Shanba, May 31, 2025
Homemaqolalar91 YILDA OQLANGAN SAYYID NOSIRXON TO‘RA

91 YILDA OQLANGAN SAYYID NOSIRXON TO‘RA

Sovet davrida qatag‘on qilingan, jadid ajdodlarimiz orasida Turkiston muxtoriyatining maorif vaziri bo‘lgan, istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahbarlaridan biri Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li ham bor edi. 91 yil deganda oqlangan Nosirxon to‘raning ibratli umr yo‘li  o‘ylaymizki, hech kimni befarq qoldirmaydi.

1871-yili Namangan viloyatining hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan Nosirxon ilk saboqni Namangandagi madrasalardan birida mudarrislik qilgan otasidan oladi. So‘ngra tahsilni Namangan va Buxorodagi madrasalarda, keyinchalik Kobul, Dehli, Bag‘dod va Hijoz shaharlarida davom ettiradi.

Turkistonga qaytgach, Namangandagi Mavlaviy va Mulla Qirg‘iz madrasalarida bosh mudarris bo‘lib faoliyat yuritadi va ko‘plab ilm toliblariga tafsir, hadis, fiqhdan saboq beradi. 1912-yili esa Namangan shahriga qozi etib tayinlanadi.

Nosirxon to‘ra 1913-yildan boshlab jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Shuningdek, u 1917-yilning 26–29-noyabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘lka musulmonlarining to‘rtinchi qurultoyida qatnashadi va Turkiston muxtoriyati hukumati a’zosi – maorif vaziri etib saylanadi.

1913-yilda haj safariga boradi va bu safar asnosida dunyodagi ahvoldan xabar topadi. Hajdan qaytishi bilan mudarrislikdan tashqari, Turkistonda keng qamrov olayotgan jadid taraqqiyparvarlik harakati g‘oyalarining targ‘ibotchisiga aylanadi. Jadid maktablari va muallimlariga homiylik qila boshlaydi.

Ashurali Zohiriy o‘z xotiralarida: “Agar Nosirxon to‘ra tashabbus ko‘rsatmaganda edi, Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan 4-qurultoy chaqirilmagan ham bo‘lardi”, deb eslaydi.

Afsuski, Sovetlar hokimiyati uch oy o‘tmayoq yangi muxtoriyatni qonga botiradi. Qonuniy hukumat a’zolarini ta’qib etish bilan qanoatlanmay, Qo‘qon shahriga hujum uyushtirib, 10 mingga yaqin aholining yostig‘ini quritadi. Hukumat va Maslahat sho‘rosi a’zolaridan ellikka yaqin odam qamoqqa olinadi. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, Nosirxon to‘ra Namanganda bolsheviklar qo‘liga tushadi va umumiy afv e’lon qilingach, ozod etiladi hamda ma’lum vaqt yashirin hayot kechiradi.

Muxtoriyatning hukumat a’zoligiga saylangan Nosirxon to‘ra Namangan va Farg‘onada bo‘lib o‘tgan 60 ming, 100 ming kishilik namoyishlarni tashkil etib, xalqni Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga ilhomlantiradi. Bolsheviklar tomonidan bu hukumat qonga botirilganidan so‘ng esa Katta Ergash, Muhammad Aminbekning rahnamosi sifatida, istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy otalaridan biri sifatida faoliyat olib boradi. Erk va ozodlik uchun qo‘liga qurol tutgan insonlar Nosirxon to‘raning ma’ruzalari ta’sirida, u yozgan nashidalarni kuylab hayot-mamot janglariga kirishadi.

1920-yilga kelib sovetlar umumiy afv e’lon qilganidan keyin Nosirxon to‘ra tinch hayotga qaytadi va 1923-yilgacha Namanganda “Mahkamayi shariya” (Shariat sudi) idorasiga rahbarlik qiladi.

NOSIRXON TO‘RA 1924-yili Kosonsoyda Batraklar uyushmasini mustamlakachilar va ularning malaylariga qarshi oyoqlantirgani uchun dehqonlarning ommaviy chiqishlari butun Farg‘ona uyezdiga yoyilib ketadi. Bunday faoliyat bosqinchilarga, albatta, yoqmas edi. Shuning uchun Sovetlar hokimiyati xalq orasida obro‘yi oshib ketayotgan yirik ulamo va siyosiy arbobdan qutulish choralarini izlay boshlaydi. 1925-yili u “Sovetlarga qarshi siyosiy faoliyat olib borgani uchun” degan soxta ayblar bilan maxsus uchlik qaroriga ko‘ra, hibsga olinib, Orenburgga surgun qilinadi.

Namangan, umuman, vodiy ahlining ko‘plab arizalari natijasida Nosirxon to‘ra 1928-yilning 10-avgustida Orenburg surgunidan qutulib, Vatanga qaytishga ruxsat oladi. U kishining Namanganga qaytib kelishi nafaqat vodiy xalqi, balki tog‘ va dashtda yashovchi minglab qirg‘iz hamda qozoqlar uchun ham bayramga aylanib ketadi, uning ziyoratiga butun vodiy ahli oqib keladi. Ayniqsa, allomaning shogirdlari Oltinxon to‘ra, Sayyid Mubashshirxon to‘raning ustozining ziyoratiga kelishi xalqni nihoyatda to‘lqinlantirib yuboradi. Bu voqealardan tashvishga tushgan sovet ma’murlari esa Nosirxon to‘ra haqida jiddiyroq rejalarni ishlab chiqa boshlaydi.

Sovetlar o‘lkada katta obro‘ va ta’sir doirasiga ega bo‘lgan ulamoni bir lahza bo‘lsin tinch qo‘ygan emas. Xonadoni, o‘zi va oila a’zolari muttasil kuzatuvda bo‘lgan. Maxfiy xizmat idoralarida saqlanayotgan hujjatlarda Nosirxon to‘raning Turkistonning Namangan, Qo‘qon, Toshkent, O‘sh, Taroz, Chimkent kabi shaharlaridagi har bir qadami, kimlar bilan uchrashgani, nimalar haqida suhbatlashgani to‘g‘risidagi ko‘plab ma’lumotlar qayd etib borilgan. Nosirxon to‘ra haqida har qanday xabar keltirganlarga mukofotlar va’da qilingan. Bu ishlar o‘z samarasini berib, mamlakatdan bosh olib ketayotgan atoqli olim sotqinlar bergan xabar ortidan sovetlar tomonidan qo‘lga olinadi.

NOSIRXON TO‘RA SSSRning davlat xavfsizligi bo‘yicha maxsus organi uchligining 1930-yil 27-noyabrdagi yig‘ilishi qarori bilan otishga hukm qilinadi. Va davlat arbobi 1931-yilning 13-martida Toshkent shahrida qatl etiladi.

Nosirxon to‘ra diniy ilmlar qatori dunyoviy bilimlardan ham yaxshi xabardor bo‘lib, uning islom asoslariga oid risolalaridan tashqari tarix, falsafa kabi fanlarga doir asarlar ham yozgani ma’lum. Olimning yirik “Turkiston tarixi” asari o‘lkamizning uzoq yillik tarixini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

Nosirxon to‘raning shogirdlaridan yirik din olimlari, millatparvar va ma’rifatparvar arboblar yetishib chiqqan. Xususan, 1894–1992-yillarda yashab o‘tgan Sayyid Mahmud ibn Sayyid Nazir Taroziy Turkistonda Oltinxon to‘ra nomi bilan mashhur bo‘lib, u yirik olim, adib, tarjimon edi. 1932-yili sovetlar tuzumi tazyiqi tufayli hijratga ketgan Oltinxon to‘ra Afg‘oniston, Hindistonda, keyin ellik yil mobaynida Makka va Madina shaharlarida yashagan. Masjid ul-Harom va Masjid an-Nabaviyda mudarris bo‘lgan. Qur’oni karim ma’nolarini ilk bor o‘zbek tiliga tarjima va tafsir qilgan. Bir qancha kitoblar yozib, ko‘plab kitoblarni arabchadan o‘zbek tiliga o‘girgan.

Ulamoning yana bir shogirdi Abu Nasr Sayyid Mubashshir Taroziy 1896–1977-yillarda yashab o‘tgan. U ham taniqli ulamo va adib bo‘lib yetishgan. Uning “Qur’on va nubuvvat” kitobi Sovet hokimiyati tomonidan musodara qilingan. Sayyid Mubashshirxon to‘ra Taroz shahrida diniy idora ochgan, maktablar tashkil etgan. Ta’qib kuchaygach, 1930-yili Vatanini tark etib, Afg‘oniston va Misrda muhojirlikda yashagan. Uning islom fiqhi va tarixiga oid 47 ta asari bor.

Sovetlar Nosirxon to‘rani qidirib topish va qo‘lga olish jarayonida yuzlab odamni yo‘q qilib yuborgani, ulardan ma’lumot olish uchun inson zoti chiday olmaydigan qiynoqlarni qo‘llagani, hatto ularning oilalari, qizlari, farzandlariga nisbatan qattiq zulm qilinganini ko‘rgan turkistonlik ilm ahli sho‘roviylarning qanchalik qattol ekanini anglab yetdi va taqdiriga tan berishga majbur bo‘ladi.

Nosirxon to‘ra umrining so‘ngiga qadar o‘zining g‘oyasi uchun, o‘zi ishongan, o‘zi suyangan iymoni yo‘lida shahodatni hech qanday ikkilanishlarsiz qabul qiladi. Bizning tariximizda yashab o‘tgan shunday bir inson mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida oqlandi va ishonamanki kelajakda bu insonning nomini abadiylashtirish, ilmiy va ijodiy merosini, faoliyatini o‘rganish masalasida katta izlanishlar olib boriladi.

 

Bahrom IRZAYEV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine