Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni yoshlar bilan videoselektor shaklida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Davlat rahbari uchrashuvdan mamnun ekanini ta’kidlab, yoshlarni xalqimizning “oltin fondi” deb atadi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yosh kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi kutilmoqda. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularga intilishlarida yordam berish, yoshlar uchun sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. O‘tgan 8 yil davomida yosh tadbirkorlar soni 3 barobar oshib, ular hozir biznes vakillarining 40 foizini tashkil etmoqda. Ishsiz yoshlar soni
2 barobar kamaygan. Ishsizlikdan xoli bo‘lgan mahallalar soni
1 889 taga yetgan. “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming yoshga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilgan.
Avvalgi yillarda oliy ta’limda bittadan o‘rin uchun kamida 10 ta yosh kurashar edi. Qisqa davrda oliy ta’lim muassasalari soni 3 barobar oshib, endi 42 foiz yoshlar oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ayollarga o‘qish uchun to‘lovlar davlat tomonidan qoplanishi tufayli oliy ta’limda ularning soni 11 barobar ortgan.
Shuningdek, o‘z yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar soni ortmoqda. Misol uchun, hozir dunyoning eng nufuzli universitetlarida 1 500 ga yaqin talabamiz ta’lim olmoqda. Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yosh xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yil davomida 2 300 nafar yosh xorijda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilmiy darajaga ega yosh olimlar soni 2 barobar ortib,
4 mingdan oshdi. O‘qish va ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqish kuchaydi. “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga yetdi. Yoshlar o‘rtasida chet tillarni o‘rganishga e’tibor ortgan. So‘nggi 3 yilda til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetdi. IELTS imtihonidan yuqori ball olgan yoshlar soni 5 barobar oshdi.
O‘zbekistondagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kiradi.
Uchrashuvda Prezident yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uchta muhim hujjatni imzolaganini e’lon qildi. Birinchi hujjatga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida jamg‘arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi. Endi yosh tadbirkorlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya ajratiladi. Ikkinchi qaror bilan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar ajratilib, ularning tashabbuslarini loyiha sifatida amalga oshirish uchun bank xizmatlari ko‘rsatiladi.
Uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan bankka aylantiriladi va unga 200 million dollar ajratiladi. Aloqabank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million so‘mgacha imtiyozli mikroqarz ajratadi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi ayollar tadbirkorligi uchun ajratiladi.
Bu yil 5 million 200 ming odamni band qilish rejalashtirilgan. Yoshlarning bu jarayonda katta o‘rni bor. Masalan, tomorqa va daladan samarali foydalanib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlar uchun yer ajratiladi. Sanoat ipotekasi orqali tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli uskunalar beriladi. Xizmat ko‘rsatish sohasida yoshlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lagan korxonalar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.
Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatayotganlarning 98 foizi yoshlar. O‘tgan yili bu soha bo‘yicha qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi. Endi hududlarda kreativ sanoat parklari tashkil etiladi va ularga imtiyozli soliq rejimi qo‘llaniladi.
Xorijiy tillarni bilish ish topishda juda muhim. Shu sababli chekka hududlarda chet tillarga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlari ochgan yoshlar uchun foizsiz kreditlar ajratiladi. Shuningdek, xususiy o‘quv markazlarida chet tilni o‘rganayotgan yoshlar uchun to‘lovlar “2+6” oy shaklida qoplanadi.
IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yosh jalb etiladi. “Raqamli ijtimoiy ekotizim”ni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqiladi.
Kambag‘al oilalar farzandlariga foizsiz ta’lim krediti, qo‘shimcha grant, shartnoma to‘loviga yordam beriladi. Bilimli va o‘qishga qiziqqan, ammo oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlar uchun “Yorqin kelajak” loyihasi orqali xorijda o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Yoshlar ishlari agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talaba uchun yordam beradi. Bilimli yoshlarni dunyoning “Top-100” oliy o‘quv yurtlariga yuborib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, xorijda o‘qib kelganlar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.
Shu bilan birga, xalqaro reytingga ega oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz kredit ajratiladi. Nufuzli xalqaro ilmiy olimpiadalarda g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun mukofot miqdori
5 barobar oshiriladi.
Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot kabi sohalarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari oshiriladi. Harbiy bilim yurti bitiruvchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan bitiruvchilar texnika oliy o‘quv yurtlariga grant asosida o‘qishga kiradi.
Uchrashuvda yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, g‘oyaviy xurujlar va zararli axborotdan asrash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tarbiyasi og‘ir bolalarga maxsus mehr-e’tibor ko‘rsatish, ularga hayotda o‘rin topishda yordam berish zarurligi ta’kidlandi.
Vatanparvarlik hissini mustahkamlash maqsadida boshlangan 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatan tayanchi” harakatiga 300 mingdan ortiq yosh jalb etildi. Ushbu harakatni kasb-hunar maktablari, texnikum va xususiy ta’lim muassasalarida ham joriy qilish rejalashtirilgan, natijada 1 milliondan ziyod o‘quvchi qamrab olinadi. Ular o‘rtasida tanlov va musobaqalar tashkil etiladi. Mahallalarda “Shijoat va g‘ayrat” sport o‘yinlari o‘tkazilib, g‘oliblarga sport inshootlari qurilishi va har tomonlama ta’minlash ko‘zda tutilgan. “Vatan tayanchi” va “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy bilim yurtlariga kirish uchun tavsiyalar beriladi.
Davlat rahbari yoshlarning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ularni har doim rag‘batlantirish va yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Prezident.uz sayti ma’lumotlari asosida
tayyorlandi.