jasur, bahodir erkaklar bilan tenglashtirdim. Nin saltanatini sharqda Ginam daryosidan, shimolda saklar va sug‘dlargacha boshqardim…”
Poliyen zamondoshi Iskandariyali Klement (m. II asr) Rim ko‘chalarida, olim-u shoirlar davrasida ushbu voqeani hikoya qilishni yaxshi ko‘rardi.
– Sak ayollari yolg‘ondakam qochganlarida erkaklari kabi egarlarida shartta orqalariga o‘girilar va o‘q otib, nishonga bexato urar edilar.
* * *
Bu hikoyalarni to‘xtatib bo‘ladimi? Ular birzum to‘xtamay, O‘kuz va Yaksart bo‘lib, Turon zaminida oqaveradi.
Abdusattor JUMANAZAR,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Sharqshunoslik instituti
ilmiy xodimi