Mard va oliyjanob xalqimiz ko‘p mingyillik tarixi mobaynida turli davrlarni boshdan o‘tkazdi. Insoniyatni yorug‘likka olib chiquvchi taraqqiyot pillapoyalariga qadam qo‘ydi, adolatsizlik va yovuzlikka qarshi kurashlarda olamshumul zafarlar, muvaffaqiyatlar qozondi. Ana shu g‘alabalar va erishilgan yutuqlar millat dahosiga qo‘yilgan bir ulug‘ haykal bo‘ldi. Yozma yodgorliklarda, tarixiy obidalar va boshqa ko‘plab ashyolarda bo‘y ko‘rsatib turgan boy tariximiz buyuk bir ibrat o‘laroq bugungi avlodni yangi marralar sari chorlaydi. Ular qalbida faxr va g‘urur hissini uyg‘otish bilan birga yuksak mas’uliyatni paydo qiladi.
Dunyo ahlini qayg‘uga botirib, insoniyat tarixiga qora dog‘ bo‘lib tushgan Ikkinchi jahon urushi, afsuski, yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Garchi urush qirg‘inbarotlari O‘zbekistonda kechmagan bo‘lsa ham, uning xalqimiz qalbidagi jarohati mislsiz bo‘ldi. Shuning uchun ham mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba bir necha yildirki, Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi.
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi.
Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur sana bu yil ham umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi. “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va uning oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan ehtiromni o‘zida mujassam etadi.
Poytaxtimizda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda davlat va jamoat arboblari, faxriylar, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, yoshlar, harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tkaziladigan ma’naviy-madaniy tadbirlarda urushda halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasi, ularning qahramonliklari, olovli janggohlardan omon qaytgan, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan yurtdoshlarimiz madh etiladi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Turon davlat harbiy teatri san’atkorlari, harbiy orkestrlar ishtirokida musiqiy festivallar o‘tkaziladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylar oila a’zolari yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning yashash joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Barchamizga ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan xalqimizning Ikkinchi jahon urushi janggohlaridagi mardligi va jasoratini, front ortidagi mashaqqatli mehnati, matonati va fidoyiligini aks ettirgan muazzam majmua bir necha yildirki, g‘alabaga buyuk hissa qo‘shgan xalqimizning mislsiz jasoratini tarannum etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek oliyjanob maqsadga xizmat qilib kelmoqda.
Uning tantanali ochilish marosimida davlatimiz rahbari el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi hali to‘liq o‘rganilmagani haqida gapirib, arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma’lum bo‘lmagan materiallarni o‘rganish, chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar bilan aloqa o‘rnatib, yangi ma’lumotlarni xalqimizga taqdim etish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi. O‘tgan yillarda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi ilmiy xodimlari bir qator olimlar bilan birgalikda O‘zbekiston Milliy arxivi va boshqa asrovxonalardagi yuzlab yig‘ma jildlar o‘rganildi. Muzeyning asosiy va zaxira fondi boyitildi.
O‘zbekiston aholisi 1941-yil hisobida 6 551 000 kishi bo‘lgan.
1 951 000 nafarga yaqin O‘zbekiston farzandi urushga safarbar etilgan. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. O‘zbekiston urushdan katta yo‘qotish bilan chiqdi. Ikkinchi jahon urushi frontlariga safarbar qilinganlarning 538 mingdan ortig‘i halok bo‘ldi, 158 mingdan ortiq kishi bedarak ketdi. Urushdan qaytganlarning 800 mingga yaqini bir umr urushda olgan jarohatlari bilan yashab o‘tdi.
Olovli urush yillarida butun O‘zbekiston xalqi “Hamma narsa – front uchun”, “Hamma narsa – G‘alaba uchun!” degan hayotiy e’tiqod bilan yashadi. Mamlakatimiz front ortidagi mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. O‘zbekiston xalqi jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Ko‘p millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan respublikamizdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 167 ta zavod ko‘chirib keltirildi va g‘oyat qisqa fursatda ishga tushirildi. 485 mingdan ortiq yarador va jarohat olgan urush qatnashchisi mamlakatimizda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolanib shifo topdi.
Shu yillarda mamlakatimizga 90 dan ortiq ta’lim muassasasi – akademiyalar, institutlar, ilmiy tadqiqot markazlari, bilim yurtlari ko‘chirildi. Jang maydonlarida jon olib, jon berayotgan jangchilar uchun million-million dona kiyim-kechaklar, minglab tonna oziq-ovqat mahsulotlari, samolyotlar, aviabombalar, tanklar, minomyotlar, snaryadlar va boshqa ko‘plab o‘q-dori va qurol-aslahalar, boshqa zarur mahsulotlar, ashyo va uskunalar yetkazib berildi. Buning uchun O‘zbekiston aholisi 700 million rublga yaqin mablag‘ini,
55 kilogrammdan ortiq qimmatbaho buyumlarini o‘z ixtiyori bilan topshirdi.
Yangi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan O‘zbekistonga 1 million
500 ming kishi, jumladan 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilindi. Xalqimiz bu odamlarning barchasiga chinakam mehr va e’tibor ko‘rsatdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.
Nuroniy zotlarga, suronli davrlarni boshdan kechirgan urush va mehnat fronti faxriylariga nazar tashlar ekanmiz, yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo‘lmish tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish vazifasi yanada muhim ahamiyat kasb etishini anglaymiz.
TAHRIRIYAT